Yaxshiyam borsiz, yaxshilar!

Yaxshi odamlar boʻlmaganida ona Yer oʻz oʻqi atrofida aylanib turarmidi? Quyosh sayyoramiz atrofida parvonadek kunu tunni taʼmin etarmidi? Dunyo oʻz muvozanatini nimaning ustida qurgan? Odamzot juda qattiq charchaganda, hayot sinovlariga, toʻsiqlarlarga duch kelganida yashashga qanday kuch topadi?

…2015 yilda dadam olamdan oʻtdi. Boshimizga togʻ quladi, oʻshanda. Men va singlim murgʻak qalbimiz bilan padarimning yoʻqligiga, endi hech qachon bu dunyoda koʻrishmasligimizga koʻnikishimiz kerak boʻldi. Lekin qanday koʻnikish mumkin? Qiyin ekan. Shunday ogʻir damlarda yaxshi odamlar yordamga keldi.

Birinchi oʻrinda yaqin qarindoshlar albatta. Lekin rahmatli dadajonimning oʻrtoqlari, bizga amaki qatorida sanaladigan insonlarning mehrli munosabatlari qaddimizni koʻtardi. Bizga koʻp mehribonlik qilishdi. Hammalari oʻz ayollari bilan kelib, koʻnglimizni koʻtarib, dalda boʻldilar, taskin berdilar.

Oʻtgan yili tugʻilgan kunimdan bir kun oldin dadajonim boʻlsalar tabriklar edi, sovgʻalar oʻz yoʻliga, lekin u kishining yuzini yuzimga bosib erkalab qoʻyishlarini judayam sogʻinib, yigʻlab, uxlab qoldim. Erta tongda eshik qoʻngʻirogʻi chalindi. Oyim eshikni ochsa, dadamning oʻrtoqlari – mehribon insonlar bir dunyo sovgʻalar bilan turishibdi. Biz koʻz yoshlarimizni tiya olmadik. Bu gʻam aralash quvonch yoshlari edi. Bu mehribon insonlar mana qariyb 3 yildirki, biror bayramda, yaxshi-yomon kunlarda bizni unutishmadi, tashlab qoʻyishmadi. Ming bor rahmat, tashakkur va taʼzim ularga! Ulgʻayib, yurtimga naf keltiradigan inson boʻlib, nasib etsa, ularning barcha yaxshiliklariga yaxshilik bilan javob qaytaraman.

“Yaxshi odamlar dunyoda koʻp emas” deyishsa ishonma, yaxshilar koʻpligi uchun dunyo turibdi, – deydi buvim. Shunday yaxshi insonlardan yana biri rahmatli dadamning Doʻmbiroboddagi hovlisida yashaganimizda qoʻshnimiz boʻlgan, oyimning jonajon opalaridan biri Odinaxon xolajonim ham hayotimizda yuksak qadr-qimmatga ega inson. Oddiy oʻzbek ayoli, yuzida oftob kulib turadigan bu ayolni eslasam, koʻrsam, yaxshilik farishtasi, degan soʻz xayolimdan oʻtadi. Men va singlim xuddiki ularning oila aʼzosidekmiz, oʻz farzandiga nimani ravo koʻrsa, bizga ham shunday mehr koʻrsatadi. Dunyo qiziq ekan, deydi oyim, mehrni kimdan kutasan-u, kimdan nasib etadi?! Baʼzan yaqin insonlaring arzimas narsalarni deb sendan yuz oʻgiradi. Lekin qarindoshlik maʼnosida begona boʻlsada, qalbi qalbingga tutash insonlar senga hayot yoʻlingni topishingda yordam beradi.

Hayot oilamiz boshiga katta tashvishni solganda, qiyinchiliklar ichida yashayotganimizda yonimizda koʻp odam qolmadi. Lekin qolganlar orasida ustozim Guljamol opa haqida hammadan koʻp gapirgim keladi. Chunki bu jonfido inson ham xuddiki yordam qoʻlini choʻzishni oʻz vazifasidek qabul qilib, bizni ruhan va maʼnan qoʻllab-quvvatlamoqda. Ustozimga gapim koʻp, lekin taʼrifga soʻz ojiz. Rahmat, rahmat, ming bora rahmat deya olaman, xolos!

Toʻgʻri, dunyo shunday odamlar borligi uchun turibdi. Dadajonimning imonli, insofli va vijdonli doʻstlari kabi odamlar borligi uchun, Odinaxon opa kabi yaxshilik farishtalari, Guljamol opam kabi ezgulik elchilari borligi uchun ham turibdi, dunyo!

Dunyodagi jamiki kitoblar, eng zoʻr asarlar, musiqalar, suratlar, barcha-barchasi aslida yaxshilik va yaxshilar haqida, ularga bagʻishlangan. Men ham ulgʻayib, yaxshi ijodkor boʻla olsam, albatta yaxshi odamlar, ezgulikning qudrati haqida kitoblar yozmoqchiman! Borligingiz qanchalar baxt yaxshilar!

Yaxshiyam borsiz, yaxshilar!

 

Madina UMRZOQOVA,

poytaxtimizdagi 91-umum taʼlim maktabi oʻquvchisi

 

“Sogʻlom avlod” gazetasi, 2018-6

soglom.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/yaxshiyam-borsiz-yaxshilar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x