Bobom tik qomatli, basavlat inson edi. U kishining ismi Boyqaro boʻlib, qatʼiyatli, bir soʻzli, talabchan va sofdil boʻlganidan qarindosh-urugʻ, mahalla-koʻy ichida obroʻ-eʼtibor va oʻz oʻrniga ega boʻlgan. Onam bobomning yagona farzandi boʻlib, biz opa-singillar bobo-buvimizni juda yaxshi koʻrar va ular bilan faxrlanardik. Men ular bilan shaharda, opa-singillarim ota-onam bilan qishloqda yashardi.
Bobom koʻpincha oʻz boshidan kechgan voqea-hodislarni soʻzlab berar, bu hikoyalar men uchun gʻoyat qiziq edi.
Bir kun uyimizga buvimning nafaqasini berish uchun pochtachi keldi. Pulini olgach, buvim bobomga:
– Hoy chol, nima qiladi, siz ham el qatori munday davlatdan pensiya olsangiz, nima qiladi? – deb qoldi.
Bu gapni eshitgan bobomning quyuq qoshlari chimirildi.
– Nevaralarning gʻamini yemay qoʻya qol, ularning rizqini Allohning oʻzi yetkazadi, – dedi.
Buvim yana bir gal nafaqa haqida gap ochgandi, bobom: “Kampir, qaytib nafaqa toʻgʻrisida menga ogʻiz ochmagin, maylimi?” – dedi qatʼiy qilib. U kishining feʼlini hammadan koʻra yaxshiroq biladigan buvim qaytib bu toʻgʻrida gapirmadi. Mening esa koʻnglimda bir tugun qoldi: nega bobom pensiya olishni xohlamaydi?
Oradan qancha vaqt oʻtdi, hozir aniq yodimda yoʻq, ishqilib, bir kuni buning boisini soʻrashga ahd qildim.
– Buning tarixi juda uzun, Mirkomil bolam, – dedilar. Bobom bizni qiz bola boʻlsak ham, erkalab, oʻgʻil bolalarning ismi bilan chaqirar edi.
– Bir paytlar mening kattagina yerim boʻlardi, – hikoyasini boshladi u kishi. – Qoʻra toʻla qoʻy-qoʻzi, ogʻilda sogʻin sigirlar, yerni shudgorlaydigan ot va hoʻkizlar bilan birga, alohida parvarish qilinadigan uloqchi otlarimgacha bor edi. Har yili yerdan ikki marta hosil olinardi. Xirmon donga toʻlgach, toʻplangan don miqdoriga qarab, qishloqdagi yetim-esir, beva-bechoralarga kafsan tarqatardim. Qolgan hosilni qoplarga joylab, omborxonaga joylardik.
Oʻttizinchi yillar yurtda kolxozlashtirish davri boshlanib ketdi. Barcha boy-badavlat, oʻziga toʻq odamlarni birin-ketin kolxoz yigʻilishiga chaqirib, ularning yer-suv, mol-mulkini kolxozga tortib olib, oʻzlarini oʻzga yurtlarga surgun qila boshlashdi. Shunday qora kunlar mening ham boshimga tushdi. Kechqurun kolxoz tuzuvchi yoʻqsillar meni ham yigʻilishga chaqirdi. Butun mol-mulk, yer-suvlarimni xatlab kolxozga oʻtganini, oʻzimni esa allaqayerga surgun qilinganimni aytishdi. Bir necha daqiqada hayotim ostin-ustun boʻldi. Mol-mulk mayli, yigit moli koʻchada deyishadi, bosh omon boʻlsa, doʻppi topilar, lekin hech qanday aybsiz otameros qishloqdan, yurtdan quvilish, ota-bobolar xokini, ular mozorini tashlab ketish, yigit kishi uchun oʻlim bilan barobarligini angladim, xoʻrligim keldi. Kolxoz tuzuvchilardan qishloqda qoldirishni soʻradim, lekin ular oʻzing kelib, bor-budingni kolxozga ixtiyoriy topshirganingda, bunday boʻlmasmidi, endi iloji yoʻq, sen hukumat tomonidan “quloq” qilinding, deb javob berishdi. Boshimga tushgan musibatdan karaxt holda uyga qaytdim, boʻlib oʻtgan gaplarni buvingga aytdim, sakkiz farzandini yerga qoʻyib, tilab olgan, koʻzimizning oqu qorasi boʻlgan, endigina uch yoshga kirgan onangni bagʻriga bosib, aytib-aytib, oʻksib-oʻksib yigʻladi, bu yigʻiga onam rahmatli ham qoʻshildi, bisotlaridagi bor qargʻishlari bilan kolxoz tuzuvchilarni laʼnatladi. Onang bilan buvingni nima deb, qanday qilib yupatishni bilmas edim, chunki ahvolim ularnikidan ham besh battar edi.
