Yoʻl iztiroblari

Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligi oldidan

 

Mazkur maqolani qabul qilib, nashrga tayyorlashni rejalashtirayotgan chogʻimiz Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri, jurnalimizning birinchi bosh muharriri Erkin Vohidov hali hayot edi. Maqola ustozga xushkayfiyat bagʻishlaydi, ozgina boʻlsa-da sogʻligʻi yaxshilanishiga sabab boʻladi, degan umidimiz bor edi. Ming afsuski, qazo oʻz hukmini bajardi. Dogʻda qoldik. Maqolani juzʼiy tahrir bilan eʼtiboringizga havola qilyapmiz. Ogʻriqli joyi shundaki, qayta tahrir jarayonida baʼzi oʻrinlardagi hozirgi zamon feʼlini “edi” deb oʻtgan zamonga oʻgirarkanmiz, qogʻoz emas, qalbimiz tirnalganday boʻldi. Taskin shundaki, oʻlmas asarlari bilan ustoz Erkin Vohidov  hamisha barhayotdir…

Tahririyat

 

Ijodkorlarning adabiyot dargohiga kirib kelishi har xil kechadi. Lekin ayrim talant sohiblariga nisbatan “kirib kelish” degan ibora unchalik toʻgʻri emasday tuyuladi. Chunki ular kutilmaganda, “yarq” etib paydo boʻladilar. Kechagina junjikib turgan yuraklarga hamal quyoshidek yoqimli iliqlik baxsh etadilar. Inson qalbini xuddi amalga kirgan daraxtlarday uygʻotadilar, koʻngil novdalariga ezgulik mujdalarini tera boshlaydilar.

Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov ham XX asrning 60-yillarida oʻzbek adabiyotida shunday paydo boʻlgan edi. Shaxsga sigʻinish, qatagʻon dahshatlari, qattiq siyosiy nazoratning oqibatlari, qoʻrquvlari yuraklarni ezgʻilab turgan, adabiyot koʻngil emas, siyosat quroli boʻlib, tinchlik frontida ham jangovarlik koʻrsatayotgan bir paytda toza va samimiy yurak sozi, yurak ovozi taralgani chinakam quvonchli hol edi.

Shoirning oʻzi sheʼriyatga yangi avlodning kirib kelishi haqida fikr yuritib shunday yozgandi: “Elliginchi yillarda sheʼriyatga kirganlar ichida chinakam katta talant egasi boʻlgan shoirlar yoʻqmidi? Bor edi. Lekin elliginchi yillarda sheʼriyatda dabdaba va hamdu sano udum boʻlgan edi. Oʻsha yillarda adabiyotga kirgan shoirlarning koʻpchiligi ana shu udumni qabul qildilar, ilk qadamdan boshlab ana shu usulga oʻrgandilar, shunday shakllandilar. Soʻngra oltmishinchi yillarga kelib sheʼriyatdan madhiyabozlik chekinganda ularning koʻpchiligi yangi narsaga darrov moslasha olmadilar, sheʼriyatning bayrogʻini tantanaboz­lik xarobalarida tugʻilgan avlod qoʻlga oldi”[1].

Haqiqatan ham, har bir ijodkorning shakllanish davri uning keyingi taqdirini belgilaydi. Erkin Vohidov begʻubor bir koʻngilning goʻzal his-tuygʻulari bilan, ezgulikka tashna yurak bilan paydo boʻldi va shakllanishning sof va iztirobli yoʻlidan ogʻishmadi. Shoir sheʼriyati Vatan sarhadlaridan oshib oʻtgan milliy adabiyotimizning jahon miqyosi tarozisidagi ogʻir toshlaridan biri, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Shoirning 8 jildlik toʻla asarlar toʻplami kitob javonimizdan toʻlaligicha oʻrin olmoqda. “Bahor tarovati” nomli birinchi jild “Bagʻishlov” sheʼri bilan boshlanadi. Unda shoir butun ijodini avvalo umr kitobi, soʻng olis yoʻl sarhisobi deb biladi. Bu yoʻl ravon emasligini taʼkidlaydi. Ijod Ibtido va Intiho oraligʻidagi yoʻl iztirobidir, deydi. Oldinroq esa “Sheʼriyat” sheʼrida yozgandi:

 

Sen, ey sen, sheʼriyat, boʻlding

Ki qaydin oshino menga.

