Qiynaladi oftobni kutib,
Yomgʻirlarda ivigan shahar…
Usmon AZIM
Bu kecha osmonning bardoshi sindi,
Yomgʻirdan ezilib uygʻondi shahar.
Tun boʻyi dardimni yangilab, endi –
Oʻzimga oʻzimni eslatdi sahar.
Yomgʻirpoʻsh tagida mungʻayib, horib,
Va yana sevgini koʻklarda tutdim.
Oshkor tan olmoqni boʻynimga olib,
Oʻzimni va keyin… uni unutdim.
Unutdim – jonlanib boraverdi u,
Oʻpkam toʻlaverdi, koʻngil toʻlmadi.
Eslamaslik ogʻir, unutish – qaygʻu,
Yomgʻirni bahona qilib boʻlmadi.
Oyogʻim ostida xazon chamandek,
Havoni simirdim, hazin, ogʻir, nam,
Men bilan ketishni istamagandek –
Gʻururni pesh qilib qolmadim men ham.
Keyin yuraklarim yondi barq urib,
Keyin osmonimni yellarga berdim.
Keyin gʻururimni bir chetga surib,
Borimni oʻzim ham borimcha koʻrdim.
Tentirab, dovdirab, tomchilar boʻldim,
Oʻyin tushib berdim jilgʻa-soyiga.
Borimni baxshida etib… yiqildim,
Yomgʻir siymo boʻlib kelgan poyiga.
Yoʻq-yoʻq, yiqilmadim, yerlarga choʻkdim –
Qoʻllarim loylarga belandi birpas.
Goʻyo uning qoʻlin entikib oʻpdim,
Goʻyo muz ustida uchgan kabi mast.
Mast edim, roʻyolar bagʻriga singdim,
Soʻnggi ilinj bilan yolgʻiz qolgani.
Xayollardan oldin sen tomon yeldim,
Tonggi tushlaringga kirib borgani.
Kechikdim… Kechikdim chorasiz dardday,
Chorasiz izhorlar qoshingga yetdi.
Bemavrid kelgan bir sevinchli xatday
“Sevaman” degan soʻz xorlanib ketdi…
Osmon koʻz yoshlarin sidirib oldi,
Yomgʻir ham toʻxtadi arigan gʻamday.
Qismatning lahzalik qadrini bildim,
Qaytadan dunyoga kelgan odamday.
Koʻlmakda shalvirab yotgan barg boʻlib,
Osmonni unutdim, yerni unutdim.
Yomgʻirga, hijronga taʼnalar qilib,
Million yillik baxtning… bahridan oʻtdim!..
Dadaxon MUHAMMADIYEV
“Ijod olami”, 2017–2
https://saviya.uz/ijod/nazm/yomgir-ostida/