Ishxonadan “Mehribonlik uyi”ga joʻnatishdi. Toʻgʻrirogʻi, bosh muharrir suratkash bilan borayotgan ekan, meni ham qoʻshib olishdi. Tushunarli, demak, bitiklar kaminaning zimmasida…
Shinamgina, ikki qavatli bino ekan. Serdaraxt hovlisi katta.
Kechagi tongotar choyxona bazmdan soʻng boshim yorilay deb turgandi. Ammo bir amallab uchrashuv oxiriga qadar oʻtirdim.
Bizni oʻn-oʻn ikki yoshdagi bolalar toʻla kattagina zalga boshlab kirishdi. Taomilga koʻra, avval direktorning kirish soʻzi boʻldi, soʻng aziz mehmonlarga navbat berildi. Ular qatorida rahbarim ham gapirdi. Oʻziyam rosa gapga chechan-da qurgʻur, men hatto oʻzimcha uni kishi bilmas “ish bilguncha gap biladigan zamonaviy rahbarcha”, deb yuraman. Maʼruza-qutlovi yakunida odatda oʻzi gapirib, oʻzi lazzatlanadigan bosh muharrir joʻshib ketdi chogʻi, zalga qarab bagʻrini ochgancha:
– Bolalarim! Oʻgʻil-qizlarim! – deya hayqirdi. – Men hozirning oʻzidan sizlardek koʻngli oʻksiklarning istagan beshtasini, yoʻq, oʻntasini uyimga olib ketishga tap-tayyorman! Tap-tayyorman! Ammo koʻrib turibmanki, bu yerda shart-sharoitlar mening kulbamga nisbatan besh, yoʻq, oʻn barobar yaxshi ekan! Yaxshi ekan!
Qarsak boʻlib ketdi.
Mamnun holda ingichka lablarini yalab olgan rahbarim yanada ilhomlanib, avval menga, soʻng qatorlar orasida apparatini chiqillatib rasmga olib yurgan suratkashga ishora qilarkan:
– Aziz bolajonlar! Qorakoʻzlarim! Nafaqat men, balki ana, men bilan birga kelgan iqtidorli boʻlim mudirimiz ham, mohir suratkashimiz ham xuddi shunday fikrda. Toʻgʻrimi, doʻstlarim?
Gulduros qarsaklar ogʻushida “iqtidorli boʻlim mudiri” sifatida shosha-pisha oʻrnimdan turib, bu fikrni qizgʻin maʼqullayotgan kabi bir necha bor bosh irgʻadim, “mohir suratkash”ning qulogʻi sal ogʻirroq edi, biroq shunga qaramasdan, rahbar yana bir hayajonli daʼvatni oʻrtaga tashlaganini his qilgan boʻlsa kerakki, “menam bu gapga qoʻshilaman” deganday oʻng qoʻlini koʻtarib qoʻydi.
Shundan soʻng homiylarning bolalarga sovgʻalari topshirila boshlandi.
Uchrashuv shu bilan tugaydigandek edi. Holbuki, hali biron tuzukroq fakt olib ulgurmagandim. Yonimda oʻtirgan taqirbosh bola ora-sira menga, tizzamdagi hech narsa yozilmagan yondaftarchamga qarab-qarab qoʻyayotgan edi. Shu tomonga oʻgirildim. Peshonasi keng, munchoqday koʻzlari tiyrakkina bola menga diqqat bilan tikilib turardi. Vaqtni zoye ketkazmaslik uchun darrov uning ismni soʻrab oldim. Sunnat ekan oti. “Ota-onang bormi?” degan savolimga “Yoʻq”, javobini oldim.
Tadbirdan soʻng bir fursat qolishga, yum-yumaloqligiga qaramasdan serharakat va aftidan – mudom kulib turishiga qaraganda – ancha serzavq direktor bilan suhbatlashishga hafsala qilmadim. Illo, bunday yoʻl tutadigan boʻlsam, muharrirning meni kutib oʻtirmasligi aniq edi. Demak, ishxonaga xizmat mashinasida gerdayib emas, jamoat transportiga osilib, charchab-horib qaytishimga toʻgʻri keladi. Oʻzi arang oʻtirgan boʻlsam. Shunisigayam rahmat desin gapdon rahbarim…
Xullas, bosh muharrirning “Hammasi joyidami?” degan savoliga “Joyida” deb javob berib qoʻya qoldim.
Oʻylaganimdek, ishxonaga birga qaytdik.
Yoʻlda rahbarim:
– Shu songa ulguramizmi? – dedi.
