“Aziz qoʻllaringiz bilan bitgan maktubingizni oldim. Ishonsangiz, necha qayta oʻqib chiqqanimning hisobiga yetolmayman. Har oʻqiganimda yangi-yangi maʼnolar, jilolar, iforlar kashf etdim oʻzimcha… Hozirgi musofirchilikdagi, hijrondagi kunlarimda Sizning maktublaringizdan-da azizroq narsa yoʻq men uchun! Agar bilsangiz, men uchun eng zavqli mashgʻulot Sizga maktub yozish, eng baxtli daqiqalar esa Sizdan kelgan maktublarni oʻqiyotgan onlarimdur…”
Ushbu maktub bitilganiga qancha muddat boʻlgan deb oʻylaysiz?
Andak sargʻaygan toʻrt katakli oʻquvchilar daftari varagʻi, binafsharang siyoh, oʻxshashi kam husnixat… Maktub sanasiga koʻz tashlaymiz: 2 sentyabr, 1952 yil… Demak?
Biz ulugʻlarimiz hayotidan bilamizki, ular ilmda, sanʼatda yoxud jamiyat hayotida qanchalik mavqe – martabaga erishgan boʻlishsa, ishqu muhabbatda ham, yoru doʻstlariga mehru oqibat koʻrsatishda ham shunchalik mardona boʻlishgan.
Maktublarning yana birini oʻqiymiz:
“Shahrijon, bugun ketaman. Lekin hech ketgim yoʻq. Ketgim yoʻgʻu, ketishga majburman… Qiziq bir holatdaman: dadamga “Keliningizni tezroq tushirib bersangiz, bering” deyolmayman. Mana bunaqa ayriliqlarda yurishga esa toqatim qolmadi. Insof bilan ayting, men nima qilay?! Qachongacha “sen unda zor, men bunda zor” qoʻshigʻini aytib yuramiz?! Aytar gapingizni bilaman, sabr qiling, oz qoldi, oʻn bir oygina qoldi deysiz! Oʻn bir oy ozmi, Shahrijon?! Bir kunni aytmaysizmi, bir kunni. Bilaman, maz-za qilib kulyapsiz. Hozircha kulib turing-chi, bizgayam navbat kep qolar, oʻshanda!.. Xullas, bu hammasi hazil, Shahrijonim. Hamma narsaning vaqt-soati bor, tushunaman. Sabr qilsak, bir kun yetamiz va oʻshanda… Mana shu xatlarimizni oldimizga uyub qoʻyamiz-da, bir chekkadan oʻqib, maza qilib kulishamiz… Oʻsha kunlarni yanada besabrlik bilan kutib qolguvchi: Gʻaybulla Salomov…”
Ha shunday, ushbu maktublar egasi – oʻsha oʻzimiz bilgan alloma Gʻaybulla as-Salom domlamizdir. Eʼtibor qiling, ustoz asarlaridagi bizga juda yaxshi tanish jaydari ohang, samimiyat, bepardoz rostgoʻylik necha oʻn yillar muqaddam bitilgan sevgi maktublarida ham oʻzini koʻrsatib turibdi, shunday emasmi?!.
Domlamizni ilmdagi xizmatlarini yaxshi bilamiz: u kishining saʼy-harakatlari bilan Tarjima nazariyasi fani dunyoga keldi. Bu sohada oʻnlab tarjimashunoslar voyaga yetdi. ToshDU (hozirgi Milliy universitetimiz)da sobiq Ittifoqda birinchi boʻlib Tarjima nazariyasi kafedrasi tashkil etildi. Gʻaybulla Salomov domla Ibrohim Moʻminovdek zabardast alloma bilan yelkama-yelka turib, kurashib, dastlabki qomusimiz tamal toshini qoʻyganlardan biri boʻldi. Uning partiyasizligi, partiyaga kirishni istamagani tufayli boshiga tushgan savdolarning oʻziyoq katta bir dramatik dostonga mavzu boʻla oladi. Ammo, biz shu tobda butunlay boshqa bir doston, yozilmagan, yozilishi lozim boʻlgan doston xususida soʻz yuritishni istab turibmiz…
“Shahrijon, muhabbat kishiga bir martagina beriladi. Shuning uchun uni bir umrga ushlab qola olish kerak. Shunday qilish kerakki, hatto yuz yoshimizdayam hozirgidagi kabi sevishib yuraylik. Dunyoning lazzati ana shunda!..”
