Yulduzlar yodimga soladi seni

ASKAR ONASI

Qahramon oʻgʻlining suratin oʻpib,

Ishonch-la umidin oʻraydi gulga.

Maʼyus termuladi qirq yildan buyon

Olis ufqlarga tutashgan yoʻlga.

 

Ming tashbeh, ming maqtov kelmas barobar,

Nuroniy chehradan yoqqan ziyoga.

U axir yuragin qildi gulchambar,

Askar oʻgʻli ozod qilgan dunyoga.

 

Askar onasining qalbida darddan,

Qolgandir alamli, ogʻriqli dogʻlar.

Boʻlsa ham poʻlatdek qomati, qaddi,

Gʻamin koʻtarolmas, hattoki togʻlar.

 

Urushdan qaytmagan jangchi onasi, –

Koʻzida porlaydi matonat, sabot.

Olovga aylangan oʻgʻli yonida

Haykalga aylanib turibdi, hayhot!…

 

Ona! Yuzingizga qoʻnmasin ajin,

Endi hech koʻzingiz toʻlmasin yoshga.

Sizni Ezgulikning timsoli kabi,

Endi koʻtaraylik bir umr boshga!

 

 

XOTIROT

Ustoz Rauf Parfi xotirasiga

 

Tugadi… Xatarli… Buyuk bir safar…

Koʻchdi oʻz uyiga ozod Ruhingiz…

– Rauf Parfi oʻtdi! – degan shum xabar,

Sanchilar yurakka bigizdek: jiz! jizz!!

Naʼrasi muzlagan – notavon Dunyo,

Bagʻrida kezinar – karaxt Al-vido.

 

Balki, biz unutib odamligingiz,

– Togʻdek turaverar, – deya adashdik.

Qirqildimi, sobit qadamlarimiz,

– Nahotki, gʻaflatda qoldik, aldandik?!

Afsus… pushaymonlar… guldan oʻtinlar…

Diydor mahsharida – bagʻri Butunlar…

 

Nega shoshildingiz?!…

Aylamay ogoh?! –

Haq vasli tomonga qoʻydingiz qadam?!

Nahotki, chaqmoqdek tez ketar, e, voh,

Dunyo hasratini soʻragan odam?!

Jim-jitlik… qayda u, – dongʻil sadolar?!

Ingranar bechora – nola, vidolar…

 

Soʻnggi bor xoʻshlashdik, tushimda bu gal,

Roʻy berdi rizolik, vidolashmoq ham.

Shu damdan tush boʻlib qoldingiz tugal,

Yana Sizday tushni koʻrarmi Olam?!

Daraxt soyasidan uchib oʻtdi ot,

Hayotingiz endi – yorqin xotirot?!

 

 

ENG SODDA KASHFIYOT

Osmonga qarab quvonib chopdim

Tirishdim – angladim, izladim – topdim,

Titrab turgan koʻhna dunyo oyogʻi

Koʻksimizda turar juda omonat.

Oʻsha tovon tagi boʻshliq boʻlmasin,

Oʻsha tovon toysa – boʻlar qiyomat.

Qarang, Men Yer shari izmida emas,

Yer shari yasharkan mening qoʻlimda.

Buguni, ertasi – bor-yoʻq qismati

Bogʻliq ekan yurgan yoʻlimga.

Osmonga qarab entikib chopdim

Baqirdim:

– Angladim!

Qichqirdim:

– Topdim!

– Vijdonni asraylik! Qulab ketmasin,

Yer shari yoʻqotib tayanch nuqtasin.

 

 

SENGA OʻXSHAYDI

Yiroqda bir chiroq porlab qoladi,

Mendek parvonani chorlab qoladi.

Shuʼlasi imlaydi, aqlim oladi,

Shu shuʼla izlari senga oʻxshaydi.

 

Gʻalati-gʻalati boqar atirgul,

Ruhimga taratar bir ifor nuqul.

Men shaydo boʻlaman misoli bulbul,

Shu bulbul soʻzlari senga oʻxshaydi.

 

Men kabi dilxasta, koʻngli vayrona,

Devona koʻngliga boqqan jayrona,

Begʻubor boqadi bizga hayrona,

Shu jayron koʻzlari senga oʻxshaydi.

 

Bagʻrimda sevgining sogʻinch dogʻlari,

Men seni sogʻingan – hijron onlari,

Tushimga kirar goh Firdavs bogʻlari,

Jannat hur qizlari senga oʻxshaydi.

 

Tip-tiniq osmonda yulduz chamani,

Asir etganida butunlay meni,

Yulduzlar yodimga soladi seni,

Osmon yulduzlari senga oʻxshaydi.

 

Koʻzimga betakror tuyular olam,

Qiqir-qiqir kulib, bilmay gʻam-alam,

Patparak uchirib yuradir bolam,

Bolamning yuzlari senga oʻxshaydi.

 

 

SOY BOʻLGAN JILGʻA

Baland togʻni ikkiga boʻlib,

Havolanib, qudratga toʻlib,

Ovozini baralla qoʻyib,

Xarsanglarni siypalab oʻyib,

Soy boʻlgan jilgʻalar oqar,

Tubidan oy soyasi boqar.

 

Bahaybat qoyalar oralab,

Choʻqqilar ortidan moʻralab,

Shuʼlalar lippillab boqishar,

Choʻqqilar mavjlanib oqishar.

Soy boʻlgan jilgʻalar oqadi,

Tubidan oy aksi boqadi.

 

Oʻzan devoridan boqar termulib,

Goh xoʻmrayib, gohida kulib.

Vaqt suvrati, vaqt zarralari,

Oqimlarnning sath marralari.

Tomchilar – mayin soy arralari.

Soy boʻlgan jilgʻalar oqadi,

Tubidan oy aksi boqadi.

 

 

TALAB VODIYSIDA…

Talab vodiysida Pirlarni koʻrdim,

Pirlar huzurida hurlarni koʻrdim.

Hurlarning yuzida nurlarni koʻrdim,

Nurafshon mehrobda sirlarni koʻrdim.

Duoda – qoʻlimda durlarni koʻrdim.

Bergan hurlaringdan ayirma, Rabbim,

Bergan durlaringdan ayirma, Rabbim!

 

Bu holni soʻrama mendan, jigarim,

Oxirlab bormoqda axir safarim.

Yorga yetgaymikan ohi saharim…

Charchadi yuragim – mardim, dagarim,

Men seni sogʻindim jondan sevarim,

Bergan hurlaringdan ayirma, Rabbim,

Bergan durlaringdan ayirma, Rabbim!

 

Talab vodiysida boʻzlab turibman,

Senga sirlarimni soʻzlab turibman,

Diydoring yoʻlini izlab yuribman,

Rozing bogʻchalarin koʻzlab turibman,

Seni senlab, itlaring sizlab yuribman,

Bergan hurlaringdan ayirma, Rabbim,

Bergan durlaringdan ayirma, Rabbim!

 

Muzlar ichra kechgan umrim yozi boʻl,

Hayotim bogʻining sarvinozi boʻl,

Koʻnglim torlarining hur ovozi boʻl,

Men sendan roziman, sen ham rozi boʻl,

Bergan hurlaringdan ayirma, Rabbim,

Bergan durlaringdan ayirma, Rabbim!

 

 

Gʻulom FATHIDDIN

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 5-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/yulduzlar-yodimga-soladi-seni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x