(Ikkinchi jahon urushida bedarak yoʻqolgan amakim Shoyusuf Shomalikov va buvim Saodat Majidova xotiralariga bagʻishlanadi)
Allaqayerlardan eshitilayotgan nay navosi hushimni oʻgʻirlaydi… yurak allanechuk oʻzligini yoʻqotadi. Nay navosi… bu dunyoga kelarda quvonch, soʻnggi yoʻlga ketarda koʻz yosh boʻlib eshitiladi menga… Aro yoʻlda-chi?..
Aro yoʻlda nayning navosi sinsa, yoʻq, yoʻq, qushlarning koʻz yoshi toʻkilayotganidan ogoh boʻlgan nay bir zum muallaq qolsa… Nechun? Buning sehr-u sababi ne?
Qushlar – bu onalar ruhlari nomaʼlum va nomsiz jangchi qabri ustida aylanib-aylanib koʻz yosh toʻkadi.
Qushlar koʻz yosh toʻksa, bu biri kam dunyoning yana bir jarohatimi? Bu jarohatga dunyoda malham… malham qoʻyguvchi bormi?
Yoʻq, deydi kimdir, bor, deydi baralla ovozda yana kimlardir. Men aytilmagan soʻrovimga javob axtaraman: odamlarning chehralaridan, ismlari yodda boru roʻyxatlarda yoʻq hujjat-kitoblardan…
Qushlar uchaveradi… ularning qanotida Armon bor! Qushlarning sayroqlarida dunyolarga sigʻmaydigan dardi bor. Onaning intihosiz dardini dunyolarga eltguvchi elchi bu qushdir. Onaning oxiratda ham tinchiyolmay farzandi yodi-la, dogʻi-la giryon urayotgan bezovta ruhlarining qushlarga aylanib qolgani…
Bir toʻda qushlar… Ularning orasidan biri ajralib, pastlaydi, asta-asta. Soʻng qanotlarini keng yoyib, nomaʼlum qabrga qoʻnadi-da, allanima topgandek tumshuqlari bilan tuproqni bir-ikki choʻqilaydi, keng yoyilgan qanotlarini yana ham qattiqroq bosib, goh oʻng, goh soʻl tarafga tashlayotgan boshini qabrga qoʻyadi. Shunda kutilmagan moʻjiza roʻy beradi olamda: qushning koʻzlarida yosh sizadi: oʻn yettiga toʻlmay yoʻqotgan oʻgʻlining isini topganday edi bu qabrdan…
Giryon urib uchayotgan qushlar osmonni larzaga kelturgudek chugʻurlashadi: “Oʻgʻlingning qabrini axiyri topding” deyayotgandek. Umr boʻyi izlagani – oʻgʻlining isiga toʻyolmagan Bedor Qush esa hamon bagʻrini qabrga berib yotardi…
Buvijon, deyman, oʻn yettiga toʻlmay kuzatgan oʻgʻloningiz dardida oʻzingiz bu dunyodan oʻtguningizga qadar armon bilan yashadingiz. Koʻz yoshlaringiz yuzlaringizni yuvib aytgan gaplaringiz yodimda: Qirchillama yoshida vafot etgan oʻgʻlimga yurak yutib aza ocholmadim, musofir yurtlarda yuribdi, deb yuragimning chekkasida chiroq yoqolmadim”
Buvimning yuragida ham, oʻn yettiga toʻlmay urushga ketgan akamiz Shoyusuf akaning qabriyu ruhiga ham hali-hanuz chiroq yoqilgani yoʻq…
Yetmish yildan oshdiki, bu chiroqning yonishi mahol boʻlyapti. Eshityapsizmi, ruhlari qushlarga aylangan qondoshlarim, mahol boʻlyapti bu chiroqning yonishi…
Juda yaxshi eslayman, 5-6 yoshlarda boʻlsam kerak (hali maktabga bormasdim) buvam bir notanish kishi bilan kirib keldi – shunaqangi xursandki, uni hech qachon bunday kayfiyatda koʻrmagandim.
– Kampir, – dedi uyga ham kirmay ostonadan. Buvim ha, deyishga ulgurmasdan, – suyunchingni kattasidan tayyorlayrer, Shoyusupingni daragi topildi. Mana xabar opkegan kishi, tayyorgarligingni koʻr.
Roʻmolini oʻrashga ulgurmagan buvim:
– Voy, oʻlay, rostdanmi, xabarchiga jonim sadagʻa boʻlsin, – dedida yigʻlab yubordi. Uyimiz bir zumda qoʻni-qoʻshni, tanish-bilishlarga toʻldi. Ular allapaytgacha oʻtirishdi. Xabar keltirgan mehmonni kuzatayotib buvam unga toʻn kiygazib, keyin sovgʻa-salomlar berdi. Buvim sandigʻidan ipak kiyimliklar olib: – Mana bu bolalaringizga mendan. Hali oʻgʻilginam kelsa… koʻnglingizdagidan ham ziyoda qilib, – dedi-da, tomogʻi toʻlib, gapini davom ettirolmadi.
Keyin eshitsam, mehmon kishi amakimizning chet elda yashashini, bir tanishi u bilan suhbatlashganini, yaqin kunlar ichida aniq maʼlumotlar keltirib berishini vaʼda qilibdi.
Buvim tong otgandan katta yigʻinga tayyorgarlik koʻrar, tinchimas, baʼzilar, bola-chaqasi musulmonmikin axir, der… “Joni omon boʻlsa boʻldi”. Buvimning chiqargan hukmi shu edi.
Soʻroqlarga qurilgan kunlar oylarga, yillarga aylandi. Endi buvam koʻchadan kelganda buvimning koʻziga koʻrinmaslikka harakat qilardi.
Buvim esa har kundan umidvor edi. Har tong bir moʻjizani umid qilar va kutar edi. Kutish… aldovlarga qurilgan vaʼdaligini bilmagandik biz. Bilganimizda umr otligʻ arobaning gʻildiraklari koʻz yosh, sogʻinch, alam va armon yoʻllaridan azob bilan oʻtgan – buvimning qalbidagi nur pardasi nuray boshlagandi.
Endi bu mavzuda hech kim botinib gap boshlamasdi.
Yana shuni eslaymanki, buvimning qonga toʻlgan yuragidagi umidning zarralari unga tinchlik bermasdi. Buvim bormagan tashkilot, uchrashmagan rahbar qolmagandi. Yugur-yugurlarning natijasi buvimga yigirma ikki yarim soʻm nafaqa tayinlashgan edi. Oʻgʻlimni surishtirsam, pul bilan yupatishdi… Buvijonimning tutday toʻkilib aytgani shu boʻlgandi.
Keyin amakimiz Shoyusuf aka haqida bir narsa yozaman, deganimda buvim xursand boʻlgandek tuyulgandi menga. Oʻshanda bir necha kun tun qorongʻusigacha suhbat qurganmiz…
* * *
– Ikkinchi bolam ham oʻgʻil boʻldi. Buvang otini Shoyusuf qoʻydi. Onam kelib, boshqa ot qoʻya qolmabsizlar-da, dedi-yu, indamadi. Bildimki, ism onamga yoqmadi. Volidamning bu gapi koʻnglimni gʻash qildi.
– Nimaga unaqa deysiz, yomon otmi bu?
– Yomonmas-ku… qizim, bir kitobdan bobong oʻqiganda eshitgandim, Shoyusufni qargʻa-quzgʻun yedilar, deganini. Shunga, mayli, parvo qilma. Xudoyim umrini uzoq qilgan boʻlsa, ismning farqi yoʻq. Qariganda hamma narsani koʻngliga oladigan boʻlib qolarkan odam. Qoʻy, gaplarimni xayolingdan chiqar, – onam meni xotirjam qilmoqchi boʻldi-yu, koʻziga noroziligi iz solganini oʻzi sezmasdi. Men ham boshqa gap aytmadim.
Endi bu menga armon… Armon degani umrimning yoqasidan etagigacha osilib qoldi-ku, bolam: Shosuyufni qargʻa-quzgʻun yedilar…
Shu misralarni qayta-qayta kishi eshitolmaydigan past ohangda takrorlardi.