Yer ustida orzu koʻp, yer ostida armon, deyishadi. Armon…
“Maktublarni yigʻib boring, keyin bir kun hammasini bir chekkadan oʻqib mazza qilib kulishamiz”, deb yozgan edi. Gʻaybulla aka bir xatida. Ammo, Shahrixon ayaning aytishicha, ustozning mana shu oddiygina orzusi ham amalga oshmabdi. Va yana bir istaklari bor ekan: qachon boʻlmasin, mana shu maktublar asosida bir doston yozaman, avval boshqa ishlarimni bir yoqlik qilib olay, deb yurarkanlar hazil aralash. Ammo, bu ham koʻplab armonlari yonidan joy oladi ustozning.
– Rahmatli otam Qurbonjon Hotamov savdo xodimi edilar, – deya hikoya qiladi Shahrixon aya. – Negadir elliginchi yilda Xatirchidan Shahrisabzga koʻchib ketganmiz. Sakkizinchi sinfni Oqsaroy yonidagi 20-maktabda oʻqiganman. Tobim qochavergani uchun, havosi toʻgʻri kelmayapti, deb meni Xatirchiga, Latofat xolamning oldiga qaytarib yuborishgan. Bu – yangi oʻquv yili arafasi, ellik birinchi yil avgustining oxirgi kunlari ekan oʻylab qarasam…
Oʻshanda ikki yuk mashinasi Xatirchiga kiraverishdagi yoʻl boshida uchrashadi. Koʻcha torligidan “polutorka”lar sekinlab, kuzovlari bir-biriga tegar-tegmas boʻlib oʻtadi-da, biri tuman markaziga, boshqasi Zirabuloq vokzali tomon ketadi. Xatirchiga kirib kelgan mashina kuzovidagi qiz narigi kuzovdagi quyuq sochlari chiroyli toʻzgʻigan, novdadekkina yigitni taniydi. Ammo, fikri-zikri olis-olis manzillar xayoli bilan band boʻlgan yigitcha kattagina roʻmolga oʻranib olgan qizaloqni payqamay oʻtib ketadi…
“Eh, attang-a, hozirgina Gʻaybullajonlaringiz joʻnab ketdi-ya! – deydi afsuslanib Mulla Tojining ayoli mehmonlarni qarshi olarkan. – Yoʻlda koʻrgandirsizlar?..”
– Koʻrmadik-ku yoki eʼtibor bermabmiz shekilli-da!..
– Men koʻrdim, – deydi qizaloq qizarinib. – Bir oʻzlari mashina ustida ketdilar…
Kattalar negadir sirli kulimsirab qoʻyadilar…
– Ota-onam uch kun turib, Qashqadaryoga qaytib ketdilar, – deya davom etadi aya. – Meni Latofat xolamning yonida qoldirishdi. Latofat xolam ilgari Chechakota qishlogʻidagi uyimizda biz bilan birga turardilar. Biz u yoqqa (Shahrisabzga) ketgach, yolgʻiz qolmaslik uchun tuman markaziga – Mulla Toji togʻalarining xonadoniga koʻchib kelgandilar. Xolamning Tursuntosh degan mendan yoshroq qizlari bor edi. Shunaqayam bijildoq, pishiq-puxta qizcha ediki, qoʻyaverasiz!..
…Va keyingi voqealar rivojida ana shu “pishiq-puxta” qizaloqning xizmatlari katta boʻladiki, bu haqda mamnuniyat bilan keyinroq toʻxtalamiz.
Xullas, Shahrixon xolasining qaramogʻida qoldi. Ertaga maktab degan kunda u sochini yuvib, xolasiga oʻrdirmoqchi boʻlib turganida Mulla Tojining ayoli kirib keldi. Qirq yoshlarga yetib-yetmagan xushroʻygina bu ayol Shahrixonni yoniga oʻtqazib oldi-da, kamoli hafsala bilan qizning sochini tepakokil qilib oʻrib qoʻydi. Oʻziyam chilvir sochlar qirq oʻrim boʻlib ketdi-yov!.. Keyin ayol qoʻltigʻidan qizil durracha chiqarib, qizning boshiga bogʻlab qoʻydi. Maktabingga mana shuni oʻrab borgin, qizim, endi buni qoʻy, dedi Shahrisabzdan oʻrab kelgan katta roʻmolni koʻrsatib. Ularni havaslanib kuzatib oʻtirgan Tursuntosh quvonib ketdi: – Rost aytasiz, yangajon. Hozir, bir pas qarab turinglar… – qizaloq chopqillab ichkariga kirib ketdi-da, koʻzgucha chiqarib, Shahrixonning yuziga tutdi. – Opajon, bitta qarang-chi, taniysizmi!..
Shahrixon koʻzguchaga tikilishga uyaldiyu, keyin fursat topib oʻzini oynaga solarkan, vujudi yoqimli hissiyotdan yayrab ketdi.