Keturding ham safo menga,

Yeturding ham jafo menga.

 

Yoniq jonlar aro jonlar

Qilur faryodu afgʻonlar.

Bu koʻksim ichra isyonlar

Bitilmish ibtido menga.

Shoir bosib oʻtgan hayot yoʻliga nazar tashlarkan, mustaqilligimizning ilk yilida shunday yozgan edi: “Unda koʻp oʻnqir-choʻnqirlar, yanglishlar, izlanish­lar bor. Negaki, boshimizdan kechirgan kunlarimizning oʻzi notekis, murakkab, xatolarga toʻla boʻlgan. Biz haq soʻzni aytish qiyin boʻlgan zamonda yashadik”[2]. Ha, haqiqatni aytish qiyin boʻlgan zamonda ijod qilish shoir uchun turgan-bitgani dard, iztirob. “Iztirobsiz yurak bormikin? – deydi taniqli adabiyotshunos Ibrohim Gʻofurov. – Achchiq haqiqatlarni kashf etuvchi yurak hech bir vaqt iztirobsiz boʻlarmikin? Agar iztirob boʻlmasa, shoirning haqiqatlari xalqning haqiqatlariga aylanarmikin? Erkin Vohidovning har bir sheʼrida bu savollarga javob bor. Ular hamma hollarda haqiqat izlayotgan orif siymoning zamondosh­lari osha kelajakka nidosi kabi eshitiladi”[3]. Haqiqatan ham, shoir asarlarini koʻzdan kechirarkanmiz, uning ijodi haqiqatni aytish, zamondoshlar dardini, inson va insoniyat muammosini koʻtarib chiqish iztiroblari bilan yuksala boshlaganini his qilamiz. Kichik soʻqmoq katta ijod yoʻliga, bu yoʻl esa badiiyatning yuksak togʻlariga tutashib ketganini anglaysiz. Shoirning ijod yoʻli, eʼtirof etilganidek, iztirob yoʻlidir. Lekin shoir yuragini har koʻyga solayotgan bu iztirobning oʻzagu tomirlari qayerda? Bu savolga “Ruhlar isyoni” dostonidan javob topganday boʻlamiz:

 

Har nechakim zoʻr isteʼdod,

Toshqin ilhom,

U nega,

Xalqing yotsa chekib faryod,

Yaramasang kuniga.

Shoir esang,

Shoir boʻlib

Nega kelding hayotga,

Eling yotsa dardga toʻlib,

Kelolmasang najotga?!

Shoʻro tizimi shoir yuragiga shunday iztirobni soldi. Lekin shoir oʻshanday zamonda ham qanday usul bilan boʻlmasin haqiqatni aytishga yoʻl topa bildi. Bu nafaqat mahorat, balki jasorat ham edi. Bu jasorat chin maʼnoda shoirning “Oʻzbegim” qasidasidan boshlangan desak asossiz boʻlmaydi. 1960 yillarning ikkinchi yarmida sheʼriyat inson qalb his-tuygʻularini kuylashga bir qadar oʻta olgan boʻlsa ham, lekin millat dardini kuylash, uni madh etib koʻklarga koʻtarish, oʻz xalqi va tarixi bilan faxrlanish tuygʻusini baralla ifoda etish hukmron siyosat chegarasini buzishday gap edi. Aksincha, shoʻro tuzumi bergan “baxtli hayot” madh qilingan zamonasoz sheʼrlar bayroq kabi davr siyosati shamolida hilpirab turardi. Qolaversa, shoir bungacha ham zamon zarbasini tatib koʻrgan edi. Bu uning “Kavkaz sheʼrlari” turkumidagi bir qator ijod namunalari, ayniqsa, “Fuzuliy haykali qoshida” sheʼri bilan bogʻliq. Sheʼr adabiy yigʻilishlarda ayovsiz tanqid qilinadi, siyosiy tuturuqsizlikda, yot gʻoyalarni targʻib qilishda ayblanadi:

 

Boku bogʻlariga choʻkmoqda oqshom,

Dengiz mavj uradi tovlanib zarhal.

