Yoshlar ijodi: oʻzlik, uslub, mahorat

Uch shoir, uch olam…

Sheʼr toza, gʻarazsiz yurakdan oqayotgan seldirki, botinib sharhlashdan koʻra oʻqib, qayta-qayta oʻqib, xayol surish, zavqlanish yoqimliroq. Ammo muayyan bir sheʼrga, shoirga doir oʻylar jamlanib, yaxlitlanib, kuzatuvlarni oʻrtoqlashish istagi tugʻilar ekan. Mana shu istak tufayli tengdosh shoirlar ijodining oʻziga xosliklari, soʻz qoʻllash mahorati, ijodiy imkoniyatlari haqida baʼzi mulohazalar qogʻozga toʻkildi.

Shoirlar – Shodmonqul Salom, Behzod Fazliddin, Nosirjon Joʻrayev ijodini qariyb oʻn yildan beri kuzatib-oʻqib kelaman. Orada sheʼrga oshiftalik, adabiyotga muhiblik bor. Qolaversa, kasb taqozosi tufayli oʻrtamizda iliq doʻstona munosabat paydo boʻldi. Nosirjon bilan magistraturada, Behzod bilan aspiranturada birga oʻqidik. Shodmonqul aka bilan esa, odatdagidek, dramatik, sheʼrbop kayfiyat umidida har muyulishdan, tanish-notanishdan sheʼr axtarib yurgan dilgir paytlarida yuzlashib-doʻstlashib ketdik. Bu gaplarni aytishdan murod shuki, taqdir taqozosi bilan bu uch shoirning qalb bisoti, kundalik hayot tarzi, ijodiy laboratoriyasi bilan imkon qadar tanishman. Sheʼrda shaxsiyatning boʻy koʻrsatishi, satrlar uzra sochilib-yoyilib, baʼzan boʻrtib turishi ayon bir gap. Shu maʼnoda Shodmonqul Salomning hassos lirik sheʼrlarida ham, Vatan deya yonishlarida ham, tarixga, bobolar ruhiga murojaatida ham muallifni – chapani bir yigitni koʻrganday-taniganday boʻlasiz.

Behzod Fazliddinning sheʼrda qimtinibroq, tortinibroq, ammo koʻngilni ayamay, ogʻrib-ogʻritib dildoshlik qilishidan sezasizki, ayni satrlar muallifi oʻz aqidasida sobit, qobil va halim bir inson. Xuddi Yevgeniy Onegin misoli oʻychan, biroz oliftaroq, biroz takabburroq, oʻta nozik didli, oʻta taʼsirchan lirik qahramon Nosirjon Joʻrayevning feʼl-atvoriga qay bir jihatlari bilan yaqin keladi. Xullas, uch shoir – uch olam, uch xil dunyoqarash…

 

“Ammo hali yashamadim, hozirlandim, chogʻlandim…”

Isteʼdodli shoir Shodmonqul Salomning “Yoʻq, oʻttizga kirganim yoʻq, boʻlsam yigirmadaman”, deb boshlanuvchi sheʼridan uzib olingan yuqoridagi satr, nazarimda, uning butun ijodiga taalluqliday: qariyb barcha sheʼrlarida hozirlanish, chogʻlanish ruhi, nafasi bor. Nimaga hozirlanadi, nimaga chogʻlanadi – bu endi boshqa masala, har bir sheʼrning vaznu daromadiga tan…

Men Shodmonqul Salom sheʼrlari haqida oʻylaganimda, ayrim qofiyadosh soʻzlar va bir-birini taqozo etuvchi tushunchalar baʼzan fojeiy, baʼzan yumoristik mazmun kasb qilgancha beixtiyor xayolimdan oʻtaveradi. Keyin oʻsha – “kulayotganda”, “boʻlayotganda”, “toʻlayotganda”, “qolayotganda” toʻlib-toshib sheʼr oʻqiyotgan qadrdon shoir siymosi gavdalanadi. Ajabki, uning sheʼriy bisotiga ohangdosh bu soʻzlar real hayotdagi rangpar lahzalariga ham qay bir jihatdan muqobil keladi.

