Yannis RITSOS
(1909–1990)
ERNING TORTISH KUCHI
Oy oynaga yopishgan, xuddi eskirgan marka kabi.
Egasiga yetmagan maktubday. Yogʻoch ustaxonada
yumshoq oʻrindiq, stollar, koʻzgu. It oʻz soyasidan
qoʻrqadi, avtochiroqlarga huradi. Qay buyumni
qancha baland otmagin, havoda turib qolmas,
qanot ham chiqarmas, albatta, yerga qaytib tushadi.
Tushgan joyiga chilpillab yopishadi.
Xuddi baxtin sinab otilgan tangaday, boshqa
yuzi tushadi, niyat qilgan tomoning emas…
* * *
It hurdi
daryo
togʻ tomonda
soʻng jimib qoldi
qachondir
changal tagiga koʻmganim
bir qoʻlli qoʻgʻirchoqni tishlab
paydo boʻldi yonimda
ular menga tikilishdi
koʻzlari
boʻzargan.
* * *
Qon toʻkilar mahal
Gunohing yoʻqligin
oqlab boʻlmaydi.
Odisseas ELITIS
(1911–1996)
MARINA
Toshchoʻp yalpiz uzat Marina
Va ruxsat ber olayin boʻsa
Xotirot ham hayot yagona
Qay birini ibtido desam
Koʻkda kaptar qanotidandir,
Hur shamshirin chaqin jilosi.
Yulduzlari ulkan bogʻlarda,
Tubsiz boʻlar quduq nidosi.
Gar aylansak tunlar sen bilan,
Samoning iz-izli joyiga.
Boradurmiz sen-la yorishgan,
Tong yulduzin koʻkish poyiga.
Marina, sen mening sevgilim,
Qarshilagan yorugʻ tongimsan.
Kabutarim hurkak sevgilim,
Unut daryom otgan bongimsan.
Yulduzimsan doim chorlagan,
Hayo qilgan hurkak kabutar.
Marinam qir gulim porlagan,
Unut daryom yer osti oqar.
Vrettakos NIKIFOROS
(1912–1991)
YOLGʻIZLIK BOʻLMAYDI
Qoʻsh qoʻshilsa, qoʻshiq kuylansa, qoʻl yuvilsa,
Odam bor joyda yolgʻizlik boʻlmaydi.
Qayerdadir daraxtlar yaproqlarin silkitsa,
Yolgʻizlik boʻlmaydi. Qayerdadir hasharotlar
Gullarga yopishsa, jilgʻalar yugursa,
Suvda oy, yulduz aksi boʻlsa,
Goʻdak qoʻlchalarin ona koʻksiga qoʻyib
Uxlayotgan boʻlsa, yolgʻizlik boʻlmaydi.
LABIRINT
Kunlarim bir-birin qoʻllaydi,
qushlarga oʻxshab, kimoʻzarga oʻynab,
kesib oʻtar choʻlni gʻira-shirada.
Bir-birin quvib oʻtib, qah-qah otar, urilib ketar, –
bir butun boʻlar, birlashar. Dushanbalar
yakshanbani yorib kirar, oylar chiylangan qartaday.
Mart va birdan dekabr, ortidan avgust,
dushanbani bozor ortidan, aprelni maydan oldin
qoʻymoqchi boʻlaman, barmoqlarim muzlaydi.
Yana bir haftani
kunlarga boʻlishim kerak.
SHEʼRLARIM
Sheʼrlarim – oltin nurlar choʻmgan qor,
Ot koʻzida porlar ezgulik,
Moychechakni salobati bosgan tong,
Ilk umid ishqidan yongan yurak
Jim yomgʻirda qolgan qoʻy-qoʻziday itoatkor.
Panos TASITIS
(1923)
YOLGʻIZLIK
Biz doimo nimadir topamiz
Va nimadir yoʻqotamiz,
Balki muomalada boʻlar
Xanjarlarimiz.
Yuzimizda bir xil dogʻlar, chandiqlar qolar.
Baribir, oʻylayman,
Doʻst boʻlganmiz-ku, toki
Yelkama-yelka, soʻnggi lahzagacha
Zarbalar doʻstligimizni
Qoq ikkiga boʻlmagunicha.
Shu lahzada
Qoʻrqib,
Oʻzimda yoʻq
Maʼyus, umidsiz turibman,
Turibman-u, oʻliklarga achchiq yigʻlayman –
Sizga ular tanish, balki siz oʻldirgansiz,
Lekin endi oqsiz, sizga tegib boʻlmas,
Mendan shunchalik uzoqsiz.
Biz bu dunyoga boʻlak-boʻlak keldik
Va boʻlak-boʻlak ketarmiz.
GULQOGʻOZ
Qogʻozni
Qogʻozga mumladik,
Eski soʻzlarni
Yangisi yopdi.
Yangi niqoblar
Eskisini bekitdi,
Eski xabarlarni
Yangisi qopladi.
Uya deb atadik
Oʻlgan qushlar qabrini
Qaysidir qush pati shamol qoʻzgʻatdi,
Jim boʻlishdi – yoʻq – qichqirishdi,
Chunki,
Qushlar –
Bor yoʻgʻi – soyalar.
Shugina tasvir
Tasvir boʻlib anglaydi
Asl holatimiz, mohiyatimiz,
Ular farishtaday,
Sukunatda
Bizni qanotida parvoz qildirar.
* * *
Yuzing sokinligi – bir niqob.
Iching – umidsizlik.
Oqargan suv birdan toʻq qizil boʻldi,
Sovuq yetib bordi yurak tubiga.
Oʻpirilgan koʻchalar qoraygan, biron belgi yoʻq
Va tegradan ketmagan qashshoqlik sharpasi.
Dengiz qirgʻogʻida koʻrganlaringni
sukunat yutar,
Havoda – qotgan qoʻllar, oyoqlar, yuzlar,
Xuddi
Tasma uzilar paytki kinolavhaday.
Uzoq quygan jala majolingni quritar.
Kostas STERIOPULOS
(1926)
SUKUT
Hayotimizga
Jim boʻlishdek
Sukunat choʻkdi
Xuddi
Izillagan oʻq yomgʻiri soʻngida
Bir sukutki adogʻi yoʻq.
Nima ham qilardik
Jon qaygʻusida
Boshdan boshlash toʻgʻriroq balki
Biz
Boʻri va qashqirlar uvlashi ostida
Uyimiz, vatanimizda
Badargʻa qilinganlarmiz
Nogʻorachi nogʻorasiz,
Karnaychi karnaysiz
Jangchilar qilichsiz
Aslida bu ham bir yoʻl deyishmoqda.
Rus tilidan Rauf SUBHON tarjimalari
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2
https://saviya.uz/ijod/nazm/yunon-sheriyatidan-namunalar/