Yoʻlyozmalar

Muallifdan

 

“Oʻtirgan – boʻyra, yurgan – daryo” deydi xalqimiz. Otam Ikkinchi jahon urushiga ketarkan, yoʻl ustida onamga “bolalarni oʻqit, koʻp badiiy kitoblar olib ber, kinolarga, teatrlarga olib bor” deb tayinlagan ekan. Oradan yetti oy oʻtib, otam jangda halok boʻlganda uning nasihati onam uchun vasiyatga aylangan, bizga doim dostonlar, ertaklar aytib bergandan tashqari, urush davrining oʻsha ogʻir va yetishmovchiliklar davrida bizga Yosh tomoshabinlar teatri tomoshalari uchun chiptalar olib kelar, oʻqishdan taʼtilga chiqqan kezlarimizda kinoteatrlardagi bolalar filmlarini koʻrishga oʻn kunlik dasturli chiptalar topib kelardi. Goʻroʻgʻli va Alpomishning, Tom Soyer va Robinzonning boshidan oʻtkazgan qiziq voqealari taʼsirida boʻlsa kerakki, bolalikdan sarguzashtlarga suyagim yoʻq edi.

Esimda, 1949 yildami yo 1950 yildami, biz yettinchi sinf oʻquvchilarini Toshkent viloyatining Koʻkterak dahasi tomondagi bir kolxozga paxta terimiga joʻnatishdi. Terim kunlarining birida yomgʻir yogʻib dalaga chiqmadik. Bir xonadonga joylashgan yigirmaga yaqin bola, baribir bola-da, yomgʻirda koʻchaga chiqib Kelesga kelibmiz deng. Bir mahal bir yuk poyezdi kelib, bekatda toʻxtadi; bir vagonning tamburi boʻm-boʻsh edi, men sakrab chiqib oldim. “Tush! Tush! Hozir yurib ketadi!” deb baqirishardi sinfdoshlarim. “Yursa yurar, aylanib kelaman” dedim men. “Qayoqqa ketishini bilmaysan-ku! Adashasan!” – der edi sinfdoshim Qodir doʻq aralash.

Poyezd yurib ketdi. Men bir oʻzim tamburda oʻtirgancha yomgʻir yogʻishidan zavqlanib borardim. “Tavba, oddiy geografiyani ham bilmaydi… Toshkent vokzalidan boshqa qayoqqa borardi? U yerda toʻxtamasligi mumkin emas!” der edim oʻzimga oʻzim.

Yoʻlda 54-razʼyezdda bir toʻxtadi, keyin Toshkent vokzaliga kirib keldi. Men bemalolxoʻja boʻlib vagondan sakrab tushdim. Trolleybus bekatiga yugurdim. Eskijoʻvadan avtobus bilan uyga yetib oldim.

Ertasiga oʻrtoqlarim yotgan uyga gʻolibona kirib kelganimda, hammalari meni oʻrab olishdi. Qodir jahl bilan bir chimchiladi:

– Adashsang nima boʻlardi?

– Nega adashaman? Oʻzi bitta temiryoʻl boʻlsa!

Keyin 1953 yil noyabrda Boyovutga paxtaga borganimizda ham toʻxtovsiz qor yoqqan kuni Nosir Fozilov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Abdusafi Abdumajidov kabi oʻzimga oʻxshash sarguzasht ishqibozlari bilan birga yuk poyezdida Toshkentga kelib-ketgan edim.

Endi mundoq oʻylab qarasam, “Gʻuncha” jurnalida ishlagan 1959–1967 yillarda ham birda rasmiy yoʻllanmalar bilan, birda dam olish oylari turli-turli shahar-qishloqlarga borgan ekanman.

Keyin taqdir Gurjiston, Moldova, Tatariston, Rossiya, Afgʻoniston, Qibris, Makedoniya mamlakatlariga borishni ham menga loyiq koʻrdi.

Endi yoshim bir joyga borganda bu yoʻllarda koʻrgan-kechirganlarim, orttirgan tanishlarim, doʻstlarim haqida koʻp oʻylayman. Shunday kunlar boʻladiki, birdan yo u daftar yo bunisida yozgan qaydlarim chiqib qoladi. Oxiri shularni toʻplab, yigʻib “Yoʻlyozmalar” nomi bilan shu kitobni yozdim, eski fotosuratlarni ham kiritdim.

Menimcha, oʻquvchilarni qiziqtirsa, jinday saboq bersa ham kerak.

 

ALPINISTLIK OYI

 

Sobit aka degan kursdoshimiz ijobiy maʼnoda baloyi azim edi. Birinchi kursni bitirgan 1954 yil yoz oylarida yaxshi dam olish uchun har xil tashkilotlarga uchrab, beshta yoʻllanmaning daragini topib keldi. Sport turlaridan alpinizm bilan shugʻullanadigan bir uyushmami, tashkilotmi, talabalar uchun Pomir-Oloy togʻlariga beshta bepul yoʻllanma ajratgan ekan, shuni biz olishimiz mumkinligini aytdi.

Zudlik bilan birinchi kursni bitirganimiz haqidagi maʼlumotnomadan tashqari, mahallamizdan yordamga muhtoj oiladan ekanligimizni koʻrsatuvchi hujjat, alpinistlikni orzu qilishimiz toʻgʻrisida ariza, fotosurat va yana allaqancha qogʻozlarni toʻpladik. Shu tariqa, toʻrt ogʻayni va bir qizga yoʻllanma undirdik.

Muazzam Saidova bir toʻp qizli, otasiz oiladan edi. Qorachadan kelgan, yulduzi issiq, samimiy, sal shaddod qiz edi. Shu bilan birga shirador va kuchli ovozi ham bor ediki, mumtoz va xalq qoʻshiqlarini maromiga yetkazib aytganda har qanday tosh yurakli odamni ham eritib yuborardi. Men ayniqsa, uning “Chaman yalla”sini har qancha eshitib toʻymas edim. U mendan ikki yoshgina katta edi, hurmatim balandligidan “Muazzam opa” deyishga odatlangandim, u esa meni “Azizjon” deb chaqirardi.