Hech ikkilanmasdan:
– Ulguramiz! – dedim. Soʻng xushomadga oʻtdim: – Oʻzingiz hamma yoziladigan gaplarni aytib qoʻydingiz-ku, xoʻjayin, endi ularni qogʻozga tushirsam boʻldi-da. Oʻlar endi kotiblikniyam eplolmasam…
Maqtov kimga yoqmaydi deysiz: koʻz qirimni tashlab koʻrdim – har qancha kamtarlik qilishga urinsa-da, ayni haqiqatni eshitayotganiga chippa-chin ishonayotgan rahbarim lab-lunjini yigʻishtirolmay qoldi…
Toʻgʻrisiyam, mavzu unchalik murakkab emasdi, hattoki, joʻngina edi. Yozib yurgan odam uchun uch qogʻoz maqola ham muammo boʻptimi?
Ishxonada ketma-ket toʻrt stakan qatiq ichib, sal oʻzimga kelganimdan soʻng xonamni ichkaridan qulflab oldim-u, uch qogʻozlik maqolani ikki soat ichida kompyuterda chaqillatib tashladim. Sarlavha ham oʻz-oʻzidan chiqdi-qoldi: “Mehrimiz sizlarga, bolajonlar!” Oʻylab turib, tagsarlavha ham qoʻshib qoʻydim: “Biz bormiz, sen aslo eʼtiborsiz qolmaysan, Sunnat!”
Tabiiyki, bosh muharrining muborak ism-sharifi birinchi oʻrinda turgani sababli, musahhihlarga ham ish qoldiray, degan oʻyda maqolani qayta oʻqib oʻtirmadim, bir-ikkita tishga tegadigan, sunʼiyroq jumlalarni sahifada tuzatib yuboraman, degan oʻyga bordim.
Buni qarangki, maqola rahbarimga yoqipti. Buni kechqurun birinchi sahifa ustiga qizil rangda qoʻyilgan tanish jimjimador imzodan bilib oldim; bosh muharrir kiritgan yagona oʻzgartirish esa suratkashni uchinchi muallif sifatida tirkab qoʻygani boʻlibdi.
Mayli-da, bizning bagʻrimiz keng…
Maqola ertasi kuni toʻrtinchi sahifada, rangli suratlar bilan eʼlon qilindi va shu bilan yodimdan chiqib ham ketdi. Ammo…
II
Aniq esimda, juma, namozshom mahali edi.
Bir haftalik yumushni qotirib qoʻygan odamday horgʻin qaytmoqda edim. Hozir uyga boraman, iliq suvga tushib chiqaman, qaynoq shoʻrva ichaman (nima ovqat tayyorlanayotganini allaqachon qoʻngʻiroq qilib bilib olganman), soʻng yumshoqqina divanimda joylashib oʻtirib olgancha, bola-chaqa bagʻrida, maza qilib televizor koʻraman…
Koʻngil tinch, ruh xotirjam, yurak bir maromda osoyishta uradi, oʻtayotgan kuningdan mamnunsan, ertangi kuningdanam yaxshiliklar kutasan… Ey, odamga bundan ortiq yana nima kerak…
Podʼyezd eshigi yonida oʻn yasharlar chamasi, taqirbosh bolakay quyuq salom berdi. Bosh irgʻab qoʻyib, oʻzimning issiqqina xayollarim ogʻushida oʻtib ketayotgandim, u yoʻlimga chiqdi. Noiloj toʻxtadim.
– Assalomu alaykum, – takrorladi bolakay.
– Vaalaykum.
– Tanimadingiz-a?
Dunyoda eng yomon koʻrgan savolim shu. Axir har kuni qancha odam bilan koʻrishsam, nima, hammasining afti-angorini bir umrga eslab qolishim kerakmi? Hatto shunday boʻlgan taqdirda ham, sen mishiqiga yoʻl boʻlsin… gʻashim kelganini bildirmaslikka urinib, bolakayga razm soldim. Yoʻq, ovuldan emas, bu aniq, qishloq bolalari hech qachon oʻzlari mehmonga kelgan uy egasiga bu qadar ochiqdan-ochiq tik qarashmaydi; buning ustiga ikkala qoʻli ham boʻsh. Biron bezbetroq muallifmi desam – qoʻltigʻiga qistirilgan qogʻoz papka shundan dalolat berib turganday edi – yoshi toʻgʻri kelmayroq turibdi. Garchand bolakayning tiniq koʻzlari kimnidir eslatganday boʻlsa-da, baribir, nimalarnidir eslashga urinib oʻzimni ortiqcha zoʻriqtirgim kelmadi.
– Shahar berdim, uka.
Bolakay istehzoyimni anglamadi shekilli, xursand boʻlib ketib, darrov oʻzini tanishtirdi:
– Men “Mehribonlik uyi”danman. Biz haqimizda maqola yozgandilaringiz-ku. Sunnatman.
Esladim. Esladim-u, yayrab ketdim.