Oradan ikki oylar oʻtib, Qurbonjon Hotamov oilasini butunlay koʻchirib kelib, azaliy hovli-joylarida yashay boshlashi bilan sovchi yogʻilib ketdi. Otaning boshi qotdi: hoy, musulmonlar, qizim hali goʻdak-ku, desayam tushunishni istashmadi. Oxiri, qizimning ixtiyori oʻzida, qizim nima desa, shu boʻladi, deb qutildi. Sovchilar haqidagi toʻla-toʻkis axborotlar Shahrixonga Tursuntosh orqali yetib turardi. Bir kun Tursuntosh opasining oldiga bir varaq qogʻoz qoʻydi.
– Nima bu?
– Roʻyxat. Sizga sovchi qoʻyib yurgan yigitlarning ismi-shariflari. Oʻn bitta.
– Daf qil!
– Opajon, unaqa demang! Bilaman, baribir bittasiga tegasiz.
– Hecham. Men oʻqiyman!
– Baribiram-da. Siz avval qarab chiqing. Oʻntasini oʻchirib, bittasini qoldiring. Oʻsha bittasi…
– Hoy bijildoq, hozir koʻrsatib qoʻyaman!..
– Oʻqimaysizmi?..
– Yoʻq!
– Toʻgʻri qilasiz! – qogʻozni buydalaydi qiz. – Bularingizdi birortasi Gʻaybulla togʻomni tirnogʻiga arzimaydi.
– Topgan gaping shu! – Shahrixon koʻzini olib qochadi.
– Toʻgʻrisiyam shu! E, siz boshqa maktabda oʻqigansiz-da, bilmaysiz. Suratlarini koʻrdingizmi, haliyam devordan olishmaydi. Gʻaybulla togʻom oʻn yilda bittamas, ikkita maktabni bitirib ketdilar… Tushunmadingiz-a, birinchi smenada oʻzbekcha sinfda oʻqisalar, peshindan keyin oʻrischa sinfga kirardilar. Hech kim majbur qilmagan, oʻzlari qiziqardilar. Boshqa shunaqa bolani bilasizmi, yoʻq! Oʻzlarini sinfdoshlariga, oʻzlaridan kattalargayam dars berganlarini bilasizmi, bilmaysiz! Olimpiadami, spartakiadami, nima boʻlmasin, birinchi oʻrinni olib turardilar. Skripka chalganlarini koʻrganmisiz hech?! Sodiqov malimni bilasiz-a, algebradan kiradilar, ana oʻsha odamni shaxmatda yutib qoʻyib, keyin oʻzlari uyalib yurganlarini eshitganmisiz?! Yana aytaveraymi?.. Oltinchi sinfdan bu yogʻiga kechasi bosmaxonadayam ishlardilar, gazeta chiqarardilar. Yana aytaymi?
– Aytib nima qilasan, oʻzimam bilaman, – deydi Shahrixon derazadan koʻz uzmasdan, negadir oʻychan tortib.
– Bilasizu, hammasini emas-da, – deydi Tursuntosh ham vazmingina boʻlib. – Masalan, sizda koʻngillari borligini bilmaysiz!
Shahrixon duv qizaradi.
– Ahmoq qiz boʻpsan lekin, – deydi sekingina.
– Nima desangizam mayli, faqat, – Tursuntosh quvonchdan chaqnab opasining kiftidan quchadi. – Faqat!..
– Hoy bijildoq, indamasam haddingdan oshib ketyapsan-a, hozir men seni!.. – xolavachchasining qulogʻidan buydalab oladi Shahrixon.
– Voy, voy, boʻpti, boʻpti, tovba qildim, qoʻyvoring, opajon… – qiz qulogʻini qutqaradi-da, nari qochib, iljayadi. – Siz nima desangiz dengu, lekin baribir aytib ketishim kerak… Xullas, hozir, – eshikni ochib, ostonadan oʻtadi. – Xullas, sizdan boshqasi kerak emas emish! Agar yoʻq desangiz, oʻzlarini hukman bitta narsa qip qoʻyarmishlar!..
Shunday degancha, Tursuntosh gʻoyib boʻldi. Unga yostiqcha otgan Shahrixon esa butun vujudini olov-otash oʻrab borayotganini sezdi…
Oradan hafta oralatib sovchi kela boshlaydi. Sovchi kelgan kun iljaygan Tursuntosh ham paydo boʻladi.
– Opajon, nima deysiz? Bir yigitti uvoliga qolmang!..
– Hoy bijildoq, Gʻaybulla togʻong birinchi kursda oʻqiyapti. Menam oʻqishim kerak.