Sobit akaning otasi Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan, onasi 1943 yilda oʻpka xastaligidan vafot etgandi. Shunda oʻn yoshli bola yetti yashar singlisi, toʻrt yashar ukasi bilan qarovsiz qolgan, Sobit aka hayotning achchiq-chuchugini totib ulgʻaygan edi.

Razzoq Abdurashidov serfarzand oiladan boʻlib, hali bolalarning birontasi ham ishli-maoshli boʻlmagan, ozgina yerlarida issiqxona qurib, pamildori, garimdori, rayhon-jambillar ekib, koʻchatchilik, koʻkchilik qilib kun koʻrishardi. Razzoq bolaligidan sheʼrga qiziqib, Gʻayratiyning ijodiy toʻgaragiga qatnab, endi-endi ijodi koʻrina boshlagan chogʻlari edi.

Neʼmat Yoqubov uch-toʻrt oʻgʻilli oiladan, ota-onasi uyda oʻtirar, faqat katta akasigina ishlab, oilani arang tebratardi. U mendan toʻrt yosh katta, ammo bir maktabda, bir sinfda oʻqigandik. Kamtar, sipo, ozoda bola, oʻninchi sinfni kumush medalga bitirib, universitetga kirish imtihonlarisiz qabul qilingan edi.

Oʻn toʻqqizinchi iyul kuni universitetning orqa hovlisiga toʻplandik. U yerda bizni yoshgina rus yigit kutib oldi.

– Gennadiy Vasilyevich, instruktor, – deb oʻzini tanitdi, keyin hammamiz bilan birma-bir koʻrishib chiqdi. Shu yerda turgan yuk mashinasini koʻrsatib, shu mashinada ketishimizni aytdi. Mashinaning brezent yopinchigʻi yigʻib qoʻyilgan ekan.

– Nu, Sasha, tiʼ gotov? Tovarishʼi prishli[1], – deb qichqirdi nariroqda turgan yigitga. Soʻng bizga uni haydovchimiz deya tanishtirdi.

Ana endi hovli darvozasidan “Alplager, qaydasan?” deb usti ochiq yuk mashinasida yoʻlga chiqdik. Kuzovning ikki yonida oʻtirgʻichi va ishkomga oʻxshagan egma sinchlari bor edi. Biz oʻtirgʻichlarni egalladik. Mashina bir zumda shahar markazidagi xiyobondan oʻtib, Shota Rustaveli koʻchasiga chiqdi. Toʻqimachilik kombinatining yonidan toʻgʻriga, soʻngra temiryoʻl koʻprigi tagidan oʻngga, Yangiyoʻlga tomon burildi.

Biz goh oʻtirib, goh sinchlarni ushlagancha tik turib borardik. Notekis yoʻllardan oʻtganda qiyqirishar, tekis yoʻllarda yozning issiq shamoliga yuzimizni tutgancha yoʻllarni tomosha qilib borardik. Dastlab yoʻlning ikkala tarafi ham daraxtzor, tokzor, poliz ekinlari, joʻxoripoyalardan iborat edi. Dimoqqa olmalarning, qovunlarning, jiydalarning hidlari urilardi. Keyin cheksiz, chegarasiz paxta dalalari boshlandi, kallaklangan tutlar ularni pollarga ajratgan, toʻmtoq daraxtlar tagidan yiltillab oqib yotgan suvlar har qalay antiqa manzara yaratardi.

Chinozda bir toʻxtab, bozorchasini aylanib chiqdik. Meva-cheva va non-somsalar, goʻmmalardan tashqari, bu yerda bugun tutilgan yangi baliqlar sotilarkan. Hozirgina tutilgan baliqlar shu yerning oʻzida tozalanib, kattakon tovada jiz-jiz yoqqa qovurib berilardi. Shunday noz-neʼmat yonidan oʻtib boʻlarmidi? Ozroq tamaddi qilib, yana yoʻlga tushdik.

Keyin Sirdaryodan, Qoʻqondan, Fargʻonadan kechib, vaqt tushdan oʻtganda Shohimardonga yetdik. Ozgina tanaffus qilgani shu yerning choyxonasiga kirdik.

Shohimardon – Fargʻonaning janubida joylashgan, iqlimi va tabiati jihatdan kurort mintaqasi. Pomir-Oloy togʻlaridan tushib keladigan Oqsoy, Koʻksoy degan shiddatli suvlari har qanday odamning bahri dilini ochar, allanechuk hayajonga solardi. Guvullab oqayotgan suv ustida taxta soʻrilar qurilgan, ularning toʻrt tarafiga koʻrpachalar toʻshalgan boʻlib, oʻrtadagi xontaxtaga dasturxon yozigʻliq edi. Biz bir soʻriga chiqib oʻtirishimiz bilan choyxonaning oʻspirin xizmatchisi oldimizga patnisda choynak, beshta piyola, bir laganchaga mushtumdan kattaroq beshta zargʻaldoq shaftoli, kichik likopchada oqqand va ikkita issiq non keltirib qoʻydi. Sobit aka choy quyish tashabbusini darrov qoʻlga olmoqchi boʻlgan edi, Muazzam:

– Menga bering, men quyaman, – dedi choynakka choʻzilib.

Muazzam choyni uch marta qaytarib, har birimizga piyola tutarkan, Sobit aka shaftolilarni maqtay ketdi:

– Voh-voh, asal-a, asal. Hech bunaqasini koʻrmagandim.

– Suvlari tiniq, havosi tozaligini qarang, – dedi Neʼmat Yoqubov.

– Suvlari bir sheʼr, havosi bir sheʼr, shaftolisi ham bir sheʼr, – dedi Razzoq Abdurashidov.