Sheʼrlarida ham, gurunglarda ham fikrni yaxlitlashga, gapga nuqta qoʻyishga shoshmaydigan Shodmonqul Salom ana oʻsha holatni sheʼriy dastxati, uslubiga aylantirgan, desak, mubolagʻa boʻlmas. Uning sheʼrlarida jumlalar olisdan keladi, oʻqiyverasiz; tarixlar aylanadi, taqdirlar turlanadi, oʻqiyverasiz; oʻzlikdan, “men”dan boshlangan poetik tasvir oʻzbekka, bizga tutashadi, oʻqiyverasiz; ana shundan keyingina, matn yakunidagina sheʼrdagi yagona nuqta (.) qoʻyiladi. Menga baʼzan shunday tuyuladiki, Shodmonqul Salomning sheʼrlari boshida, oʻrtarogʻida keladigan nuqta aslida oʻrinsiz, nokerak – goʻyo ular qandaydir yaxlit quyma; sintaktik boʻlinish, ayirish, nafas rostlab oʻqish fikrni boʻladi, maromni buzadi.

Shodmonqul aka sheʼrni qachon tugallashni, asarga soʻnggi nuqta qoʻyishni biladigan shoir. Baʼzan goʻzal tizmalarni oʻqish asnosida avjidan bir parda oldin yoki keyin, samimiyat, poetik tasvir sustlashgan pallada tugallangan sheʼrlarni ilgʻab qolasiz. Mana shu holatni shoirning oʻzi ham anglasa va boshlama bilan tugallanma fikrni nafis bogʻlay olsa, ana oʻsha sheʼrning manzil-makoni kitobjavon emas, mutaassir qalb boʻladi. Yuqorida eslaganimiz – “Yoʻq, oʻttizga kirganim yoʻq, boʻlsam yigirmadaman”, deb boshlanadigan sheʼrning soʻnggi misralari shunday: “Hech ishonmang, sochlarimni tunga boʻyab olganman, Lek oʻttizga kirganim yoʻq, balki mingdadir yoshim”. Dastlabki banddagi oʻkinch, hadik-xavotir besh banddan keyin keladigan yakunda qatʼiy ishonchga, kelajak orzusiga, miskin kayfiyatdan fazilat axtarishga almashadi. Bu misrani qanday kayfiyatda oʻqisangiz, shunga monand xulosa, maʼnoni uqasizki, shoirning koʻz ilgʻamas sehrgarligi, ustaligi, kayfiyat yoʻldoshi ekani mana shunday paytlari bilinadi.

Yana bir sheʼrni koʻrib chiqaylik. U “Sirqiraydi suyagim, tilim qonar soʻzlardan”, deb boshlanadi. Dastlabki soʻzdanoq sheʼrda drama tugʻildi, endi shoir sizning kayfiyatingizga yoʻlboshchi, sarbon – ergashasiz, oʻqiysiz. Shoir keyingi satrlarda jamiyat bilan qalbning munosabati va muvozanatini elakdan oʻtkaza boshlaydi. “Mangu tavof etmoqqa bardosh”, “qoraygan bir koʻngilga quyosh”, “hamdard, hamroz yo raqib – eldosh” boʻlolmaslik hissi bilan qovrilayotgan lirik qahramon yakunda shunday xulosaga keladi: “Bir sarkash tulpordaman, yuvosh boʻlolmayapman”.

Avvalo satrda asosiy maʼno tashiydigan uch soʻzning taʼmi, mohiyati yoqimli, chinakam shoirona – “Sarkash”, “Tulpor”, “Yuvosh”. Eʼtiborli jihati, bu soʻzlar bir vaqtning oʻzida asl maʼnosida ham, koʻchma maʼnosida ham istifoda etilmoqda. Bundan tashqari, tulporning emas, tulpordagi mohirning yuvosh boʻlolmasligi satrga yanada joziba bagʻishlaydi.

