Post Views:
769
XVIII asrning ikkinchi yarmida Toshkent to‘rt qismga — Shayxontohur, Beshyog‘och, Ko‘kcha va Sebzor dahalariga bo‘lingan. “Chorhokimlik” nomi bilan ma’lum bo‘lgan bu davrda dahalar o‘rtasidagi o‘zaro nizolar shahar xo‘jaligining, uning tashqi va ichki savdosini izdan chiqargan.
Toshkent hokimlarining uzluksiz davom etgan o‘zaro urushlaridan tinkasi qurigan va bu kurashda Shayxontohur dahasining hokimi Yunusxo‘janing qo‘li baland kelayotganini ko‘rgan shahar aholisi shahardagi boshqa hokimlarni ag‘darib, Shayxontohur xo‘jalaridan bo‘lgan Yunusxo‘jani shahar hokimi qilib ko‘tardi. Bu voqyea XVIII asrning 80-yillarida yuz berdi. Shu tariqa Toshkentda yagona siyosiy hokimiyat o‘rnatildi.
Yunusxo‘ja hukumati davrida dastavval shahar devori qayta tiklandi va Toshkentni Rossiya shaharlari bilan bog‘laydigan shimoli-g‘arb tarafdagi shahar, qishloq va Katta Juz elatlarini bo‘ysundirishga kirishildi. Bir necha yurishlardan keyin 1796 yilga kelib ular Chimkent, Sayram, Oltintepa, Qorabuloq, Sarapan va boshqa o‘nga yaqin qishloqlar, shuningdek, Katta Juz urug‘laridan Usun, Sanchiqili, Sara, Sergeli va boshqalar bo‘ysindirildi.
Oradan yana uch-to‘rt yil o‘tib, Yunusxo‘ja Katta qozoq Juzi ustiga qilgan yurishlarini tugatdi. Turkiston va uning atrofidan to Chu daryosigacha bo‘lgan hudud Toshkent xukumati tasarrufiga o‘tdi. Toshkent viloyatining shimoliy-g‘arbiy chegarasi Chu daryosi yaqinidagi Qorako‘l degan joydan belgilandi.
Yunusxo‘ja o‘ziga tobe bo‘lgan Katta Juzda xonlik mansabini tugatib, qozoq urug‘larini idora qilishni ulardagi biy hamda yirik feodal vakillariga topshiradi. Shu yo‘l bilan u qozoq feodallari orasida o‘ziga ishonchli tayanch kuchlar yaratadi. Chunki Yunusxo‘ja marhamatiga noil bo‘lgan va mahalliy hokimiyatni qo‘lga olgan qozoq feodallari Toshkent hukumatini va uning siyosatini qo‘llab-quvvatlardi. Katta Juz urug‘lari Toshkent hukumatiga zakot to‘lashi hamda Yunusxo‘ja qo‘shinida xizmat qilishga majburligi shu jihatdan ayniqsa muhim edi.
Yunusxo‘ja qo‘shini qoraqozonlar deb atalib (bu atamaning kelib chiqishi va ma’nosi haligacha aniqlangani yo‘q.), ular asosan qalmoqlar, qo‘qonlik, xo‘jandlik va buxoroliklardan iborat bo‘lib, toshkentliklar kam edi. Qo‘shinning alohida bo‘lingan har bir qismida 200 da 1000 tagacha sipoh bo‘lgan. Har qaysi qismda turli rangli ipak gazmoldan tikilgan bayroq bo‘lib, ularga hokim tomonidan qo‘yilgan xo‘ja mutasaddilik qilgan. Hokim bosh qo‘mondon hisoblangan.
Qoraqozonlarning juda oz qismigina piltali miltiq, qolganlari esa o‘q-yoy, nayza, qilich bilan qurollangan. Shuningdek, ularda 5 ta zambarak, 20 ga yaqin cho‘yan va temirdan yasalgan, tuyaga ortib yurilib uning ustida turgan xolda otiladigan kichik to‘plar ham bo‘lgan. O‘q tayyorlash uchun zarur bo‘lgan qo‘rg‘oshin asosan chetdan, bir qismi esa Qoratog‘dan olingan.