Buvim anchadan keyin gapida davom etdi: – Olti bolamning uchi yoshidan oʻtib-oʻtmay tuproqqa kirdi. Uchtasining kattasi menga togʻdek suyanch – koʻzimning nuri edi… Oting oʻchgur urush boshlanganda oʻgʻilginamni goʻdak hisoblagan ekanman. Birin-ketin akam Shomirjamil, ukam Shojalil (Shomirzayevlar)ga chaqiruv qogʻozi kelib, hammamizning yuragimiz yarim boʻlib, ularni kuzatdik. Buyam holva ekan, bolam, bir kuni Shoyusupim shoshib keldi-da:
Voyenkomatga hujjat olgani ketyapmiz, – deb qoldi.
Bemahalda qanaqa hujjat, desam, – Menga foydasi tegadigan hujjat dedi.
Uch-toʻrt kun oʻtmay Shoyusupimga va oʻrtogʻi Murod Muhamedovga chaqiriq qogʻozi keldi. Keyin eshitsam, koʻngilli boʻlib yozilib kelgan ekan. Dunyom qorongʻu boʻldi, bolam hali ona suti ogʻzidan ketmagan bola deb yursam…
U tongda ketadigan boʻldi. Koʻzimda yoshim, yoʻl hozirligini koʻrdim. Tumonat odam, qani endi oʻgʻlim holi qolsa-yu gaplarimni aytib-aytib olsam, deyman. Aksiga olib buvang, oʻgʻling damini olsin, qolgan nasihatingni kelganida aytasan, yoʻlda toliqadi, deydi. Bilganimdaku-ya, bolaginam bilan oxirgi oʻtirishimni, oyogʻi ostiga oʻzimni tashlab, izlaridan tumor yasab olardim-ku…
Erta bahor. Hamma barvaqt qishloq markaziga yigʻildi. Soli buva degan chol aravada yigitlarni shahargacha kuzatib qoʻyarkan. Shu kishining aravasi koʻrinishi bilan yigʻi boshlandi. Xuddi Soli buva urushga sababchidek, hamma uni yomon koʻrarkan. Ayniqsa, bolasini kuzatayotganlar. Yuragimning vayronligini dilimga tugib turgan edim, oʻgʻlim bilan xayrlashayotib, oʻzimni tutolmadim. Dodlab yubordim. Atrofda birdan yigʻi koʻtarildi.
– Hammaning koʻnglini abgor qilding, yigʻishtir… – buvangni baland ovozidan oʻzimga keldim. Shoyusupim aravaga chiqayotganda, bir kulib qaradi-da, qoʻlini silkitdi. Aravaga chiqqandan keyin qayrilib ham qaramadi. Yo koʻziga yosh keldi, deyman, yo meni yigʻimni koʻrishni koʻngli koʻtarmadi. Hurliqodek koʻrkam bolaginamning boʻyi balandligi oʻtirganida ham koʻrinib turardi. Nimagadir shu koʻnglimga tasalli boʻldi: yelkasiga yetib-yetmagan tengdoshlari ichida oʻzini tutib olar, degan oʻy xayolimdan oʻtib, biroz yengil tortdim.
Uning ketganiga hafta ham oʻtmay xat kutardim, har kuni eshik oldiga oʻtirib, yoʻl boshida pochtachi koʻrinishi bilan yuragim tez urardi. Ikki oydan oʻtganda amakingning xatini oldik:
“Sogʻinchli maktub!
Ushbu xatim orqali Sizlarga sogʻligʻimni bildiraman va Sizlarni hammalaringizni sogʻ va uzoq umr koʻrishinglarni yaratgandan kechayu kunduz chin koʻngil bilan soʻrab yurmoqdaman. Dadamga minglarcha koʻp salom, onamga koʻp koʻrishishlik salom. Singlim va ukamga koʻp salom. Qarindosh-urugʻlarning ham barchasiga koʻp koʻrishishlik salom.
