Yomon kelin aslida kimning farzandi?

Koʻp gapirish bilan koʻp fikr aytish – boshqa-boshqa narsa.
Sofokl

Xalq orasida koʻproq uygʻunlashib yursangiz, turli mulohaza va fikrlarga duch kelaverasiz: past-balandni, yaxshi bilan yomonni koʻrib xulosa chiqarasiz. Baʼzan shu jarayonda oʻzimizdagi salbiy tomonlarni, yoʻl qoʻygan kamchiliklarimizni anglaymiz va afsuslanamiz. Hayotimizni ezgulik tomonga burishga, xatolarni toʻgʻrilashga harakat qilamiz. Bu fazilatlar yuragimizda muqim, turgʻun boʻlmogʻi kerak… Lekin hamma ham shunday holatga muyassar boʻla oladimi?

Oilalarimiz, turmush tarzimiz xususida gap ketgudek boʻlsa-chi, aziz yurtoshim?! Lof emasu qariyib 70 foizdan ortiqroq oilalarda kelin – qaynona, qaynotasidan (hozirgi zamonda esa kuyov ham qaynota-qaynonasidan) norozi. Ikki tomon ham bir-biriga ozor beradi. Tub mohiyatini oʻylab, mushohada qilib koʻrsak kim yomon?! Aslida, biz ota-onalar buning bosh sababi, asosiy aybdori, desak xato emas. Bunga shubha yoʻq.

Kelin ham, kuyov ham qaysidir ota-onaning suyukli farzandlari. Oʻz aybimizni uyalmay-netmay kelin-kuyovu oʻgʻil-qizlarimizga toʻnkaymiz. Ularni biz oʻstirib, tarbiyalaganmiz-ku axir. Qiz bolani ham, oʻgʻil bolani ham vaqtida kim oʻz ixtiyoriga qoʻyib qoʻydi? Qiz yasanib-tusanib koʻchaga chiqayotganida: “Qizim, qayerga, kim bilan boryapsan?” deya, bir ogʻiz soʻrashni kim unutdi? Ularni aytganini aytgandek, deganini degandik kim muhayyo qilib berdi? Oddiygina roʻzgʻor ishlarini, tandirda non yopishu ovqat tayyorlash, bichish-tikish va boshqalarni ularga aslida kim oʻrgatishi kerak edi. Albatta, biz ota-onalar. Zimmamizdagi ana shu vazifalarni sidqidildan bajarmay turib, farzandlarimizdan mustahkam oilani, tinch-osuda roʻzgʻorni talab qilishimiz qanchalik oʻrinli?

Bugun deyarli hamma qizlarning qoʻlida zamonaviy “sotka”. Ayrimlari bir emas, bir nechta yigit bilan tinmay yozishadi, ochiqchasiga hiringlashadi. Ayrimlari yigitlar choʻntagini shilib, laqillatib, tagʻin bitta puldorning bolasini topadi-da, oila qurib ketaveradi. Endi oʻzingiz oʻylang, shunday oila qurgan yigit bilan qiz oʻrtasida samimiy muhabbat boʻladimi?

Bunday kelin qaynota, qaynonasi u yoqda tursin, hatto turmush oʻrtogʻini ham mensimay qoʻyadi. Natijada oila gap-soʻzlari sekin-asta ostona hatlab koʻchaga chiqadi. Ordan gap qochadi, goho ajrashishgacha borib yetadi… Qaynota-qaynonasini yomonotliqqa chiqaradi. Hatto vaqti kelganda oʻz ota-onasiga ham taʼna qiladi: “Cizlarga, meni erga bering degan emasman? Kerak boʻlsa pul, mol dunyosiga uchib, meni turmishga uzatdingizlar?..” deya oʻzini oqlaydi.

Har bir yigit-qiz oila qurayotganda buning qanchalik muqaddas ekanligini tushunib yetmasa, bunday holatlar afsuski davom etaveradi. Oila qurgandan boshlab kuyov shu oilaga rahbar boʻlsa, kelin esa bu masʼuliyatga yelkadosh boʻlib, oqila bekalik qilsa – olam guliston. Kelin oila qurdimi: shu xonadonni mening uyim, shu roʻzgʻor mening vazifam, meni toʻy-tomosha bilan el oldiga dasturxon yozib, kelin qilib olib kelganlar, deb oʻylasin. Yigit ham endi uylanib oldim, deb oʻzini yoʻqotmasligi, amaldor qaynotasidan mol-dunyo, hovli, mashina, lavozim umid qilmasligi kerak. Oilasining taqdiri, kelajagi uchun masʼuliyat zimmasida ekanini his etishi zarur. Bunday paytlarda yigit kishining hunarli boʻlishi yanada asqatadi, yangi oila hecham qiynalib qolmaydi. Ota-bobolarimiz oʻgʻil uylantirishdan oldin uning biror hunarni egallashiga alohida eʼtibor qaratgani shundan.

Qaytar dunyo bu, oʻgʻil-qizlarim, kelin-kuyovlar! Bugun ota-ona, ertaga bobo-buvi boʻlasizlar. Bugun yaxshi yoki yomon ishlar qilgan boʻlsangiz ertaga albatta sizning ham boshingizga tushadi. Shunday ekan, kelin-kuyovning, qaynona-qaynotaning ham yomoni yoʻq. Bunga iqror boʻlish kerak. Yoshi ulugʻlarni, oʻzingizdan katta kishilarni eʼzozlab, ezgu ishlar davomchisi boʻlib, farzandlar taʼlim-tarbiyasiga qattiqqoʻl boʻling. Oʻshandagina oilalarda tinch va osoyishta hayot boʻladi.

 

Ergash ATOYEV,

Navoiy viloyati

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/yomon-kelin-aslida-kimning-farzandi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x