Ana Soʻzning kuchi. Adashmasam, oradan ikki oylar oʻtib ketdi-yov. Shubhasiz, anavi yum-yumaloqligiga qaramasdan serharakat, odamga burni ustidagi koʻzoynagi osha boladek begʻubor tabassum bilan qaraydigan tinib-tinchimas direktorga maqola moyday yoqib tushgan-u, u hechdan koʻra kech qabilida bizga rahmatnoma yoinki minnatdorchilik maktubi yozib yuborgan. Jamoasi nomidan, albatta.
Esiz, Sunnatboy tahririyatga borsa boʻlardi, anavi bir-ikkita meni koʻrolmaydigan gʻayir hamkasblarim oldida rosa yayrardim-da oʻziyam. Hechqisi yoʻq, ertaga bu dilsoʻzlarini “Eʼlonlar doskasi”ga osib qoʻyaman. Har nechuk, gapdon rahbaru kar suratkashdan bir satr bitik umid qilish qisir sigirdan egiz buzoq kutishga barobar ekanligini yaxshi biladiganlar ham bor. Ha, bor. Ular bilishadi maqolaning asl muallifi kimligini. Inchunun, ovoz chiqarib ham aytishadi. Harqalay, bosh muharririmiz meni bejiz “iqtidorli boʻlim mudiri” demaydi-da. Tan olganidan, haqiqat qarshisida noiloj qolganidan aytadi… Eh-he, bundoq qalamim, bundoq maqolalarim, bundoq tashakkurnomalar bilan men hali tanlovlarda qatnashaman, faxrli oʻrinlarni olaman, nomimni butun mamlakat jurnalistlariga tanitaman. Yetar shuncha kamtarlik qilganim, faqir kishi panada boʻlib yurganim. Qachongacha tarmoq gazetasida birovlar uchun mardikorlik qilib yuraman axir! Davring kelganga oʻxshaydir, iqtidorli boʻlim mudiri…
Vujudimni yanada qizdirib yuborgan bundoq yoqimli oʻylardan battar hayajonlangan holda papkaga qoʻl choʻzdim:
– Qani, ber-chi.
Sunnat chaqqonlik bilan jild bogʻichini yechdi va rasmiy blankaga bitilgan nomani chiqarib berdi.
Biroq bu rahmatnoma emasdi, bu tashakkurnoma ham emasdi. Bu… iltimosnoma edi: “… gazetasining boʻlim mudiri hurmatli Palonchi Pistonchiyevich! “Mehribonlik uyi”da rejali taʼmirlash ishlari boshlanganligi sababli bizning tarbiyalanuvchimiz Sunnat Nodirovning uch yoki toʻrt oy muddat ichida uyingizda yashab turishini taʼminlashingizni iltimos qilamiz. Oldindan minnatdorchilik bildirib, hamkorligimiz bunday keyin ham davom etadi degan ishonch va ehtirom bilan direktor…”
Nomani bir emas, ikki marta oʻqidim, uch marta oʻqidim. Axiyri mazmuni ongimga yetib borgach esa, koʻz oldim qorogʻilashib ketdi.
– Nimani… taʼminlashim kerak? – soʻray oldim arang.
Ogʻzi qulogʻida Sunnat bajonidil javob berdi:
– Uyingizda uch-toʻrt oy yashab turishimni.
Shu jinqarcha-ya? Mening uyimda-ya?..
Bu qanaqasi axir… Nima, bir “Mehribonlik uyi”da taʼmirlash boshlangan boʻlsa, bolalarga boshqasidan yo boshqalaridan joy topilmaydimi?.. Nima derdi, ha, aytaylik, bolalarga, oʻsib kelayotgan yosh avlodga alohida eʼtibor berilayotgan bizning yurtda-ya?.. Yigirma-oʻttiztadanmi boʻlib tashlash kerak, tamom-vassalom. Shundayam joy yetmasa, ana, viloyatlar bor, qolaversa, poytaxtimizga yaqin soʻlim goʻshalarda bolalar uchun maxsus dam olish maskanlari bor. Toʻgʻri, hozircha kunlar sal sovuq, lekin eplasa boʻladi: tez orada havo isib ketadi axir. Demak, taʼmirlashni ham yozda boshlagan maʼqul… Harqalay, davlatning kuni menday oʻz roʻzgʻorini zoʻrgʻa tebratib yurgan, uch farzandi, xotini bilan uch xonali uyda siqilishibgina yashayotgan bir jurnalistga qolmagandir? Eh-he, bunga hafta-oʻn kunda qishloqdan gurros-gurros keladigan mehmonlarni qoʻshing. Uying bozorga yaqin boʻlgani – karvonsaroyga aylangani deganlari rost ekan oʻzi…
Oniy soniyalar ichidan koʻngildan nimalar kechmadi…
Bir koʻngil “Qarshingda tirjayib turgan bu jinqarchani oldingga solib hayda!” deydi. Bir koʻngil “Nima uchun xatda “… rejali taʼmirlash… taʼminlashingizni iltimos qilamiz” deb yozilgan. Bunaqa jimjimali jumlalar odatda rasmiy koʻrsatmalarda boʻlardi…” degan shubha-gumonlardan qutulolmasdi. Ha, bu yerda bir gap bor. Balki yuqorining maxsus koʻrsatmasi asosida boʻlayotgandir bu ish. Lekin nega men? Nega endi aynan men? Tinchlikni, xotirjamlikni hamma narsadan avlo koʻradigan men?..