Shodmonqul Salomning boshqa sheʼrlarida ham ana shunday taranglik, uzviylikni koʻrishimiz mumkin. U “Onamga” sheʼri avvalida “Tongu shomning orasinda”, deya soʻz aytadi. Keyin yaxlit bir monolog boshlanadi va soʻnggi oʻn uch satrni oʻqish asnosida tuygʻular bir maromda koʻtarilib, yuksaklab, avj pardalarga chogʻishib boradi. Oxiridagi satrda “Men onamni sogʻinganman”, degan oddiygina jumla bilan sheʼr tugaydi. Yoʻq, shoshmang, oddiygina jumla dedikmi? Endi uni birinchi satr bilan ketma-ket oʻqing-chi? Maʼno sal kattardi, yuksaldi, shundaymi? Ana endi oradagi oʻn uch satr bilan qoʻshib bir nafasda oʻqisangiz, soʻngsoʻzning jozibasi, unga yuklangan mazmunning qamrovi ortishini tasavvur qilib koʻring. Shunday qilib, shoirimiz juda oddiy usulda oʻquvchi tafakkurini charxlaydi. Lekin ana oʻsha “oddiy” deya taʼrif berilgan usul, soʻz yoʻli katta ijodiy mehnat va isteʼdod quvvatining hosilasidir.

Demak, sheʼrning tuzilishi aqlni, ratsional tafakkurni chilparchin qilib, goʻyoki butkul yangi olam ochishga bemaʼni urinishda emas, aksincha, taxayyul kengliklarida ham mutanosiblikni, fikrlar, tuygʻular aro bogʻlanishni mahkam tutishda namoyon boʻladi. Eʼtirof etish kerakki, bunday yaxlitlik shoir shuurining emas, gʻayrishuurining mahsuli – ataylab, oʻylab, hisoblab bunday sheʼr yozib boʻlmaydi. – Shodmonqul Salomning oʻquvchilarga manzur, eʼtiroflarga noil sheʼrlarida ana shunday xususiyat bor.

 

“Qaysi qiyofamda Senga yaqinman…”

Xorazm tomonlarda “Suvora” degan ashula turi, xonish yoʻli bor. Bir qarashda, nisbatan yengil tuyuladigan, biroz oʻynoqi, savt bu qoʻshiqlarni mahalliy xalq oʻzgacha ardoqlaydi, sevadi. Hofizlarning davra qurib bahslashishi – “diyralishma”sida ham suvorani oʻzib aytish mezon sanaladi. Suvora matnida irfoniy ohanglar, maʼnolar qat-qat – janrning asosiy belgisi mana shu. Suvora Xorazm qoʻshiqchilik anʼanalariga xos, boshqa joylarda bu soʻzni uchratmaysiz.