Shunday qilib, XVIII asr oxirida O‘rta Osiyoni Rossiya bilan bog‘laydigan karvon yo‘llari ustida o‘rnashgan shahar va qishloqlarning, Shuningdek, Katta Juz urug‘larining Toshkent viloyatiga qo‘shib olinishi Toshkentning iqtisodiy va siyosiy mavqyeini yanada mustahkamladi. Bunday kuchga ega bo‘lgan Toshkent hukumati Qo‘qon va Buxoro honliklarini Qozog‘iston, Orenburg va Sibir bilan bog‘laydigan karvon yo‘llari o‘tadigan hamda muhim savdo tranzit yo‘li — Turkiston, Chimkent va Sayramni egallab, O‘rta Osiyo va Rossiya iqtisodiy munosabatlarida yetakchilikni o‘z qo‘liga olishga intiladi. Bunday urinish Rossiya bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirish hamda bu munosabatlarda ustuvorlikka intilayotgan Qo‘qon va Buxoro xonliklari bilan Toshkent hukumati munosabatining keskinlashuviga olib keldi. Ayniqsa Toshkent viloyati bilan Qo‘qon xonligi munosabati keskin tus oldi. Chunki Toshkentning siyosiy mustaqillikka erishib, viloyat yerni kengaytirish hamda qozoq Juzlari, ayniqsa Katta Juz ustidan o‘z ta’sirni ko‘chaytirish uchun aktiv siyosat o‘tkazishi Qo‘qon xonligining iqtisodiy va siyosiy mavqyeini chegaralab qo‘ygan edi. Vaziyatning boshqa bir nozik tomoni shunda ediki, Farg‘ona vodiysini Qozog‘iston va Rossiya bilan bog‘lovchi asosiy savdo yo‘li ham Toshkent orqali o‘tardi. Qolaversa, yirik hunarmandchilik markazi bo‘lgan Toshkent shahri O‘rta Osiyo o‘lkalari hamda Rossiya va Qozog‘iston oralig‘idagi muhim savdo markazi ham edi.
Qo‘qon xonligining Rossiya bilan aloqa o‘rnatishida Toshkentning g‘ov bo‘lishi hamda muxim xo‘jalik ahamiyatiga ega bo‘lgan Toshkent viloyatini egallash zaruriyati Norbo‘tabiy (1774—1799) va so‘ngra Olimxon (1799—1809) oldida muhim vazifa bo‘lib turar edi. 1799 yili Qo‘qon xonligi ana shu vazifani amalga oshirishga jahd qildi — Xonxo‘ja yetakchilagidagi qo‘shin Toshkentga qarshi yurish boshladi. Bundan xabar topgan Yunusxo‘ja o‘z qo‘shinlari bilan qo‘qonliklarga qarshi chiqib, Chirchiqdan uzoq bo‘lmagan Qorasuv yonida ularga qattiq zarba berdi. Xonxo‘ja boshliq 70 dan ortiq Qo‘qon harbiy boshliqlarini asir olib qatl ettirdi. G‘alabadan so‘ng Toshkent viloyatining maydoni Sirdaryo bo‘ylaridan to Chu daryosi bo‘ylarigacha bo‘lgan yerlarnn qamrab oldi. O‘sha yillarda Toshkentda bo‘lgan geolog olim Pospelovning yozishicha, shahar devornning uzunligi 18 chaqirimga yaqin bo‘lgan. Podporuchik D. Telyatnikovning hisobicha, Toshkentda XIX asr boshlarida 7000 xonadon istiqomat qilgan.
XIX asrning boshlarida Toshkent xukumati va Qo‘qon xonligi o‘rtasidagi eiddiyat yanada keskinlashdi. Yunusxo‘ja hukumatining siyosiy va iqtisodiy mavqyei mustahkamlangani sayin Qo‘qon honligiga qarashli chekka viloyatlar — O‘ratepa, Xo‘jand va Chust hokimlari Olimxonga qarshi bosh ko‘tara boshladilar. Yunusxo‘ja hukumati bunday ichki nizolardan Qo‘qon honligiga zarba berish va Farg‘ona vodiysini o‘z tobeligiga kiritish yo‘lida foydalanishga harakat qildi. Pospelovning guvohlik berishicha, Yunusxo‘ja Xo‘jand hamda Chust hokimlari bilan ittifoq tuzib, ularni Olimxonga qarshi tezlaydi.
