Ernest HEMINGUEY
Kech tushib qolgandi. Kafedan hamma chiqib ketgan, faqatgina elektr nuri ostidagi daraxt barglari soyasida oʻtirgan qariya bor edi. Kunduzi koʻcha chang boʻlgan, biroq tunggi shudring bu gʻuborni aritgandi, chol esa kech kirganda bu yerda oʻtirishni yoqtirardi. Chunki u kar boʻlib, kun va tun orasidagi bu farqni hozirgi oqshomning sokinligiday yaxshi his qila olardi. Kafe ichkarisidagi ikki nafar ofitsiant cholning biroz sarxushligini bilishar, chol yaxshi mijoz boʻlsa ham, mabodo u boʻkib ichib olguday boʻlsa, hisobni toʻlamay chiqib ketmasligi uchun, undan koʻz uzmay oʻtirishardi.
– Oʻtgan hafta u oʻzini-oʻzi oʻldirmoqchi boʻlibdi, – xitob qilib qoldi bitta ofitsiant.
– Nimaga?
– Jonidan toʻyganmish.
– Sababi nima ekan?
– Hech nima.
– Hech nimaligini sen qanday bilding?
– Axir bir dunyo puli bor.
Ular kafe eshigi yonidagi devorga yaqin stolda, shabadada biroz tebranayotgan daraxt yaproqlari soyasida oʻtirishar, chol oʻtirgan birgina stoldan boshqa qolgan barcha stollar boʻsh turgan ayvon tomonga qarashardi. Shu payt bir qiz bilan bir askar yigit koʻchadan oʻtib qolishdi. Koʻcha chirogʻi askarning yoqasidagi sariq yulduzchani yoritdi. Qizning hech qanday bosh kiyimi yoʻq, yigitning yonida shoshib ketardi.
– Hozir uni qoʻriqchi olib ketadi.
– Olib ketsa, u holda nima boʻladi?
– U hoziroq koʻchadan yoʻqolsa yaxshi boʻlardi. Qoʻriqchi uni tutib oladi.
Ular bor-yoʻgʻi besh daqiqa ilgari ketishgandi. Qariya esa haliyam koʻlankada stakani bilan tarelkasini taqillatgancha oʻtirardi. Yoshroq ofitsiant unga yaqin keldi.
– Nima buyurasiz?
Qariya unga qarab:
– Yana bitta brendi, – dedi.
– Mast boʻlib qolasiz, – nasihatomuz gapirdi ofitsiant. Chol unga yana qaragandi, ofitsiant nari ketdi.
– U tun boʻyi qoladi shekilli, – dedi u oʻrtogʻiga. – Meni hozir uyqum kelayapti. Hech qachon soat 3: 00 dan keyin uyquga ketmagandim. Oʻtgan hafta oʻlib ketganida yaxshi boʻlarkan.
Ofitsiant kafe ichidagi peshtaxtadan yana bitta tarelka va bir shisha brendi olib, chol oʻtirgan stol oldiga shitob bilan bordi. Tarelkani stol ustiga qoʻydi va stakanga toʻldirib brendi quydi.
– Oʻtgan hafta oʻlib ketganingda yaxshi boʻlar ekan, – ijirgʻandi u cholga qarab. Chol esa barmogʻi bilan imo qildi.
– Yana ozroq, – dedi u. Brendini ofitsiant stakanga shunaqa qilib quydiki, ichimlik toshib ketib, bir dasta tarelka ustiga toʻkila boshladi. – Minnatdorman, – dedi qariya. Ofitsiant shishani kafe ichkarisiga olib ketdi. U yana stol atrofiga kelib, sherigi yoniga oʻtirdi.
– Uni kayfi oshib qoladi hozir, – dedi u.
– Axir har tunda mast boʻladi-ku. Nima uchun oʻzini oʻldirmoqchi boʻlibdi?
– Men qayoqdan bilay?
– Buni qanday bajaribdi?
– Oʻzini osibdi.
– Kim uni qirqib olgan?
– Qiz jiyani.
– Nega ular cholni qutqarib qolishibdi?
– Uning yuragidan xavfsiraganlari uchun.
– Bu qariyaning qancha puli bormish oʻzi?
