Aleksandr FAYNBERG
Uchrashuv
Uchrashuvga vaʼdalashaylik,
Uchrashmoqlik emas-ku gunoh.
Qaygadir bosh olib ketaylik,
Odamlarning koʻzidan uzoq.
Gitara va skripka joʻr,
Sekingina taralar navo.
Ne tilasang, ofitsiant momo
Bir lahzada aylar muhayyo.
Sachrab oʻynar qordek koʻpiklar
Shampan-sharob ochilgan zamon.
Betashvishdek tuyular hayot,
Boʻlmagandek goʻyoki armon.
Sharob gʻamni yuvar koʻngildan,
Qanotlarin yigʻib ohista,
Muhabbat va ishonch ikkovlon
Yonimizga oʻltirar asta.
Ishonch birla, muhabbat birla
Suhbatlasha olmaymiz roʻyrost.
Ikkimizda hamma narsa bor,
Faqatgina umid yoʻq, xolos.
* * *
Axir, menga kimlar ishongandi-ya,
Pinhon umid qilib yurakka malham?!
Maysalar, hayvonlar ishongandilar…
Menga ishongandi onajonginam.
Erkinlik deb barin boy berib qoʻydim.
Onam qabri uzra yuzlarim shuvut.
Oʻt qoʻydim, maysalar qovjirab kuydi,
Oʻq otdim, hayvonlar boʻlishdi nobud.
Qushdek erkin boʻldim, mana, nihoyat.
Kishandamasman-ku bamisoli qul?
Bolaligimdagi soʻlim tabiat
Nega tushlarimga kirmaydi nuqul?
Qancha mamlakatlar tushdi kulfatga,
Ummonlarim qani? Qani dengizim?
Boqdim osmondagi noxush kalxatga,
Asli shu kalxatni uchirgan oʻzim.
Oyogʻim ostida yerlar shoʻr, taqir,
Ketyapman yelkamda safar xaltam shay.
Uyatdan yuragim oʻrtanar, axir,
Issiqda tashnalik qiynar ayamay.
Buloqqa tiz choʻkib, egilib pastga
Chol kabi suv icha boshlayman uzoq.
Suvdagi aksimga qoʻshilib asta
Yer qaʼriga singib ketadi buloq.
Soʻz
Poyezd kechikishi oddiy voqea,
Samolyotni kutib ichikadi koʻz.
Haqiqiy baxtsizlik, katta fojia –
Mabodo kechiksa kutilyotgan soʻz.
Soʻngan gulxan uzra boʻlgandek pushmon,
Kimsasiz kulbaga boqqandek mahzun
Kechikkan soʻz gʻarib, yigʻlaydi yomon,
Uni kecha kutgan odamlar uchun.
Kechikkan soʻz bois oʻrmonlar yetim,
Bepoyon yerlarning peshonasi shoʻr.
Qabrlar qoshida soʻz ham besoʻz, jim,
Ruhlar bezovtayu qismat koʻzi koʻr.
* * *
Besh daqiqa qoldi uchib ketaman,
Yurak kulga toʻldi, oʻpka tutunga.
Eng baland manzilni ishgʻol etaman,
Yolgʻiz tashlab ketgum seni ochunga.
Bu, axir, juda ham oddiy haqiqat,
Tortqilayvermagin yomgʻirpoʻshingni.
Men uchib borayotgan olis mamlakat
Senga toʻgʻri kelmas, yigʻvol hushingni.
Illyuminatorga quyosh sochar nur,
Radar toʻlqinidan oʻzadi parvoz.
– Qayoqqa? – Lablaring qimirlar ogʻir,
Qoʻl siltaysan, chiqmas shovqinda ovoz.
Yerga tegmay uchar yelgan gʻildirak,
Qanotlar ostidan koʻtarar shamol.
Savoling havoda qolar muallaq,
Sevgilim, sevilgan goʻshangda xush qol!
Xush qol, ey sadoqat, xush qol, xiyonat,
Xush qol, baxt va shodlik, xush qol, qaygʻu-gʻam.
Xush qol endi nafrat, xush qol, muhabbat,
Zor emasman endi hatto senga ham.
Varaq
Yulduzlarni asraydi falak,
Teran dengiz asrar durlarni.
Daftarimdan yirtilgan varaq,
Asragin men yozgan sheʼrlarni.
Sheʼr – nafaqat oʻqimoq, uqmoq,
Sheʼr – yurakda yangragan tovush:
Qutqargandek taygada soʻqmoq,
Tebrangandek koʻllarda qamish.
Har satrim – jon, har sheʼrim – yurak,
Oʻrmon, qushlar, bulutlarga xesh.
Daftarimdan yirtilgan varaq,
Sheʼrlarimni asra peshma-pesh.
Avlodlarga kelmasin malol,
Sheʼrlarim gʻam chekmasin nochor,
Shamol, dengiz va yaproq misol
Nafas olsin, kulsin begʻubor.
Rus tilidan Rustam MUSURMON tarjimasi
“Sharq yulduzi”, 2012–4
https://saviya.uz/ijod/nazm/yulduzlarni-asraydi-falak/