Taniqli avar shoiri Rasul Hamzatov hayoti va ijodi haqida
Rasul Hamzatov 1923 yil 8 sentyabrda Dogʻistonning Xunzax tumanidagi Sada ovulida Dogʻiston xalq shoiri Hamzat Sadasa xonadonida dunyoga keldi. Oʻrta maktabni bitirgach, Avar pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirdi va uni 1939 yili tamomladi. 1941 yilga qadar maktab oʻqituvchisi, teatrda rejissyor yordamchisi, gazeta va radioda jurnalist boʻlib ishladi. 1945-1950 yillari Moskvada Maksim Gorkiy nomidagi adabiyot institutida taʼlim oldi.
Shoir 1932-yillardan, oʻn-bir yoshlaridan sheʼr yoza boshlagan. Ijodiy ishlari ilk bor 1937 yili mahalliy avar gazetasida bosilgan. Dogʻiston yozuvchilar uyushmasiga aʼzo boʻlganida bor-yoʻgʻi yigirma yoshda edi. Rasul Hamzatovning ona tilidagi birinchi kitobi – “Olovli sevgi va alamli nafrat” 1943 yili chop etilgan. U mumtoz va zamonaviy rus adabiyoti namunalarini, jumladan, Aleksandr Pushkin, Mixail Lermontov, Aleksandr Blok, Vladimir Mayakovskiy va Sergey Yesenin asarlarini, shuningdek, arab shoiri Abdulaziz Hoji sheʼrlarini oʻz tiliga oʻgirgan.
Adabiyot institutida oʻqib yurgan kezlari Naum Grebnev, Yakov Kozlovskiy, Yelena Nikolayevskaya, Vladimir Solouxin kabi yosh shoirlar bilan tanishdi va ular bilan doʻst tutindi. Ular Hamzatov sheʼrlarini rus tiliga tarjima qila boshladi. Shoirning poema va sheʼrlarini Ilya Selvinskiy, Sergey Gorodetskiy, Semyon Lipkin, Yakov Xelemskiy, Yuliya Neyman, Robert Rojdestvenskiy, Andrey Voznesenskiy, Yunna Morits, Shapi Kaziyev, Marina Ahmedova-Kolyubakina, Sergey Sokolkin kabi tarjimonlar rus kitobxonlariga yetkazdi.
1969 yili shoirning Naum Grebnev rus tiliga oʻgirgan “Turnalar” sheʼriga Mark Bernes kuy bastalab, ijro etdi. Bu qoʻshiq tezda mashhur boʻlib ketdi. Rasul Hamzatovning boshqa bir qator sheʼrlari ham goʻzal qoʻshiqlarga aylangan. U bilan koʻplab taniqli bastakorlar, jumladan, Dmitriy Kabalevskiy, Yan Frenkel, Oskar Felsman, Poʻlat Bulbuloʻgʻli, Raymond Pauls, Yuriy Antonov, Aleksandra Paxmutova, Gotfrid Hasanov, Murod Kajlayev, Shirvoni Chalayev kabilar qalin ijodiy hamkorlik qilgan. Shoir sheʼrlarini Anna German, Galina Vishnevskaya, Muslim Magomayev, Iosif Kobzon, Valeriy Leontyev, Sofiya Rotaru, Rashid Beybutov, Vaxtang Kikabidze, Mark Bernes, Dmitriy Xvorostovskiy, Dmitriy Gnatyuk, Mui Hasanova, Magomed Omarov kabi xonandlar qoʻshiq qilib kuylagan. “Melodiya” studiyasi shoir sheʼrlari bilan aytiladigan qoʻshiqlar plastinkasini bir necha bor sotuvga chiqargan.
Rasul Hamzatov bir qator adabiy nashrlar, xususan, “Noviʼy Mir” (“Yangicha dunyo”), “Drujba narodov” (“Xalqlar doʻstligi”) jurnallari, “Literaturnaya gazeta” (“Adabiyot gzetasi”), “Literaturnaya Rossiya” (“Rossiya adabiiyoti”) gazetalari tahrir hayʼati aʼzosi boʻldi. 1951 yildan umrining oxirigacha Dogʻiston yozuvchilar uyumasini boshqardi.
