Post Views:
993
Buxoroning markaziy koʻchalaridan birida, ulkan Koʻkaldosh madrasasi va Shohsanam masjidi oldida koʻrimsizgina, lekin, meʼmoriy yechimi bilan oʻziga xos boʻlgan Ernazar Elchi madrasasi mavjud. Ikki qavatli bu inshoot oq marmardan qurilgan va sharqona bezaklar bilan jilolangan. Ichki hovlisi keng boʻlib, mudarrislar va talabalar uchun xonalar va hujralar bor. Vaqf mablagʻlari hisobiga oʻz davrida bu yerda shogirdlar bepul taʼlim olish barobarida nafaqa ham olib turganlar.
Mazkur madrasaning qurilish tarixi haqida esa turfa xabarlar ogʻizdan ogʻizga koʻchib yuradi. Ulardan birinchisi va eng ommalashgani Rossiya podshoh xonimi Yekaterina II tomonidan ajratilgan mablagʻ evaziga Ernazarbiy tomonidan tiklangani haqidagi xabardir.
Buxoro hukmdori Shoh Murodxonning buyrugʻi bilan Mulla Ernazarbiy boshchiligidagi delegatsiya Peterburgga boradi va Yekaterina II bilan muzokaralar olib boradi. Ayni muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunida katta miqdordagi xayriya mablagʻi ajratiladi.
Mashhur sharqshunos N. V. Xanikov mazkur madrasa Yekaterina tomonidan barpo etilganini taʼkidlasa, G. Poslavskiy oʻz qaydlarida madrasa Yekaterina tomonidan ajratilgan 40 000 rublga Ernazar Elchi tomonidan qurilgani yoziladi. 1883 yilda Buxoroda boʻlgan V. V. Krestovskiy “Buxoro amiri huzurida mehmonda” kitobida bu xususda toʻxtalib oʻtadi. Uning aytishicha, Ernazar eshon kambagʻal oiladan chiqqan va umrini ilm olishga sarflagan. Uning orzusi esa madrasa qurib yoshlarga taʼlim berish boʻlgan. Xattotlik va mudarrislik qilib topgan pullari evaziga Ernazar eshon Labi Hovuz yonida madrasa qurishga kirishadi. Biroq, yetarlicha mablagʻ topilmay qurilish bir muddat toʻxtab qoladi. Yekaterina II huzuriga tashrifdan soʻng bu qurilish ishlari yakuniga yetadi.
Yana bir manbada yozilishicha, tarixda “Amiri masʼum” deb nom qoldirgan Buxoro amiri Shoh Murodxon hijriy 1199 yil shaʼbon oyida (1784 yilning yanvarida) Forsga qarshi Rossiyaning ittifoqchiligidan umidvor boʻlib Ernazarbiyni Peterburgga elchi qilib joʻnatadi. (tarj. Aslida bu paytda Doniyolbiy otaliq Buxoro taxtida boʻladi va uning oʻgʻli Shoh Murodxon ancha keyin taxtga chiqadi. Rus manbalarida Doniyolbiyning hukmronlik davrida Abulgʻoziy xon nomidan Ernazarbiyning elchi boʻlib borgani keltirilgan. Abulgʻoziyxon Doniyolbiy amirlik paytida qoʻgʻirchoq xonlardan boʻlgan va davlat ishlari uning rasman uning nomidan yuritilgan. Shu sababli Rossiyadagi hujjatlarda Abulgʻoziyning nomi qolgan boʻlishi mumkin. Bu Xiva xoni Abulgʻoziy Bahodirxon bilan bir shaxs emas!)
Imperator Yekaterina esa Oʻrta Osiyoga savdo yoʻlini ochish va mintaqani oʻrganish uchun himmat koʻrsatgan holda madrasa qurilishiga deb xayriya ajratadi. Bu esa musulmon hukmdoriga yoqishi tabiiy. G. Krestovskiy oʻz mulohazalari yakunida bu maʼlumotlarning hech biri aniq manbaga asoslanmaganini aytgan holda Ernazar Elchi madrasasining qurilishida Yekaterina II ning ishtirokiga shubha qilmaydi.
Rossiya tashqi ishlar kollegiyasining arxivlarida 1776 va1786 yillarda Mulla Ernazarbiy va uning oʻgʻli Muhammad Sharif Buxoro davlati elchisi sifatida Yekaterina huzurida boʻlgani haqida maʼlumotlar saqlanmoqda.
Buxoro tarixida XVIII asr iqtisodiy va siyosiy inqirozlar davri sifatida tilga olinadi. Ashtarxoniylarning qariyb ikki yuz yillik boshqaruvidan soʻng mintaqadagi ahvol achinarli holga tushib qoldi. Xiva va Qoʻqon xonliklari bilan muntazam ziddiyatlar, Fors shohlarining tahdidi siyosiy tomondan mamlakatni zaiflashtirgan boʻlsa, davlat boshqaruvidagi noʻnoqlik dunyodagi eng qudratli va boy Temuriylar davlatidan meros qolgan tizimning yoʻq boʻlishiga olib keldi. Zarafshon va Sirdaryodagi irrigatsiya tizimi oʻz holiga tashlab qoʻyilishi oqibatida gullab-yashnagan vodiylar sahrolarga aylandi. Odamlar oʻz yashab turgan joylarini tark etdilar.
Saroylardagi fitnalar, hokimiyat uchun kurash nafaqat Buxoro, balki, Xiva va Qoʻqon xonliklarining ildiziga bolta urdi. Mamlakat zaiflashdi, xalqqa qoʻshimcha soliqlar solindi. Yevropa va Sharqiy Osiyoni bogʻlab turuvchi savdo yoʻlining karvonlardan dunyo okeanidagi kemalarga oʻtishi esa hududdagi aloqalarning uzilishiga, mintaqaning turgʻunlikda qolib ketishiga olib keldi. Savdo-sotiqdan tushadigan daromad ham keskin kamaydi. Bu esa ichki ishlab chiqarish, sanoatning oʻsishini toʻxtatib qoʻydi.
Ashtarxoniylar hukmronligi barham topib mangʻitlar hokimiyat tepasiga kelgach Buxoro amirlik deb nomlandi. 1773 yilda Buxorodan Rossiya tomon yoʻl olgan katta karvon Orenburg yaqinida Pugachyov shaykasi va qozoqlar tomonidan talonchilikka uchraydi. Omon qolgan karvon kishilari esa Buxoro amiriga voqeani bayon qiladi. Mamlakat katta talofat koʻrgan edi. Rus podshohi huzuriga yangi karvon yuborishda Hindiston, Fors va Rusiyada bir necha bor karvon bilan boʻlgan tadbirkor Mulla Ernazarbiy Maqsud oʻgʻli gʻayrat koʻrsatdi va amir unga yorliq topshirdi. 1974 yil avvalida u Buxoro elchisi sifatida quyidagi tarkib bilan Yekaterina II saroyiga yoʻl oldi:
Mulla Ernazarbiy Madsud oʻgʻli, elchi,
Elchining oʻgʻli Muhammad Sharif, ponsotboshi,
Oxun Mulla Arab,
Imom Mulla Halil,
Mulla Bobosharif, maslahatchi va mirza,
Muhammad Sharif, xazinador (gʻaznasi),
Ayozberdi, yuzboshi (kapitan).
Bundan tashqari, elchixona tarkibida buxorolik shifokor, oshpazlar, novvoylar, xizmatkorlar, 9 mashshoq hamda podshoh Yekaterina, shahzoda Pavel va boshqalarga moʻljallangan otlarga qarash uchun 10 otboqar, jami – 53 kishi bor edi.
Elchi Buxoro xoni Abulgʻoziyning ishonch yorligʻidan tashqari qimmatbaho sovgʻa-salomlarni ham Yekaterinaga olib borish masʼuliyatini zimmasiga olgandi.
Podshoh uchun 7 ta arab argʻumogʻi (oti), 18 ta zardoʻzi hind parchasi (ayollar libosi), 127 pud lojuvard, 84 pud ravoch; 5 pud shovul, podshohning oʻgʻliga 3 ta arab argʻumogʻi, qiziga 10 ta hind parchasi, Osterman, Panin, aka-uka Orlovlar va Olsufyevlarga ham arabi otlar, qimmatbaho egar-jabduqlari bilan sovgʻa sifatida olindi.
Bundan tashqari Ernazar elchi qullikda boʻlgan va Buxoro hukumati tomonidan sotib olinib Oʻris podshohiga sovgʻa sifatida yuborilayotgan yigirmata rossiyalik asirni ham olib bordi. (Maʼlumotlarga koʻra, oʻsha paytlarda Buxorodagi oʻris qullari soni 4000 taga yetgan. Ulardan ayrimlari Buxoro armiyasida yuzboshilik darajasiga koʻtarilgan ham.)
Vaziyatdan foydalangan elchi va uning xodimlari diplomatik maqomi tufayli sotish uchun Rossiyaga olib borgan Buxoro tovarlarini ham boj-toʻlovlarisiz chegaradan oʻtkazadi.