Shoir yuragidan toshganda ilhom,

Yosh bilan quyilib keladi gʻazal.

 

“Bizlar, – deydi notiq, – yosh shoirni Kavkazga safarga yuborganimizda u Boku neftchilarining qahramonlik mehnatidan ilhom olib, koʻkka boʻy choʻzgan neft minoralari haqida zalvorli sheʼrlar yozar, deb oʻylagan edik. U allaqaysi shoirning koʻzyoshlarini sheʼrga solibdi. Partiya shoirlar oldiga ulkan vazifalar qoʻyib turganda, bunday ijod namunalarini yozish oʻtaketgan maʼsuliyatsizlikdir!” “Oʻshanda gulduros qarsaklar bilan qarshi olingan otashin bu nutq, – deb yozadi shoirning oʻzi, – Yozuvchilar uyushmasi devoridan kompartiya va komsomolning baland minbarlariga koʻtarildi… Yosh umidli shoir boʻlib yurgan yigit bir lahzada burjua gʻoyalarini tashuvchi unsurga aylanib qoldim. Mening iztirobli, alamli, ichki isyon bilan toʻlib-toshgan kunlarim boshlandi”[4].

“Oʻzbegim” qasidasi ana shunday kunlarning, oylarning, yillarning hali tugab ulgurmagan iztiroblari iskanjasida yozilgani aynan haqiqatdir. Yozuvchilar uyushmasining katta majlislar zalida ilk bor oʻqib berilgandayoq qoʻlyozma holida muxlislar qoʻliga oʻtib, tezda tarqalib ketdi. Soʻng “Guliston” jurnalida bosilgach, siyosiy toshlar otila boshlandi. Shoir qasida bilan bogʻliq ayanchli voqealarni eslab yozadi: “Yetmishinchi yillarning boshi edi. “Yoshlik devoni”ga kirgan qasida ustida gap-soʻzlar tinmagan, ish joyimdan pattam qoʻlimga tegib, toʻrt tomonim qibla boʻlgan payt. Bir kuni meni yuqori idoraning yuqori amaldori chaqirtirdi…

– Bu dargohda chuchmal gap boʻlmaydi. Sizni maslahatga chaqirganimiz yoʻq. Bu qatʼiy topshiriq, – deya amaldor koʻrsatkich barmoqlarini shiftga toʻgʻriladi. Xayrlashar ekan: – Mavzuni baytma-bayt aytib berdim. Qofiyasini oʻzingiz topasiz, – deb qoʻydi”[5].

Shoirning qayd qilishicha, topshiriq quyidagilardan iborat boʻlgan: sheʼrga yana toʻrt-besh bayt qoʻshish kerak. Oʻsha baytlarda, birinchidan, oʻzbek xalqi Oktyabr inqilobi tufayli baxt-saodat topganligi albatta aks etishi kerak. Soʻng ulugʻ dohiy taʼlimoti, kommunistik partiya gʻoyalari, “ulugʻ ogʻamiz”ning yordami, nihoyat, Kreml yulduzining shuʼlasi… Xullas, oʻsha rahbarning oʻzi aytganidek, shoirga faqat qofiya topish qolgan, xolos. “Ming shukr, – deydi shoir, – Yana shukrlarki, oʻsha zamonda yuksak topshiriqni ado etolmadim, “qofiyasini topolmadim”[6].

Oʻtgan asrning 70-yillarida Shoir ijodida zamin va zamon, inson va insoniyat, millat va erk masalasi jiddiylasha borgani seziladi. Nafaqat gʻoyaviy mazmun jihatidan, balki badiiy, hatto shakliy, uslubiy jihatdan ham izlanishlar samarasi muxlislar eʼtiborini tortdi. Ayniqsa, fikr-xulosaning umuminsoniy, umumbashariy qiyosga koʻtarilgani, falsafiy teranligi, oʻz xalqi va adabiyoti oldidagi shoirlik masʼuliyati oshgani yaqqol seziladi. Aynan shu yillarda shoir Nazrul Islom tilida oʻz-oʻzidan hisob soʻradi:

 

Shoir boʻlib elga bukun

Darkormisan, der menga.