Behzod Fazliddinning Boborahim Mashrabga murojaat boʻlib jaranglagan “Oʻrtar” sheʼrida uchragan ushbu soʻzning milliylashishi, maʼno koʻlamining kengayishi, intellektning namoyon boʻlishi kabi mavzularda mulohazalar tugʻildi. Xorazm sanʼatiga xos soʻz Namanganda tugʻilgan shoirning shoh Mashrab haqidagi sheʼrida yaraqlab turibdi. Boshqa tomondan olganda, bu – qalamkashning nozik dididan darak. Mashrab bobo ijodiga doxil bitikka soʻz tanlanar ekan, oʻzida irfoniy maʼnoni anglatgan kalomga, tabiiyki, ehtiyoj bor edi. Natijada shu bitta soʻz tufayli sheʼrning yuki ortadi, ulugʻ qalandarga yaqinlik, vobastalik ruhi matnga singadi: “Tomirimda kuylar oqar – suvoraman”. Satrning jozibasi uning oddiyligida, goʻyo tilingizning uchida turgan gap aytilganday, sheʼr mutolaasining ayni nuqtasiga yetganda shunday deyishga taraddudlanayotgan bir paytingizda shoir olgʻirlik qilganday tuyuladi. Bunday kayfiyat Behzod Fazliddinning boshqa sheʼrlarini oʻqiganingizda ham seziladi. Xususan, “Chigal savollar” sheʼri nomiga monand ravishda ritorik savollardan tuzilgan. Boshdan-oxir soʻroqdan iborat. Oʻquvchiga qanday qiziq jihati bor?! U nega bu savollarni oʻqishi kerak?! Shoirga qoʻshilib faylasufona xayollarga berilsinmi?! Yoʻq. Masala boshqa… Behzod oʻquvchi koʻngliga mangu savollarni qayta muhrlash, mohiyatga oshiftalik uygʻotish fonida bitta gap aytadiki, keyinchalik ushbu savol kitob mutolaasi davomida sizga sarbonlik qiladi. Qolaversa, shoirning butun ijodiga muallif oʻzi taklif etgan tarzda nazar tashlaysiz. “Sheʼrimning imoni butunmi?” deb xitob qilar ekan, boshqa satrlardagi savollarning, oʻsha chigal savollarning (“Adashdimmi ishqqa koʻnglimni ochib?”; “Mushtarak bildimmi yaproq, ildizni?”) ayni sheʼrga, umuman, sheʼriyatga aloqadorligi ortadi. Zotan, mantiqsiz sheʼrlar ham turli yoʻllar bilan kitobatga aylanayotgan paytda oʻziga, soʻziga ishongan shoirgina oʻquvchilarga dangal savol tashlab, qiyoslashga, baholashga haqli tarzda daʼvat qila oladi. Uslubining soddaligi va, ayni paytda, badiiy maqsadning koʻlamdorligi, bu mulohaza koʻngildan oʻtgach, yanada chuqurroq anglashiladi.

Sheʼr – drama, binobarin, har bir shoir oʻziga xos uslubda badiiyat yaratadi. Behzod Fazliddinning sersavol, oʻkinchlarga, araz-gina ohangiga esh sheʼrlarini oʻqir ekansiz, dramatik holatning zamini asosan lirik “men”ning ogʻriqlaridan, toʻqnash kelgan hodisaga taassuf yoki istigʻfor aytishidan iboratligini tuyasiz. Mana shu borada shoirdan gina qilishga haqqimiz bor. Yaʼni, adabiyotda “men”ning yuki ogʻirlashmas, nazari ulgʻaymas ekan, oʻquvchi qalbi bilan qandaydir umumiylik kasb etmas ekan, lirik qahramon sheʼrxon uchun begona, uchinchi shaxs misoli boʻlib qolaveradi. Aslida, har qanday sheʼrdagi drama oʻquvchining qalb daftariga ham muhrlanishi kerak. Sheʼrxon mutolaa jarayonida avvalo oʻzini, oʻzligini axtaradi. Qalb ogʻriqlariga malham, esh bir kayfiyat topgisi keladi. Behzod Fazliddinning juda koʻp sheʼrlarida kechinmalar xususiy mazmun kasb etib, tushunish mavhum bir pardada qolib ketadi. Fikrimcha, Behzod Fazliddin ijodidagi bu hol ijodiy mahorat bilan bogʻliq boʻlsa kerak. Mahorat sayqallashgani, yuksalgani sayin eng inja tuygʻuni, eng nozik vaziyatni, eng daqiq fursatni ham dilbar bir shaklda, samimiyat bilan oʻrtoqlashish malakasi paydo boʻladi. Behzod Fazliddinning sheʼrshunoslar eʼtirofiga sazovor boʻlgan, muxlislar tiliga, diliga koʻchgan sheʼrlari koʻpligini taʼkidlagan holda, shakllanayotgan isteʼdodning qirralari haqida tugal gap aytish qiyinligini ham unutmasligimiz zarur.