Hozir bu bolachani boshlab kirsam, uyda janjal boʻlishi aniq… Buning ustiga… buning ustiga… Men zoʻr berib Sunnatga qarshi dalillar izlay boshladim va bunaqa mahallari miya tez ishlab ketadi chogʻi, shu soniyaning oʻzida topdim ham: buning ustiga, bunaqa joyda tarbiya olayotgan ayrim bolalarning qoʻli egri boʻladi, baʼzilari esa ichib-chekadi ham deyishadi. Irsiyat-da: ota-onasidan oʻtgan. Harqalay, risoladagi odam bolasini yetimxonaga topshirmasligi yoinki risoladagi ota-ona bunday huquqdan mahrum etilmasligi aniq. Shunday ekan, bu Sunnat deganlarining uch-toʻrt oy ichida soddagina, ishonuvchan bolalarimga qanday yomon taʼsirlar koʻrsatishi mumkinligini oʻylab, dahshatga tushdim… Yoʻq, hech qachon bunga yoʻl qoʻymayman!
Kayfiyatim bir pul boʻldi. Oʻzim shu ahvoldaman-u, yaramga tuz sepmoqchiday, joyida oʻynoqilab-tipirchilab turgan Sunnat soʻrab qolsa boʻladimi:
– Uyimiz qaysi qavatda?
“Uyimiz”? Oʻlay agar, tarsaki tortib yuborishimga sal qoldi. Nima, men bu uyni ming-million mashaqqatlar bilan, qarzlar girdobida qolib, arang olgan chogʻimda yordam berib qoʻyganmidingki…
Qalt-qalt titray boshlasam-da, bir amallab oʻzimni bosishga urindim, arang soʻray oldim:
– Nega… nega bu xat mening nomimga?
Oʻn yil oldin yoʻqotgan otasini topib olgan kabi koʻzlari quvonchdan chaqnayotgan Sunnat gazetaga ishora qildi:
– Axir oʻzlaringiz “Biz bormiz, sen aslo eʼtiborsiz qolmaysan, Sunnat!” deb yozdilaringiz-ku. Bizga maqolani katta zalda oʻqib berishdi, qancha bola yigʻladi… Koʻplarning menga havasi keldi…
Ha, yozganman, lekin… Qalam, toʻgʻrirogʻi, kompyuter oʻlsin-a…
Toʻxta, toʻxta, tilla topgan gadoday terisiga sigʻmay quvonayotgan bu jinqarcha “Yozdilaringiz” dedi-ku. Darvoqe, maqolada uchta imzo bor. Inchunun, garchand bir soʻz qoʻshishmagan boʻlishsalar-da, ular ham bu masalada birday masʼul. Ha, ha, teng masʼul. Ism-shariflari qora harflarda yayrab chiqishida haybarakallachilik qilib turgan mard-lar endi javobgarlikni zimmasiga olishni ham bilishsin-da…
Birdan Sunnatboyning oʻzi yukimni yengil qilsa boʻladimi:
– Direktorimiz har ehtimolga qarshi uchalangizning nomingizga xat qilib bergandi. Birining sharoiti toʻgʻri kelmasa, boshqasiniki toʻgʻri kelar, deb.
Ochigʻi, yelkamdan togʻ agʻdarilganday boʻldi, yayrab ketdim:
– E, shuni avvalroq aytmaysanmi, Sunnatboy! Ketdik.
Mening qaytib koʻcha tomon yurayotganimni koʻrgan bolakay hayron qoldi:
– Uyga kirmaymizmi?
– Yoʻq! – dedim. – Yur, bir joyga oʻtamiz.
Yoʻl-yoʻlakay nomimga yozilgan nomani bolakayga sezdirmasdan mayda-mayda qilib yirtib tashladim…
III
Rasmiy xatni koʻrgan bosh muharrir tipirchilab qoldi.
Katta-katta zallarni toʻldirib oʻtiradigan yuzlab odamlarni oʻziga qaratoladigan shunday biyron odam deng, nima deyarini bilmaydi, nuqul javdirab menga qaraydi.
– Nega… nega menga yuborishibdi? – shivirlab soʻray oldi u nihoyat.
Sunnatni sal nariroqqa qoʻyib kelgandim, shuning uchun dadil javob berdim:
– Siz endi gazetaning rahbarisiz, xoʻjayin.
– Balki sizgayam yuborishgandir? – shubhalanib qaradi rahbarim. – Boʻlmasa nega yetaklashib yuribsiz?
Koʻzimni loʻq qilib:
– Yoʻq, – dedim. Soʻng yolgʻonni qoʻshaloq qildim: – Oʻsha uchrashuvda telefon raqamimni berib kelgandim. Qoʻngʻiroq qilib, uyingizni soʻrashgandi, boshlab kelaverdim.
– Bekor qipsiz…
Bosh muharrir adoyi tamom boʻldi. Soʻng qatʼiyroq gapirishga urindi:
– Hech ilojim yoʻq. – U yuqoriga, uchinchi qavatga ishora qildi: – Yangangiz bilib qolsa, uyda qiyomat qoyim qoʻpadi deng.
Oʻzimni hayron boʻlganga soldim:
– Nega endi? Axir rasmiy xat bor-ku… Buning ustiga xatda “… rejali taʼmirlash… taʼminlashingizni iltimos qilamiz” degan soʻzlar yozilgan. Bunaqa gaplar qanaqangi hujjatlarda uchrashini oʻzingiz yaxshi bilasiz.
Boshligʻim mungʻayib qoldi:
– Menam shunga ikkilanib qoldim-da. Boʻlmasa-ku… Kim biladi deysiz, qanaqa idoralardan oʻtgan bu xat…
Qarang, mana shu masalada qarashlarimiz bir ekan.
– Uyni oʻtgan hafta taʼmirdan chiqarganmiz, – nimagadir menga izoh bera boshladi rahbarim. – Parketning oʻzi palon pul… Shunga uyni “siz”lab, oʻzimizni “sen”lab yuribmiz. Bep-begona odam toʻsatdan bostirib kirib olsa… oʻzingiz tushunasiz… Qanaqa tarbiya olgan u…
– Bizning “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilarining odob-axloqiga, madaniyatiga har qancha havas qilsa arziydi… – oʻzimizning maqoladan iqtibos keltirdim men.
– Albatta, albatta, – fikrimni maʼqullashga shoshdi muharrir. – Lekin oʻzi oʻshanda familiyamni qoʻymasangiz boʻlarkan. Bexabar qopman-da. Boʻlmasa-ku, oldirib tashlardim-a…
Qarasam, men aybdor boʻlib qoladigandayman. Darrov hujumga oʻtdim:
– Agar esingizda boʻlsa kechqurun, sahifalarga qoʻl qoʻyishingiz oldidan yana bir marta oldingizdan oʻtgandim…
Miq etolmay qoldi bechora.
– Uch oy-toʻrt oy oʻtadi-ketadi, xoʻjayin. Uyingiz besh xonali boʻlsa. Biron kichikroq xonanimi, balkonnimi berib turasiz-da. Bahonada sizning bir chin yetimga yaxshilik qilganingiz qoladi. Buni oʻzim alohida katta maqola qilib, markaziy gazetalardan biriga beraman.
Lekin bunday istiqbol unchalik shodlantirmadi shekilli, muharrir peshonasini ezgʻilagancha koʻp oʻylandi, xoʻb mulohaza yuritdi, axiyri olisroqda bizdan koʻz uzmay turgan Sunnatga xavotirlanib qarab qoʻygach, yana menga shivirladi:
– Agar ilojim boʻlganida edi… jon derdim, inim, jon derdim. Lekin bu yerda… bu yerda… bilasizmi, bu yerda Barnaul sindromi bor-da.
– A?
Hayratda qolganimni koʻrgan (illo, shu kunga dovur “afgʻon sindromi” degan atamani eshitgandim, xolos) rahbarim darhol tushuntirish berdi:
– Bir paytlar xizmatni oʻsha yurtlarda oʻtaganmiz. Yosh, oʻt-olov boʻlganmiz deng… Oʻsha yerlik qizlar bilan tanishib deganday… “olaman-tegaman” qabilidagi qizgʻin ahdu paymonlar boʻlgan… Yangangiz boʻlsa toʻydan keyin bundan xabar topib qolgan… Shunga… agar bu bolachani boshlab kirsam, yangangiz darrov eski janjalni boshlashi aniq…
Rosti, hech nimaga tushunmadim. Yanglishmasam, rahbarim bundan oʻttiz yillar muqaddam xizmatda boʻlib kelgan. Sunnatning yoshi esa nari borsa oʻn ikkida… Nima, onasi tuya goʻshti yegan boʻlib chiqadimi?
Buni aytgandim, bahonasi joʻyasiz ekanligini sezdimi, qizarib ketgan rahbarim oʻzini oqlashga tushdi:
– Haligi aytishadi-ku, “urugʻingdir-aymogʻingdir”, deb… Xotinlarni bilasiz-ku…
– Xohlasangiz tugʻilganlik haqidagi guvohnomasini olib kelib koʻrsataman.
Rahbarim ruhsiz qoʻl siltadi:
– Yangangiz bunaqa masalalarda hech kimga, hech qanaqangi qogʻozga ishonmaydi.
– Lekin Sunnatning sochi qora, koʻziyam qora, oʻzi bugʻdoyrang…
– Aynan shunisi shubhali koʻrinadi-da…
Baribir bu yerdagi mantiqni anglashga aqlim ojizlik qildi. Nima, Sunnat endi rahbarimning olis Barnaulda qolgan bolasining bolasi, yaʼni nevarasi boʻlib chiqadimi? Bunga aql bovar qilmaydi-ku…
Vahimaga tushgan, bujmayib qolgan muharrir yalinishga tushdi:
– Inim, tahririyatda ishongan odamim oʻzingiz boʻlasiz. Keling, shu masalada yordam bering, yaxshiligingizni bir umr unutmayman. Bilasiz, keyingi oyda oʻrinbosar pensiyaga ketadi. Bu vazifaga sizdan boshqa munosib odamni koʻrmayapman…
Muovinlik yaxshi albatta. Biroq Sunnatni uyga olib ketishim uchun bu dastak boʻlolmasdi baribir.
– Maqolada yana bir odamning imzosi bor edi, – dedim men.
Rahbarim menga jovdirab qaradi:
– Lekin unga rasmiy murojaat boʻlmagan-da.
– Boʻlgan.
Muharrir menga ishonqiramay qaradi:
– Agar suratchigayam boʻlsa… demak, unda sizgayam boʻlgan ekan-da.
Boʻsh kelmadim:
– Bor boʻlsa, qani u? Men koʻrmadim… Ketdikmi, xoʻjayin?
Koʻz qirim bilan kuzatib turdim, yoʻl-yoʻlakay birinchi imkoniyat tugʻilishi bilanoq muharrir oʻz nomiga yozilgan rasmiy nomani bolakayga sezdirmasdan mayda-mayda qilib yirtib tashladi…
IV
Qulogʻi ogʻirligidan tashqari, suratchimizning ozgina toʻngligi ham bor edi. Kim biladi, balki tobora kar boʻlib borayotganini sezganidan soʻng asablarini jilovlash qiyin boʻlayotgandir.
Allaqachon qorongʻi tushib ulgurgandi.
Muharririmizning jon kuydirib tushuntirishlarini bolalar maydonchasida tik turib eshitgan, rasmiy iltimosnomani esa qoʻl telefoni chirogʻida oʻqib chiqqan suratkashimiz bizdan sal olisda, simyogʻoch tagida turgan Sunnat tomonga oʻshshayib qarab qoʻygach, sigaretasini chuqur-chuqur tortgan koʻyi gapni kalta qildi:
– Ruxsat bermayman! Mening uyim – mening qoʻrgʻonim! Unga mening ruxsatimsiz kirishga hech kimning haqqi yoʻq! Siz menga rahbar boʻlsangiz, soat oltigacha rahbarsiz. Undan keyin men erkin odamman! Bu yerga kelib menga xoʻjayinlik qilishga ham haqqingiz yoʻq!
Oʻsal boʻlgan muharrir menga moʻltirab qaradi. Sarkash suratchiga vaziyatni yotigʻi bilan tushuntirishga urindim:
– Hech kim sizni majburlayotgani yoʻq. Lekin shunday boʻlib qolibdimi, yetim-yesirlarga, qarovchisi yoʻq bolalarga yordam berishimiz kerak. Bu sizning fuqarolik burchingiz, aka.
Suratchi oʻqrayib, yuzimga tutun pufladi:
– Oʻzlaringning-chi, oʻzlaringning shunaqangi burchlaring yoʻqmi?
– Nega yoʻq boʻlarkan, bor. Lekin rasmiy iltimosnoma sizning nomingizga kelgan-da. Aynan sizni tanlashgan. Bu bejiz emas, aka. Demak, eʼtibordasiz. Bu xat ortida kimlar turishi mumkinligini bir oʻylab koʻring-a… Agar shunaqangi iltimosnoma bizga kelsa edi, shak-shubhasiz darrov rozi boʻlardik. Chunki…
– Shumi?
Rasmiy xatni burnimga taqagan suratchi toʻsatdan choʻntagidan zajigalka olib chaqdi va olovni qogʻozning chetiga tutdi. Hujjat qorayib-buralib turdi-da, birdan “pov” etib alanga oldi. Xoʻjayin ikkimiz biron nima qilib ulgurmadik ham…
Ammo bir yomondan bir yaxshilik chiqishi ham bor gap ekan. Biz hafsalamiz pir boʻlgan ahvolda, boshimiz qotib qolaverdik. Jahl bilan toʻqqizinchi qavatdagi xonadoni tomon ketayotgan suratchi:
– Ana, juda koʻchada qolgan boʻlsa mening bir xonali uyimga tiqmasdan ishxonaga oborib qoʻyinglar! Sakkizta xona huvillab yotibdi-ku. Divan bor boʻlsa! – deb qolsa boʻladimi!
Ana yechim! Shoshganda “labbay” topilmas deganlari shu boʻlsa kerak-da.
Sunnatni olib ishxonaga shoshdik…
Darhaqiqat, xodimlarning madaniy dam olishi uchun moʻljallangan xonada keng-moʻl divan bor edi. Televizorni, turli gazeta-jurnallarni aytmasa ham boʻladi.
Kambagʻalning ishini Xudo qoʻllagan ekan. Buni qarangki, xoʻjayinning kabinetidagi xolodilnikdan biroz qazi-qarta, non ham topildi. Choy bemalol: “Tefal” elektr choynagi gurillab ishlab turibdi.
Qorovul Ergash otaga Sunnatdan – biz uni xodimlarimizdan birining uzoqroq qarindoshi deb qoʻya qoldik – xabar olib turishni qayta-qayta tayinlagach, rahbar ikkalamiz uy-uyimizga qaytdik…
Yoʻlda muharririmiz:
– Balki bolakayni qorovul shtatiga olib qoʻyarmiz? – dedi maslahat solganday boʻlib.
– Ergash ota-chi?
Rahbarim pinak buzmadi:
– Yarim stavkaga.
Rosti, quvonib ketdim:
– Yashang, xoʻjayin. Boshingiz oltin-da. Ham ishli boʻlib qoladi bola bechora, ham joyli. Yeb-ichishi ham oʻzining boʻyniga… Qoʻynidan toʻkilsa qoʻnjiga-da… Otaxonga esa yarim stavkayam yetib-ortadi. U yoqdan otning kallasiday pensiya olib turgan boʻlsa…
Uyda “muhim yigʻilishda ushlanib qolgan” mehnatkash xodim sifatida shosha-pisha ovqatlangach, dam olish uchun yotoqxonaga oʻtdim. Ammo nimagadir uyqum kelavermadi. Muammo-ku silliqqina hal boʻldi, biron kishi soʻrab qolsa ham “Bu shaxsan bosh muharrirning tashabbusi bilan amalga oshirildi”, deb turaveraman. Ha, men rahbarimning koʻrsatmasini bajarganman, xolos. Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor. Menga… bizga rasmiy xat yoʻllagan “Mehribonlik uyi” orqasida kim, kimlar turgani qiziqtirardi. Maqsadlari nima ularning?..
Shunday tashvishli xayollar bilan uxlab qolibman.
Tong saharda qoʻngʻiroq tovushidan uygʻonib ketdim. Qoʻl telefonimni olmasimdan taxmin qildim: xoʻjayin. Toʻgʻri topgan ekanman, u kishiniyam meni qiynagan savol tuni bilan bezovta qilib chiqibdi: “Agar yuqoridan ishora boʻlmasa, anavi boʻgʻirsoq direktor gazetaning rahbariga bunday iltimosnoma bilan chiqishga jurʼat etolmasdi. Abdujabbor, bu yerda bir gap bor… Ayniqsa, “taʼminlashingizni iltimos qilamiz”, degan jumla meni koʻp bezovta qilyapti. Tepaning qaroridan olinganga oʻxshab ketyaptimi-yey… Hammasini aniqlash kerak, hammasini… Ishqilib, qovun tushirib qoʻygan boʻlmaylik-da…”
Qoʻlimdan kelgancha rahbarimga dalda bergan boʻldim: “Siz judayam oqilona yoʻl tutdingiz, xoʻjayin. Bemalol aytish mumkinki, bir oʻq bilan ikkita quyonni urdingiz. Yaʼni ham topshiriqni bajardingiz, ham bolani uyingizdan ikki, hattoki uch barobar qulayroq shart-sharoiti bor boʻlgan muassasaga joylashtirdingiz. Axir, aslini olganda, ishxona sizning ikkinchi uyingiz-ku…”
Tilyogʻmaligim ish berdi: iye, oʻzim bilmay turib juda aqlli ish qilib qoʻyibman-ku, degan oʻyga borgan shekilli, muharrir sal xotirjam tortganday boʻldi-da, mashinasini ertaroqqa chaqirganini aytdi. Ishga birga boradigan boʻldik. Avval bolakay bilan gaplashib koʻramiz, soʻng, agar savollarimizga toʻliq javob ololmasak, toʻgʻri “Mehribonlik uyi”ga oʻtamiz.
V
Divan boʻm-boʻsh edi.
Shoshib hovliga chiqdik.
Qorovul kechasi bolakayni uyiga oborib qoʻyibdi.