Togʻalarimdan xat kelib turibdimi? Xudoyim xohlasa, sogʻliq boʻlsa, bu kunlar oʻtib ketadi. Meni sira oʻylamanglar, sogʻ-salomat yuribman. Shu bilan xayr, omon boʻlinglar, sogʻligʻinglar toʻgʻrisida yozib turinglar, deb oʻgʻlingiz Shoyusuf. 1942 yil, iyul”
Bu maktubdan keyin oradan uch oy oʻtib, qisqagina xabar oldik:
“Salom, aziz mehribonlarim! Sogʻligʻinglar yaxshimi? Men, Xudoga shukur, sogʻ-salomat yuribman. Ancha payt xat yoza olmaganim uchun uzr. Bu xatimni qisqa qilaman, chunki hozir boshqa joyga koʻchamiz. Mendan xat kechiksa xavotir olmanglar. Soʻraganlarga salom aytinglar. Onajon, oʻzingizni siqmang, Xudo xohlasa tez kunlarda koʻrishib qolamiz. Barchangizni sogʻinib: Sh. Sh. 1942 yil, oktyabr”
Bolamning xatlari menga yod boʻlib qolgandi…
Qishning qirchillamasida Shomirjamil akamdan, yigirma kun oʻtmay singlimning eri Azimboydan qora xat keldi. Qoʻshaloq oʻlimdan soʻng turib yurishga madorim yetmasdi, ustiga-ustak oʻgʻlimdan xat kelmasligi meni adoyi tamom qildi.
1943 yilning qishi edi. Radiodan soldatlarimiz qish izgʻirinlarida kechayu kunduz nemislarning adabini berish uchun jonini ayamay jang qilyaptilar, deganini eshitdim-u, bu gaplar qulogʻimga mahkam oʻrnashib qoldi. Oʻlimlar menga qattiq taʼsir qilgandi, shungami, oʻgʻlim sovuqda yursa-yu, men issiq uyda oʻtiramanmi, deb ayvonga chiqib yotib oldim. Ertalabgacha koʻrpamga qor yogʻib chiqardi. Buni eshitgan qarindosh-urugʻlar koyishdi: shu yotishingdan oʻgʻlingga foyda boʻlsa yotaver, dedi.
Xat kutaverib, koʻzimning koʻki uzildi. 1944 yilning boshlarida Shoyusuf bilan birga ketgan Murod yaralanib kelganini eshitib, ularnikiga bordim.
– Shoyusuf bilan bir yil ham birga turmadik, ajralib ketdik, – dedi Murod. Biror xabar eshitamanmi, deb borgandim, oʻylarim “toʻrxaltaga solingan tariqdek” sochilib ketdi. Keyin ertayu kech radiodan yaxshi xabar kutib kunlarni oʻtkazdim.
Buvimning koʻz yoshlariga toʻlgan kunlarning birida “Oʻgʻlingiz bedarak yoʻqoldi” degan xabar kelgan. Buni buvamiz buvimizga aytmay, oʻsha harbiy qismga, yaxshilab tekshirib koʻringlar, degan iltimos bilan xatni joʻnatgan.
Bu ish buvimning tirik qolishi uchun sir tutilgandi… Sirligicha qoldi… Bu dunyo buvim uchun sirga aylanganini bilmasdi…
– Urush tugab qoldi, degan gaplar eshitilganda, tunu kun menga bir boʻlgan. Har kimning ogʻzini poylardim. Urush tugabdi, deganda oʻtirgani joy topolmay, jonim ichimga sigʻmagan, bolam, – buvim titrab-titrab yigʻlardi. – Hatto har kuni bugun kelar, erta kelar deb mehmon kutishga uylarga poyandoz toʻshab qoʻygandim. Qishloqda bir kuni aza boʻlsa, bir kun toʻy edi. Urushga ketgan askarlarning birovidan qora xat, birovining oʻzi kirib kelardi. Shoyusupimdan esa, loaqal ikki enlikkina xabar ham yoʻq edi. Kutdim, kutdim, bormagan idoram qolmadi, qay bir idorada suratini olib keling, dedi. Keyin bormadim…
– Amakimning surati yoʻqmidi? – soʻroqqa tutaman buvimni.