 

“Sen meni oʻqiding, koʻksimni yorib…”

Nosirjon Joʻrayevning sheʼrlarini deyarli yod bilaman. Aksariyatini birinchilardan boʻlib oʻqiganman. Oʻxshamagan misralarini birgalashib muhokama qilganmiz, bahslashganmiz. Ammo har safar yangi bir sheʼr tugʻilganda oʻrtadagi tushunmovchilik tumanday tarqaydi – yana mutolaa, yana muhokama…

Nosirjonning topgan-qoʻllagan tashbehlari juda serqatlamlilikni, mutlaq ajralib turishni daʼvo qilmaydi. Koʻz oʻngimizda kechayotgan voqelik uning nigohida poetik maʼno tashiy boshlaydi: “Musht tugsam – kurtakdir, kaft yozsam – yaproq”; “Kiprik qoqishidan chiqqay bir navo”; “Peshonamga omoch tortadi kunlar”. Bitta sheʼrda koʻpi bilan ikki-uchta tashbehdan foydalangan shoir keyingi misralarda tuygʻularning oʻziga, qalbning aytganiga koʻnadi-qoʻyadi. Fikrni oʻrab-chirmab, shira bogʻlatib aytishga oshiqmaydi.

Nosirjonning nazmdagi yoqimli tajribalaridan biri obraz yaratishda koʻrinadi. Uning sheʼrlarida darparda, stul, yoqa, kuylak, oʻchoq, noyabr, avgust singari turli tushunchalar badiiy obrazga aylanadi. “Oqshom uyga kirdi yolgʻizlik”, deb yozadi shoir. U uyga kirib, “divanning yarmiga oʻzini tashlaydi”, keyin “xuddi ulkan koʻzdek baqrayar koʻzgu”, “koʻkrak qafasini lang ochar shkaf”, “darparda oʻralib keladi ezgin” – xullas, uyda yolgʻizlik ruhi kezib yuribdi. Shoir ana shunday manzarani ustalik bilan chizar ekan, oʻquvchini navbatdagi, yanada ogʻirroq baxtsizlik bilan yuzlashishga tayyorlayotgan chiqadi. “Yostiq yosh boladek kirar pinjiga” degan satr oʻquvchi qalbini portlatadi. Ana oʻsha manzarani koʻz oldingizga keltirgachgina, fojeaning koʻlamini chuqurroq his qilasiz. Bu nomsiz, shonsiz odamga va ayni tasvirni bamaylixotir chizayotgan musavvir-shoirga taassuf qilasiz Ammo sheʼr butkul ruhsiz, umidsiz yakunlanganda, ehtimol, muallifdan yozgʻirar edik. Asar yakunida uzilar-uzilmas saqlab kelingan umid ipi boʻy koʻrsatadi:

 

Chorasiz koʻz yumar – uxlar yolgʻizlik,

Onasi qavigan koʻrpa yopinib.

Tush koʻrar. Tushida yurganmish tirik

Allaqayoqlarga ketgan xotini…

 

Sheʼr yakunidagi “tirik” degan soʻz, uslub taqozosidan kelib chiqib sharhlansa, bir dunyo umidni, ilinjni, hamdardlikni ifodalaydi. Shoir hikoya yoʻsinidagi ohangni oʻzgartirib, mushfiq qiyofada koʻringisi – soʻzlagisi kelmaydi, xolos.

Ijodkor mahorat bilan poetik manzara chizar ekan, shunday bir tasavvur qoldiradiki, muallifning oʻzi ham taqdirning oʻyinlariga, tafakkur mavjlanishiga shunchaki bir goʻyanda. Sheʼrda muallif “men”ining ishtiroki matn sathidanoq sezilmaydi, bamaylixotir aytimchilik qilayotgan qalb koʻrinadi.

Nosirjon Joʻrayevning ijodida, umumlashtirib aytganda, beorom oʻylarga gʻarq boʻlgancha oʻzini axtarayotgan inson qiyofasi bor. Oʻzini axtargan odam esa manzil sari odimlab boraveradi.