Fidolikka xalqing uchun

Tayyormisan, der menga.

 

Bu shoirning oʻziga qoʻygan talabi edi. Davrning ijtimoiy masalalariga qoʻrqmay munosabat bildira olgani va uni yuksak badiiy shaklda aytgani – shoirning bu burch­­ni qanchalik teran idrok etganiga dalildir. Erkin Vohidovning “Tirik sayyoralar”, “Bizlar ishlayapmiz”, “Sen menga tegma”, “Ona tilim oʻlmaydi”, “Zamin sayyorasi” kabi sheʼrlari, “Ruhlar isyoni” dostoni 70-yillar oʻzbek sheʼriyatining eng sara ijod durdonalari sanaladi. Bular qatorida 1977 yili yozilgan “Arslon oʻrgatuvchi” sheʼri ham borki, unda aynan oʻsha davr mustamlakachilik siyosatining fojiasi, yaʼni inson va millat fojiasi yoritilgan. Mahorat, qolaversa, jasorat aytib boʻlmaydigan fikrni, hayot haqiqatini ham ayta olishga kuch va imkon beradi.  “Vankuver tomoshagohida” deb nomlangan sheʼr­ning mazmuni shunday: olov halqa charsillab yonib turibdi. Arslon oʻrgatuvchi qamchisini qarsillatib arslonni olov ichdan oʻtishga undaydi. Tomoshagoh larzaga keladi. Shunda yoldor yirtqich tilga kirib oʻz nafratini sochadi: “Ojiz odam! Bor, boshimda qamchi oʻynatma, gʻazabimni qoʻzgʻatma, haddingdan oshma. Nimta-nimta qilsam netarsan. Qarsak chalgan olomon ham najot berolmaydi. Ovora boʻlma, olovdan sakramas­man. Tutqin boʻlsam ham, men toʻqaylar shohiman. Cen esa oʻz holini bilmagan, shuhratga oʻch, pastkash bir macxarabozsan, xolos. Nomard taqdir meni senga asir qildi. Meni bandi qafas etgan dunyoga laʼnat. Sher zotini masxaraboz qoʻliga berib, mard ahvolidan rohat olganlar, laʼnat sizga, tomoshabin, gumroh bandalar!” deydi.

“Nodon dema. Men bilaman arslon qudratin, – deya arslon oʻrgatuvchi ham oʻz dardini toʻkib soladi. Arslonning gaplarini maʼqullaydi. – Lekin tiriklik menga qamchi, senga qafas berdi. Aslida, men ham sendek qulman. Menda-ku dard, isteʼdod, hech boʻlmasa, hayvonlarga shafqatu mehr bor. Biroq gʻazabnok xoʻjayinim doimo mening ham boshimda qamchi oʻynatib turadi. Holatimni tushun, aslida ikkimizning taqdirimiz bir. Na qilay, tirikligim shu xoʻja­yinning qoʻlida. Zulmi jonimdan oʻtib tursa ham, zinhor norozilik bildirolmayman, chunki birgina soʻz bilan faqat boshimga balo ortadi”.

Bu soʻzlarga arslon chidolmadi: “Boʻldi, bas qil! Yuragimni qon qilma, inson! Oʻt olsin bu charx-falakning rizqi roʻzini!..” deydi va olov chambarakka oʻzini otadi.

Bu oʻta jiddiy ijtimoiy sheʼr, achchiq haqiqat. Haqiqat boʻlganda ham oʻsha davrda aytib boʻlmaydigan haqiqat edi. Bu mustamlakachilik tizimining, siyosatining tarix sahnasidagi timsoliy koʻrinishidir. Shoir timsollar orqali ishora qilib zamon haqiqatini oʻsha davrdayoq ayta olgan edi.

 Erkin Vohidovning 80-yillarda yozgan bir qator sheʼrlarida jamiyat taraqqiyotiga toʻgʻanoq boʻlayotgan illatlarga qarshi fikrlari keskinlashdi. Masalan, “Xalq deputatlariga” sheʼrida yozadi:

 

Ertaga chiqqan chogʻ baland minbarga

Ayta olasizmi yurtning dardini?

