Dala yoʻl. Qarshimda toʻlishgan bogʻlar,
Poyida ariqlar kuylaydi qoʻshiq.
Tuygʻular koʻnglimga par qanot bogʻlar,
Borliq ham men kabi xayolchan oshiq.
Yoʻlimga shabboda chiqadi peshvoz,
Kelar-da, boʻynimga qoʻlin tashlaydi.
Koʻksimga bosh qoʻyib jim turar bir oz,
Soʻng yuzu koʻzimni silay boshlaydi.
Toshdayman, qimir ham etmayman, faqat
Entikib-entikib olaman nafas.
Tamom asir etar bu oniy fursat,
Koʻnglimni qitiqlar hayajon, havas.
Moviylashib borar tobora osmon,
Kattayar dunyoning boʻyi va eni.
Yashil tomirlarda koʻpiradi qon,
Soʻng oʻylay boshlayman negadir seni.
Orif Tolib
2011
https://saviya.uz/ijod/nazm/yolda/