Bir tarafimiz togʻ yonbagʻirlari, ikkinchi tarafimiz bogʻlar… Bulbullar, saʼvalar, maynalar, qarqunoqlar tinim bilmay sayrashadi. Bulbul shu qadar chah-chahlardiki, uning bunchalik xilma-xil tovushlarni qaydan olishini oʻylab, bunday tabiat, bunday qushlarni yaratgan Sanʼatkorga jon-joningdan hamdu sanolar aytarding. Bu qaddi raso oʻriklar, baland boʻyli shaftoli daraxtlari (Toshkentda shaftoli daraxtlarining boʻyi ancha past boʻladi), hozir yongʻoqdan sal kattaroq, taxminan bir oylardan keyin pishadigan anorlarning shoxlarda xuddi fonarlarga oʻxshab osilib turishlari…

Eshiklari oldiga gullar ekilgan, jildir-jildir ariqlar yoqasida teraklar, tollar oʻstirilgan uylar… Qayoqqa qaramang, koʻzlarga orom beruvchi yashillik!

Yoʻlda turgan yuk mashinamizga chiqdik. Oqsoy yoqalab asta yuqoriga oʻrlay boshladik. Taxminan oʻn kilometrcha yurganimizda oʻrik daraxtlarida hali pishmagan, bodomday boʻlib qolgan dovuchchalarni koʻrdik. Ajab, pastda oq oʻriklar pishib tamom boʻlgan, bu yerlarda hali rang kirmagan-a! Bunisi hali holva ekan, yana oʻn-oʻn besh chaqirim yuqori koʻtarilganimizda oppoq boʻlib gullagan oʻrik daraxtlarini koʻrdik.

Oʻlmagan banda koʻraverar ekan: biz qarorgohga yaqinlashib kelayotganimizda tuzukkina qor yogʻayotgan edi. Ana buni gʻaroyib desa boʻladi! Shohimardondan bu yergacha nari borsa qirq kilometrcha yurdik, ammo bir kunning oʻzida toʻrt faslni koʻrdik. Holbuki, shu kun yigirmanchi iyul edi.

Yuk mashinamiz “Alpinistskiy lager “Urojay” deb yozilgan kattagina taxta yonidan oʻtib, bir maydon chekkasiga borib toʻxtadi. Beixtiyor “Hosil” alpinistlar lageri” degan oʻzbekcha yozuv boʻlishi kerak emasmidi?” deb oʻyladim.

– Miʼ priyexali na Pamir-Alayskiye goriʼ[2], – dedi Gennadiy Vasilyevich mashinadan tushganimizda.

Men bu yerga kelish oldidan Pomir-Oloy togʻlari haqida biroz maʼlumotlar yiqqandim.

“Pomir” soʻzining maʼnosini aniqlay olmadim, ammo bizning ona tilimizda “Oloy” soʻzining maʼnolari koʻp ekan. Mana, shulardan baʼzilari:

  1. “Koʻpchilik”, “tiqilinch” degan maʼnoda keladi. Masalan, Toshkentdagi Oloy bozori ilgarilar “koʻp odam oldi-sotti qiladigan joy” maʼnosida oloy deyilgan, ammo zamonlar oʻtib, “oloy” soʻzi atoqli otga aylangan.
  2. Ilgarilar birga sayohat qiluvchilarga nisbatan ham shu soʻz ishlatilgan: “Biz bir oloy boʻlib yoʻlga chiqdik” tarzida.
  3. Harbiy atamalar ichida ham “oloy” soʻzi bor boʻlib, u vzvod maʼnosini bildiradi. Uch oloy va bir birlik (otdeleniye) qoʻshilsa, tabur (batalon) boʻlarkan.
  4. Har qanday yerda qatorlashgan va gʻuj-gʻuj joylashgan narsalar ham “oloy” deyiladi.

Demak, “Oloy togʻlari”, “bir qator togʻlar”, “togʻlar tizmasi”, “togʻlar uyumi” degan maʼnoni bildirar ekan. Chindan ham bu yerda qayoqqa qaramang, ustma-ust, ketma-ket togʻlarni koʻrasiz.

Biz tunaydigan qarorgoh togʻ yonbagʻrining bir qadar tekis yerlarida. Qozoq ovullaridagi kabi qayer tekisroq boʻlsa, oʻsha yerda palatka qurilgan. Biz, “toʻrt ogʻayni botirlar” bir palatkaga joylashdik, Muazzam Saidova uch nafar rus qizlar bilan yotadigan boʻldi.

Hammaga ichki kiyimdan tortib, tashqilarigacha bir xil kiyim-bosh berildi. Uydan kiyib kelgan oʻz engillarimizni taxlab, maxsus xaltalarga solib, palatkamizning burchak-burchaklariga qoziq yasab, osib qoʻydik. Alpinistlarning maxsus trinka xalat va trinka shimlarini kiydik. Har birimizga kattagina ryukzak, ichida dumaloqlangan, boshidan beligacha usti zanjirli qop-oʻrin, yostiq, oppoq choyshablar tarqatildi. Darrov palatkaga kirib, qop-oʻrinlarning zanjirini yechib, ichiga kirib, yotib koʻrdik. Zanjirini boshingizgacha tortib, bekitib olsangiz, ovga kelgan boʻrilar ham sizga daf qilmas ekan.

“Suxoy payok” deb berilgan ovqatlari: tunuka bankalarda Qozogʻistonning ivitma etlari, qandli quyultirilgan sut, pishloq, saryogʻ, asal, qotirilgan oppoq nonlar, baliq va jigar konservalari, hatto baʼzi kunlar baliq uvuldiriqlari va hokazo.

