Yigʻilishdan soʻng…
Majlis tugaydi.
Farrosh
kirib kelar katta saroyga
polyuvgichini olib
qarsaklarni yigʻa boshlaydi.
xom, chala pishgan
pismiq qarsaklar.
nomiga yangragan va yoki
ikki kaft orasida yorilib
shu zahoti jon bergan qarsaklarni
artib olar stollar aro.
minbar ustida esa
pastroq parvozlagan yalongʻoch ovoz
turadi hanuz…
Uchinchi xulosa
bu rasmni sevaman uygʻoq,
bu rasmda yigʻlamli alam:
bola
qoʻlida non.
qonagan
labi qizil va alvon non ham.
xulosalar ingichka oʻtkir
yoki keskir ustaradek tan,
tamakini chekib kuzatib,
xulosalar urchir
masalan:
qiyinchilik qobirgʻasi-la
qismatining ipi bitishgan.
gung ochlikning nihoyasida
labi qonab nonga yetishgan
yoki boshqa xulosa mana:
sagʻirlikda qolgandir omon,
labi maysa kabi yumshoqdir…
lablarini kesgan qattiq non.
uchinchi xulosa qoʻrqinchli
(sigʻmay qolar yuvoshroq ongga)
millatini sotgan yovni oʻldirib,
soʻng
botirgan nonini qonga!..
bu rasmni sevaman uygʻoq…
Dilparchalar
1
Ikki koʻzing – ikkita quduq:
Biriga gul ekdim,
Biriga esa tashladim tanga…
Gul soʻldi…
Tanga esa hanuz yaltirar…
Tubda…
2
Xush koʻraman
Chuqur kissali kiyimni.
Koʻproq narsa yashirsa boʻlar,
Koʻmib qoʻysa boʻlar kaftimni.
Choʻntakka yashirilgan narsa
Bilinmasligi kerak.
Yoki jim boʻlmogʻi lozim…
Ogʻzim – yonboshlagan choʻntak.
3
Qorongʻi va sovuq uyda
Eʼtiqod kuchayar.
Issiq boʻlsa gunoh istagi…
Yuz yil yorugʻlik koʻrmagan odam
Kalit teshigidan tushgan nurni
Xudoning yolqini deb oʻylar tayin…
4
Tongda oyna oldida turib
Ayolingga qilgan xiyonating
Yodingga tushsa.
Galstuk bogʻlayotgan qoʻllaring
Titrasa –
Siqishi kerak boʻlgan bogʻichni
Bor kuching bilan tortsang…
… ishga ketasan galstuk bogʻlamay…
Bor kuchi bilan seni tortar
Yana xiyonat…
5
Bekatlarni kuzatsang. Ketsang.
manzil istagan odam – chiroyli.
Odam – chiroyli.
Bekatlarni kuzatsang. Tushsang.
Ketayotgan odamlar – goʻzal.
Odamlar – goʻzal.
Bekatlarni kuzatsang. Kutsang.
Kelmasa sen kutgan avtobus.
Kutishga aylansang…
Faqat kuzatsang goʻzal odamlarni…
Seni payqamasa hech kim…
6
Yoniq boʻlsa sening chirogʻing
Qush boʻlsamu oynangga ursam,
Gʻussadan ezilgan vujudni.
Ayoz boʻlsa tashqari. Sovuq.
Derazangni ochsang baribir.
Qoʻllaringga olsang ohista
Gʻussadan ezilgan vujudni.
Mehribon koʻzlaring yumilib
Qoʻllaring boylansa boʻyniga
Gʻussadan ezilgan vujudni…
Qora paltoimga oʻrab shaharni
Darbadar aylantirib qaytaman
Gʻussadan ezilgan vujudni.
Sovuq toʻshagimga yotqizib
Uxlashin kutaman tun boʻyi
Gʻussadan ezilgan vujudni…
Abdulazizxon AKRAMOV
“Yoshlik” jurnali, 2017–11
https://saviya.uz/ijod/nazm/yoniq-bolsa-sening-chiroging/