– U yogʻiga ish tutmang. Oʻqiysiz!..
U dedi, bu dedi, yengimdan kirib, yoqamdan chiqdi. Xullas, kichkina Tursuntosh katta bir ish boshlanib ketishiga sabab boʻldi. Non sindirildi, fotiha toʻyi berildi. Endi gapni qarangki, bularning hech biridan kuyov boʻlmishning xabari yoʻq ekan. Qiziq ustida toʻyni boshlab qoʻygan bechora qaynana-qaynatam xavotirda… Qishki taʼtilda oʻgʻillari keladi. Sen ayt, sen ayt qilishib, oxiri qaynatam gap ochadilar. Hali Yusufbek hojiga oʻxshatib, hazilga olib: – Oʻgʻlim, onangiz ikkimiz sizning ustingizda bir ish qilib qoʻydik, deydilar. Bu yoqda oʻgʻillari ham Otabekka oʻxshatib javob qiladilar. Bilasiz, juda hozirjavob edilar.
– Aqlli kishilarni oʻz oʻgʻillari ustidan qilgan ishlari nomaʼqul boʻlmaydi, deydilar.
– Biz Hotamov amakingni qizini senga fotiha qilib qoʻydik. Qarasak, qiz ketib qoladigan. Shunga, ayniqsa ayang qattiq shoshirdi bizni.
Qaynatamning choʻchiganlari sababi, Gʻaybulla aka oʻqishga ketayotib besh yilsiz menga kelin haqida ogʻiz ochmaysizlar, deb tayinlagan ekan. Besh yilsiz ogʻiz ochmaysiz, degan oʻgʻillari bunday qarasalar, indamaygina bosh egib oʻtirgan emish. Shundan keyin otalariyam rozimisan, nima deysan, deb uyaltirib oʻtirmabdilar.
Shahrixonning yuragi hayajon va qoʻrquvdan uyushdi. Chunki, dasturxonda Samarqand noni va holvasi paydo boʻlibdi. Demak…
“Kechqurun mehmon keladi, uyni yigʻishtirib, dasturxon tuzab qoʻy. Oʻzingam u yoq, bu yoqqa ketib qolma”, deya uni ogohlantirishdi.
Mehmondan hadeganda darak boʻlavermadi. U esa, kim keladi, qachon keladi, deb soʻrashga botinolmadi… Tun allamahalda dars qilib oʻtirsa, deraza ortidan ikki paranjili oʻtdi. Saldan keyin darcha ochilib, Fotima ammasi koʻrindi.
– Bonu qizim, bu yoqqa kel-chi…
Qizning koʻngli bir shumlikni sezdi.
– Bormayman, – dedi oʻrnidan sapchib turib.
– E, nega bormas ekansan?..
Shaddod amma shappa qoʻlidan tutib, sudrab ketdi. Shahrixon oʻzini hovli etagidagi xilvat xonachada koʻrdi. Xona kunjagida goʻshanga, beriroqda xontaxta yonida Gʻaybulla akasi… Boshini nimchasi bilan burkab gʻujanak boʻlib oldi. Kuyovi u desayam gʻiq etmadi, bu desayam… Gaplashgisi keldiyu, lekin nimadir sira yoʻl bermadi-da… Oxiri Gʻaybulla akasi bir uf tortdi-da, oʻrnidan turdi.
– Boʻpti, men ketdim boʻlmasa. Toʻyni qoldiramiz!.. – oʻq nihoyat moʻljalga tegdi.
– Voy, nega? – deb yubordi Shahrixon tilga kirib.
– Nega boʻlardi, koʻnglingiz yoʻq ekan-ku, – dedi Gʻaybulla akasi qovogʻini ochmasdan.
Shundan soʻng ozroq gaplashgan boʻlishdi.
Nima haqda, deysizmi?
Kuyov boʻlmish oʻn yil oʻqib ketgan, ammo hali uzilolmagan, kelin boʻlmish endi oʻqiyotgan, lekin hali bogʻlanib ulgurmagan maktab haqida-da!
Chindanam shunday boʻldi. Suhbat asosan qay bir muallimning darsi maroqli, qay biriniki zerikarli, oʻquvchilar hozir ham adabiyot darsida oʻz malimlari qolib, Oʻrin Kamolning darsini havas qilib yuradimi, shuningdek, kim-kimni yaxshi koʻradiyu, kim-kim bilan arazlashib yuribdi, xullas, taxminan shu atrofda bordi. Asosan talaba yigit gapirdi, oʻquvchi qiz esa bosh irgʻab, tasdiqlab, maʼqullab turdi. Keyin esa talaba – Gʻaybulla Salomov oʻqishini davom ettirgani Samarqandga joʻnab ketdi, oʻquvchi Shahrixon Hotamova esa oʻqishini “tezroq bitkazgani” Xatirchida qoldi… Oʻrtada esa rosa ikki yil davomida ishqiy maktublar borib-kelib turdi.
