YUNON-FORS URUSHLARI (mil. av. 500—449-yillar, tanaffuslar bilan) — yunon shahardavlatlarining Axomaniylar davlati bosqinchilik siyosatiga qarshi olib borgan urushi. Forslar Kichik Osiyoning markaziy tumanlarini bosib olgach, Oʻrta dengizning sharqiy sohillarini va unga yaqin orollarni boʻysundirishga harakat qila boshlaganlar (mil. av. 6-asr). Forslar mil. av. 492 yil Bolqondagi yunonlarga qarshi sarkarda Mardoniy boshchiligida 1yurish uyushtirganlar, lekin Afon burniga yaqin joyda koʻtarilgan kuchli dengiz boʻronidan halokatga uchrab, Frakiyani bosib olish bilan chegaralanib, orqaga qaytganlar. Forslarning 2yurishi Datis va Artafern boshchiligida mil. av. 490-yil boshlangan. Hal qiluvchi jang Attikadagi Marafon yaqinida boʻlib, afinaliklar Miltiad boshchiligida forslar ustidan gʻalaba qozonganlar (q. Marafon jangi). Bu xushxabarni Marafondan Afinaga (orasi 42 km 195 m) yetkazgan jarchiga bagʻishlab 1896-yildan beri marafon yugurishlari oʻtkazilib kelinadi. Forslarning 3yurishi podshoh Kserks boshchiligida mil. av. 480-yilda boʻlgan. Mil. av. 480-yil iyunda fors qoʻshinlari Sparta podshosi Leonid boshchiligidagi yunonlar himoya qilib turgan Fermopil togʻ yoʻli orqali bostirib kirganlar. Forslar Attikani va Afinani egallagan. Biroq Salamin o. yonida mil. av. 480-yil 28-sentyabrda fors floti, mil. av. 479-yil Plateya shahrida Mardoniy boshliq quruqlikdagi armiya magʻlubiyatga uchragan. Shundan soʻng yunonlar Egey dengizi va Kichik Osiyoda forslarga qarshi urush olib borgan. Kiprdagi Salamin shahri yaqinida mil. av. 449-yilda yunonlar dengizda yirik gʻalabaga erishgan (q. Salamin jangi). Kalliy bitimiga asosan, forslar Egey dengiziga hukmronlik qilishdan voz kechib, Gellespont, Bosfor hamda Kichik Osiyodagi shahardavlatlarning mustaqilligini tan olganlar.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые