muhabbat dueti yoxud bir sevgi dostoni
E ishq, gʻarib kimiyosen.
Alisher Navoiy
Odam yoshi oʻtgani sayin yoshligiga qaytaverar ekan…
Oʻsha paytlarda ommalashgan yoshlik daftarlarini eslayman. Inchunun, ulardagi favqulodda sodda va samimiy sheʼrlarni. Koʻngillarni balogʻatga yetkazar, tuygʻularimizni pishitar edi bu satrlar. Yuraklarimiz sevgi oʻtida oʻrtanib, behavolat boʻlganida oʻsha sheʼrlardan malham izlaganmiz, topganmiz ham. Afsuski, daftarlarda ularning mualliflari yozilmas, faqat sheʼrlargina varaqlar va xotiralarda muhrlanar edi.
Ehtimol, hozir ham yoshlar sheʼr oʻqishar, yoshlik daftarlari tutishar va ularga qalblarida gʻalayon qilayotgan tuygʻularning ifodasi boʻlmish satrlarni bitarlar?.. Bu yozilmishlar shunday daftarlardan oʻrin olsa, undan qay bir koʻngil malham topsa, kimnidir sheʼrga oshno qilsa – muallif nomi unutilishiga-da rozi.
Muallifdan
Yigit
Chaman – anvo, gullar anvoyi,
Sarin havo, qushlar havoyi.
Olov kabi koʻngil avzoyi
Yana gurlab yonmoqqa moyil.
Bogʻ ichra yuz ochdiyu gʻuncha,
Gul uzatdi menga ilinib.
Shul sehrli saharda, hatto
Tushunyapman bulbul tilini.
Qiz
Tuyib salqin ariq boʻyida
Hilvat hilvalarning boʻyini,
Sharqiragan suvlar kuyida
Avjdir jilvalarning oʻyini.
Dil shabnamdir, gʻunchalar namrang,
Bunda tuygʻu gullamish chaman.
Shabnamlarda yuzini yuvgan
Gullar bilan suhbatlashaman.
Yigit
Osoyishta hayotim ichra
Bir gʻalayon kirdiyu tuyqus,
Halovatim yoʻqoldi kunlar,
Tunlar koʻzdan yoʻqoldi uyqu.
Qanday sokin edi bir paytlar,
Endi buncha tez urayotir –
Nega yurak koʻksimga sigʻmay,
Dukur-dukur yugurayotir?
Qiz
Bir toshqin bor koʻksimda manim,
Shuncha shitob erirmikan qor?
Bir tongda koʻz ochdimu nogoh
Sezdim, bu gal oʻzgacha bahor.
Hayodanmi yonar yuzlarim,
Qayga boshlar meni dil izni,
Qanday atay, hali bilmayman,
Yuragimda uygʻongan hisni.
Yigit
Kezib sarxush xayollar ichra,
Men-da sezdim, oʻzgacha bahor,
Goh nur yogʻar kechalarida,
Kunduzida goh tiyralik bor.
Koʻzlarimda chaqnaydi chaqin,
Koʻksimda bir shamol yeladi.
Tonglar turib toʻliqib, toshib,
Yomgʻirlarday yogʻgim keladi.
Qiz
Shamol, qurgʻur, tinmaydi buncha,
Balki sirim ochmoq boʻlar u,
Sochim yulqib, xayollarimni
Yo oʻgʻirlab qochmoq boʻlar u.
Oʻyinqaroq oʻrtogʻim edi,
Endi esa boshqacha tamom:
Tortqilaydi shamol yengimdan
Men bilmagan bir manzil tomon.
Yigit
Qalbga kirgan asov tuygʻular
Nega hech boʻy bermaydi menga?
Nega sendan uzolmayman koʻz,
Nega doim intilgum senga?
Aqlim olgan nomsiz bu hisning
Sezgandayman nima ekanin,
Muhabbatdir balki bu kelgan,
Balki shuldir sevgi degani?
Qiz
Qalbimda bir intizorlik bor,
Oʻtarmanu yoningdan abas,
Senga bir bor koʻz tashlolmayman,
Nigohingni sezib turgum, bas.
Sogʻinarman seni jimgina,
Sogʻinarman seni hamisha.
Aytolmayman men buni faqat,
Yuragimda hokim andisha.
Yigit
Angladimki, hayotim oʻzing,
Bu hayotda anglaganim shul:
Sen dilimda yuz ochgan gʻuncha,
Men qoshingda mahliyo bulbul.
Yoʻqdir sendan oʻzga ilinjim,
Faqat bir bor koʻrmoq tilagim.
Mendan oldin, mendan ham ildam
Sen tomonga chopar yuragim.
Qiz
Koʻksim ichra potirlab qalbim,
Sen tomonga shoshgani-shoshgan.
Gʻunchasini tars yorib gullar
Intilgani kabi quyoshga.
Suvratim gar sokin esa-da,
Bir oʻt ichra jizgʻanak yurak.
Gʻuncha shunday sevar, ehtimol,
Gullar shunday sevsalar kerak.
Yigit
Kunimga zavq, tunimga yogʻdu
Ulashganda nurli xayoling,
Tortar meni ohanraboday
Yuzingdagi bir dona xoling.
Men koʻp narsa tilamasman, yoʻq,
Senga yetmoq havasdur menga.
Yillar baxtli yurishim uchun
Bir bor boqsang – shu basdur menga.
Qiz
Sevgim qanday etay eʼtirof,
Qanday ochay koʻnglimning koʻshkin –
Axir, bulbul sevgan gulining
Nigohidan sezmasmi ishqin?
Sevgi otli tuygʻu dilimda
Ipak kabi qatlanar qat-qat.
Yuraklarim gupursa-da, lek
Nigohlarim yer chizar faqat.
Yigit
Seni sevsam ranjima, dilbar,
Yosh qalbingga bermagil ozor.
Bu dunyoda axir bir qatra
Mehrga ham tashnalar bisyor.
Sevdim desam ranjima aslo,
Azoblarga diling toʻlgʻama.
Jim va sobit sevarman seni
Va hech narsa qilmasman tama.
Qiz
Bir boqishing men uchun hayot,
Yuragimning naqshi-ganjisan.
Nahot buni anglamas boʻlsam,
Nahot sohir ishqdan ranjisam.
Balki, lozim shukur aylamoq,
Uchrashtirdi bizlarni taqdir.
“Sevdim” degan birgina soʻzing
Men uchun bir umrlik baxtdir.
Yigit
Sen borsanki, totlidir hayot,
Sen borsanki, goʻzaldir dunyo.
Sen borsanki, quvonch bor, gulim,
Sen borsanki, osmon musaffo.
Seni koʻrsam koʻzlarimda nur,
Seni koʻrsam yayragay dilim.
Seni desam gulni deb yongan
Bulbul kabi sayraydi tilim.
Qiz
Sen – yuragim kuylagan qoʻshiq,
Sen – dilimda yangragan navo.
Sening oʻying bilan goʻzaldir
Borligʻimni qurshagan maʼvo.
Xayolimda oʻzingsan kunlar,
Tushlarimda seni koʻraman.
Mehr toʻla soʻzlaringni men
Yuragimda olib yuraman.
Yigit
Asov qalbni olib tizginga,
Sokin dilga solgan gʻalayon
Ishq atalmish ul sehrgarning
Endi menga sirlari ayon.
Qaqroq qalbda gul koʻkartirgan
Ne moʻjiza dunyo ekan ishq.
Kuylagandek ulugʻ Navoiy:
Bir gʻaroyib kimyo ekan ishq…
Qiz
…Soʻnggi damlar qandaydir gʻashlik
Tinchim uzra solmoqda soya.
Buni hatto oʻylamoq qoʻrqinch,
Topmasmikan shodlik nihoya?
Qoʻrqamanki, nogoh ayriliq
Berar boʻlsa visolga barham,
Qutqarolmas bizlarni hatto
Ishq atalmish ul sehrgar ham…
Yigit
O, bu soʻzni soʻzlama zinhor,
Dilingdan ham oʻtkazmagil, bas.
Axir, gulgun bahor faslida
Qahratonga ne uchun havas?
Nechun shunday quvonchli damda
Yuragingni ezayotir gʻam?
Qoʻy, oʻrtanma, ishqimiz kabi
Mangulikdir bizning visol ham.
Qiz
Kelganidek kun ortidan tun,
Gul ortidan xazon ham takror,
Garchi buni istamasak-da,
Visolning ham ayriligʻi bor.
Sevgi borki, hijron ham haqdir,
Hali toʻymay visolning iliq
Nafasiga, nachora, bizni
Quchogʻiga olar ayriliq…
Yigit
Quvonch topgum sening yoningda,
Menga sening yoningdadir baxt.
Agar bir dam ayrilar boʻlsam,
Tamom, endi toʻxtab qolar vaqt.
Biz birgamiz – hayot ham totli,
Biz birgamiz – quyosh charogʻon.
Mayli, har ne shartingga koʻngum,
Ayrilmaylik faqat hech qachon.
Qiz
Kechir meni, taqdir degani
Endi mening izmimda emas.
Oʻrtasa-da hijron va lekin
Qalbim sendan oʻzgani demas.
Sening sevging, sening xayoling
Qalbim shoyon, oshiyon etdi…
Ne qilurmiz, endi, xoʻp, xayr,
Ayrilmoqning fursati yetdi.
Yigit
Xoʻp, xayr, deysan, fursat ham yetdi,
Keldi hijron jomin ichmoq payt.
Baxayrmi bu, bilmam va seni
Qayta topa olurmanmi, ayt?
Nahot shuncha oniy bu fasl?
Nahot visol koʻklami oʻtib,
Qalbda ungan ishq chechagini
Qovjiratsa hijronning oʻti?
Qiz
Sen noumid boʻlmagil hech ham,
Mudom orzu boʻlsin senga yor.
Bizga surur bergan damlarning
Bahor kabi qaytishi ham bor.
Qalbimdadir, sen bilan kechgan
Shodon kunlar boʻlmagay unut.
Sen ham meni unutma zinhor
Va ishonib xush onlarni kut…
Yigit
…Qaylardasan, qalbim malagi,
Omon boʻlgin qayda boʻlsang ham.
Necha kunki, mana, men sensiz
Yashayapman ozurda, purgʻam.
Ne qilarim bilmayman, illo,
Dilda nido, koʻzlarimda nam…
…Qaylardasan, qalbim malagi,
Omon boʻlgin qayda boʻlsang ham.
Qiz
Sensiz kunlar, oylar oʻtmoqda,
Ulgʻaymoqda hijronning yoshi.
Bu kun ojiz qalbimni hatto
Qizdirolmas yozning quyoshi.
Muzlab borar yurak tobora,
Na oh tortar, na chekadi un.
Tushunmasdan uning holiga,
Koʻz oldimda karaxtdir iyun.
Yigit
Oʻrtamizda olis masofa.
Oʻrtasa-da bizlarni hijron,
Oʻksinmasin yuraklar aslo,
Gul sevgimiz bilmasin xazon.
Kuzgi bogʻlar libosi kabi
Sargʻaymasin umid yaprogʻi.
Sevgimizni shunday imtihon
Qilar balki ishqning firogʻi.
Qiz
Sinovlarga berurman bardosh,
Faqat dilda bitta oʻkinch bor:
Yoʻl bermadi menga andisha,
Etolmadim ishqimni oshkor.
Aytolmadim senga sevgimni,
Izhorlarim hechdir, ehtimol,
Shu vaqtgacha erta deb edim,
Endi esa… kechdir, ehtimol.
Yigit
Seni har gal uchratganimda
Yuragingni tinglar edim men.
Aytolmagan dil iqroringni
Koʻzlaringdan anglar edim men.
Bugun esa sendan uzoqda
Qalbim sogʻinch oʻtida yoqib,
Koʻrsam deyman yana masʼum ishq
Eʼtirofin koʻzingga boqib.
Qiz
Bu ayriliq, bu gʻamli kunlar
Choʻzilgandan-choʻzilib, hayhot,
Xivadagi Kaltaminorday
Nihoyasin topmaydi nahot?
Bilmas edim men buni, buncha
Qattiq ekan hijronning qahri.
Yuragimga uning tobora
Chuqur botib bormoqda zahri.
Yigit
Bir mahallar bir naqsh singari,
Oʻygan kabi ishqing yurakka,
Ikki harfni biri-biriga
Qoʻshib bitgan edim terakka.
Bugun adil terakka qarab,
Yana dilni ezayotir gʻam,
Ayrilishib bormoqda unda
Ismimizning bosh harflari ham.
Qiz
Bu dunyoda qish va qahraton…
Bu dunyoda bir-biriga zor
Senu menu va oʻrtamizda
Iz tushmagan qor va hijron bor.
Bu dunyoda qish va qahraton…
Soʻlmasmikan umid kurtagi?
Ayriliqda, bilmadim, qanday
Yakun topar bu ishq ertagi?
Yigit
Bu dunyoda barcha ertaklar
Ezgu yakun topgani misol,
Bizni kutib turar begumon
Ishq qissasin soʻngida visol.
Tezroq kelsin deya oʻshal on,
Parvo qilmay koʻzim yoshiga,
Yuragimda yongan alanga
Madad berar qish quyoshiga.
Qiz
Men jaladan qochgandek chopib,
Hijroningdan qochib boraman.
Sochimdan to qadamimgacha
Suvday anduh sochib boraman.
Borayapman tunu kun tinsiz
Huzuringga – armonlarim moʻl,
Yuraklarim darddan shalabbo,
Usti-boshim gʻamdan jiqqa hoʻl.
Yigit
Ishon, senga yeturman bir kun,
Garchi oʻrtamizda tobora
Goh yillar, goh yoʻllar uzundir,
Topa olgum vaslingga chora.
Bizga albat boʻlgay muyassar
Oshiq, mushtoq dillar matlabi.
Darak berar menga bahordan
Qoshlaring ham qaldirgʻoch kabi.
Qiz
Yana kelar biz kutgan visol,
Yana bahor shodlikka toʻlib.
Bu ayriliq, bu gʻamli kunlar
Qolgay faqat xotira boʻlib.
Yana kelar biz kutgan visol,
Yana senga qalbim tutaman.
Ishonaman oʻsha kunga va
Kutaman, kutaman, kutaman…
Yigit
Biz yetgaymiz visolga bir kun,
Bizni shodlik quchadi takror.
Chunki uzun tunlar ortidan
Keladigan oppoq tonglar bor.
Biz yetgaymiz visolga bir kun,
Topgaydirmiz unut izlarni,
Aylanmoqda zamin ham, illo,
Uchrashtirmoq uchun bizlarni.
Ikrom ISKANDAR
https://saviya.uz/ijod/nazm/yoshlik-daftariga/