Elchixona 1774 yil yanvarida Buxorodan chiqib Xiva orqali fevralda Orenburgga yetib keldi. Bu yerda Pugachyov isyoni tufayli yarim yilcha qolib ketganidan soʻng Mangʻishloq bilan 1774 yilning sentyabrida Astraxanga bordi. Astraxan gubernatori, general-mayor Krechetnikov esa Peterburgdan ruxsat boʻlmaguncha ularni mamlakat ichkarisiga oʻtkazib yubormadi. Bu orada Krechetnikov turli byurokratik toʻsiqlar bilan karvonning harakatlanishini toʻxtatib turdi va turgan har bir kuni uchun katta miqdorda boj oldi. Ernazarbiyning kansler graf Ostermanga maktubidan soʻng vaziyat yumshadi. 1975 yilning 9 fevral kuni kapitan Yegor Pavlov boshchiligidagi batalon hamrohligida elchixonaning 42 xodimi ikki eshelonga boʻlingan holda Moskva sari yoʻl oldi.
Diplomatik missiya 14 mart kuni Moskva daryosi boʻyidagi Tashqi ishlar kollegiyasiga tegishli uyga joylashdi. Biroq, ular bu yerda koʻp qolishmadi va xususiy uyga ijaraga chiqdilar.
27 mart kuni kansler betobligi tufayli elchixona toʻliq tarkibi bilan vitse-kansler graf Panin tomonidan qabul qilindi. Elchi Ernazarbiy Buxoro amirining ishonch yorligʻini Yekaterinaga yetkazish uchun unga topshirib oʻz hukmdorining salomini yetkazdi. Shundan soʻng u vitse-kanslerning oʻng tarafiga oʻtirdi. Panin Buxoro davlati vakillari bilan doʻstona suhbat qurdi.
5 aprel kuni elchixona Podshoh tomonidan qabul qilindi. Elchi Yekaterina bilan uchrashdi va oʻz hukmdorining doʻstona takliflarini yetkazdi. Shundan soʻng buxoroliklar Shahzoda Pavel tomonidan qabul qilindi.
Rossiya poytaxtidagi keyingi bir yil davomida elchixona savdo-sotiq ishlari bilan shugʻullandi. Oʻzlari olib kelgan mahsulotlarni sotish va Buxoro uchun Moskva fabrikalaridan kerakli mahsulotlarni sotib olishga eʼtibor qaratdi.
1776 yilning 15 yanvar kuni elchi graf Panin huzurida yana bir bor qabul qilindi va soʻng Buxoroga qaytib ketdi. Moskvadan qaytishi oldidan Ernazar elchiga Rossiya imperatorining Buxoro amiriga doʻstona ruhda bitilgan javob yorligʻi topshirildi.
Kanslerdan esa karvonning talangani uchun tovon toʻlash haqidagi elchixonaning soʻrovi Rus hukumati tomoni rad etilgani haqidagi maktub olindi. Shu bilan birga kansler Podshoh xonim nomidan Buxoro amiriga javob tarzida sovgʻa-salomlar berdi. Ular orasida ilgariroq Qrim xoni Sagʻin Girey uchun tayyorlangan, usti olmoslar bilan bezatilgan qimmatbaho shashka, shuningdek, shahzodaning nomidan qiymati 2000 rubl atrofida turadigan olmos shodalari bor edi.
Yekaterinaning farmoniga koʻra ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun Elchi Ernazarbiy qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlandi. Ernazarning shaxsan oʻzi uchun quyidagilar taqdim etildi:
– Rus hududlari bilan savdo qilishi uchun Kaspiy dengizida kema sovgʻa qilindi;
– Yiliga 9000 rubl toʻlagan holda Rus hududlari bilan besh yil mobaynida bojsiz savdo qilish huquqi berildi;
– 2000 rubl mukofot ajratildi va 1000 rubl yoʻl xarajatlari uchun berildi;
– Astraxanda elchi tomonidan sotish uchun olib qoʻyilgan tovarlar hisobiga xazinadan 2000 rubl qaytarib berildi;
– Suvsar terisidan poʻstin sovgʻa qilindi;
– Moskvadan Astraxangacha yoʻl xarajatlari uchun 1630 rubl berildi;
Yurtiga qaytar ekan, buxoroliklar Rossiyadagi qabullardan xursand boʻlgani aniq. Biroq, diplomatik missiyaning asosiysi bajarilmagan boʻlsada, Ernazarbiy oʻzi uchun juda katta shaxsiy boylik orttirib oldi. Shu sababli yurtiga qaytishi bilanoq u yana Rossiya safari tadorigini koʻra boshladi. Bunga quyidagi holat sabab boʻlgandi.