Ana oʻsha haroratli maktublar andak sargʻaygan, bir oz uringan holda boʻlsa-da, bu xonadonda – ustozning eʼlon qilingan, qilinmagan dastxatlari qatorida asrab-avaylab kelinadi…
“Shahrixon, Sizni Yangi yil bilan, Xudo xohlasa, bizni bir-birimizga yetkazadigan, ayriliqlarga barham beradigan Ellik uchinchi yil bilan qutlayman. Azizam, Ellik uchinchi yilning iyul oyiga yetib olsak bas. U yogʻida, Xudo xohlasa, bir umrga birga boʻlamiz, bir umrga…”
Oradan oy-kunlar oʻtib, intizor kutilgan vaqt-soat yetib keladi: 1953 yil, 14 iyul!.. Bu kun ularni bir umrga bogʻladi, hijronga barham berdi… Bir umrga bogʻlagani rost, ammo, hijronlar, iztiroblar, sinovlar – hammasi hali oldinda ekan.
Toʻydan ikki haftalar oʻtmasdan yosh kuyovni bir oylik harbiy tayyorgarlik mashgʻulotiga olib ketishadi. Kelin esa bu orada uch dugonasi – Boʻritosh, Mahmuda, Tursuntosh (ha, oʻzimiz bilgan bijildoq Tursuntosh) bilan Samarqandga kelib, universitetning filologiya fakultetiga hujjat topshiradi. Kuyovi bir oylik safardan qaytgunicha, mandatlardan oʻtib, suyunchli yangiliklar hozirlab turadi…
Keyin yosh kelin-kuyovlar universitet yaqinidan katalakdek bir uyni ijaraga olishadi. Bu xona rostdan ham katalakdek ekani, yashashga bundan-da munosibroq joy topishlari mumkinligi xayollarigayam kelmaydi. Orada uchinchi inson – oʻgʻillari Habibullo (1954 yil 30 aprelda) dunyoga kelgachgina kanayu burgalar urchib yotgan bu zaxkash kulbadan chiqib ketishni oʻylab qoladilar. Goʻri Amir maqbarasi atrofidagi mahalladan bir qadar tuzukroq hujra topadilar…
– Uchinchi yilga kelibgina qaynotam bizga bir ming uch yuz soʻmga hovli sotib olib berdilar, – deya eslaydilar Shahrixon aya. – Qarangki, domlangiz otalariga yolgʻiz farzandlar. Bir ogʻiz aytganlarida shu uyni avval boshdayoq olib berishlari mumkin edi. Lekin, feʼllari shunaqa ediki, birovdan yordam soʻrashni ep koʻrmasdilar. Otalaridan ham hatto. Hamma narsaga oʻzlari erishmoqchi boʻlardilar, qiynalib boʻlsayam erishardilar.
Universitetni qizil diplom bilan bitirdilar. Toshkentdan Davlat imtihon komissiyasi raisi boʻlib kelgan Olim Usmon degan professor Gʻaybulla akani yaxshi koʻrib qoladi-da, Toshkentga birga olib ketishga koʻndiradi. Oʻshanda Nazira qizimiz (Nazira Salomova – shoira, marhum shoirimiz Muhammad Yusufning ayoli) yangi dunyoga kelgan. Men uchinchi kursni bitkazganman. Oʻylashib, maslahatlashib Olim Usmon domlaning taklifiga rozilik berishga qaror qildim.
Toshkentga keldik. Domlangiz nashriyotda ishlaydilar. Men oʻqishimni sirtqiga koʻchirganman, har olti oyda Samarqandga borib, sessiyani oʻtkazib kelaman.
