“Yaxshiligʻ”dan topgan yaxshiligim

Hayot charxpalakka oʻxshaydi, tinmay aylanaveradi. Qora tun ketidan yarqirab tong otadi. Tuman qanchalik quyuqlashsa, ertangi kun shunchalik ochiq keladi. Qahraton qancha zabtiga olmasin, bagʻrida bahorni asraydi. Dunyo asli shunday yaralgan: qaygʻuli, ogʻir damlardan odamzodni umid, ishonch, yaxshi tilak omon olib chiqqan. Qurib, qovjirab qolgan ona zaminni koʻklam nafasi yashartirganday, insonning soʻlgʻin ruhiyatiga ona soʻz quvvat bagʻishlaydi. Bunga oʻzim koʻp guvoh boʻlganman.

Oʻn ikki yillarcha oldin turmush oʻrtogʻim ogʻir jarrohlik operatsiyasini boshdan oʻtkazdi. Salkam ikki oy shifoxonada yurak hovuchlab turdik. Vaqtning oʻtishi qiyin. Goʻyo daqiqalar soatga, soatlar yilga aylanadi. Yana qon va dori hidi anqigan palata, shifokorlarning hadikli nigohlari va ogʻriqdan, isitmadan qovjirab borayotgan bemorning hayotga toʻymagan soʻnik koʻzlari… Bunday damda goʻyo shifoxona jang maydoniga aylanadi: bir tomonda ajal, ikkinchi yonda shifokorlar saʼy-harakati, yaqinlarning Allohga iltijosi, duolari. Oʻrtada esa bemor. Bu “jang” juda qattiq va mashaqqatli boʻldi. Uni faqat shifokorlar va ular bilan yonma-yon turib hayot uchun kurashganlargina his qila oladi. Hatto bemorning oʻzi ham bu holatni toʻla idrok etolmaydi.

Shifoxonada tong otishi qiyin, deyishgani rost. Kunduzi u-bu yaqinlar tashrifi, muolajalar taʼsirida dard biroz chekinadi. Tunda esa ogʻriqlar koʻrinmas sharpalar misol bemorni taʼqib qiladi. Na ukol, na dori va na yaxshi soʻz bunday lahzalarda taʼsir etadi.

Ana shunday uyqusiz va tahlikali tunlarning birida tanish shifokorning telefon raqamini izlab, yon daftarchamni ochdim. Unda oʻzim yaxshi koʻrib, bir paytlar koʻchirib qoʻygan Bobur Mirzoning “Yaxshiligʻ” gʻazaliga koʻzim tushdi. Beixtiyor ovoz chiqarib oʻqiy boshladim:

Kim koʻribdur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ?

Kimki, ondin yaxshi yoʻq, koʻz tutma ondin yaxshiligʻ.

Ogʻriqqa chidamay yostiqda bosh tebratib, ingrab yotgan “bemorim” goʻyo sehrlangandek meni jim tinglardi:

Bori elga yaxshiligʻ qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq

Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiligʻ.

Gʻazalning shu baytiga kelganimda negadir koʻzlarimga yosh qalqidi, toʻkilib ketmasligi uchun uni boʻgʻzimga qamadim. Tomogʻim gʻippa boʻgʻildi. Ovozim chiqmay qoldi. “Bemorim” koʻzini ochdi, nega toʻxtading, degandek menga norozi nigoh tashladi. Darrov oʻzimni qoʻlga olib, oʻqishda davom etdim:

Yaxshiligʻ ahli jahonda istama Bobur kibi,

Kim koʻribdur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ.

Gʻazal tugadi, u yana ogʻriqdan bezovtalana boshladi. Bemor bemor emas, unga qaragan bemor. “Bemorim”ning jismi ogʻriydi, mening esa qalbim, yuragim parcha-parcha boʻlib boraveradi. Kecha choʻzilgandan choʻzilib ketadi, tong otmaydi, xoʻrozlar qichqirmaydi. Dunyo abadiy zulmat qaʼriga choʻkkanday tuyuladi.

Shunda negadir sinash uchun haligi gʻazalni yana oʻqiyman. “Bemorim” avval shiftga tikilgancha jim turib qoladi, keyin koʻzini yumadi, bir maromda nafas olayotganidan sezamanki, uxlab qoldi. Men ham oʻqishdan toʻxtayman. U koʻzini ochdi. Bir soʻz demay yana gʻazalni oʻqiyman. Respublika neyroxirurgiya shifoxonasida kechgan shu qorongʻu kechada tonggacha “Yaxshiligʻ”ni necha marta oʻqiganimni oʻzim ham bilmayman. Muhimi, necha kunlardan beri mijja qoqmay, ogʻriqning zabtidan ingrab chiqadigan bemorim uxladi. Tonggacha boʻlsa-da jismi joni orom oldi. Ertasiga yaqinlarimga aytib Bobur devoni va “Bobur” videofilmida Maʼmurjon Toʻxtasinov va Oʻlmas Rasulov ijro etgan qoʻshiqlarni oldirdim. Sogʻayib ketgunicha qoʻshiq va gʻazallar bilan u kishini ovutib yurdim. Oʻsha kunlarni eslarkanman, “Baribir “Yaxshiligʻ” yaxshi-da”, deyman oʻzimga-oʻzim.

Bobur ijodining inson ruhiyatiga taʼsiridan qanchalar taʼsirlangan edim. Aslida Boburning boshiga tushgan ming turfa balolardan uning yaxshilikka toʻla qalbi, mehrga limmo-lim yuragi, ezgulikka esh boʻlgan umidlari, eng muhimi, ona soʻzi va ona Vatan sogʻinchi asrab qolgan.

Boburdagi kuchli maʼnaviyat va ruhiy quvvat uning qalbidan ilohiy nur boʻlib ijodiga koʻchgan. Shuning uchun uning boy maʼnaviy merosini oʻqiganimiz sayin yaxshilik, mehr-muhabbat tomon yaqinlashamiz. Zero, dunyo yaxshilik uchun yaralgan.

 

Amina QODIROVA

 

Manba: ishonch.uz sayti

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yaxshilig-dan-topgan-yaxshiligim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x