Sogʻinch
Qish choʻzilib ketdi.
Zerikdim juda.
Sogʻindim koʻklamni, soʻlgʻindir ruhim.
Deraza yoniga
borib behuda
Qor sukunatiga tikilaman jim.
Chinorlar tek qotgan,
tik qotgan terak.
Archalar shoxini eggan oq zalvor.
Hovuzcha muz qotgan.
Menda muz yurak.
Ruhsiz shivirlayman: “Qaydasiz, bahor?..”
Bahor kelsin, kelsin,
ketgum togʻlarga,
Charchoq hayotimni ketgumdir tashlab.
Yuzlarimni yuvgum
oq buloqlarga,
Unda oʻtirmayman koʻzimni yoshlab.
Qish choʻzilib ketdi…
Gujum ostida
Gujum osti loysupa,
yozilgan guldor kigiz,
gurunglashar ustida
oʻtirishib bir toʻp qiz.
Orzular inja-inja,
koʻzlarda suvratlanar,
dil tubidagi soʻzlar
tillarda kurtaklanar.
Yonda paxsa devorlar,
ular osha tirmashib,
qovoqlar gullab yotar
oshiqlardek chirmashib.
Oftobning shuʼlalari
gullarida oʻynaydi,
qizlarning nigohlari
qarab-qarab toʻymaydi.
Faqat ular bittasi
qoʻshilmaydi gurungga,
qoʻlroʻmolcha tikadi
hech kim bilmaydi, kimga.
Nega gapirmaysan der,
buncha pismiq boʻlmasa,
hoy, qizlar qitiqlaymiz,
agar sirin aytmasa.
Shaddod qizlar, shoʻx qizlar,
qitiqlab ketar uni.
Pismiq qiz astagina
aytib qoʻyar sirini.
Gujum osti loysupa,
yozilgan guldor kigiz,
birdan jiddiy tortadi
oʻtirishgan gala qiz…
Samoviy
Samoviy jismlardan
saqlamoq boʻlib yerni,
Koʻkka qancha olimlar
tikmishdir nigohlarin.
O, balli, balli! Faqat
unutmasinlar, gohi –
er tomon ham qaratib
tursinlar nigohlarin…
Kimdan?
Kimdan vafo topdim,
doʻst-yorondanmi,
Yuragim oʻgʻrisi – yorimdanmi yo?
Bugʻdoy donidanmi
yo somonidanmi,
Bilmayman, oʻzing ayt, ey, makkor dunyo?..
Shafaq
Tovusning par-patlari,
Qirgʻovul qanotlari,
Yelpigʻich qat-qatlari,
Shom shafagʻida jam.
Qir-adir chechaklari,
Gulbogʻ kapalaklari,
Chashma ninachilari,
Shom shafagʻida jam.
Kuzgi zardolizorim,
Samarqandiy gulzorim,
Qontalash – yurak zorim,
Shom shafagʻida jam.
Togʻlar
Sahrolardan, bogʻlardan kechdim,
Burgut kabi balandlab uchdim,
Choʻqqilardan choʻqqiga koʻchdim,
O, bunchalar goʻzal bu togʻlar?!
Daralarga ochib keng quchoq,
Quchogʻida yayradim uzoq,
Koʻkida oy – chashma yarqiroq,
O, bunchalar goʻzal bu togʻlar?!
Havolarda ajib-ajib hol,
Naʼmataklar qoyada xushhol,
Ranglar zilol, ohanglar zilol,
O, bunchalar goʻzal bu togʻlar?!
Kakliklari bilan ellashdim,
Tugʻdonalar bilan tillashdim,
Andizlari bilan sirlashdim,
O, bunchalar goʻzal bu togʻlar?!
Buloqlarda yuvdim yuzimni,
Oydinlatdi xira koʻzimni,
Charaqlatdi tun, kunduzimni,
O, bunchalar goʻzal bu togʻlar?!
Yoz chillasi
Yelkador adirlar…
Qirqim qirlar… Dasht…
Oftoboʻt hovuri yoyilib oqar.
Toqqa borayapman,
otim yoyar toʻsh,
Yiroqlardan togʻlar jimirlab boqar.
Bari oldda hali…
Jizillovuqlar
“Jiz-z-jiz-z…”idan boshqa bunda yoʻq bir sas.
Jizgʻanak yotibdi
qoʻziquloqlar,
Toʻrgʻaylar tomogʻi bulkillar, xolos.
Toʻp-toʻp gulxayrilar
gulkosasida
Semiz govzanbirlar gʻimirlar… Uchar…
Yumronlar qaydandir
paydo gohida,
Xayolim chatnaydi: “Qaydan suv ichar?..”
Qirlarning toʻshida
suruv yotogʻi
Bir-birin pinjida qoʻylar, echkilar.
Bir shoxdor serkaning
goh qoʻngʻirogʻi
(Soʻna chaqdimikin) ilkis jiringlar.
Chu, jonvor, chanqama,
horima otim,
Ana, koʻrinmoqda tarvuz paykali.
Yoʻlbarstus tarvuzlar
dumalab yotar,
Yurakka oʻxsharkan ular barglari.
Oqquvray oʻralgan
chayla ichida,
Qaragil, kimlardir borga oʻxshaydi.
Otimni buraman.
bir cholu kampir
meni kutib olar… Sholcha toʻshaydi.
Tarvuz keltirishar…
Urunchoq kampir
choliga soʻying deb qiladi imo.
Bir ertak singari
gurung boshlanur,
Butkul unut erur ortdagi dunyo…
Yelkador adirlar…
Qirqim qirlar… Dasht…
Azim SUYUN
“Sharq yulduzi”, 2014–4
https://saviya.uz/ijod/nazm/yiroqlardan-toglar-jimirlab-boqar/