Oʻtdi umrim, voh darigʻ…
Qadimgi qoʻshiq
Hojimirsiroj avtobusda joy talashib bolalik bir xotin bilan aytishib qoldi. Bir maktab bola ham kelayotgan ekan, shu oraga tushdi-yu, yomon boʻldi. Bu qoqvosh “shu ishingiz notoʻgʻri” deyish bilan-ku, Hojining qorniga qoziq qoqqandek boʻlgan edi, yana “xoʻmraymang” degani nimasi?
Hoji birpas zaharini yutib turdi-da, bola avtobusdan tushib ketayotganida, sekin qoʻlini uzatib, qulogʻini ushladi va uch buklab turib qattiq qisdi; qisdi, jonining boricha qisdi! Bola, “quloqdan ayrildim” deb oʻylagan boʻlsa kerak, qoʻrqib darrov ushlab koʻrdi – yoʻq, quloq joyida. U avtobusdan tushib, lovullab turgan qulogʻini ushlaganicha Hojiga qaradi va bisotidagi eng ogʻir, eng dahshatli haqoratni ishlatdi, yaʼni “tarbiyasiz!” dedi.
Hoji huzur qilib oʻch olganidan, bolaning soʻkkani boshqa soʻz topolmaganidan xursand boʻlib, orqasiga suyandi va atrofiga nazar tashladi; qarasa, hamma, ayniqsa shofyorning orqasida kitob koʻrib oʻtirgan kishi oʻzini kulgidan zoʻrgʻa tiyib turganga oʻxshaydi. “Haromi, meni toza rasvo qilganga oʻxshaydi, – dedi oʻzicha. – Bu hozir kulib yuboradi, hozir kulmasa keyin, uyiga borib kuladi; bola-chaqasi bilan kuladi! Nega men u itvachchaning qulogʻini shartta uzib qoʻliga bermadim?”
Hojimirsiroj shoshib avtobusdan tushdi, bolaning ketidan ketdi. Bola hamon qulogʻini ushlab borar edi; bir orqasiga qarab Hojini koʻrdi-yu, jadallab muyulishdagi kattakon ikki qavatli binoga kirib ketdi. Hoji uni bu yerga qochib kirdi degan oʻyda eshikning oldida uzoq poylab oʻtirdi. Quyosh botdi hamki, bola chiqmadi. Hoji asta eshikni ochib kirdi. Bolani pastdan topolmay, oyogʻining uchida yurib ikkinchi qavatga chiqayetgan edi, kimdir zinaning ustidagi chirogʻini yoqib yubordi. Hoji bir choʻchib tushdi va yuqoriga qaradi. Yuqorida oʻziga maʼlum Orziqul turar edi. Hoji uni qayerdadir qorovullik qiladi deb eshitgan, lekin qayerda ekanini bilmas edi.
– Ye, ha, Orziqul, – dedi, – bu yerda nima qilib yuribsiz? Shu yerdamisiz?
– Ha, biz shu yerda, – dedi Orziqul, toʻnining yengini kiyib. – Oʻgʻlimizga shu yerdan joy tekkan. Siz nima qilib yuribsiz?
Hoji gangib qoldi. U, “Orziqulning oʻgʻli yaxshi yigit chiqdi, hozir bitta oʻzi oʻttiz ikkita mashinaga qarar emish” deb eshitgan, lekin uning shunday joyda turishini xayoliga ham keltirmagan edi.
– Shunaqami, – dedi Hoji boshqa soʻz topolmay, – bu joy oʻgʻlingizga tekkan ekan-da, men oʻzingizga tekkan deb eshitgan edim… Buyursin… Shunday oʻtib ketayotgan edim, esimga tushib qoldingiz, bir kiray dedim, Orziqul uyida boʻlsa, qulluq boʻlsin qilib chiqay…
– Juda soz boʻpti-da, Hojim! Koʻp yaxshi qilibsiz. Qani kirsinlar… Yoʻq, yoʻq, kavushni ichkariga yechadilar… Zab kelibsiz-da. Oʻzim ham sizni bir aytib kelaman, birpas gapirishib oʻtiramiz deb yurgan edim.