1775 yilda Buxoro elchixonasi bilan birga Moskvada Usmonli sultonligining ham elchilari joylashgandi. Ikki musulmon turk davlati elchilari oʻzaro savdo aloqalarini mustahkamlash, Oʻrta Osiyodagi ziyoratchilarning Xiva va Astraxan orqali Rossiya janubidagi yerlar bilan Konstantinopol va Anatoliyaga dengiz orqali chiqishi hamda Makkaga borishlarini taʼminlash boʻyicha muzokaralar olib borishdi. Oʻz yurtlariga qaytgan elchilar bu haqda hukmdorlariga maʼlum qilishdi. Birinchi boʻlib Konstantinopoldan Buxoroga elchilar joʻnatildi. 1799 yilda bunga javoban Buxoro hukmdori ham Ernazarbiy va uning oʻgʻli yetakchiligidagi elchilarni Usmonli davlatiga yubordi. Yoʻl-yoʻlakay ular Moskvaga borib Yekaterina bilan uchrashishi, Astraxanda talangan karvon uchun tovon puli talab qilishi hamda Buxoro hukumati uchun 3000 pud mis soʻrashi kerak edi. 28 kishidan iborat elchixona xodimi bu safar ham avvalgisi singari sovgʻa-salomlar bilan yoʻlga otlandi. Elchixona 1799 yil bahorida Buxorodan chiqib 10 avgust kuni Orenburgga kirib bordi va dekabrgacha shu yerda qolib ketdi. (Buxorodan Rossiyaga oʻsha davrlarda 4 ta asosiy yoʻl boʻlgan: 1) Buxoro-Xiva-Astraxan — 30 kunlik yoʻl; 2) Buxoro-Xiva-Orenburg — 60 kunlik; 3) Buxoro-Troisk, Orol dengizining sharqiy sohillar boʻylab — 80 kunlik; 4) Buxoro-Toshkent-Petropavlovsk — 90 kunlik yoʻl.)
31 dekabr kuni Buxoro elchilari Moskvaga Orenburg bataloni hamrohligida yetib keldi. 4 yanvar kuni ular Peterburgga borib Vasilyevsk orolidagi Tashqi ishlar kollegiyasiga tegishli davlat xazina qarorgohiga joylashdilar. Bu safar elchixona uchun davlat tomonidan oyiga 360 rubl ajratildi; elchining harakatlanishi uchun 800 rublga kareta sotib olindi; yordamchilarining yurishlari uchun ikki ekipaj izvosh yollandi.
Avvalgidan farqli oʻlaroq, bu gal Yekaterina Buxoro elchisiga juda katta iltifot koʻrsatdi. 2 fevral kungi qabul marosimida Ernazarbiy Rus podshohi bilan qoʻl berib koʻrishdi, shirin soʻzlar aytdi, biroq, Yekaterina elchining sovgʻalarini shaxsan olishga rozi boʻlmadi. Buxoro elchixonasining ishlari bilan shugʻullanish vazifasi Tashqi ishlar kollegiyasi xodimi Muratovga topshirildi.
Peterburgdalik chogʻida Ernazar elchi davlat tashqi ishlar kollegiyasiga Buxoro hukumati va shaxsan oʻz nomidan talabnoma kiritdi. Unda qisqacha mana shular bayon qilingandi:
– Buxoro hukumatiga 1773 yildagi karvoni talon-taroj qilingani uchun buxorolik savdogarlarga tovon puli sifatida 471.830 rubl berish;
– Troisk zavodidan 3000 pud mis plastinalari berish;
– 1775 yilda elchixona tomonidan qaytarilgan rus asirlari uchun mukofot berish;
– Elchi va uning oʻgʻli hamda xodimlarini rus hududlari orqali Usmonli davlatiga oʻtishi va qaytishiga ruxsat berish;
– Ernazarbiy va uning oʻgʻliga Rus saroyidagi turk, fors va boshqa elchilarga berilgani kabi podshohlik oilasi nomidan shohona pocha poʻstin sovgʻa qilish.
Bu talablarning barchasi diplomatik missiyaning ikkinchi darajali maqsadlari sirasiga kirardi. Asosiysi esa, yuqorida taʼkidlanganidek, rus-turk yerlari orqali Makkaga yoʻl ochish boʻlgan.
Natijada Rossiya hukumati tomonidan bu talabnoma oʻrganib chiqilib Yekaterinaning rezolyutsiyasiga koʻra 1780 yil 9 may sanasida tashqi ishlar kollegiyasining qarori qabul qilindi.
