Yuksaklikka chorlovchi chiroq

Yaqinda boʻlib oʻtgan Respublika kitob bayramida atoqli yozuvchi, davlat va jamot arbobi Chingiz Aytmatovning oʻzbek tiliga tarjima qilingan deyarli barcha asarlari oʻquvchi-kitobxonlar eʼtiboriga havola etildi. Bu xalqimizning qardosh qirgʻiz xalqiga, uning ulugʻ farzandi Chingiz oqsoqolga katta ehtirom boʻldi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Ijod, ilhom hech qachon millat tanlamagan. Shu bois ham oʻquvchilar Chingiz Aytmatovni oʻzlarining aziz kishisi sifatida qadrlashadi. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning yurtimizda adibning 90 yilligini nishonlash haqidagi qarori eʼlon qilingach, bu eʼtibor yanada ortdi.

Ch. Aytmatov oʻtgan asrning 70 yillarida oʻlkamizga koʻp bora tashrif buyurardi. Hozirgi OʻzMUning jurnalistika fakultetida tahsil olayotgan biz talabalar u bilan uchrashishni intiqlik bilan kutardik. Negaki uning savollarimizga bergan joʻyali javoblari qalbimiz qabatlaridagi qorongʻulikni nur kabi yoritardi-da. Ana shunday uchrashuvlarning birida oqsoqol Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan “Sarviqomat dilbarim” asari haqida iliq gaplar aytgandi. Oʻshanda adib “Bu mening oʻquvchilarim safini oshirdi, oʻzbek tomoshabinlarining qalbiga koʻprik boʻldi”, degandi. Oradan yillar oʻtib, shu gapni spektaklda bosh rol ijrochisi, Oʻzbekiston xalq artisti Poʻlat Saidqosimovga eslatganimda, u juda toʻlqinlanib ketgandi.

– Bilasizmi, bosh qahramon – Ilyosning qalbida odamlarni yuksaklikka chorlovchi chiroq bor. Bu chiroq hali koʻpchilikning yoʻlini nurafshon qiladi. Insonning oʻta nozik ruhiy olamini bera olish dunyoda Tolstoy, Chexov, Abdulla Qahhor singari yozuvchilargagina nasib etadi. Endi bu holatni hayajonli, ishonarli, favqulodda qanday tasvirlay olishni ayting. Ularning taqdiri tomoshabinlarni oʻylantiradi, toʻgʻri yoʻlni topishga majburlaydi.

Men spektaklni tomosha qilar ekanman, taqdir degan tuygʻuning inson irodasi oldida ojiz ekanligini his etaman. Endi hammasini qaytadan boshlayman. Mana Ilyosning falsafasi. Mana buni mustaqillik desa boʻladi. Hayotdagi arzimagan sabab tufayli dunyodan yuz oʻgirgan “dumbul”larga maktab. Asalchi, Asal, u axir tirik odam, chirkin hayotni tashlab, baxti uchun uydan qochib ketgandi, mana oqibat. U bechora Ilyosni qancha kutdi, vaqt uning qalbidagi ishonchni yulib oldi. Lekin kutgani hoyu havasga, aysh-ishratga uchdi, masʼuliyatni unutdi. Axir odamzot faqat kutish uchun tugʻilmagan-ku. Keyingi pushaymon – oʻzingga dushman, hayot bir marta beriladi. Asaldan boshqa boʻlganda ham shunday qilishi mumkin edi. Oy-hoylar, adabiyot bu – odamshunoslik. Ikkilanishlar, murgʻak bolaning onasiga aytgan gaplari oldida togʻlar ham bosh egadi. Bu taqdirni ardoqli sanʼatkor, Oʻzbekiston xalq artisti Oydin Norboyeva gavdalantirdi. U rol ijro etarkan, sahnada oʻtirgan tomoshabinlarning “piq-piq” yigʻlagani eshitilardi.

Biz hadeb “tarix-tarix” deymiz. Unga hurmat bilan qarab, boyliklarini saqlagan holda kelajak avlodga yetkazish kerak, deya taʼkidlaymizu koʻpincha bilib turib oʻzimiz ichadigan suvni oʻzimiz ifloslantirayotganimizni his qilmaymiz. Mana shu tuygʻu Chingiz oqsoqol asarlarining ham bosh mavzusi ekanligini alohida taʼkidlashimiz kerak. Uning “Boʻtakoʻz” qissasida “O, Anorxoy, o, bepoyon dasht! Nega sukut saqlaysan, nimalar haqida xayol surasan? Asrlar davomida nimalarni sir saqlab kelayapsan, oldinda seni nimalar kutmoqda?”, deb hayqiradi. Bu tuygʻular bizning hududlarimizda yashayotgan zamondoshlarimizni ham uygʻotib yubordi. Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi Gumbaz qishlogʻidagi obida bir paytlar tashlandiq holatda edi. Uni mahalla faollari va fuqarolar tartibga keltirib, tariximizga boʻlgan hurmatini izhor qilgani esimda. Hududdagi Abdulla Qahhor nomidagi maktab rahbari aynan mana shu asar ularga qattiq taʼsir qilganini aytdi. Ajdodimiz Abdullaxon choʻllarga suv chiqargani, qovunlar ekib, yangi navlar yaratgani, sardobalar qurib, sahrodagi yoʻlovchilarning duosini olganini taʼkidladi. Sahroda bir kosa muzday suvning bahosini tashnalardan soʻrang…

Tabiatchi, tabiat? Chingiz Aytmatovning deyarli barcha asarlarida bu mavzu asosiy ahamiyatga ega, desak xato boʻlmaydi. U yozgan durdonalarda bugun ekologiya juda katta xavf oldida turganini taʼkidlaydi. Nahrdagi kitlar suvda yashab boʻlmasligini bilib, oʻzlarini qirgʻoqqa otayapti. Adashgan turnalar halok boʻlayapti. Togʻlar nurayapti. Choʻqqida qolgan ovchining ohu zorini hech kim eshitmayapti. Oxir zamonning sharpasimi, bu. Yo, alhazar. Chingiz Aytmatovning asarlarini hijjalab oʻqish kerak. U sizga najot yoʻlini koʻrsatsa, zora.

Lekin hali yaxshilar koʻp. Bu asarlarni oʻqib, zamondoshlarimiz tabiatni eʼzozlash tuygʻularini kamolga yetkazishmoqda. Baxmal tumanida Muzbuloq qishlogʻida boʻlganimda menga ibratli misolni aytib berishdi. Oyqor togʻining etaklarida mavjud boʻlgan ayiqlar aholiga ziyon yetkazmas ekan. Men “Nega bunday?” deya soʻraganimda qishloq oqsoqoli Sulton Esonov “Mehrni yirtqich ham biladi, yaqinda qishloqqa adashib kelib qolgan ayiq bolasiga zarar bermay, iniga qoʻyib kelishibdi”, dedi. Mana shu gaplarni aytayotgan moʻysafid otaxon ham Chingiz Aytmatovni juda qadrlar ekan.

Chingiz oqsoqol yozuvchilarimizning yaqin doʻsti, maslakdoshi edi. Odil Yoqubov bilan boʻlgan munosabatlari, uning “Ulugʻbek xazinasi”ga bergan bahosi chinakam muhabbat ramzi. Koʻksini Oʻzbekistonimizning eng yuksak mukofotlari bezagan, asarlari esa har bir xonadonga kirib borgan.

 

Pardaboy TOJIBOYEV

 

soglom.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yuksaklikka-chorlovchi-chiroq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x