Yaxshivoy bilan Yomonvoy

DO`STLARGA ULASHING:

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir shaharda, bir kunda ikki oilada farzand tug‘ilibdi. Birinchisining tug‘ilishi xavo aynigan, yomg‘ir yoqqan paytga to‘g‘ri kelibdi. Shuning uchun unga Yomonvoy deb nom qo‘yishibdi. Ikkinchisi esa yomg‘ir tinib, havo ochilib, oftob chiqqan vaqtda tug‘ilibdi.
Uning ismini Yaxshivoy qo‘yishibdi. Ikkalasi ham voyaga yetibdi.
Bir kuni Yomonvoy Yaxshivoyga, «seni mehmonga olib boraman» deb aldab, cho‘lga olib kelibdi. Shunda Yaxshivoy:
— Nega meni bu yerga olib kelding? — deb so‘rabdi.
— Nega endi hamma seni Yaxshivoy deb maqtaydi. Men seni bu yerga o‘ldirgani olib keldim, — debdi Yomonvoy,
— Jon do‘stim, meni o‘ldirmagin. O‘ldirgandan ko‘ra mening ikki ko‘zimni o‘yib qo‘ya qolgin, — deb yalinibdi Yaxshivoy.
Yomonvoy Yaxshivoynint ikki ko‘zini o‘yib, o‘zi yana shaharga qaytibdi.
Yaxshivoy cho‘lda ikki ko‘zi o‘yilgan holda nola qilib, och-nahor yotaveribdi. Oxiri, asta-sekin qo‘zg‘alib, emaklab yura boshlabdi.
Paypaslab-paypaslab bir zinaga to‘g‘ri kelibdi. Asta-sekin zinadan pastga tusha boshlabdi.
U yerda katta bir chinor va ostida bir hovuz bor ekan. Yaxshivoy hovuzning yoniga kelib yotibdi, «balki suv olishga kelgan biror kishi menga yordam berar», deb o‘ylabdi. Suvga kelgan kishilar Yaxshivoyni ko‘rib, unga non, suv berishibdi. Shunday qilib kunlar o‘taveribdi.
Kunlarning birida chinor tagida uxlab yotganda daraxtning tepasiga to‘rtta to‘tiqush kelib, o‘zaro suhbatlashibdilar. Yaxshivoy to‘tilarning suhbatini tinglab yotaveribdi.
Birinchi to‘ti:
— Olamda nima gaplar bo‘layotganini bilasizlarmi? Bir kishi ko‘zi o‘yilgan holda yotibdi. Agar u shu chinorning tepasiga chiqib, eng yuqorisidagi bargini olib, ko‘ziga surtsa, ko‘zi ochilib ketadi, — debdi.
Ikkinchi to‘ti:
— Narigi tomonda, bir kampirning asrab qo‘ygan pulini bir sichqon olib ketib o‘ynayapti. Agar sichqonni bir kesak bilan ursa, sichqon qochib ketadi, pulini olish mumkin, — debdi.
Uchinchi to‘ti:
— Shahar chetida ikki aka-uka otalaridan qolgan hovli-joyni talashib janjallashib yotishibdi. Agar o‘sha hovlini sotib olib, hovli o‘rtasidagi bir juft terakning tagini kovlasa, u yerdan bir xum tilla chiqadi, — debdi.
To‘rtinchi to‘ti:
— Shahrimizdagi podshoning qizi kasal, hech kim podshoning qizini tuzata olmayapti. Kimki podshoning qizini shu kasaldan tuzatsa, u qizini beradi. U qizga uylaridagi qora mushuk oshiq bo‘lib qolgan. U mushuk qiyofasidagi paridir. Agar o‘sha qora mushukni so‘yib, qonini qizga surtsa, qizi tuzalib ketadi, — debdi.