Muazzamxon rus sheriklari bilan qanday ovqatlanadi, bilmaymiz-u, lekin biz “bazmi jamshid” qildik. Ochiq havoda, ochiq yerda oʻtirib, uchta toshdan oʻchoq yasab, atrofdan mayda-chuyda oʻtin terib kelib, xohlasak konserva va etlarni olovda isitib, qaynatib, non botirib yeymiz, istasak, saryogʻ bilan asalni nonga surtib, togʻ suvlari bilan tanovul qilib, qorinni silab oʻtiramiz. Bunday antiqa, mazali ovqatlarni Toshkentning restoranlarida ham uchratmaysiz. Bilsak, “Urojay”ni Moskva taʼminlar ekan.

Lagerga deyarlik yuzga yaqin boʻlajak alpinist va yigirmaga yaqin sport murabbiylari kelgan. Oralarida faqat biz, besh talabagina, oʻzbekmiz. Qolganlari ruslar yoki rus tilida gaplashadigan boshqa millat vakillari.

Bu yerning tabiatini oʻzimizcha oʻrgana boshladik. Biz yotadigan hududda daraxtlar yoʻq, bu toshloq yerlarga yoqqan kechagi qorlar erib ketib, oftob allaqachon maydonni shabadasi bilan quritib qoʻygan edi. Unda-bunda qurigan yovvoyi naʼmatak va boshqa butalar hamda butachalar bor edi. Yuksaklarda, oftob tushmagan togʻ yonbagʻirlarida archalar kecha yoqqan qor kiyimlarida toʻda-toʻda kelinchaklarday, pastga tushib kelayotganda bir dam toʻxtaganday koʻrinardi. Shundoq yonboshimizdagi darada, huv pastlarda soylarning guvullagan ovozlari kelardi. Razzoq allakimdan bilib keldi: bu soyning nomi Ugam emish.

– Pastga, soylarga tushsak boʻladimi? – deb soʻradik murabbiydan.

– Tushaveringlar, faqat suvga kirmanglar, suv sekundiga olti metr tezlikda oqadi, tushsanglar, oqizib, toshlarga urib, mayib qilishi mumkin, – dedi.

Olti yuz metrcha pastlikka, soy boʻyiga, butalarni ushlab, tushib bordik.

Bu tomonda oʻsgan gullardan bir-ikkita guldasta yasamoqchi boʻldim. Shu chogʻ qarshimda gulbarglari gulsafsarga oʻxshash, ammo uchi tik qip-qizil bir gulga koʻzim tushdi. Nihoyatda chiroyli, xuddi naqshin qadahga oʻxshaydi. Shartta borib bittasini uzgan edim, qoʻlim qizarib, pufaklanib, qavardi.

Keyin birdan havorang deysizmi, bir zangor – chiroyli gulni koʻrib qoldim. Bittagina ekan. Koʻzim qiymadi uzishga. Bu – shoirimiz Quddus Muhammadiy kuylagan boʻtakoʻz edi.

 

Mirzachoʻlning dalasida,

Bir gul koʻrdim – boʻtakoʻz.

Hamma gullar orasida

Hay-hay, goʻzal oʻta koʻz.

 

Boʻtakoʻzning yaproqlari

Shuʼla tushib yarqirar,

Nozikkina shildirab

Bolarisin chaqirar.

 

Men bu sheʼrga asoslanib, boʻtakoʻz faqat Mirzachoʻlda oʻsadi, deb oʻylar edim. Yoʻq, u Pomir-Oloy togʻlarining tepasigacha chiqib olibdi. Ammo bu yerda hozir bittagina tupini koʻrdim. Balki, boshqa togʻ yonbagʻirlarida yana bordir. Quyuq kipriklar bilan oʻralgan dumaloq koʻzli boʻtakoʻz chindan ham boʻtaloqning koʻziga oʻxshaydi. Faqat tuyalarning koʻzi moviy boʻladimi, yoʻqmi – shunisini aniq bilmas ekanman. Ammo butun goʻzalligini koʻz-koʻz qilib, tirnoqcha ham zorlanmay, dovyuraklik bilan bu togʻlarda magʻrur qad rostlab turishi odamni mast qilar edi.

Xorazm tepaliklariga oʻxshagan usti kungurador, dumaloq sariq sallasimon chiroyli gullarni ham koʻrdim. Shu gullardan ikkita guldasta yasab oldim.

Soʻngra soyning bir chetiga tushib, suvga bir shoʻngʻib olmoqchi boʻldim. Qirgʻoqdagi toshni ushlagancha, oyogʻimning bir uchini suvga tekkizganimni bilaman, suv toʻpigʻimga shunday zarb bilan urdiki, naq butun gavdam soyga uchib tushguday boʻldi. Oyogʻimni bir soniyada arang tortib ulgurdim. Chindan ham bu soy bilan hazillashib boʻlmas edi. Rangim oʻchib, bir zumda kiyinib oldim. Tepaga qaytib chiqqanda instruktor Slavadan gullarning nomini surishtirdim.

– Qoʻlingni qizartirgan u qizil gulni biz “Zvyozdochka” deymiz, oʻzbekchada qanday boʻlishini bilmayman. Mana bu sariq gullar esa “Bessmertnik”, hech soʻlimaydi, necha oylab shundoq turaveradi, bir necha oydan keyin qattiq holga kelib quriydi, – dedi.

Men ilgari kitoblarning birida “Bessmertnik” degan gul oʻzbekchada “Hamishabahor” deb atalishini oʻqigandim, lekin oʻzini koʻrmagandim, endi ikki dastasi, mana, qoʻlimda.

Ertasidan oʻquv mashgʻulotlari boshlandi. Darslar faqat rus tilida oʻtilardi. Toqqa shundoq kelib, chiqib ketavermas ekansiz. Alpinistlik ham murakkab bir ilm ekan. Katta-katta, oʻttiz-qirq bosma taboq keladigan darsliklari borki, qoʻyaverasiz. Ularning hammasi rus tilida, ammo ulardagi maʼlumotlar uncha-muncha jugʻrofik kitoblarda uchramaydi.