Ertasiga tong-sahar uyimizga kolxoz tuzuvchilar kirib keldi, darhol uyni boʻshatib, qishloqdan chiqib ketishga shaylanishimizni, xatlangan barcha yer, chorva, uy-joy va mol-mulklar kolxoz mulki boʻlganini, hech narsani olib ketishga haqimiz yoʻqligini aytishdi. Barcha kolxozlardan “quloq” qilinganlar tuman markazida toʻplanishini, u yerdan belgilangan joyga joʻnatilishimizni tayinlashdi. Aravaga baquvvat otlardan ikkitasini qoʻshdim va unga ukam Mirzaahmad bilan roʻzgʻorga kerakli buyumlarni yukladim. Ogʻildan sogʻin sigirlardan birini olib chiqib, buzoqchasi bilan aravaning orqasiga bogʻladim. (Qishloqdan badargʻa boʻlib, oʻzga yurtlarga quvgʻin qilinganimni bilsam-da, nima uchun bunday qilganimni hanuz tushuna olmayman). Onam va buvingni yonimga chaqirib, oʻtgan ota-bobolarimiz ruhiga atab Qurʼon tilovat qildim, soʻng buvingga qatiq suzadigan xaltalarning yuvilgan, tozasidan bittasini berishini soʻradim. Shu damda boshimizga tushgan musibatni eshitgan qarindosh-urugʻ, yaqinlarimiz, Hasan va Husan akalarim, ularning farzandlari kirib keldi, ular befoyda ekanligini bilsalar-da, onam bilan bizga taskin berishga harakat qilishardi. Koʻz yosh bilan xayr-xoʻshlashdik, Akalarim onamni oʻzlari bilan qolishlarini yolvorib soʻrashdi, lekin onam Boyqaro qayerda boʻlsa, men ham oʻsha yerda boʻlay, shunda xotirjam boʻlaman, deb yigʻladi.
– Boyqaroni oʻzga yurtda qanday kunlar kutyapti, taqdiri nima boʻladi, siz biz bilan qolganingiz maʼqul, ukam, albatta, qaytadi, – dedi Hasan akam. U kishining gapini qarindosh-urugʻlar maʼqulladi, onamni qishloqda qolishga koʻndirishdi. Shu payt kolxoz faollari yana kelib qoldi. Ular aravadagi ikkinchi otni ham, oʻzimning doimiy yoʻldoshim – qorabayirimni ham, bolali sigirni ham tortib oldi, arava bilan ot ham temir yoʻl vokzalida olib qolinishini doʻq bilan taʼkidlashdi. Arava yoʻlga chiqdi. Orqamizdan zor-zor yigʻlab onaizorim, aka-ukalarim, hamqishloqlarim va bolaligim, eng baxtli kunlarim oʻtgan qadrdon otamakonim Hojintoli qishlogʻim qoldi…
Aravaga qoʻshilgan ot ustida ketar ekanman, onamning zor qaqshab yigʻlagani, dod-faryodi koʻz oʻngimdan nari ketmas edi. Xoʻrligim kelib, tomogʻimga nimadir tiqilib qolgan, nochor va baxtsizligimdan dod solgim kelar edi. Shunday qildim ham, suzma xaltadagi hovlimizning bir siqim tuprogʻini koʻzimga surtib, hayotimda bir marta oʻksib-oʻksib, unsiz va alamli koʻz yoshi toʻkdim… Achchiq, alamli koʻz yoshlarimni tiyib, oʻpkamni toʻldirib chuqur nafas oldim va iztirob bilan orqamga, aravada sukut saqlab kelayotgan buving bechoraga qaradim, u yuzidagi chachvon(paranji yuziga yopiladigan toʻr)ni ochib olgan, yoshdan qizarib, shishib ketgan koʻzlari ancha jiddiy tus olgan edi. U dunyo tashvishlaridan bexabar shiringina qizchamiz, onangni bagʻriga bosib jimgina oʻyga tolgandi. Shunda, och qolsam-da, zulm va zoʻravonliklar, talon-torojliklar, koʻz yoshi va musibatlar evaziga qurilgan bu hukumatdan bittanga (sovet puliga 20 tiyin) olsam, Boyqaro otimni boshqa qoʻyaman, otamning farzandi emasman, deb qasam ichdim.