To‘tilar uchib ketganidan keyin, Yaxshivoy ulardan eshitgan gaplarini bajara boshlabdi. U chinorning tepasiga chiqib, uning bargini avval o‘ng ko‘ziga, keyin chap ko‘ziga surkagan ekan, ko‘zi ochilib ketibdi. Sichqonni ham topib, kesak bilan bir urib pulini olibdi. O‘sha pulga borib, aka-ukalaridan hovli sotib olibdi. Hovli o‘rtasidagi daraxtning tagini kavlab, bir xum tillani olibdi. U rosa boyib, xursand bo‘lib bozorni aylanib yursa, podshoning jarchilari malikaning kasal ekanligini, uni davolaydigan tabib kerakligi haqida jar solib yurgan ekan. Yaxshivoy, “men tabibman” deb, ular bilan birga shohning huzuriga yo‘l olibdi. Saroyga kirib borsa, shoh:
— Kizimni tuzatsang, uni senga nikohlab beraman, lekin tuzata olmasang boshing ketadi. O‘ttiz to‘qqiz tabibning boshi ketdi, sen qirqinchisisan, — debdi.
Yaxshivoy malikaning yoniga boribdi, so‘ng mushikni olib kelishni buyuribdi. U qora mushukni so‘yib, uning qonini qizga surtib davolabdi. Shoh xursand bo‘lib qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y qilib, qizini Yaxshivoyga nikohlab beribdi.
Kunlardan bir kun Yaxshivoy ota-onasini sog‘inganini shohga aytibdi. Poshdo juda ko‘p mol-dunyo berib, uni kuzatib qo‘yishga bir qancha odamlar qo‘shib beribdi. Yaxshivoyning ota-onalari suyunib kutib olishibdi. Do‘stlari, yaqinlari Yaxshivoyni ko‘rgani kelishibdi. Yomonvoy Yaxshivoyni kelganini eshitib, “endi meni o‘ldiradi” deb gumon qilibdi. Qo‘rqqanidan uning yoniga kelmabdi ham. Yaxshivoyning o‘zi Yomonvoyni ko‘rgani boribdi va unga:
— Sening orqangdan shunchalik katta davlatga ega bo‘ldim. Sen o‘zing bilmagan holda menga yaxshilik qilding, — debdi.
Shundan so‘ng Yomonvoy ham Yaxshivoyga yalina boshlabdi.
— Jon do‘stim, sen ham mening ko‘zimni o‘yib, o‘sha cho‘lga tashlab kelgin, — debdi.
Yaxshivoy:
— Qo‘y, do‘stim, qanday qilib men sening ko‘zingni o‘yaman, — deb ko‘nmabdi.
Yomonvoy esa qistayveribdi. Oxiri hech qo‘ymagach, Yaxshivoy ham Yomonvoyning ko‘zini o‘yib, cho‘lga tashlab kelibdi. Yomonvoy ham Yaxshivoy yotgan chinor tagiga borib yotibdi, bir payt o‘sha to‘tilar uchib kelib, suhbat qura boshlashibdi. To‘tilardai biri shunday debdi:
— Bizning gaplarimizni biror kishi poylab, eshitib yotganga o‘xshaydi. Bir ko‘r yigitning qo‘zi ochilibdi. Kampirning puli sichqondan olinibdi. O‘sha hovlini ham sotib olibdi. Podshoning qizi ham kasaldan tuzalibdi. Qani, og‘aynilar, pastga tushib bir qaraylik-chi, kim bizniig suhbatimizni eshitib yotgan ekan, — deb to‘tilar pastga tushishibdi.
Yomonvoyni ko‘rib, to‘rtta to‘ti uni to‘rt tomonidan ko‘tarib, osmon-u falakka olib chiqib ketishibdi va balanddan tashlab yuboribdilar. U chil-parchin bo‘lib pastga tushibdi. Yaxshivoy esa uzoq umr ko‘rib, tinch-totuv yashab, murod-maqsadiga yetibdi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x