– Aytishlaricha, juda koʻp.
– U saksonga kirgan boʻlishi kerak.
– Uyiga ketsa yaxshi boʻlardi. Men soat uchdan keyin uyquga yotmagandim avval. Axir bunaqa vaqtda ham uxlamasdan oʻtirish mumkinmi?
– Chol uxlamaydi, sababi u tunda oʻtirishni yoqtiradi.
– U yolgʻiz. Men esa yolgʻizmasman. Meni uyimda kutayotgan xotinim bor.
– Bir vaqtlar uning ham xotini boʻlgan.
– Ammo, hozir unga xotin turmaydi.
Qiz jiyani cholga qarab turadi.
– Bilaman. Uni arqondan qirqib oldi, deding-ku.
– Men bunchalik qarishni xohlamagan boʻlardim. Qarilik juda jirkanch narsa-da.
– Hamma vaqt ham emas. Bu qariya orasta. U toʻkmay ichadi. Hatto hozir ham mast. Unga bir qara.
– Qarashni istamayman. Uyimga ketgim kelyapti. Uni ishlaydigan odamga nisbatan sirayam hurmati yoʻq ekan.
Qariya stakani osha kafe sathi boʻylab, keyin esa ofitsiantlar tomonga koʻz tashladi.
– Yana brendi, – dedi u, stakanga imo qilib. Shoshilib turgan ofitsiant cholning oldiga keldi.
– Tamom boʻldi, – maʼlum qildi u, chet ellik yoki mast odamlar bilan gaplashganda ahmoq odamlar ishlatadigan gap ohangi bilan. – Bugunga yetarli. Endi berkitamiz.
– Yana bitta, – soʻzida turib oldi qariya.
– Yoʻq. Tugadi.
Ofitsiant sochiq bilan stol chetini artdi-da, boshini tebratdi.
Qariya oʻrnidan turdi, tarelkalarni sekin sanadi-da, choʻntagidan charm pul hamyonini olib, ichimlik uchun yarim peseta qoldirdi. Ofitsiant, koʻcha boʻylab odimlab borayotgan shunday qari cholni chayqalgancha, biroq viqor bilan qadam tashlashini kuzatib turdi.
– Uni bu yerda qolib ichishiga nega imkon bermading? – deb soʻradi ofitsiantning sherigi. Ular derazalarni yopishayotgandi. – Hamisha soat uch ham boʻlmadi-ku.
– Men uyga ketmoqchiman. Uxlayman. Soat necha boʻlibdi oʻzi?
– Biz uchun kech boʻldi.
– Vaqt barcha uchun oʻzgarmas. Bir xil.
– Sen oʻzing ham qariyalarday gapiryapsan. U bitta shishani sotib olib, uyida ham ichib oʻtirsa boʻladi-ku.
– Bu yerdagini gashti boshqacha-da.
– Balki shunaqadir, – deb qoʻshildi xotini bor ofitsiant. U adolatsiz boʻlishni xohlamasdi. Faqat shoshayotgandi, xolos.
– Oʻzing-chi? Odatdagi vaqtingdan avval uyga borishdan qoʻrqmaysanmi?
– Ustimdan kulyapsanmi?
– Yoʻq, ogʻayni. Shunchaki hazillashdim.
– Yoʻq, – dedi shoshayotgan ofitsiant, tushirilayotgan metal derazalardan boshini chiqarib. – Mening oʻzimga ishonchim bor. Butunlay ishonaman.
– Sen yoshsan, oʻzingga ishonching, ishing bor, – sado chiqardi katta yoshli ofitsiant. – Hamma narsang bor.
– Senda nima kamchilik bor?
– Ishdan boshqa hech nima.
– Menda bor narsaning hammasi senda bor.
– Yoʻq, menda hech qachon ishonch boʻlmagan, qolaversa yosh ham emasman.
– Bas qilaqol. Qayoqdagi gaplarni gapirasan-a, tezroq yopaylik.
– Men ham kafeda qolishni yoqtiradiganlar toifasidanman, – gapida davom etardi ofitsiant.
– Uyquga yotishni xohlamaydiganlar bilan birgaman. Tunda yorugʻlikka muhtoj boʻladiganlardanman.