Rasul Hamzatov asarlari oʻndan ortiq tilga oʻgirilgan. Avar, rus va butun dunyo tillarida oʻndan ortiq sheʼriy, nasriy va publitsistik kitoblari millionlab nusxalarda nashr etilgan. “Yuragim togʻlarida” (“V gorax moye serdse”), “Yuksakdagi yulduzlar” (“Viʼsokiye zvezdiʼ”), “Doʻstlarni asrang” (“Beregite druzey”), “Turnalar” (“Juravli”), “Oʻchoq boshida” (“U ochaga”), “Bitiklar” (“Pismena”), “Soʻnggi baho” (“Poslednyaya sena”), “Rivoyat” (“Skazaniya”), “Hayot gʻildiragi” (“Koleso jizni”), “Kavkazning boʻronli kunlari haqida” (“O burniʼx dnyax Kavkaza”), “Avji tushdagi jaziramada” (“V poldnevniʼy jar”), “Dogʻistonim mening” (“Moy Dagestan”), “Ikkita sholroʻmol” (“Dve shali”), “Meni sevgi qonuni-la jazola” (“Sudi menya po kodeksu lyubvi”), “Sonetlar” (“Sonetiʼ”) kabi kitoblar shular jumlasidan.
Rasul Hamzatov asarlari asosida pyesalar yozilib, balet va spektakllar sahnaga qoʻyilgan. K. Sultonova, V. Ogneva, V. Dementyeva kabi taniqli adabiyotshunoslarning shoir hayoti va ijodi haqidagi tadqiqotlari nashr etilgan. “Yuragim togʻlarida”, “Sadadan chiqqan kavkazlik”, “Oq turnalar”, “Rasul Hamzatov va Gruziya” kabi televizion va hujjatli filmlar adib hayotidan hikoya qiladi. Uning asarlari asosida “Togʻlik ayol” va “Jasur Xochbar haqida rivoyat” hujjatli filmlari suratga olingan.
Shoir ijodini juda koʻp taniqli madaniyat namoyandalari, xususan, Samuil Marshak, Aleksandr Tvardovskiy, Korney Chukovskiy, Yevgeniy Yevtushenko, Chingiz Aytmatov, Robert Rojdestvenskiy, Qaysin Quliyev, Sergey Mixalkov, Viktor Astafyev, Mixail Isakovoskiy, Irakliy Andronnikov kabilar yuksak baholagan. Juda koʻp mualliflar uning asarlari, adib tafakkur tarzidagi yorqin oʻziga xoslik, goʻzal insoniy fazilatlari haqida xotiralar yozgan. Jumladan, Yevgeniy Yevtushenkoning mana bu fikrlari diqqatga sazovor: “Sovet Ittifoqida Rasul Hamzatovni bilmaydigan, uni yaxshi koʻrmaydigan odamni topish amri mahol edi. Shoirning ruschaga qiyomiga keltirib tarjima qilingan satrlari tillardan tillarga, dillardan dillarga koʻchdi. Uning quvnoq misralari ostida baʼzida iztirobli ohanglar berkingan boʻlardi. Rasul Hamzatov qalamdosh doʻstlari himoyasiga bel bogʻlagan yozuvchilardan edi. “Noviy mir” jurnalida Tvardovkiy bilan birga “yuqori” oʻtkazmagan asarlarni chop etishda jonbozlik koʻrsatdi, adabiyotchi doʻstlariga uy-joy bilan bogʻliq yoki boshqa xil muammolarni yechishda sidqidildan yordam berdi. Uning ulkan, mehrga limmo-lim qalbi bor edi va bu qalb sheʼrlaridagi oq turnalar singari shoirning ona tuprogʻi – Rossiya va Dogʻiston uzra mangu kezib yurajak”. Yevtushenko boshqa bir oʻrinda shunday xotirlaydi: “U hayotda ham xuddi sheʼrlarining oʻzi edi. Unda hamisha yangi bir latifa, yangi bir lutf boʻlardi. Lekin hazil oʻz yoʻliga, oq oralagan qoshlari ostidan boqib turgan teran va oʻtkir nigohi sizni darrov jiddiy torttirardi. Bir holat koʻp kuzatilgan va bu tasodifiy ham emas: adabiy majlislarda odamlar zerikib, esnab oʻtirgan paytlarda Hamzatov soʻzga chiqishi eʼlon qilinadi. Birdan hamma jonlanib qoladi. Hamzatov soʻz oldi degani – endi bu yogʻi qiziqarli boʻladi degani edi-da!”