Bilasiz, bir yurtdan bir yurtga borib, yashab, oʻnglanib ketishning oʻzi boʻlmaydi. Eslasam, ezilib ketaman. Yangi roʻzgʻor, musofirchilik. Men bolalar bilan bandman. Domla soat yettida ishdan keladilar. Nari beri ovqat yegan boʻladilar-da, ishga oʻtiradilar. Maqola yozadilarmi, biror narsani tarjima qiladilarmi, ishqilib, bekor oʻtirmaydilar. Oʻshanda birinchi boʻlib “Tuproq” degan (“Pochva”) romanmi, qissanimi tarjima qilgan edilar. Oʻsha kitobning puliga oʻzlariga arzon garovgina kostyum-shim bilan, oddiygina soat olib, menga tilla soat, qimmatbaho kofta-yubka, bombarxt koʻylak olib berganlari esimda… Shunday qilib, yettida ishdan kelib, sakkiz boʻlmay yana ishga oʻtirib, kechasi uxlamay, ertalab beshgacha oʻtirardilar. Beshda uxlagani yotib, ikki soatgina mizgʻib oladilar-da, apil-tapil ishga joʻnaydilar. Charchadim deganlarini bir umr birga yashab eshitganim yoʻq… Ellik sakkizinchi yil boʻlsa kerak, “Fan va turmush” jurnali tashkil etilib, endi undayam ishlay boshladilar. Ahmadjon Yoqubov degan bosh muharriri boʻlardi jurnalni, 25 yil Magadanda oʻtirib kelgan deb eshitardim, shu kishi Gʻaybulla qancha qalam haqi ishlasa yoʻl beringlar. Ijara uyda uchta bolasi bilan qiynalib qopti, degan ekanlar rahmatli… Hozir oʻylab qarasam, yashashimiz oson boʻlmagan, lekin buni payqamaganmiz. Bir-birimizga dalda boʻlganmiz, kichkintoylar bilan ovunganmiz…
“Mehribonim, oʻzingizni oldirmang. Hech narsaning tashvishini chekmay, dumogʻingizni chogʻ qilib yuring. Har doim “yonimda suyangan togʻim – erim, yorim, jonim bor-ku”, deb tasavvur qiling. Men doim siz bilan birgaman, sizning soyangizman… Siz oʻzingizni men uchun, oʻgʻlingiz, qizchalaringiz uchun va yana boʻyingizdagi oʻgʻilmi, qizmi farzandimiz uchun ehtiyot qiling. Siz hammamiz uchun suv bilan havoday keraksiz. Shuning uchun ham sizni “jonim” deyman-da!”
Eʼtibor qiling: maktub ellik ikkinchi-ellik uchinchi yillar, yaʼni toʻydan oldingi davrdamas, 1959 yilning 12 mayida yozilmoqda. Hamon oʻsha-oʻsha haroratli, oʻtli soʻzlar… Maʼlum boʻladiki, ushbu xat Toshkentdan Samarqandga, boʻlajak olim Gʻaybulla Salomovdan universitetni bitirish imtihonlarini topshirish uchun ketgan Shahrixon yangaga yoʻllangan…
“Zinhor och yurmang. Ishtahani yaxshilash uchun koʻp-koʻp qulupnay yeng. Pulini oʻylamang. Oʻzini akademikdan kam koʻrmaydigan aspirant eringizni topgani sizniki, sizlarniki, jonim.
10 iyunlargacha minimumni topshiraman-da, yoningizga uchaman.
Mendan sira xavotir olmang. Qornim toʻq. Kiyimlarim toza. Sizning ishqu firoqingizda va soyayi davlatingizda oʻynab-kulib, oʻqib yuribman…”
Oshiqlar feʼli shunday: hech qachon oʻzlarini oʻylamaydilar, “men” demaydilar. Ularning “men”lari “u”dir. Oshiq uchun faqat “u” bor, maʼshuqa bor. “Men”lari “u”nda fanodir, “u”nga singib ketgandir. Bir tanu bir jon deb atash toʻgʻriroq boʻlar bu holni?
Ustoz bir maktubida: “Shahrixon, Xudo xohlasa, siz hali qahramon ona boʻlasiz”, deb yozadi. Oʻzi oilada yolgʻiz boʻlgani uchun “bir hovli” farzand koʻrishni istardi. Ammo, toʻrtinchi farzandi oʻlik tugʻildi. Nafaqat oʻlik tugʻildi, hatto onasini ham olib ketishiga bir bahya qoldi… Shahrixoni oʻlim bilan olishayotgan shifoxona derazasi ortida ustozning sochlari bir kechada oqarib chiqdi…
Manglayida bor ekan, uy-joylik boʻlishdi. Oltmish toʻrtinchi yilda nomzodlik ishi yoqlandi. Oʻzbek qomusida ish boshladi. Martaba mavqei orta bordi. Ammo, yana sinovlar koʻndalang boʻldi: partiyaga kirishi kerak emish. Aks holda vazifasida ushlab turilmaydi. Nima qilsin? Murosa yoʻlini tutsa, eʼtiqodiga qarshi borgan boʻladi. Bir paytlar otasi Mulla Tojidan qizil firqaning birgina kirdikorini eshitgan va shuning oʻzidayoq “hech qachon uning safida boʻlmayman”, deya ont ichgan…
Nihoyat, u soʻnggi soʻzini aytadi va koʻch-koʻronini ortib, Samarqandga ketadi. Ammo Samarqand ham negadir unga oʻgay koʻz bilan qaraydi. Oʻgaylikka koʻnikmagan yigit yana etak siltab, Toshkentga qaytadi. Milliy universitet (sobiq ToshDU)da ish boshlaydi. Shahrixon esa uch bola bilan rosa yetti oy Samarqandda qolib ketadi. Nihoyat, ustozga qaytadan boshpana nasib etib, oilasini koʻchirib olib keladi.