Pomir-Oloy deb qoʻshma ot olgan bu togʻlar Fargʻona vodiysining janubida boʻlib, Hisor-Oloy, Pomir, Qirgʻiz-Turk tizmalaridan tarkib topgan. Hisor-Oloy tizmalari oʻz navbatida Oloy, Turkiston, Zarafshon, Qorategin tizmalariga boʻlinadi. Yana janubi-gʻarbida Jilontogʻ, Sarsarak, Teraklitogʻ, Qoratogʻ, Oqtogʻ ham bor.

Hayvonot dunyosiga kelsak, arxar, ayiq, uzun dumli sugʻur, yovvoyi quyon, kaklik, qirgʻovul, bedana, toʻrgʻay kabilar koʻp, deyilgan. Biroq biz hali ularni koʻrganimiz yoʻq. Men faqat bir marta, quyosh charaqlagan kun teparoqdagi bir xarsang ustida qoʻngan toʻrgʻayni koʻrdim. U qoʻngan joyida bir pas atrofga alanglab turdi-da, sayrashga tushdi. Soʻng birdan yigirma metrga yuqoriga koʻtarildi-da, muallaq pirillab turgancha sayrashni davom ettirdi. Nimani kuylarkin, deb oʻyladim. Atrofga olazarak boʻlishlariga qaraganda, bu yerlarning goʻzalligini ichiga sigʻdirolmayotganga oʻxshardi. Ha, albatta! Oʻz yurtini, uning betakror goʻzal tabiatini kuylaydi-da! Boshqa nimani kuylardi bunday zavq bilan!

Biz bu alpinist kitoblarining har birini oʻqib chiqib, rus tilida rosmana imtihon topshirishimiz kerak. Har oʻn-oʻn besh kishiga bir murabbiy dars oʻtadi.

Bizning har birimizga bolta bilan chopsa ham, arra bilan kessa ham uzilmaydigan ipak arqonlar berishgan, yigirma metrdan. Ularni chiroyli qilib oʻrab, yelkaga osib yurasiz. Oʻrashning oʻzi bir ilm. Arqonlarni bir-biriga ulash ham bir ilm: “toʻquvchilar bogʻi” (“tkatskiy uzel”) degani bor. Agar oʻsha usul bilan bogʻlamasangiz, bir-biriga bogʻlangan ipak arqon sirgʻalib yechilib ketadi.

Qoʻlimizga “ledorub” (“muzoʻyar”) degan ikkiyoqlama tesha berishganki, bir yogʻi bizning oʻzbekcha poyteshaga oʻxshaydi, ikkinchi yogʻi toʻmtoq, u bilan tikka-tik togʻ chiqib qolsa, togʻning yonboshlaridan biron kerakli joyni oʻyasiz, yo urib sindirasiz va oʻzingizga oyoq bosish uchun joy hozirlaysiz. Ledorubning oʻrtasidan oʻtkazilgan sopi ham metalldan. Uzunligi bizning poyteshadan kaltaroq, lekin qoʻlteshadan ikki baravar uzun.

Yana har birimizga uchi nayzador uzun tayoq-hassa ham berishdiki, uning oti “alpenshtok” ekan. Alpenshtok eng chidamli zarang yogʻochidan yasalishi kerak. Chunki u xatarli daqiqalarda sinib ketsa, bu – alpinistning oʻlimi degan gap. Umuman, ledorub bilan alpenshtok har damda sportchiga asqotadigan, alpinistlar orasida jon bahosidagi, juda ajoyib narsa. Oʻyish, teshish, kesishlari-ku, koʻrinib turgan xususiyatlari, ammo yana bir muhim jihati shundaki, tasodifan togʻdan yiqilsangiz, bir qoʻl bilan alpenshtokning boʻynidan, ikkinchi qoʻl bilan hassa tomonidan ushlab yerga tirasangiz, yiqilishingizni toʻxtatib qola oladi. Oddiy kunlarda esa undan hassa sifatida ham foydalanasiz.

Alpinistlar yana boshqa bir arqonda egilgan barmoqqa oʻxshash poʻlat ilmoq ham olib yurishlari kerakki, u ilgakni yuqoridagi toshga otib ilintirib, soʻng shu arqonga osilib, yuqoriga koʻtarilishadi.

Alpinistlarga yana bir tomoni besh tiyinlik tangadek teshilgan temir halqa boʻlaklari va bolgʻa ham berishgan. Agar qarshingizda biron-bir tik togʻ chiqib qolsa, choʻqqiga yurib chiqadigan bironta ham soʻqmoq boʻlmasa, siz oʻsha temirni togʻ toshining darz ketgan biron yeriga bolgʻa bilan qoqasiz, teshigidan arqon oʻtkazib, oʻzingiz oʻsha arqonga oʻtirib, arqonning ikkinchi tomonidan tortib oʻzingizni oʻzingiz yuqoriga koʻtarasiz.

– Temir halqa odamni koʻtarolmay, darz joydan chiqib ketmaydimi? – deb soʻradim murabbiydan.

– Hech qachon! – dedi murabbiy. – U halqalarni joyidan chiqarib olish uchun katta gurzi kerak. Sizning bolgʻalaringiz bilan ham bir amallab urib chiqarsa boʻladi, ammo bunga ancha urinish, kuch kerak. Bu halqa va undan oʻtkazilgan ipak arqonlar sizdan besh baravar ogʻir boʻlgan ayiqlarni ham koʻtara oladi.

Murabbiy darsini davom ettirdi:

– Siz yarim metr yuqoriga koʻtarilgandan keyin, tepangizdan yana bir temir parchasini toshga qoqib, teshigidan arqonni oʻtkazib, avvalgi harakatingizni takrorlaysiz. Yana bir muhim jihat shundaki, hamma alpinistlar bir-biriga bogʻlangan boʻladilar. Keyingilar oldingilar qoqqan halqalardan foydalanadilar. Shu tariqa yarim metr-yarim metrlab, asta-sekin butun oloy yuqoriga koʻtariladi. Bu katta uquv, mahorat va kuch talab qiladi, – deya darsini tugatadi murabbiy.