– Atigi bittagina surati bor edi, hech kimga aytmagin-u tagʻin, – ularning ovozi pastlaydi, – bir qarindosh qiz ikkisining bir-biriga moyilligi borakan, uchini eshitgandim, yoʻl-yoʻlakay gap deb oʻylagandim. U judayam koʻhlikkina qizidi, maktabda muallimlik qilardi. Urush tugasayam hech kimga rozilik bermay yurdi, oʻgʻilginamdan umidvor ekan, onaginang aylangur. Bir kuni toʻsatdan shu qiz uyimizga kelib qoldi, gapini boshlolmay qizarib ketdi. Keyin maktabda urushdan qaytmaganlarning suratini yigʻyapmiz, deganga oʻxshash gap aytdi. Qizni koʻnglidagini darrov tushundim. Yakka-yu yagona surati menga qancha aziz boʻlmasin, maktablaringda yoʻqolib ketmas, avaylashar, deb hech narsa bilmagandek suratni obchiqib berdim. Ketgandan keyin oʻgʻlimga aza ochgandek boʻldim… Oʻsha qizning uyida surat hali ham bor, deb eshitaman bola-chaqali boʻlib ketsa ham, oʻgʻlimning suratini asrab yurarkan…
Buvim koʻp yigʻlaydigan boʻlib qolgandi. Oʻzining radiosi boʻlardi. Siqilib ketganida eshitib oʻtirardi. Agar nayning navosi yangrab qolsa, toʻkilib-toʻkilib yigʻlardi va aytardiki: yigit yoshidagi bolasini yoʻqotgan onalarning yuragidan chiqqan nola bu, bolam, derdi…
Tumanimiz markazida Gʻalabaning 35 yilligiga bagʻishlab “Mangu olov” yodgorligi ochilganda urush qatnashchilarining nomi yozilgan toshdagi roʻyxatlarni bittama-bitta oʻqib chiqqandim. Amakimizning ismi yoʻq edi. Nimagadir yigʻlagim kelgan, yigʻlaganman… koʻz yoshimni shu atrofda koʻzlari jovdirab turgan buvimning koʻrib qolishidan qoʻrqqanman.
Toshlarga yozilgani nima? – koʻnglimdagini sezgandek soʻrab qoldi buvim.
Urushda oʻlganlarning roʻyxati.
– Mani bolam na tiriklarning, na oʻliklarning qatorida bor bolam… Ular boshqa soʻz aytmay, toshdagi roʻyxatlarga uzoq tikilib qoldi.
Bu manfaattalab dunyoda buvim hech qanday tashkilotdan va rahbarlardan hech qanday manfaat kutmasdi. Aytgani shu boʻlgandi: “Bu katta idorada ishlaydiganlar kichkina koʻnglingni tushunmaskan-da?”
Bugun buvimning ruhi oldida bosh egib, oʻylanib qolaman: Oʻgʻlingiz 60 million shahidning bittasi edi. Buvijon! Ular bilan qahramonlarning nomi bittaga koʻpayib ham, kamayib ham qolmaydi. Oʻgʻlingizning ism-shariflarini yozishga roʻyxatlarda atigi bir qatorgina joy bordir… Yoʻq. Yozish ham shartmasdir, balki… U jangga kirganida katta kitobu uzun roʻyxatlarning qatoriga yozilaman, deb xayoliga ham keltirmagan. Onaga esa bular aslo-aslo yotligini bilaman, Buvi! Ona uchun farzandidan ortiq narsa yoʻq… Agar diydor deganidan benasib boʻlsa oʻgʻlining muqaddas xoki qoʻyilgan tuproqqa bosh urib, xumordan chiqish edi… “Xudoyim ikkisini ham nasib etmasa, onaning tiriklayin kuyib kul boʻlgani, bolam”. Buvimning bu gaplari qulogʻimning ostida jaranglayveradi, jaranglayveradi…
Qoʻlyozmani tugatmay koʻzim ilinibdi: “Buviginang aylansin, jonimni qoqay bolam, sen ham yoʻqladingmi, Shoyusupimni?.. Mana buni bolalaringga ber”. Choʻchib uygʻonaman. Koʻrkam kiyinib olgan buvim koʻz oldimda turgandek boʻladi.
Musofir shaharda shuncha yil yashab, mening xonadonimni – bugun birinchi marta buvimning ruhlari yoʻqlagandi…
Odamzot oʻlmaydi, ular ruhlarga aylanib, hamisha tiriklar bilan birga yuradi – eshitganim, eshitib esholmaganim edi… Endi haq – rost deyman, haqqast rost!..