 

Xulosadan burungi oʻylar

Uch musofir – qalb bisotini goʻyo qalandarning kashkuliday ortmoqlab, adabiyot olamiga kirib kelayotgan uch navqiron shoir haqidagi gapni, ehtimol, shu nuqtada tugatish mumkindir. Biroq hali baʼzi mulohazalarni aytish zarurati borday…

Tasavvur qilamanki, Shodmonqul Salom toʻlib-qaynab yozadi. Ilhom toshganda, shu fursatda nima yozishini oʻzi ham bilmaydigan alpozda qoʻliga qalam tutsa kerak, degan fikrdaman. Sezishimcha, shoirning oʻzida ham ana oʻsha ijodiy toshqin paytidan qoʻrquv hissi bor.

Behzod Fazliddin avval bir gʻoyani miyasida pishitib, yetiltirib, keyin oʻshaning oʻzinigina yozadi. Uning sheʼrlarida ijobiy yoki salbiy maʼnodagi ogʻish, bir yoʻnalishdan chekinish qariyb yoʻq. Demak, sheʼr qogʻozga koʻchishidan avvalroq voqe boʻlgan. Endi faqat qalb tandiridan uzib olinsa, bas.

Nosirjon Joʻrayev esa sheʼrni oʻylab yozadi. Uning sheʼrlarini oʻqiyotganingizda “Mana bu misra aynan shunday tugʻilmagan boʻlsa kerak”, degan xayolga borasiz, sheʼrlarda sovuqqon aqlning ishtiroki borligini sezasiz. Har bir soʻzni, jumlani pishitish, soʻzlarni chertib-chertib tanlash orqali shunday satrlar yaraladiki, endi oʻsha misrada lirika bor, dramatik hol bor, biroq ibtidoiy dagʻallik, savqi tabiiy yoʻq – sheʼrga olifta kamzul kiydirilgan. Shu bois uning sheʼrlari charsillab turadi.

Sheʼrni qanday yozish, qanday qayta ishlash kerakligi haqida bahslashib, ijobiy va salbiy jihatlarini taroziga solib boʻlmaydi. Har bir shoirning ishlash uslubi – oʻzi uchun eng toʻgʻri yoʻl.

Tengdoshlarim ijodini salmoqlash asnosida muallifining uslubini nisbatan ravshan aks ettirgan sheʼrlardan namuna keltirildi. Chunki, bir mutafakkir aytganiday, uslub – oʻzlik demak. Uslubsiz shaklbozlik oʻquvchini ham, shoirni ham alagʻda oʻylarga oshno qiladi, xolos. Ijodkorning oʻz ovozi, farqlanib turadigan soʻz yoʻli boʻlsagina, isteʼdod toʻla boʻy koʻrsatadi. Birovga ergashish, begona yoʻllarda uloqish umrning ham, isteʼdodning ham zavolidir.

Koʻrib-kuzatib boraman – matbuotda, internetda ayrim tengdosh ijodkorlarimiz havola qilgan “asar”lar dastavval mazza qilib oʻqiladi. Negaki, jumlalar silliq, ravon, qofiya, turoq joyida, aytilajak fikr, gʻoya bor, ammo shoirning xos kalomi, “Shu sheʼrni men yozganman”, deganday bildirgisi, dastxati yoʻq. Mana shunday “arzimas” kamchilik tufayli ham baʼzi shoirlar oʻrtamiyonaligicha qolib ketadi. Shodmonqul Salom, Behzod Fazliddin, Nosir Joʻrayev singari bu haqiqatni allaqachon uqib, muqallid-sheʼrbozlikdan chekinib-tiyilib borayotgan tengqurlarimiz ham safdaligi adabiyotimizning kelgusi parvozi yanada yuksak boʻlishiga umidlantiradi.

 

Behzod QOBUL

 

“Yoshlik”, 2015 yil 9-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/yoshlar-ijodi-ozlik-uslub-mahorat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x