– Biz bu yerga dam olgani kelganmizmi yo oʻqiganimi? – deydi sal ogʻrinib Muazzam Saidova.

– Dam olish har xil boʻladi: aktiv (faol) dam olish va passiv (zaifona) dam olish. Bu togʻlarda yuksaklarga chiqishni oʻrganish, malaka orttirish, intilish va doim harakatda boʻlish – aktiv dam olish hisoblanadi. Faqat yeb-ichish, yotish, maqsadsiz yoki shunchaki atrofni kuzatib yurish – passiv dam olishdir. Choʻqqilarga chiqishni xohlamaganlar lagerda yotaverishlari ham mumkin. Bu yerda hech kim hech kimni hech nimaga majbur qilmaydi, – dedi murabbiy.

Keyingi kunlarda biz soylardan, tangilardan oʻtish, yuksakka koʻtarilish va pastga tushish qonun-qoidalarini oʻrgandik. Birlikning, xotirjamlikning ahamiyatini angladik. Kechalar oydin edi. Kiyimlarimizga oʻranib, tashqariga chiqib oʻtirardik. Muazzam rus dugonalari bilan kelardi. Gurunglashardik. Koʻpincha Muazzamga qoʻshiq ayttirardik. Men, ayniqsa, Muqimiy gʻazali bilan aytiladigan “Chaman yalla” ashulasini yaxshi koʻrardim.

 

Koʻngulni gʻuncha yangligʻ tah-batah qon aylading-ketding,

Xaloyiq ichra maʼyusu parishon aylading-ketding…

 

Bu oydin kechada togʻlar qurshovida tiniq havolarda ashula shunday yangrardiki, uzoq-uzoqlarda bizni yana kimlardir tinglayotgandey tuyulardi. Rus qizlarimiz biroz oʻtirgach, zerikib, ketib qolishardi.

Biz qizlarimiz turib ketganiga parvo qilmay, “oʻz konsertimiz”ni davom ettirardik.

 

Qizil gulni tagida, chaman-an ichra,

Bulbul chah-chah kuylaydi chaman-an ichra.

 

Yuragim jigʻillaydi chaman ichra, bogʻ ichra-a,

Yor kelganga oʻxshaydi chaman-an ichra.

 

Qizil gullar ichida, chaman-an ichra,

Yor, seni koʻrib qoldim, chaman-an ichra.

 

Koʻrmasam boʻlar ekan, chaman ichra, bogʻ ichra-a,

Ishqingda kuyib qoldim, chaman-an ichra.

 

Muazzamning ovozi shunday tovlanar, tebranardiki, biz uning ezilayotgan qalbiga qanday bir yupanch berishni bilmasdik. Biz uch ogʻayni Muazzam opaning Neʼmat Yoqubovda koʻngli borligini sezar edik. Yoqubov oʻzi ham buni ozmi-koʻpmi payqar edi, nazarimda, ammo bilmaganlikka olardi, shekilli. Men zora ozgina boʻlsa-da, qoʻshiq bilan xumordan chiqsa, deb oʻylardim.

Oydin tunlarning birida doʻstlarim uyquga ketganda yolgʻiz oʻzim tashqariga chiqdim. Oy odamga shu qadar yaqin kelishini koʻrmagandim. Bundan chiroyliroq manzara bormikin olamda? “Kitob oʻqisa boʻlarmikin?” Bu yerga kelishdan bir-ikki kun oldin magazindan bir kitob olgandim, bir rus adibasining “Birinchi muhabbat” nomli kitobi… Palatkadan olib chiqdim. Bemalol oʻqisa boʻlarkan. Boʻyi bir qarich keladigan, qalinligi bir boʻgʻim, bir yuz sakson sahifali kitobni oydinda oʻqib bitkazdim.

Murabbiy har kuni alpinistlikning turli-turli xususiyatlarini uqtirar edi:

– Bu yerda tabiat intizomsizlikni qabul qilmaydi. Dunyoda ikki kasb bor: sapyorlik va alpinistlik. Sapyor adashsa, oʻzi portlab ketadi, alpinist adashsa, togʻdan yiqilib oʻladi.

– Togʻ ishqibozlari uch xil boʻladi: yakka-yolgʻiz ishqibozlar, ikki-uch, toʻrt-besh kishilik ishqibozlar va biznikidek, oloy alpinistlar.

– Siz, oʻzbeklarda bir chiroyli maqol bor: “Holva degan bilan ogʻiz chuchimas”. Togʻlarga ishqiboz boʻlgan bilan choʻqqilarni egallay olmaysiz. Buning uchun odam chiniqqan va uquvli boʻlishi, kerakli jihozlarni farqlay olishi va ularni ishlata bilishi kerak. Kerakli toshning ogʻiri yoʻq, shundaymi?

Toqqa chiqish oldidan oʻquv mashgʻulotlari oʻn kun davom etdi. Shundan ikki kuni imtihonlarga sarflandi. Keyin toqqa chiqish uchun amaliy tayyorgarliklar boshlandi.

Har birimizga ogʻir-katta va pishiq botinkalar berildiki, ularning tagida tish emas, ikki santimetrli nayza mixlar bor. Biz bu botinkalarni moylab oldik va oyoqqa kiyib, yurib koʻrdik. Nihoyat, hamma arqon bilan bir-biriga bogʻlanib, yelkada ogʻir ryukzaklar, ledorublar, qoʻlda alpenshtoklar bilan bir qator boʻldik. Ana undan keyin goh togʻ yonbagʻrining soya, qorli tomonlaridan, goh oftobli, yeri shagʻal yo toshloq soʻqmoqlaridan, yo umuman hech qanday yoʻl tushmagan taraflaridan ketdik. Kun yarimlaganda oʻtirib, arqonlarimizni bir-birimizdan uzar, togʻ yonboshining bir tarafini qizlarga, bir tarafini yigitlarga deb eʼlon qilgach, oʻtirib, dam olib, tamaddi qilar, soʻngra yana yoʻlga tushardik. Jilgʻalar, irmoqlar, chashmalar yonida toʻxtar, egilib, muzday suvlarida yuz-qoʻllarimizni chayar, tomogʻi ogʻrishidan qoʻrqmaganlar ichib, xumoridan chiqar edi.