Meni betizgin xayollar olib qochadi. Koʻz nurlarim goʻyo koʻp qavatli binolarni yiqib, behad uzoqlarga, qator nomsiz qabrlarga tushadi: gul-chechagu maysalar oʻpib, shamollar silardi qabrni… Bemor Qush esa bagʻr qoʻyib yotardi unda. Koʻz oʻngimdagi bu manzara shoirning satrlarini yodimga soladi:
Qabrni silaydi manzilsiz shamol,
Qabrga koʻrsatar sharqdan kun jamol.
Ziyorat etganday qoʻyib – bagʻr-toʻshlar
Qabrning ustida yigʻlaydi qushlar,
Kim yotar bu yerda, kim boʻldi oʻzi,
Kim boʻldi bu yerda yumilgan koʻzi…
Amakim benom ketgani yoʻq. Shoirning soʻnggi misralari yana xayolimda jonlanadi:
Elsevar bahodir, jangovar oʻrtoq,
Zoʻr jangda mardlarcha boʻlgandi halok.
Yoʻq, yoʻq… Buvi! Koʻnglingiz ogʻrimasin… Sizning jigarporangiz, umringizning ustuni – oʻgʻlingiz mardlarcha halok boʻlmagandir balki… U oddiygina oʻlim topgandir. Buvijon, ammo oʻgʻlingiz Siz uchun, biz uchun jonini tikib jangga kirgani ayon!…
Yelkadagi qarz-chi? Qarz – mening uzoq tunlar suhbatlashib amakim haqida buvimga bir narsa yozaman, deb bergan vaʼdam edi. Oʻzimning katta-kichik tashvishlarimdan ortolmadim. Buvimni aldab sovgʻa-salom olib ketgan mehmon kishi bilan oʻzimni shu paytgacha teng qoʻyardim. Endi-chi?! Endi men shahidlar qabriga boshimni biroz tikroq tutib qarayman…
Qushlar… bagʻir-toʻshlarini qabrga berib koʻz yosh toʻkayotgan Bedor Qush! Yarim asrdan ortiqki, har nomaʼlum qabrning ustida chirillab, oʻgʻlingning isini endi topganing rost!
– Turgin, turaqol, – deyman, – mening Bedor Qushim, yo oʻgʻlingning kechagidek tanish isidan xumordan chiqolmay, oʻzingga kelolmayapsanmi, ayt?! Aytgin, ayt, 73 yillik sogʻinch uchun 73 ming yil kerak deb! Aytgin, ayt menga… Sogʻinch neligini bir siqim umrimga tashlangan bir tutam ayriliq yoʻli yuragimga ignalar bilan yozib oʻtganini…
Yurakdan oʻtganni – yuragidan oʻtganlar tushunadi, Bemor Qushim! Tur, armon otligʻ qanotingga nihoyasiz baxt indi endi… Turgin, qanotlarigni yoy! Undagi baxtu diydor nurlaridan umidvor koʻngillar ham inshoolloh bahramand boʻlgay!
Turaqol… turgin… Qara, koʻzingdagi yoshlar – sogʻinchingning dur tomchilari, umidning alangasiga aylanib borayotir…
Umid alangasi. Qabrning ustida yigʻlayotgan qushlarning koʻz yoshlarini tindiradi bu alanga abadiy. Bu alanga rostlik va haqiqat dunyosiga qoʻyilgan umid…
Qabrning ustida yigʻlayotgan Bemor Qushim, sening koʻzlaringdan oqayotgan yoshmas, u insoniylik va ezgulikka qoʻyilgan mangu juftchiroq…
Turgin… Qanotlaringni kengroq yoy, Bemor Qushim! Koʻzlaringdagi mangulik-tinchlik nurlarining umrboqiyligi rost boʻlsin…
Dilfuza ShOMALIKOVA
1965 yili tugʻilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetini tugatgan. “Onam yopgan non”, “Tuproq oʻynayotgan bola” hikoyalar toʻplami nashr etilgan.
“Yoshlik”, 2018/5
https://saviya.uz/ijod/nasr/yiglayotgan-qushlar/