“Quloqlar” (katta yer egalari, boylar), sinf sifatida mamlakatdan surgun qilinadiganlar oilasi bilan tuman markaziga yigʻildik. Bularning ichida koʻp yillik qadrdonlar, tanish-bilishlar ham bor edi. Bizni Andijon temir yoʻl vokzaliga olib kelishdi, u yerdan barchamizni gʻarb tomonlarga yuborishadigan boʻldi. Namozshom payti vagonlarga chiqdik. Shunda norinliklardan biri, qadrdonim Mirsolihboy: “Boyqaro aka, taqdirimizga yaxshi kunlar bitilmagan ekan, oldinda bizni musibat, ayanchli vatangadolik kutyapti, xudo biladi, yurtga qaytish nasib qiladimi, yoʻqmi. Shunday ekan, siz qochib boʻlsa-da, yurtimizda qoling, qancha kulfat boʻlsa, shu yerda torting, chunki tilab olgan farzandingiz qiz bola, uning ustiga juda yosh, nuridiydangiz oʻzga yurtlarda xoru zor boʻlmasin, biznikilar koʻpchilik, ulgʻayib qolishdi, bir kunini koʻrishar”, dedi. Bu fikrni qolgan birodarlarimiz ham qoʻllab-quvvatladi. Imkoniyatlari darajasida pul, oziq-ovqat hadya etishdi. Biz Yaratgandan yana diydor koʻrishishni soʻrab xayrlashdik. Keyingi stantsiyalarning birida bir ilojini qilib, bizni vagondan tushirib qoldirishdi.
Qop-qorongʻi tun qoʻynida yelkamda va qoʻllarimda yuk bilan buvingning qoʻlidan tutib olganman. Buving boʻlsa onang Toʻxtaxonni bagʻriga bosib, yuziga urilayotgan qamishlardan bir qoʻli bilan pana qilishga urinardi. Shunday qilib, biz surgundan qochib qoldik. Bu sirdan nafaqat yaqinlarimiz, balki begonalar ham voqif boʻlishi mumkin emas edi. Shu tufayli odamlardan olisda, qamishzorlar ichida kapa tikib yashashga majbur edik. Qoʻlimizdagi oziq-ovqatimizni yeb boʻlgach, men kechqurunlari vokzalga chiqib, vagondan yuk tushirib, topgan pulimga yeguliklar olib kela boshladim. Iloji boricha odamlarga kamroq koʻrinishga, ular bilan kamroq muloqotda boʻlishga harakat qildim. Buving esa bor kuch-gʻayratini yakkayu yagonamiz, onangning sogʻligʻini asrashga sarfladi, chunki qamishzorda kun koʻrishning oʻzi boʻlmaydi, kunduzlari dim boʻlsa, kechqurunlari chivin chaqishiga toqat qilib boʻlmasdi. Shunday boʻlsa-da, buving qaysi paytda, qanday qilib ulguradi, bilmayman, qamishzordagi oʻt-oʻlanlardan yigʻib, bizdan birmuncha olisda boʻlgan qishloqqa borib, ularni sut, qatiqqa almashtirib qaytadi. U kunlarni dushmanimga ham ravo koʻrmayman. Oʻz yurtingda aybsiz aybdor boʻlib, elu yurtdan qochib yurishdan ham ogʻirroq kulfat yoʻq ekan. Qanday ogʻir kunlarni koʻrsam ham, qamishzorda yashasam ham, Vatanimda qoldim-ku, uning havosidan toʻyib nafas olyapman-ku, farzandim yonimda, oʻlsam qabrim shu yerda qoladi-ku, olis yurtlarga ketgan birodarlarim singari vatangado emasman-ku, deb oʻzimni-oʻzim yupatar edim. Kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar oʻtdi, kech kuzgacha qamishzorda it kunini koʻrdik…