Rasul Hamzatov Patimat ismli ayolga uylangan, undan uch nafar qiz koʻrgan. Ayoliga bagʻishlangan sheʼrlari turli toʻplamlaridan oʻrin olgan.
Otasi 1951 yili, onasi esa 1965 yili olamdan oʻtdi. Ikki akasi Ikkinchi jahon urushi janglarida halok boʻldi. Ukasi Hoji Hamzatov Rossiya fanlar akademiyasi akademigi, Mahachqalada yashaydi.
Rasul Hamzatov jamoat ishlarida ham faol qatnashdi. Mamlakat va sobiq Ittifoq Oliy Kengashlariga deputat etib saylandi, turli nufuzli qoʻmitalar, tashkilotlar va akademiyalar aʼzosi boʻldi.
1973 yili taniqli rus yozuvchisi Aleksandr Soljenitsin va rus olimi Andrey Saxarovni yoqlab “Pravda” gazetasiga ochiq xat yozgan bir guruh sovet adiblari orasida Rasul Hamzatov ham bor edi.
Yozuvchi 2003 yil 3 noyabrda Moskva klinik shifoxonasida dunyodan koʻz yumdi. Mahachqalʼaning Tarki tumaniga, Tarkitov togʻ tizmalari etagidagi musulmonlarning qadimiy qabristoniga dafn etildi.
Shoir nomini abadiylashtirish borasida bir qator ishlar qilingan. Dogʻiston Respublikasi Davlat Kengashi qarori bilan Boʻynoq pedagogika kolleji va Dogʻiston respublika kutubxonasi Hamzatov nomi bilan ataladigan boʻldi. Sheʼriyat yoʻnalishida Rasul Hamzatov nomidagi mukofot va stipendiya ham taʼsis etilgan. 2004 yil 1 iyunda Dogʻistondagi Qoraqoʻysuv daryosida joylashgan Gunib GESiga shoir nomi berildi. Dogʻistonda 1986 yildan buyon har yili sentyabrda “Oq turnalar” bayrami oʻtkaziladi. Bu kuni maktablarda shoir hayoti va ijodiga bagʻishlangan darslar, kutubxonalarda esa hamzatovxonlik kechalari oʻtkaziladi. 2011 yil 23 sentyabrda Moskvaning Tver koʻchasidagi 27/5-uyda (shoir 1974-2003 yillari shu uyda yashagan) Hamzatovga bagʻishlangan meʼmoriy yodgorlik oʻrnatildi. 2011 yildan buyon Moskvadagi Adabiyotchilar markaziy uyi va “Peredelkino” ijod uyida yozuvchi va musiqachilar xalqlar doʻstligini targʻib etuvchi “Rossiyaning oq turnalari” xalqaro adabiy-musiqiy festivalini oʻtkazadi.
Lekin eng katta yorgorlikni shoirning oʻzi oʻrnatib ketgan – u milionlab muxlislarining qalbida yashayapti. Shoirning koʻngilga yaqin, mehr-muhabbatga yoʻgʻrilgan satrlarini, donishmandona kuzatuvchanlik, teran mushohada aks etgan misralarini oʻqiganda xuddi u bilan, oʻzingizga juda-juda yaqin samimiy bir inson bilan dardlashganday, uning begʻaraz va xayrixoh pand-maslahatlarini tinglaganday boʻlasiz.
Rasul Hamzatov togʻlar oʻlkasida tugʻilib voyaga yetdi. Butun ijodiy faoliyatida ana shu togʻlar oʻlkasiga boʻlgan cheksiz mehr va sogʻinch, farzandlik hissi uni tark etmadi. Aynan shu narsa uning oʻzini ham Dogʻiston togʻlari singari yuksaklikka koʻtargan, togʻday shoirga aylantirgan boʻlsa, ne ajab.
Orif Tolib tayyorladi.
2014
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/yuksak-toglar-shoiri/