Yuksalish endi biz tomonlardadir

 Tuproqqalʼadan topilgan

Xorazm yozuvlariga

 

Jabrdiyda tilim, ona tilim, oh,

Koʻzlaringga tuproq toʻlganmi edi?

Sozliging koʻrolmay, qazdilarmi choh,

Oyoqlar ostida koʻmilganmiding?

Qaysi tangalarning qaysi betida,

Oddiy xalq koʻzidan qoldingmi chetda,

Zulmatlar qaʼrida boʻldingmi xarob?

Koʻrsatib turibdi hammasin hayot:

Osmonga yozishga arzirlik soʻzlar

Hoʻkiz terisida bitildi, nahot?

Muqaddas boʻldimi, ayting, hoʻkizlar?

Harflaring bitilgan yogʻochchi? Loychi?

Yozganlar oʻtdilar, yozuvlar qoldi.

Inson tafakkurin shaʼn ehtiyoji –

Bu bitiklar jahon aqlini oldi.

Yorugʻ olam aro yuksakmiz, degan

Qadim Yunon va Rim madaniyati

Tilin tishlagancha qaradi menga,

Yuzi shuvut boʻlib, bukilib qaddi.

Yupatdim ularni, sizdamas, deb, ayb,

Ayb oʻtgan johil ul zamonlardadir.

Barchasiga sabab ilohiyat, gʻayb,

Yuksalish endi biz tomonlardadir.

 

Salomlashish

 

Ayozqalʼa yodgorligi ziyoratida

 

Kelib togʻlar osha, dengizlar osha,

Yonib qalblarida hayajon va his,

Bunda, dollar toʻlab qilar tomosha

Chet ellik sayohlar qalʼalarimiz.

Suvratga tushishar turib har yerda,

Har gʻisht, har teshikka boqar sinchiklab.

Nimaladir deya oʻz tillarida,

Nuragan loylarni qoʻyishar silab.

Nogahonda, menga tushib koʻzlari:

“Assalomu-alaykum!” Berishdi salom.

Aligim olishgach. Koʻrdim, oʻzlarin

Baxtiyor sezishdi. Oʻzbekcha kalom

Nechogʻliq samimiy yangradi shu choq.

Yangradi koʻnglimni bosib bagʻriga.

Minglab yillik qalʼa tortdi uzun oh,

Erib ona tilim ohanglariga:

Nafaqat mendan, yot-begonadan ham

Eshitgani uni toʻlqinlartirdi.

Shavkatli onlarin esladi shu dam,

Engil-boshin qoqib oʻrnidan turdi.

 

 

Tadbirkor ayol

 

Ayozqalʼa Ayozqalʼami, ayting

Oʻtov koʻrinmasa yon-atrofida?

Tuya oʻtlamasa besh-oʻnta, bu keng

Voha, axir, ayanch koʻrinar juda,

Qolaversa, qalʼa oʻksimaydimi

Tashlab qoʻygan kabi el-yurt qarovsiz?

Tadbirkor ayol shu hisni tuydimi,

“Ayozqalʼa – tur”da ish boshlagan kez?

Kelib, ketguvchi chet ellik sayohlar

Taassuroti muhim emasmi, ayting?

Asr-asrlarni bir ip-la bogʻlar,

Mustahkam bir ip-la firma xizmati.

Qolaversa, qalʼa koʻngli ham oʻsar,

Sohibi borligin koʻrgan misoli.

Kerak ekanman-ku hamon, deb, joʻshar,

Esidan chiqadi gʻarib ahvoli.

Nega “gʻarib”? Qalʼa xizmatin qilib

Qarib va qartaygan. Hordiq olar u.

Boqmasa, bas, endi birovlar kulib

Bosmasa, bas, uni abadiy uyqu.

Tadbirkor ayolni kim qanday eslar,

Oʻzining xohishi, lekin u xurram

Topadigan besh-toʻrt dollarni esa,

Topa olardi u boshqa yerdan ham.

Ayozqalʼa uni yoqtirar, yoqlar,

Boqar yuqoridan chiqarmay sasin.

Yoqtirishadi til bilmas sayyohlar

Tuyalar, oʻtovlar – hamma-hammasin.

Ajdodlar hayotin oʻrganmoq – sharaf,

Boxabar boʻlmoq shart oʻtmishdan, axir.

Tekshirilgan baʼzi qalʼalarga qarab,

Yuraklarda sanchiq turar, baribir.

Meni kechirishsin, kelmasa gar xush,

Aytmay deyman, lekin soʻzga kelar lab.

Kovlaganday goʻyo minglab kalamush,

Erta-kech tin olmay necha ming yillab,

Topgan boyliklarin qanchasin aytib,

Qanchasin, mayliga, aytmasdan ketgan.

Uloqtirgan chetga gʻishtlarin, qaytib

Na oʻrniga qoʻygan, na taʼmir etgan.

Begona, baribir, begona. Uni

Qiziqtirmas xalqim taqdiri, aslo,

Boshqa narsa qamrar fikru oʻyini,

Boshqa edi ular koʻzlagan narsa.

Qizilqalʼa shunda boshqa yoʻl tutdi,

Toʻnini teskari kiydi bariga:

Siru sinoatin ichiga yutdi,

Yoʻl bermadi kirmoq uchun bagʻriga.

Dedi: – Bir kun erkka ega chiqar el,

Oʻzimizdan chiqar olimlar qancha.

Meni oʻrganmoqqa bogʻlar ular bel,

Tilsimlanib yotgum oʻsha kungacha.

Aslida-ku, menda hech qanday sir yoʻq,

Bor – yaratgan xalqqa sadoqat va ahd.

Kelajak ayyomdan esa koʻnglim toʻq,

U kelar va qaytmas orqaga hech vaqt.

 

Shukur QURBON

 

“Sharq yulduzi”, 2012–1

https://saviya.uz/ijod/nazm/yuksalish-endi-biz-tomonlardadir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x