Oʻsha kunni Shahrixon aya aniq-taniq eslaydilar: 1970 yilning 13 marti (aya tugʻilgan kun) edi. Oʻsha kundan esda qolgan yana bir narsa: ular tunda yuk mashinasida kelishgan va kuzovda boʻlgan yigirmata tuvakdagi sabur (aloe)ni sovuq urib ketgan, Shahrixon esa gullariga achinib rosa yigʻlagan edi. Aslida yigʻlamasa boʻlar ekan, hali oldinda yigʻi koʻp ekan…
1972 yil 30 aprel. Toʻngʻichlari Habibullaning 18 yoshga toʻlgan kuni. Uyda taraddud koʻrilib, dasturxon tuzalgan. Lekin, otadan darak yoʻq.
Kechasi soat uchda telefon jiringlaydi:
– Shifoxonadan qoʻngʻiroq qilyapmiz…
– Oʻzlari sogʻmi, ahvollari?..
– Oʻrtacha…
– Xayriyat-e, tirik ekanlar!..
…– Domla ishdan qaytishda maslahatli bir yumush bilan Asil aka (Asil Rashidov)ning uyiga kiradilar-da, shaxmatga qiziqib ketib, ancha oʻtirib qoladilar, – deya hikoya qiladilar Shahrixon aya, – keyin koʻchaga chiqib, duch kelgan birinchi yengil mashinaga oʻtiradilar. Haydovchi mast ekan. (Oʻsha kuni nasroniylar bayrami edi.) Mastlik bilan haligi haydovchi mashinani Oloy bozori oldidagi bekatning temir toʻsiniga keltirib uradi… Oʻshanda domlani pachoq mashina ichidan sugʻurib olishayotganda, hush-behush “papkani yoʻqotmanglar” dermishlar. Chunki, papkalarida Raʼno Fayzullayeva degan shogirdlarining nomzodlik ishi bor ekan. Va yana “xotinimga xabar bermanglar, xotinim bilmasin” derkanlar alahlab…
Qarang: oʻlim bilan hayot chizigʻi oraligʻida turib ham ustoz oʻz burchini unutmagan, shogirdining ishini oʻylagan. Oʻlim bilan olisha turib ham xotinini ayagan, unga yetadigan ozorni mumkin qadar keyinga surishni istagan.
– Hammasi bir taraf boʻldiyu, farzand dogʻi bir taraf boʻldi, – deya mahzun hikoyalarini davom ettiradilar Shahrixon aya, – Habibulloning dardi domlani ado qildi. Harchand chalgʻitishga urindim, asrab-avayladim, boʻlmadi, oxiri olib ketdi… Avval boshida biror haftacha sezdirmay yurdik. Men yotogʻimni boshqa qilib oldim. Kechasi bilan yigʻlab chiqaman-da, ertalab domlaga arang koʻrinish beraman. “Onasi, sizga nima boʻldi, bu nima qiliq?” deydilar ajablanib. “Mazam yoʻq, sizni bezovta qilgim kelmayapti”, deyman oʻzimni kuch bilan bosib. Ishga ketadilar, kelgunlaricha yurak hovuchlab turaman: koʻchadan biror shovur payqab qolmasa edilar!.. Kutganimday bir kun ranglari oʻchib keldilar.
– Nima gap?! Habibjonga nima boʻpti?!
– Hech gap yoʻq! Habibjon komandirovkada. Topshiriq bilan…
– Qoʻying!..
Zabt bilan chiqib ketdilar-da, yarim kechada qaytdilar. Bir ogʻiz churq etmadilar. Uyga qamalib oldilar. Hech qilmagan odatlari ichkilikka ruju qoʻydilar… Ishonsangiz, oʻgʻlimga qoʻshib, domladan ham umid uza boshladim. Ikki marta infarkt oʻtkazgan yuraklari endi bardosh berolmaydi, derdim… Lekin, bir kun xonalaridan chiqib kelib, yonimga oʻtirdilar. Ancha tinchlangan koʻrindilar. Birga choy ichdik. Gap orasida, hov oʻsha bizga nikoh kesgan domlani eslaysizmi, dedilar. Eslolmadim. Oʻshaning bir gapini aytib berdilar. Domla, birinchi farzandingiz oʻgʻil boʻladi, otini Habibullo qoʻyasizlar, degan ekan oʻshanda. Katta odam boʻladi. Lekin, qirq yoshlarida… – deb oʻylanib qopti-da, keyin, yoʻq, yoʻq, hammasi yaxshi boʻp ketadi, degan ekan.