– Men uyimda uxlashni xohlayman.
– Biz bir-birimizga oʻhshamas ekanmiz, – qaror berdi keksa ofitsiant. U ham uyga chogʻlanish uchun kiyinib olgandi. – Yoshlik va ishonch juda goʻzal boʻlishiga qaramay, baribir jumboq. Har oqshom men bu yerni istar-istamay berkitaman, chunki kimdir kafega kelishi mumkin.
– Ogʻayni, tuni boʻyi ochiq turadigan qovoqxonalar bor.
– Tushunmading. Bu toza va xuzurbaxsh kafe. Juda yorugʻ ham. Buning ustiga hozir bu yerda barglarning soyasi ham bor.
– Xayrli tun, – soʻzini kesdi yosh ofitsiant.
– Sengayam, xayrli tun, – xayrlashdi keksasi ham.
U elektr chiroqni oʻchirar ekan, oʻzi bilan oʻzi suhbatlashishni davom ettirdi. “Chiroq-ku, mayli, biroq joyning toza va yoqimli boʻlishi muhim. Koʻnglingiz musiqa tusamaydi. Shubhasiz, siz hech qanday musiqani istamaysiz. Yolgʻizlik butun ruhingizni asir olgan boʻlsa-da, qandaydir barlar yonidan viqor bilan oʻtib ketasiz. U nimadan qoʻrqadi? Bu qoʻrquv yoki vahima emas. Bu hisning hech narsa emasligini hatto uning oʻzi ham juda yaxshi anglardi. Hayot hech nima, insonning oʻziyam hech kim emas. Bor muhtojlik faqat yorugʻlik, mukammal orastalik hamda tartib. Baʼzi odamlar shu tarzda yashayveradilar va hech qachon buni teran anglashmaydi, ammo u hayotning borligini albatta bedorlik ichida ekanini biladi, bedorlikning albatta va albatta joʻsh urib, avj olib boraverishini chuqur anglaydi. Bizning bu bedorligimiz sanʼatdagi bedorlik ichida yashaydi, Xudoning ham bedorligi shubhasiz ayon-ku, axir. Bizga bu bedorlikni har kun taqdim eting, bedorligimiz gʻofil yuraklarni-da uygʻotsin, borgan sari uyqudan yuz oʻgiraveraylik, buning oʻrniga bizlar bedorlik bagʻridan qaytmaylik; axir bedor qalblar muqarrar baxtlidirlar”.
Jalaning yogʻishi ham qup-quruq oqayotgan sarobday tuyuldi unga. Keksa ofitsiant nim jilmayib, bugʻ tutuni buruqsayotgan kafe mashinasi turgan bar oldida toʻxtadi.
– Sizga nima kerak? – deb soʻradi barmen.
– Bedorlik.
– Aqling joyidami oʻzi, – ensasi qotdi barmen va nari ketdi.
– Kichkina bir chashkada ichimligingizdan bering-chi, – dedi ofitsiant.
Barmen unga quyib uzatdi.
– Bu yerda nur biram yorugʻ va yoqimli ekan, ammo bar tozalanmabdi, – xitob qildi keksa ofitsiant.
Barmen unga qarab, churq etmadi. Tunda suhbatlashish uchun juda bemahal edi.
– Yana bir chashka xohlaysizmi? – deb soʻradi barmen.
– Yoʻq, rahmat, – rad etdi ofitsiant, shunday deb tashqariga chiqib ketdi.
U negadir barlarni va qovoqxonalarni yoqtirmasdi. Ozoda, yop-yorugʻ kafe esa umuman boʻlakcha. Hozir keksa ofitsiant uzoq oʻylanmasdan uyiga, oʻz xonasiga kirib ketadi. Karavotiga choʻziladi, nihoyat kun yorishganidan keyingina uyquga ketdi. Oxiri u, oʻziga-oʻzi, bu faqat uyqusizlik boʻlsa kerak, deb qoʻyadi. Bedorlik esa koʻpchilik odamlarda boʻladi.
Rus tilidan Temur TANGRIBERGANOV tarjimasi
“Yoshlik”, 2014 yil 11-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/yolgizlik/