Vaqt hamma narsaga davo, sekin-asta bu hayotga ham koʻnikdik. Vokzalda yuk tushirib yurgan kunlarimning birida yaxshi bir inson bilan tanishib qoldim. U kishi menga juda iliq muomalada boʻldi. Boyqaro aka, kechqurun doimiy vokzaldasiz, nima ish qilasiz, oilangiz bormi, deb soʻradi. Men kechqurunlari vagondan yuk tushiraman, oilam bor, deb javob berdim. Shundan keyin biz tez-tez koʻrishib turadigan boʻldik, keyin bilsam, u kishi mashhur bastakor Toʻxtasin Jalilov ekan, shuning uchun Toshkentga tez-tez borib turar ekan. Vaqt oʻtib, u kishi baʼzi yumushlarni qilib berishimni aytib, meni uylariga ham taklif qildi. Shunday qilib, biz doʻstlashib qoldik, boshimdan oʻtganlarni unga gapirib berdim, jimgina tingladi, soʻngra, bu gapni menga aytdingiz, boshqa hech kimga ogʻiz ochmang, shunda oʻzingizga ham, bola-chaqangizga ham yaxshi boʻladi, dedi. Bir kuni vagondan koʻmir tushirayotsam, bastakor doʻstim yoʻqlab kelib qoldi. Mahallasidan biz uchun ijaraga uy topganini, ertaga ertalab koʻch-koʻronim bilan mahallaga borishimni, uy egasi bilan tanishtirib qoʻyishini, mahallada soʻraganlarga u kishining qarindoshi ekanimni aytishni tayinlab, xayrlashdi. Bu mehribonchilikdan boshim osmonga yetdi, qanday qilib ishni tugatganimni bilmadim, qoʻlbola qilib qurib olgan kapamizga qanot chiqazib, uchib bordim, chunki bu xabarni buvingga tezroq yetkazishga, uni xursand qilishga shoshilardim. Yetti-sakkiz oy sarson, uy-joysiz, quvgʻinda yashagan odamlar uchun bu kutilmagan baxt edi. Shu tariqa biz Andijonning eski shaharidagi Chorguzar mahallasiga koʻchib oʻtdik.
Oradan bir-ikki yil oʻtgach, adashmasam, 1936 yil edi, bastakor doʻstim Toshkentga koʻchib ketayotganini, u yerda Filarmoniya tashkil etilib, uni ishga chaqirishganini aytib qoldi. Shuning uchun uyimni siz olib qolsangiz, siz vatanli boʻlardingiz, men esa bemalol kelib-ketib turardim, dedi. Men biroz xijolat chekib, xursandligimni, bizga koʻrsatgan gʻamxoʻrliklari uchun bir umr qarzdor ekanimni, jamgʻargan mablagʻim esa uy sotib olishga yetmasligini aytdim. Doʻstim kulib, bosh chayqadi, Boyqaro aka, sizning pulingiz yetmasligini juda yaxshi bilaman, lekin sizda pulga topilmaydigan sofdillik, toʻgʻrilik, odamgarchilik bor. Men ham qadrdon goʻshamni sizdek inson oilasiga qoldirishni xohladim, har zamonda kelsam, uyga kiritsangiz boʻlgani, dedi hazil aralash. Qarabsanki, biz uyli boʻldik. Hozirgi yashayotgan mana shu hovlimiz doʻstimning bizga qoldirgan tuhfasi boʻladi.
Bobom biroz tin oldi-da, “Qancha insonlarni yurtidan mosuvo qilib vatangado qilgan, qancha musibat va kulfatlarni boshiga solgan, shirin hayotimizni zahar-zaqqumga aylantirgan, el orasida yomonotliqqa chiqargan hukumatdan nafaqa tugul, bittanga ham olmasligimning asl sababi mana shu”, dedi.
U kishi 1981 yilning 7 fevral tongida 97 yoshida vafot etdi.
Oradan oʻn yil oʻtib, yurtimiz mustaqillikka erishdi. Ozodlik eʼlon qilingan kuni bobomni eslab yum-yum yigʻladim, farzandlarim bilan ularning qabrini ziyorat qildim, siz koʻrmagan ozodlikni men koʻrdim, armonlaringiz bu kun ushaldi, bobojon, siz orzu qilgan ozod va erkin Vatanda endi biz, sizning nevara va chevaralaringiz, hayotingiz davomchilari, siz kabi yurt mustaqilligini koʻrishga intizor oʻtgan insonlarning farzandlari yashaymiz. Endi ruhingiz shod, tinch va osoyishta boʻlsin, bobojon, deyman…
Komila RAHMON
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/yorug-kunlar-soginchi/