Men shu safar kunlarida togʻlar har xil shaklda boʻlishini oʻrgandim: baʼzilari bir-biri bilan yonma-yon, bilmadim, qayergacha choʻzilib borardi. Baʼzilari “e” harfining belbogʻiga oʻxshagan – ikki togʻning oʻrtasidan boshlanib, oyogʻi daraning allaqayerida pastlarda tugaydi. Baʼzilari patsimon, boshqalari shoxsimon, baʼzilari tik choʻqqiga oʻrlab ketgan…

Yoz chillasi boʻlishiga qaramay, Oloy tizmalarida kechalar juda sovuq, yoʻlda shoshilinch tiklangan palatkalardan hech kim boshini chiqarmaydi. Ammo kunduzlari marshda ketayotganimiz uchunmi, yo chindan ham havo isib qoladimi, hech kim sovqotmaydi.

Slava degan bir yosh murabbiyimiz bor. Juda qiziqchi (murabbiylar bir-biriga bogʻlangan qatorning yonida ahvolni kuzatib borishadi), hammani kuldirib, oʻzbekcha raqsga ham tushadi, faqat “Nay-num, na-na-num” deyish oʻrniga, “Onay-na-nay-num”, deydi. Soʻkinyaptimi, oʻyinimizni masxara qilyaptimi, desangiz, yoʻq, berilib raqsga tushadi, hatto qizlarga muqom qilib ham qoʻyadi.

Odatda, kech tusha boshlashi bilan toʻxtab, palatkalar qurishga kirishiladi. Palatkalarning toʻrtta uchida arqonlar boʻladi, u arqonlar balandroq tirgovichlar bilan koʻtarilib, uchi uzoqqa qoqilgan qoziqlarga tortib bogʻlanadi. Qarabsizki, boshpana tayyor, kirib dam olaverasiz. Oʻrin-qopni tizillatib ochasiz-u, pinakka ketasiz. Uyquga toʻyib, tiniqib, oʻrningizdan turganingizda, quyosh manglayingizni silab, nurlari bilan sizni erkalatadi. Ana endi asfaltsiz, soʻqmoqsiz, balki, hech qachon inson zotining oyogʻi tegmagan katta toshlarni bigizli botinkalaringiz bilan gʻijirlata-gʻijirlata yuqoriga oʻrlaysiz.

Tegrangizni kuzatsangiz, dunyoda bundan-da xushmanzara yerlar borligiga ishongingiz kelmaydi. Qani, men rassom boʻlsam-u, shu manzaralarni chiza olsam, degan xayolga ham borasiz. Bir mahal osmondan bir talay qushlar galasi yerga tusha solib chah-chahlay boshladi: bu qushlar bozorimidi, yo qushlar toʻyimi, bilmadim. Balki oddiy odatlari, ota-bobolari, ajdod-ajdodlaridan qolgan udumlaridir. Yap-yalang oyoqlari yerdan koʻtarilganda, tirnoqlari toshlarning ustida turli chiziqlar shaklini qoldirganini koʻrasiz.

Aytdim-ku, bu yerlarda bir kunda toʻrt faslning belgilarini koʻrasiz deb… Bir yerda qoqioʻtlarning oʻz momaqaymoqlarini koʻkka ufurayotganini koʻrsangiz, bir yerda moychechaklar va yo yellarda raqs tushayotgan chakanda chechaklarini koʻrasiz. Birda boʻylari boʻyingizday keladigan oʻtloqlardan oʻtsangiz, birda oxiri koʻrinmagan tap-taqir toshloq ustiga toshloqlarni koʻrib ajablanasiz.

Yoʻq, hech neki boʻlmasin, bu Oloy tizmalari butun goʻzalliklarning eng choʻqqisi, degan xayolga kelasiz. Bu ignabargli archalar bilan yasangan yonbagʻirlar, yam-yashil birqut oʻtloqlari dengizday chayqalayotgan dovonlar, koʻzlarni maftun etayotgan cheksiz, tuganmas jozibalar… Bularning oldiga tushadigan bir nimalar bormi olamda?

Qushlar-chi, qushlar, voh bu qushlar! Ularning sayroqlari, ularning parvozlari, sirgʻalishlari, goh olgʻa, goh orqaga burilib, turli akrobat oʻyinlarini koʻrsatishlari, bir-birlarini quvishlari, muvoziy bir tarzda bir tarafga uchishlari, birdan pastga shoʻngʻishlari – bularning hammasini koʻrish, kuzatish qanday maza, qanday quvonarli!

Bir kuni bizning oldimizga lagerning boshligʻi hol soʻragani keldi: koʻrishish uchun uzatgan kafti Mirzachoʻlday kelardi, mening kichkina qoʻlim uning qoʻlida nom-nishonsiz yoʻq boʻlib ketdi.

– Ahvollar qalay? – soʻradi u.

– Yaxshi, juda yaxshi, – dedim.

Gavdasi ham naq Alpomishday. Salmoqlab, jilmayib gapirardi. Bizdan uzoqlashganda havas bilan orqasidan qarab qoldik. Alpinizm boʻyicha sport ustasi, bugina emas, mamlakatda xizmat koʻrsatgan sport ustasi ekan. Biz ham unga oʻxshagan sogʻlom, pahlavon sport ustasi boʻlishni orzu qildik.