Otaxon oʻzini oqladi:
– Mehmon musofirga oʻxshab ishxonada yotmasin dedim-da.
Xizmat mashinasida qorovulning uyiga keldik.
Buni qarangki, Sunnat tong qorongʻusida hech kimga bildirmasdan hovlidan chiqib ketibdi. Buni eshitgan rahbarimiz tutaqib ketdi. Ammo nima ham qila olardik?
Boshimiz qotdi…
Oʻylay-oʻylay oxiri “Mehribonlik uyi”ga yoʻl oldik.
Oʻsha-oʻsha, yum-yumaloqligiga qaramasdan serharakat, odamga burni ustidagi koʻzoynagi osha xursand boʻlib qaragani mahal bolalarni kuldirib yuradigan masxarabozga ham oʻxshab ketadigan direktor bizni quchoq ochib kutib oldi. Uning oʻzini hech narsaday xabarsizday tutishi meni shubhalantirdi.
Kabinetga kirib, bir piyoladan choy ichish asnosida ehtiyotkorlik bilan taʼmirlash ishlari qanday ketayotgani haqida soʻradim.
Savolim direktorni ajablantirdi:
– Oʻzingiz koʻrib turibsiz-ku, ukajon, bino oʻtgan yili toʻliq kapital taʼmirdan chiqqan. Endi oʻn besh-yigirma yil bunaqangi tashvish boʻlmaydi bizda.
Men muharrirga qaradim, muharrir menga.
Sir boy berib qoʻymaslik uchun, goʻyoki gap orasida shunchaki qiziqqan kishi boʻlib, Sunnatni surishtirdim: “Qalay bizning qahramon, sakrab-sakrab yuribdimi?..”
– Yuribdi, ertalab guruhida koʻruvdim, – kiprik qoqmay javob qaytardi direktor.
Biz aynan shu guruhga borishga izn soʻragandik, direktor taklifimizni quvonchdan boshi osmonga yetguday boʻlib qabul qildi, soʻng hayajon bilan bu yigitchaning kitobdan bosh koʻtarmasligini, hatto yashirincha bir nimalar yozib yurishini toʻkib solarkan, mabodo, uning mashqlaridan namunalar talabimizga javob berib, gazetamizda chop etilib qolsa – “Ha, ha, bilamiz nima uchun kelganlaringizni! Qadamlaringizga gul bitsin, akalar!” – butun “Mehribonlik uyi” bizdek bagʻrikeng ijodkorlardan behad minnatdor boʻlishini, zero, har qanday eʼtibor bolalar uchun haqiqiy bayram ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Toʻgʻri, deya qoʻshib ketdi direktor, Sunnatjonimizning ancha-muncha shoʻxligi, quvligi ham bor, oʻzicha bir nimalarni oʻylab topib yuradi, baʼzan shunaqangi jiddiy savollar berib qoladiki, nima deb javob qaytarishni ham bilmay qolasan kishi; ammo buni tushunsa boʻladi, xoʻsh, ruhshunosimiz taʼbiri bilan aytganda, bola oʻtish yoshida, ong-shuuri, dunyoqarashi shakllanadigan davrda; deylik, asalari gullardan bol yiqqaniday, bizning bitiruvchimiz ham turmushdan oʻzining kelajak hayotini belgilab beradigan maʼlumot-xulosalar yigʻadigan bosqichda. Bu jarayonda sizlardek bagʻrikeng ijodkorlarning ishtiroki esa nur ustiga nur boʻlib xizmat qilishi shubhasiz. Axir amaliy ish, ibrat baribir boshqacha-da. Ayniqsa, Sunnatjondek tiyrak nigohli, dunyoga hayrat koʻzi bilan qarayotgan, uni anglashga urinayotgan ijodkor yigitcha uchun…
Yoʻlakda bir zum oʻsha jinqarchani taʼrif-tavsif etishdan toʻxtagan direktor dars jadvaliga qarab oldi: guruh kompyuter mashgʻulotida ekan.
Bordik. Sinfdagi bolalar oʻrinlaridan turib, salom berishdi. Ular orasida Sunnat ham bor edi. Alik olganimizdan soʻng bolalar oʻtirishdi, oʻqituvchining ruxsati bilan mashgʻulotlarini davom ettirishdi.
Sunnatning yoniga bordim. U kompyuter ekranidan koʻz uzmas, bekorchi bir nimalarni chizib oʻtirardi. Unga diqqat bilan qarab turaverdim. Ammo bolakay menga mutlaqo eʼtibor bermadi, baayni yonida begona, notanish odam turganday…
Xoʻjayin ikkalamiz ishxonaga qadar “miq” etmay keldik…
Abduqayum YOʻLDOSHYeV
“Kitob dunyosi”, 2014 yil, 22-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/etim-soz/