Unda Buxoro elchixonasini Kiyev yoki Xerson orqali Konstantinopolga oʻtkazib yuborish va yoʻlda chegaraga qadar ularga har tomonlama yordam berish koʻrsatilgan. Shuningdek, chegaragacha 2600 rubl va yoʻl xarajatlari uchun 1200 rubl ajratish, elchiga yoʻl karetasi sotib olib sovgʻa qilish uchun 1300 rubl, Ernazarbiy va uning oʻgʻliga podshohlik oilasi nomidan shohona pocha poʻstin sovgʻa qilish va 2000 rubl ajratish, Buxoro amiriga esa Troisk zavodidan 3000 pud mis plastinalari berish va bu haqda Konstantinopoldagi elchixonaga chopar orqali xabar yetkazish koʻrsatib oʻtilgandi.
Ernazarbiyning boshqa talablari esa rad etildi. Buxoro elchilari 10 oktyabrda Peterburgdan chiqib 9 kundan soʻng Xersonga yetib borishdi. Bu yerda Xerson gubernatori general-poruchik Gannibal tomonidan kutib olinib ikki yunon kemasiga joylashtirildi. Biriga elchi va yaqin ayonlar, ikkinchisiga esa yuklar joylandi.
Konstantinopoldagi Rus elchixonasining maʼlumotlariga koʻra Ernazarbiy boshchiligidagi Buxoro elchilari 1780 yilning 27 oktyabr kuni Usmonli davlatiga yetib kelishdi va 9 noyabr kuni mamlakat Sadri Aʼzami (bosh vaziri) bilan uchrashdi. Siyosiy muzokaralardan soʻng Ernazarbiy Makkaga tomon yoʻlga otlandi. 1781 yilning sentyabr oyida Buxoro davlati diplomati Kichik Osiyoda tarqalgan oʻlatga chalinib Koʻniyada vafot etdi.
Bu bilan Ernazar elchining nomayu aʼmoli yopildi. Lekin, uning ishlarini oʻgʻli Muhammad Sharif davom ettirdi. U Konstantinopoldan qaytishda 1783 yil va keyinchalik 1785 yilda alohida karvon bilan Yekaterina huzurida boʻldi. Garchi, otasi singari u ham Rus podshohining iltifotiga loyiq koʻrilgan boʻlsada, otasi boshlagan asosiy gʻoya – Markaziy Osiyodan Rus yerlari orqali Gʻarbiy Yevropaga savdo yoʻllarini ochish masalasini hal eta olmadi.
Ernazar elchining oʻlimidan soʻng bu gʻoya uzoq muddat yoddan koʻtarildi. Ruslar Turkiya va Shvetsiya bilan kelishmovchiliklar, Polsha, Qrim va Gruziyadagi notinch vaziyat bilan andarmon boʻlib Turkiston haqidagi gʻoyalarni ortga surishdi. Buxoroda esa boshqa Ernazarlar topilmadi. Bu bilan Chor istilosi qariyb bir asr kechikdi. Toʻgʻri, bu orada Rossiya tomonidan bir qancha razvedka ekspeditsiyalari uyushtirildi. Ularning ayrimlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Mulla Ernazarbiyga keladigan boʻlsak, u dunyo koʻrgan mutaraqqiy kishi sifatida mamlakatining naqadar qoloq ahvolda qolganini his qildi va uni rivojlantirish uchun Gʻarb mamlakatlari va Usmonli sultonligi bilan savdo aloqalarini mustahkamlash zarurligini Buxoro hukmdorlariga tushuntira oldi. Uning elchilik maqomidagi yurishlari garchi muvaffaqiyatsizlik bilan yakun topgan boʻlsada, tadbirkorlik bilan toʻplagan mablagʻlari evaziga Buxoro markazida oʻzi orzu qilgan madrasa qurildi. Aftidan, qurilish ishlarini oʻgʻli Muhammad Sharif oxiriga yetkazdi.
Yuqorida aytib oʻtilganidek, Ernazar elchi madrasasi Yekaterinaning xayriya pullariga emas, balki, Ernazarbiyning halol ishlab topgan mablagʻiga qurildi.
Ernazarbiy elchi oʻz davrining eng qudratli davlati podshohi bilan muvaffaqiyatli muzokara olib borgan mohir diplomat, mazlum xalqi uchun taʼlim muassasasi qurishdek ezgu gʻoyasi uchun oʻz jonini garovga tikkan maʼrifatparvar sifatida tarixda nom qoldirdi.
(“Бухарские посольства при дворе Екатерины II // Исторический вестник, № 2. 1897” nashridagi maqoladan erkin tarjima)
https://shosh.uz/uz/yekaterina-ii-saroyidagi-buxoro-elchisi/