Yoʻldosh Sulaymon (1935–2003)

Yoʻldosh Sulaymon 1935 yili Qoʻqonning Oydinbuloq qishlogʻida tavallud topgan. Oʻrta maktabni bitirgach, maʼlum muddat oʻzi oʻqigan maktabda muallimlik qilgan. 1960 yilda Fargʻona davlat pedagogika institutini tugatib, maktabda, madaniyat oʻchoqlarida, gazetalarda turli lavozimlarda ishladi. U Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Fargʻona viloyati boʻlimini boshqardi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari vazifasida faoliyat koʻrsatdi.

Yoʻldosh Sulaymon adabiyotimizning qutlugʻ dargohiga bolalar shoiri sifatida kirib kelgan edi. Uning “Biz sayohatchilarmiz”, “Hamma havas qiladi”, “Rahima-chi, vahimachi” kabi sheʼriy toʻplamlari begʻubor bolalik, begʻaraz doʻstlik, samimiylik, tabiatga mehr-muhabbat tuygʻulari bilan toʻlib-toshgandir.

Yoʻldosh Sulaymon ocherknavis va hikoyanavis sifatida ham barakali ijod qildi. Uning “Katta yoʻlga chiqquncha” (1967), “Daʼvatingni eshityapman, hayot” (1971) kabi ocherklari va “Boqiy umr” hujjatli qissasi badiiy puxtaligi, hayotiyligi, ehtirosli his-tuygʻularga boyligi bilan ajralib turadi. Adibning “Sen mening quyoshimsan” nomli ocherklar toʻplamiga kirgan asarlari shu jihatdan, ayniqsa, eʼtiborlidir. Ular shoirning asrlar mobaynida suv, erk, yer, vatan uchun kurashgan xalq haqidagi samimiy tuygʻulari kitobxon qalbiga chiroq tutadi.

Yoʻldosh Sulaymonning “Subhidam” (1973), “Vafo” (1979) romanlari yozuvchi ijodida sezilarli iz qoldirdi. Har ikki asarda xalqimizning XX asr boshlaridagi hayoti qalamga olingan. Xususan, “Subhidam” romanida voqealar ancha murakkab, syujet chizigʻi ham shunga yarasha jiddiy. Unda ikki sevishgan yoshning ruhiy dramasi 20-yillardagi siyosiy-ijtimoiy kurashlar fonida tasvirlangan. Asarning bosh qahramoni Qoʻldoshali oʻz sevgilisi Saodatni yoʻqotib qoʻyadi. Qoʻldoshalining dushmanlari esa uni “Saodat boy otasi bilan xorijga oʻtib ketgan” deb aldashadi. Qoʻldoshali ham sevikli yorining dardida Afgʻonistonga oʻtib ketib, musofirlik azob-uqubatlariga giriftor boʻladi.

Yoʻldosh Sulaymon mustaqillik yillarida yana ham samarali ijod qilib, bir qator asarlar yaratdi. “Qoʻqonnoma” (1992), “Margʻilonnoma” (1994), “Gulnoma” (1994), “Fargʻonanoma” (1995) shular jumlasidandir. Adib bulardan tashqari, “Shahrizod boʻl bir kecha” (1993), “Fargʻonaning quliman” (1997) kabi sheʼriy toʻplamlar, “Hirotga sayohat” (1996) kabi bolalarga bagʻishlangan sheʼriy guldasta, “Jalada qolgan gul” (1997) kabi hujjatli qissa yaratdi. Mazkur qissada oʻzbek ayoli Tojixon Shodiyevaning ayanchli taqdiri qalamga olinadi. Yoʻldosh Sulaymon “Armon” (1998) nomli soʻnggi romanida vodiy aholisining urush arafasidagi hayoti, kayfiyati, holati, taʼbir joiz boʻlsa, maʼnaviy-axloqiy qiyofasini tasvirlashga harakat qilgan.

Yoʻldosh Sulaymonov 1997 yilda samarali ijodiy faoliyati uchun “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/yoldosh-sulaymon-1935-2003/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x