Orziqul bu gapni mehmonning koʻngliga boʻlib aytmadi, rostdan ham Hojimirsirojning bir kelishiga orzumand edi. Lekin, rostini aytganda, Hojini uyiga taklif qilishdan murodi birpas gapirishib oʻtirish emas, unga oʻz turmushini koʻrsatish edi. U, uy-joyini, maishatini koʻrsatish bi-lan maqtanmoqchi emas, chunki qoʻlga kirgizgan narsasi oʻz qadr-qimmatidan yuqori boʻlgan odam maqtanadi. U faqat haqiqatni aytmoqchi, “choʻloq choʻloqligidan, kambagʻal kam-bagʻalligidan norizo boʻlsa, xudoning qahri keladigan” zamonda xokisor boʻlgan odamlarning oʻt kechib, suv kechib olib borgan kurashlari natijasida turmushlari qanday oʻzgarganligini koʻrsatmoqchi, xolos. Orziqul bu haqiqatni koʻrsatish bilan taʼna qilmoqchi ham emas, chunki taʼna qilish – qattiq oʻpkalash degan soʻz. Hojidan nima deb oʻpkalaydi? “Shuncha yil sening zavodingda ishlab qornim ham toʻymadi, ochdan ham oʻlmadim; sen meni ot qatori koʻrar eding; toypaxtalar ostida qolib qovurgʻam singanda kasalimni mahalla boqqan” deb oʻpkalaydimi? Hoji shunday qilmasligi ke-rak emishmi? Zavod egasi-ya? Lekin Hoji oʻsha vaqtda shunday qilmasam boʻlar ekan, deb hozir aytishi mumkin va aytadi ham, chunki shu gap bilan birovning koʻnglini yumshatib bir piyola choyini ichadi.
Orziqul Hojini koridorning oxiridagi eshikka – oʻzining boʻlmasiga boshladi. Bu boʻlmada balkonga chiqiladigan eshikning tutqichiga ilingan allaqanday bir xaltadan boʻlak hamma narsa Hojining koʻziga qalbaki koʻrindi shekilli, butun jihozlarni alohida-alohida koʻzdan kechirdi, hatto devorlarni chertib koʻrdi.
Orziqulning kelini Tojixon kirdi. U, mehmon bilan koʻrishib, narigi uyga taklif qiddi. Orziqul Hojini oshxo-naga boshlab chiqdi. Oshxonada Murod xarita koʻrib oʻtirar edi.
– Keldingmi, oʻgʻlim, – dedi Orziqul, – mana Hoji bobong ham keldilar.
Murod darrov turib Hoji bilan soʻrashdi va nazokat bilan unga joy koʻrsatdi.
– Keling, Hoji bobo. Koʻrinmaysiz, kelmaysiz…
– Barakallo, oʻglim, barakallo, – dedi Hoji kursiga ehtiyot bilan oʻtirayotib. – Umringiz uzoq boʻlsin. Koʻpdan-koʻp xursand boʻldim… Oʻgʻil degan shundoq boʻlsin, otasini rozi qilsin. Koʻp xursand boʻddim. Xoʻp… Bu gilam… bu gilam-ni necha pulga oldingiz?
– Yesimda yoʻq. Ancha boʻldi olganimizga.
– Oʻtgan hafta bozorga bir gilam chiqdi, gilammisan gilam edi-da. Bir ming uch yuzga savdo qilib, Qodiralining oʻgʻliga olib berdim. Gilam tanigan odam ikki mingga indamasdan oladi. Shunaqa narsalar kerak boʻlsa menga aytib qoʻying. Xoʻsh… yashang, oʻgʻlim, kam boʻlmang. endi Orziqul oyogʻini uzatib, bahazur yota bersa ham boʻlar ekan. Biz burun zamonda shuncha davlat bilan ham bu xilda orzu-havas koʻrgan emasmiz. endi ishlamassiz-a, Orziqul?
– Nega ishlamas ekanman, qirqtoʻrtinchi maktabda qorovullik qilaman. Men ishlamasdan turolmayman… oʻrganmaganman…
– Ana shu chakki-da, Orziqul, ana shu chakki! Noshukurchilik…
– Noshukurchilik boʻlsa ham oʻrganmaganman.
Murod kuldi:
– Koʻrdingizmi, oʻrganmaganlar! Bu kishini ishlash huquqidan mahrum qilishga haddim sigʻmaydi.