Azaliy odatni qilasizmi yo?

Yalpi qoʻl koʻtarib kelasizmi yo?

Deputat nishonin taqqach koʻkrakka,

Quloq solib koʻring bir bor yurakka.

Ul yurak tubida el gʻamidin gʻam,

Dogʻidin koʻngilda dogʻingiz bormi?

 

Bundan tashqari, “Eski hammom, eski tos”, “Ajab ermas”, “Davlat ishi”, “Koʻrsatkich barmoq”, “Unter Prishibeev”, “Toʻra yigit”, “Bizdan keyin hech bir avlod qayta turmasin”, “Siyosiy saboq” kabi yana koʻplab sheʼrlari yurak amri bilan davrning ogʻriqli nuqtalarini nishonga ola bilgan xalqparvar shoir sifatida yana bir bor eʼtirof etilishiga asos boʻldi.

Erkin Vohidov –  koʻp qirrali ijodkor: u lirik shoir, bir qator dostonlar muallifi, dramaturg, “Donishqish­loq latifalari” turkumi bilan oʻzbek adabiyotiga Matmusa timsolini olib kirgan hajviyotchi, jahon adabiyoti durdonalarini oʻzbek tiliga oʻgirgan mohir tarjimon. Shunisi quvonarliki, uning har bir yoʻnalishdagi ijodida adabiyotimizda qad koʻtarib turgan yuksak choʻqqilar bor. Bu choʻqqilarni birlashtirib, uygʻunlikda koʻra olsakkina, shoirning adabiyot maydonidagi, millat oldidagi ulugʻvor salobatini his qila olamiz.

Agarchi ismim Erkin,

Erki yoʻq, bandi kishan boʻldim,

Koʻzim bogʻliq, dilim dogʻliq,

Tilim yoʻq, besuxan boʻldim…

Shukrkim, keldi istiqlol,

Umidim rost qil, Ollohim,

Ki, shoyad beqafas bulbul

Kabi sohib chaman boʻldim.

Mana, mustaqilligimizga ham chorak asr boʻlyapti. Shoirning bu davrdagi ijodi alohida bir mavzu. Chunki davr oʻzgarishi bilan shoir ijodi ham mavzu, fikr, gʻoya jihatidan yangilanishga yuz burdi. Butun millat dunyoqarashida ijobiy oʻzgarishlar yuz bergan davrda Erkin Vohidov chinakam Vatan farzandi sifatida ijod qildi, ijtimoiy hayotda ham faol ishtirok etdi. “Shoir uchun el nazaridan qolish – eng oliy jazo. Qolganini iztirob demasa ham boʻladi”[7], deb yozgandi muhtaram adibimiz. U kishi butun umr qutlugʻ saodatni his qilib yashadi – hamisha el nazarida, ehtiromida boʻldi.

 

Bahodir RAHMONOV

1960 yili tugʻilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ni tamomlagan. “Oʻzbek adabiy tanqidchiligi”, “Gʻarb adabiy-tanqidiy tafakkuri tarixi ocherklari” (hammualliflikda), “Muqaddasdir shoir degan nom”, “Oyga yaqin yulduzlar”, “Vafo qismati” kitoblari, koʻplab ilmiy maqolalari nashr etilgan.

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 6-sonidan olindi.



[1] Erkin Vohidov. Iztirob. Toshkent, “Oʻzbekiston” nashriyoti, 1992, 207-bet.

[2] Oʻsha manba. Muallifdan. 5-bet.

[3] Erkin Vohidov. Ishq savdosi. Saylanma. 1-jild, T., “Sharq”, 2000, Soʻzboshi, 6-bet.

[4]  Erkin Vohidov. Dil tubiga choʻkkan lahzalar. Toshkent, “Sharq” nashriyoti, 2013 yil, 15-16-betlar.

[5] Yuqoridagi kitob. 20-21-betlar.

[6] Yuqoridagi kitob. 22-bet.

[7] Erkin Vohidov. Iztirob. 165-bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yol-iztiroblari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x