“Oʻsha odamda bir xislat bor edi, qarang, hamma gapi oʻng kelyapti, – dedilar domla oxiri. – Oʻsha, hammasi yaxshi boʻp ketadi, deganini qattiq tutishimiz kerak. Koʻrasiz, Habibjon sogʻ-salomat qaytib keladi!”
Domlangiz ana oʻsha ishonch bilan sakkiz yil yashadilar. Meni ham ishonishimni istadilar. Bu orada shogirdlari Tilak Joʻra ketdi. Tilakjonni ham oʻgʻillaridan kam koʻrmasdilar. Xayriyatki, domlaning atrofida yaxshilar koʻp ekan, domlaning shogirdlari, oʻgʻlimning yor-doʻstlari koʻp ekan. Ularning har biri bir farzandday boʻlib, bizning katta-katta yoʻqotishlarimiz oʻrnini ozmi-koʻpmi toʻldirishga harakat qilishardi. Domlani Haj ziyoratiga yuborishlari ham shu maqsadda edi aslida.
Domla bilan Hajda birga boʻlganman va uning Kaʼbatullo roʻparasida, Ibrohim maqomi yonida iz-iz yigʻlab oʻtirganlari, uzoq-uzoq duoyu iltijolar qilganlari hech qachon yodimdan chiqmaydi… Odatda Haj ziyoratiga borgan kishi oila, bola-chaqa xayolidan tamom uzilishi kerak deyiladi. Lekin, domla uzilolmadi. Mushtipar, jafokash ayoli, munisa qizlari, qismati mavhum Habibullosi xayoli, ularga boʻlgan mehr-muhabbati uni bir zum ham tark etgani yoʻq. Va ana shu muhabbat tufaylidir balki (avvalo Xudo) domla ikki infarktni koʻrgan yuragi, holdan toygan jussasi bilan ham ellik darajali harorat ostida oʻtadigan Haj arkonlarini toʻla-toʻkis oʻtab, sogʻ-salomat va hatto tetiklanib qaytdi… Nazarimda domla bir narsaga qattiq ishondi: Hajdan qaytishida moʻjiza roʻy beradi, Toshkent aeroportida uni Habibullosi kutib oladi. Hech boʻlmaganda u haqda biror xushxabar eshitadi… Samolyot trapidan tushib kelarkanmiz, beixtiyor domlaning intiq nigohlariga koʻzim tushdi. Bu nigohlar kutib olguvchilar orasidan kimni koʻrishni istayotgani, kimni izlayotganini botiniy bir ogʻriq bilan his etdim…
“Shahrijon, shu kecha tushimga kiribsiz. Tushimda bizlarnikiga kelayotganmishsiz. E, nega Shahribonu dadamdan qochmayapti, deb hayron boʻlarmishman. Qarshimda toʻxtabsiz. Bagʻrimga bosibman. Va shu choq uygʻonib ketsam, tushim!.. Shu qadar alam qildiki, qoʻyaverasiz. Koʻzimni yumib, tushimni davom ettirishga harchand urinmay, iloji boʻlmadi…”
Bu ellik yil muqaddam koʻrilgan tush edi.
Yaqinda Shahrixon aya xayrli bir tush koʻrdi. Tushida eshik ochilib, avval domlaning hassasi koʻrinibdi. Keyin oʻzi kirib kelibdi. Uzun yoʻlak boʻylab iljaygancha yurib kelayotganini aniq-taniq koʻrib tursa-da, aya koʻzlariga ishonmasmish. Hoynahoy tush koʻryapman, domla oʻlganlar-ku, dermish. Domla, uning xayolidan oʻtgan gaplarni bilib turganday, yoʻq, onasi, men oʻlmaganman. Har kuni kelib turibman. Sizdan, bolalaringizdan har doim xabardorman, dermish.
Ustoz asarlarini boshdan-oyoq oʻqib chiqib ham negadir Shahrixon aya haqlarida biror jumla uchratmadim. Buni oʻzi ham bilar ekan, shekilli, alohida bir kitob, ishqiy bir doston yozib, Shahrijonini mamnun qilmoqni dilida tugib qoʻygan ekan keyingi paytlar. Ammo, umr vafo qilmadi…
Orziqul ERGASH
2003 yil
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/yozilmagan-doston/