Post Views:
627
Yunusobod tumani. XIX asrning 50-yillarida Taxtapullik Yunushoji ismli savdogar Chinobod, Choshtepa va Oqtepa degan joylarda bo‘sh yotgan bo‘z yerlarni o‘zlashtirishni boshlab yuboradi. Yunushoji obod qilib suv chiqargan yerlarida katta-katta tokzor va mevali bog‘lar barpo qiladi, salobatli qo‘rg‘onlar, karvonsaroylar qurdiradi. Oqtepa arig‘i (oldingi Alvasti ko‘prik, G‘ishtxumdon hozirgi Shahriston) kengaytirilib, butun qishloq yerlari suv bilan ta’minlangan. Yunushoji bo‘z yerlarni o‘zlashtirish ishlariga Taxtapul va atrof mahallalarni jalb qilar ekan, ish unumli bo‘lish uchun ularni ertaroq kun qizig‘iga qolmay salqinda ishlatish maqsadida to‘ylarda tortiladigan oshlarni nahorda, bomdod namozidan keyin berishni shaxsiy namuna sifatida boshlab beradi. Yana dalaga boradiganlarga tushlik uchun tugun tugub berishni ham unutmaydi. “Odatda tugunda ikkita non orasiga solingan osh va shirinliklar bo‘lardi. Shu-shu Toshkent hududiga nahorga osh tortish odat tusiga kirgan”, deya eslardi qariyalar. Hozirgi Chimkent yo‘lidagi joyning Yunusobod va o‘sha yerdagi arxeologik yodgorligini Yunusobod Oqtepasi deb nomlanishi Yunushojidan yodgorlik bo‘lib qolgan.
1971 yilda shimoliy turar – joy massivi Yunusobod deb atala boshlangan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1992 yil 8-maydagi Qarori bilan Kirov rayoni Yunusobod tumani deb o‘zgartirildi.
2001 yilda Xalqaro «Oltin meros» xayriya jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi homiyligida Yunushoji avlodlaridan bo‘lmish Sayid Karimning muallifligida «Yunusobod» nomli kitobchasining Akademik nashri chop etildi.
Yunusobod Oqtepasi. Bu ko‘hna obida Toshkentning o‘tmishiga oid yodgorliklardan biri hisoblanadi. V asrda bu yerda o‘z davriga monand qal’a – shahar qad rostlagan. U asosan paxsa va xom g‘ishtdan tiklangan. Devorlari sopol plitalar bilan bezatilgan. Markaziy qarorgoh, mudofaa inshootlari va harbiy mezanalar vositasida mustahkamlanib, tevarak atrofi suv to‘ldirilgan xandaqlar bilan o‘rab olingan. Shaharchada hunarmandchilik, me’morchilik va bog‘dorchilik rivojlangan. Aholining aksariyat qismi mehnat va jang qurollari ishlab chiqarish, hamda savdo-sotiq bilan shug‘ullangan.
Yodgorlikni qazish ishlari Ikkinchi jahon urush yillaridayoq boshlangan. Bu tarixiy yodgorlik qadimgi Chochning ilgari ma’lum bo‘lmagan sahifalarini ochib berdi. Qazishmalar paytida Chochning ilk o‘rta asrlarga oid turli moddiy-madaniy buyumlari, metalldan ishlangan mehnat qurollari va qurol-aslaxalar, shisha va sopol idish – tovoqlar, bezaklar, o‘yinchoqlar hamda tangalar topilgan.
Ark peshtoqi va minora panjarasini bezab turgan arxitektura detallari – sopol kunguralari, naqshinkor bezak parchalari ham topilgan. Tangalar, kuchli yong‘in izlariga qaraganda ark VIII asrda vayron bo‘lgan. Ark atrofidagi qishloq azaldan mudofaa devorlari bilan o‘ralmaganligi uchun shaharga aylanib ulgurmasdan halokatga uchragan. Shahar xarobalari o‘rnida hayot VIII asrning ikkinchi yarmida qayta jonlangan. IX-XII asrlarda u Binkat viloyatining mustahamlanmagan qishloqlaridan biri bo‘lib, mo‘g‘ul bosqini tufayli XIII asrda inqirozga uchragan.
Keyingi yuz yilliklarda esa, tabiiy kuchlar ta’sirida batamom nurab, o‘n ikki tepaliklardan iborat xarobalarga aylanadi. Shunga qaramay, o‘z tarixiy-madaniy ahamiyatini yo‘qotmaydi. Zero, Oqtepa va undan topilgan qazilma yodgorliklarning qadr-qimmatini hech qanday boylikka tenglashtirib bo‘lmaydi.
Mustabid tuzum kulfatidan Oqtepa ham bebahra qolmadi. Uni tabiiy saqlab qolishga hech qanday e’tibor berilmadi. 1966 yilda Toshkent zilzilasidan keyin unga tegishli maydonning bir chekkasi shahar chiqindixonasiga aylantirildi. Rost, bu yodgorlikni saqlab qolishga bir-ikki urinish ham bo‘ldi. Tegishli qaror qabul qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilandi. Chunonchi, Toshkentning 2000 yillik yubileyi munosabati bilan u yubiley inshootlari sirasiga kiritildi. Taassufki, ezgu maqsadlar yo‘lida boshlangan ish o‘lda-jo‘lda qolib ketdi. Hozirgi paytda «Oltin Meros» xalqaro xayriya jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi tomonidan yodgorlik atrofida obodonlashtirish, qadimiy Hasanariqni tiklash, aylanma va so‘qmoq yo‘llarni qurish, axlatxonalarni yo‘qotish kabi bir kancha ishlar amalga oshirilib, bu ko‘hna zamin tuprog‘ida mevazor bog‘lar yaratila boshlandi.
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/yunusobod-3/