Olimxon Chustdagi separatik harakat (mustaqillikka intilish)larni bostirib, Rajab Devonbegi boshliq o‘z qo‘shinlarini Xo‘jandga yuboradi. Vaziyatdan foydalanmoqchi bo‘lgan Yunusxo‘ja 1800 yilning kuzida Qo‘qonga qarshi yurish boshlaydi. Sirdaryo bo‘yidagi G‘urumsaroy yaqinidagi to‘qnashuvda Yujusxo‘ja katta talofatga uchrab bir guruh yaqinlari bilan Toshkentga qaytadi, Olimxon qo‘shini esa Qurama rayonidagi qishloqlardan o‘ljalar olib, Qo‘qonga yo‘l oladi.
Toshkent tarixiga oid muhim manba hisoblangan «Tarixi jadidayi Toshkand» asarining muallifi Muhammad Solih Qoraxo‘ja o‘g‘lining yozishicha, Yunusxo‘ja mag‘lubiyatga uchragan harbiy yurishlaridan so‘ng sil kasaliga mubtalo bo‘lgan, oradan ko‘p o‘tmay vafot etgan. Shundan so‘ng hokimlik taxtiga uning katta o‘g‘li Sultonxo‘ja ko‘tarildi. Yunusxo‘ja vafotini eshitgan Olimxon ukasi Umarxon boshchiligida Toshkentga qo‘shin yuboradi. Ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilmasdan shahar atrofidagi qishloqlarni talash va ekin maydonlarini poymol qilishga kirishadi.
Ikki o‘rtadagi urush harakatlari uzoq davom etib, 1809 yili Toshkent Olimxon tomonidan bo‘ysundirilib, Qo‘qon honligiga qo‘shib olinadi.
Toshkentning chorak asrlik (1784—1809) siyosiy mustaqillik davri shu tariqa nihoyalanadi va u to Rossiyaga qo‘shib olingunga qadar Qo‘qon xonligiga qaram bo‘ldi.
Toshkent viloyatida o‘rnatilgan tinchlik, osoyishtalik, eng muhimi, qo‘lga kiritilgan mustaqillik joylarda, xususan Toshkent shahrida hunarmandchilik, savdo-sotiq ishlarini rivojlantirish imkonini berdi. Shahar hokimi Yunusxo‘ja Rossiya bilan turli aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida elchilar yubordi, savdo munosabatlarini o‘rnatish, elchilar ayirboshlash, hatto foydali qazilmalarni aniqlash, topish yuzasidan mutaxassislar so‘rab maktub yo‘lladi.
1792 yili Yunusxo‘ja tashabbusi bilan olis yo‘lga chog‘langan savdo karvoni Toshkent viloyati hokimidan Sibir mahalliy hokimiyati nomiga xat olib bordi. Xatda jumladan, shunday so‘zlar bor edi:
• Ba’duhu yaxshi xotirlarga po‘shida bo‘lmasunkim tamomi aloshu Ulug‘ Juz va Toshkent viloyati bizga qaradilar. Bir bosh va bir tan bo‘lib, do‘stga do‘st, dushmanga dushman bo‘lib bir og‘izdan so‘z chiqarib, bir yoqadan bosh chiqardilar. Emdi shu yaxshi vaqtda xatu muhr qilib Muhammadxo‘ja birla Azizxo‘jani karvon boshi qilib topgan savdogarlarimizni qo‘shib yubordik. Xudoi taolo xohlab eson-omon yetib bizni eson-omonligimizni aytsalar chin bilib siz ham topg‘on savdogarlarni bizning viloyatga yuboring. Xudoi taolo xohlasa otasi tegsa o‘g‘liga kishi tegmas, o‘g‘li qilsa otasiga tegmaslar. Orada barimtoy baham yegandur, Siz ham orada bir-birovga bejo tegmagudek so‘z qilib savdogarlarni diljam qiling.
Umuman, Yunusxo‘ja hokimligi davrida mustaqil xayot kechirgan Toshkentda faqat shahar xo‘jaligi, ichki va tashqi savdo rivojlanibgina qolmay, Rossiya bilan iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarni yanada jonlantirish borasida ko‘pgina ishlar qilindiki, ular haqida alohida so‘z yuritish mumkin.
Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/yunusxo-ja/