Xullas, belgilangan kunda moʻljallangan eng yuksak choʻqqini egalladik. U dengiz sathidan 7495 metr balandlikda ekan. Biz eng avval alpinistlarning udumlaridan birini ado etdik. Choʻqqidagi katta xarsang tagini kavlab, sopol quvurcha topdik. Uni ochib, bu choʻqqiga bizdan oldin chiqqan odamlar va jamoalarning ism-sharifini oʻqib chiqdik va uni yana oʻz joyiga koʻmib qoʻydik. Soʻngra oʻz ism-shariflarimizni bir qogʻozga roʻyxat qilib yozdik, hamma murabbiylar va lager boshligʻi imzolashgandan soʻng, ingichka qilib bir qogʻozga oʻradik va uni bir shishaga soldik, shishani suv oʻtmaydigan qalin lattaga oʻrab, bir tugunchak holida toshlar tagidan joy olib, koʻmib qoʻydik. Ana undan keyin “ura!” aytib, quchoqlashib raqslarga tushdik, bir soat xursandchilik bilan oʻz-oʻzimizni ziyofat qilib boʻlgach, pastga tushishga qulay joyni tanladik. Bu quyosh tushmagan taraf boʻlib, ikki togʻ oraligʻi edi, bu yoqlarda qalin qorlar erimay, togʻ yonbagʻirlariga oq choyshab toʻshalganday, qor odamning koʻzini jimirlatar edi.

Uchov, toʻrtov, beshov boʻlib, ryukzaklarimizni chanaday minib, pastlikka sirgʻala boshladik. Ammo Sobit aka hech kim qilmaganini qilmasa Sobit aka boʻlmasdi-da! U oyogʻini tepaga, boshini jarlikka qaratgancha ryukzakni boshiga yostiq qilib quyiga sirgʻala ketdi. Yonida instruktor Slava:

– Hozir oʻlasan, boshing toshga urilib oʻlasan! – degancha katta-katta Gerkules qadamlar bilan sakrab-sakrab sirgʻalib borardi.

– Tepada koʻrganman, yoʻlimizda tosh yoʻq! – deb qichqirardi Sobit aka.

Hamma, shu jumladan, Sobit aka ham jarlikka eson-omon tushib, oʻrnidan turdi.

Lagerdan choʻqqigacha yetti kun koʻtarilgan boʻlsak, lagerga ikki kunda yetib keldik. Keyin oʻyin-kulgi, tantanalar boshlandi. Koʻpchilik qatori biz – toʻrt ogʻayni “Mamlakatning birinchi bosqich alpinisti” degan nishoncha va uning hujjatini oldik. Tabiiyki, safarga chiqmagani uchun Muazzam Saidovaga bunday mukofot berilmadi.

Safar oldidan esdalik uchun bir suratga tushgandik, bu xursandchilik kunlari ham shunday qildik. Kechqurun gulxanlar yoqib, uzoq-uzoq gurunglashdik.

– Uyni juda sogʻindim, – dedi Sobit aka. – Toʻgʻri, bu yerlar ham mening Vatanim. Qaysi togʻning otini soʻrasang, qadim turkiy… Faxrlanaman, gʻururlanaman… Faqat uy boshqacha narsa-da… Boʻlmasa, bor-yoʻgʻi kaftday bir hovli… Ikki sotix… Gugurt qutisiday uylar… Shuning nimasini sogʻinasan? Bilmayman. Singlim Muhabbat, oʻn sakkizga kirdi, boʻyi yetib qoldi, oʻzini oʻzi eplaydi, Zohidni asrab-avaylash ham qoʻlidan keladi. Faqat sal nozikroq, kasalga moyil… Men ota oʻrnidaman, unga yuragim achiydi… – deya koʻzyoshlarini tez artib-artib oldi. Keyin Slavaning raqsini takrorladi: “Onay-na-nay-nam, onay-na-nam…”

Qoʻllarimiz bir-birimizning yelkamizda, rosa sakrab-sakrab oʻynadik…

Yigirmanchi avgustda Toshkentga keldik. Oʻn kundan keyin oʻqishlar boshlandi.

Yosh domlamiz Laziz Qayumov mening koʻksimdagi nishonchani koʻrib:

– Oʻh-hoʻ, qutlugʻ boʻlsin, alpinist boʻlib ketibsiz-da! Shu nishonchani taqish uchun ukraincha jujun koʻylakni ham teshibsiz… – dedi sal askiyanamo kulib. – Oʻqishlar nima boʻladi endi?

– Oʻqishlar ham shunday boʻladi. Alpinistlik ham… Kelasi yil yozda “ikkinchi bosqich”, undan keyingi yili “uchinchi bosqich”, keyingi yillar bir-ikki normativ talablarni bajarib, universitetni imtiyozli diplom bilan bitirgan yilimiz alpinizmdan sport ustasi ham boʻlamiz.

– Yaxshi, yaxshi, orzularingiz ushalsin, – dedi domlamiz.

Ammo biz, toʻrt ogʻayni chuchvarani xom sanagan ekanmiz, kelasi yil ham, undan keyin ham alplager yoʻllanmalarini ololmadik. Alpinistik yoʻllanmalar mahalliy aholi vakillari uchun cheklangan ekan. Bu yer Oʻzbekiston boʻlsa, nega endi yoʻllanmalar biz uchun cheklangan? Oʻsha lagerga borgan yuz kishining toʻqson nafari oʻzbekistonlik boʻlishi kerak emasmidi, deb soʻragim keldi oʻshanda kimdandir. Kim boʻlishidan qatʼi nazar…

 

Miraziz AʼZAM

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

 


[1] Xoʻsh, Sasha, tayyormisan? Oʻrtoqlar kelishdi.

[2] Biz Pomir-Oloy togʻlariga keldik.

https://saviya.uz/ijod/nasr/yolyozmalar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x