Bir yosh oila yangi uyga koʻchib oʻtdi. Ertalab uyqudan zoʻrgʻa uygʻongan xotin derazaga qaradi va qoʻshni ayol kir yoyayotganini koʻrdi.
– Qarang, kiyimlardagi dogʻlar ketmapti, shunday bilinib turibdi, – dedi u eriga. Biroq eri bu gapga eʼtibor bermadi, gazeta oʻqishda davom etdi.
– Menimcha, sovuni yomon boʻlsa kerak yo u kir yuvishni bilmaydi. Tavba, bir xilgilarga kir yuvishniyam oʻrgatish kerak…
Eri indamayotganidan hafsalasi pir boʻlgan ayol gapdan toʻxtadi. Lekin har safar qoʻshni ayol kir yoyayotganda ajablanishini bildirib qoʻyar, kiyimlarni qanday qilib toza yuvish haqida oʻz qarashlarini aytardi.
Ajoyib kunlarning birida u yana oynaga qaradi va birdan taajjubga tushdi:
– Ie, qoʻshnining kirlarini qarang! Top-toza-ku! U kir yuvishni oʻrganib olibdi, shekilli.
– Yoʻq, unday emas, – dedi bu gapga javoban eri. – Men erta sahar turib, oynalarni artib-tozalab qoʻydim. Hamma gap shunda.
Orif Tolib
“Ma’rifat” gazetasining 2015 yil 4 mart sonida eʼlon qilingan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/yaxshi-yuvilmagan-kiyimlar/