Tojixon ovqat keltirib qoʻydi. Ovqat vaqtida Hoji hech kimga soʻz navbati bermay, burungi zamonni yomonlab ketdi. Maʼlum boʻlishicha, burun zamonda, zavod egasi boʻlishiga qaramay, u ham jabr koʻrgan ekan: uyezd hokimi “akangizni mingboshi qilaman” deb uch ming yigirma yetti soʻm pulini yeb, saylovda degrezlik Isomiddin degan jallobni saylagan ekan. Tojixon “piq” etib kulib yubordi va Murodga qaradi:
– U qanaqa saylov? – dedi.
– Men qayoqdan bilay. Dada, u qanaqa saylov?
Orziqul anchadan keyin javob berdi:
– Mingboshi saylov deb eshitar edim-ku, hech koʻrgan emasman… Qanaqa saylov boʻlar edi, mana Hojim aytdilar-ku… Obbo xotintaloq-yey, shunaqa qilgan deng, Hojim!..
Tojixonning kulishi, Orziqulning soʻzidagi kalaka ohangi Hojiga yoqmadi. U, kichkina pichoqchasi bilan suyak tozalar ekan, soʻzni boshqa, bularga xush keladigan mavzuga burish niyatida birdan soʻradi:
– Oʻgʻlim, – dedi, – staxanovchilik deysizlar, buning hikmati nimada? Juda koʻp narsalarni aqlim ola bermas edi, endi sekin-sekin fahmlayapman. Lekin shu staxanovchilik hech aqlimga sigʻmaydigan ish boʻlib chiqdi. Burungi zamonda bitta odam, mening bilishimcha, juda nari borsa uch yarim pud paxta terar edi, hozir yigirma besh pudga yetkazib terar emish. Mana, siz, bitta oʻzingiz oʻttiz ikkita mashinaga qarar emishsiz…
Murod miyigʻida kulib, Tojixonga qaradi:
– Tojixon, siz ayting, nima uchun hozirgi odamlar Hoji boboning aqllariga sigʻmaydigan ishlarni qilishadi? Ayting, siz ham staxanovchi-ku.
Tojixon javobga lab ochganida eshik taqilladi-yu, tu-rib ketdi. Javobni Murodjon oʻzi berdi:
– Staxanovchilikning hikmati shundaki, hoji bobo… oʻzimizda bir maqol bor-ku: “Birovning ishiga saratonda qoʻl sovqotadi”. Staxanovchilikning hikmati hammadan burun shundaqa, men boshqaradigan oʻttiz ikkita mashina ham, bu mashinalar bilan kilinadigan ish ham birovniki emas. Bu – bir…
Yeshikni taqillatgan Oʻlmas ekan, yoʻlaqda onasiga nima toʻgʻridadir quvona-quvona soʻzlayotgan tovushi eshitildi. U, shu quvonchini otasiga ham aytish uchun boʻlsa kerak, shoshilib kirgan edi, ne koʻzi bilan koʻrsinki, hali avtobusda “tarbiyasizlik” qilgan kishi oʻtiribdi! Oʻlmas ixtiyorsiz qulogʻini ushlab, sekin yotoqqa tomon burilgan edi, Murod toʻxtatdi:
– Xoʻsh, oʻrtoq komandir, qanaqa kino koʻrdingiz?
Bolani tanib, Hojining esi chiqib ketdi. “Obbo haromi, – dedi ichida, – hozir arz qiladi. Agar arz qilsa, choʻnta-gimga qoʻl soldi deyman!”
– Oʻrtoq komandir tankist boʻlar emishlar, – dedi Tojixon kulib. – Uchuvchi boʻlishdan aynibdilar… Oʻlmas, mehmon bilan soʻrashmaysanmi?
Oʻlmas soʻrashgani qoʻl uzatdi. Hoji uning qoʻlini olar ekan, oʻrnidan turdi:
– Yendi men ketay, bemahalga qolmay, – dedi.
U, bolaning shikoyat qilishidan va buning natijasida oʻngʻaysiz ahvodda qolishidan qoʻrqmasa ham boʻlar edi, chun-ki Oʻlmas hech shikoyat qilib oʻrgangan bola emas. Orziqul uni pastgacha kuzatib xayrlashdi. Hoji koʻchaning u yuziga oʻtib, bitta-bitta qadam tashlab borar ekan, oʻylar edi: “Mashina ham, bu mashinalar bilan qilinadigan ish ham oʻzingniki… tankist… tank ham oʻzingniki! Yillar, yillar oʻtdi! Oʻtgan bu yillar dunyoni ostin-ustun qildi!..”
1939
Abdulla QAHHOR
https://saviya.uz/ijod/nasr/yillar/