Yaxshi “yomon” odam yoxud yangilangan realizm

Yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad portretiga chizgilar

 

Zamonaviy oʻzbek adabiyotida yangilangan realizmning konseptual asosda namoyon boʻlishida Xurshid Doʻstmuhammad ijodining oʻziga xos oʻrni bor. Oʻtgan asrning yetmishinchi yillar oxirlaridan adabiyotimizda mazkur yoʻnalishning muayyan estetik konsepsiya negizida shakllana boshlab rivojlanishi va soʻnggi oʻn yillikda avjlanib, adabiy-estetik tendensiya tusini olishi aynan shu ijodkor asarlari misolida oʻzining aniq-tiniq tasdigʻini topdi.

Bunday uslubiy yoʻnalish adibning ilk hikoyalaridan boshlab, “Nigoh”, “Panoh”, “Oromkursi”, “Soʻroq”, “Sof oʻzbekcha qotillik”, “Hijronim mingdir mening”, “Kuza…” qissalari hamda “Bozor” romanida amaliy koʻrinish kasb etgan. Ammo shuni alohida taʼkidlamoq oʻrinliki, yozuvchining ijodga “oʻzgacharoq yondashishi”, “turfa tajribalar”i realizm doirasida yuz beryapti. Mana, Xurshid Doʻstmuhammadning oʻz eʼtirofi: “Fikri, suyagi shoʻro davrida qotib ulgurgan aksariyat adiblarimiz, adabiyotshunos olimlarimiz koʻz koʻrib, quloq eshitgan narsanigina realizm deb atashadi, yaʼni, hayotda yuz bergan voqea-hodisa real, xayoldagi, tasavvurdagi, tushdagi kechinmalar noreal! Boshqa sezgi aʼzolari ham mavjudligi, dunyoni ehtiroslar, tuygʻular, sezgilar orqali idrok etish mumkinligi va lozimligi, intuitsiya, qoʻyingchi, insonga xos koʻzga koʻrinmas mayllar tan olinmaydi. Vaholanki, xayolimiz ham, tasavvurimiz ham, tushda koʻrganlarimiz ham kundalik turmushimizda koʻrayotgan manzaralar singari real, mavjud! Demak, realizm tushunchasi nihoyatda keng! Tasavvurimizga sigʻmas darajada keng! Shuni tan olsak, badiiy tasvir vositalarimiz ham cheksiz darajada koʻpayadi, tan olmasak…” (Xurshid Doʻstmuhammad. Ozod iztirob quvonchlari. Toshkent. “Maʼnaviyat” nashriyoti. 2000 yil. 47-bet).

Demak, realizm doirasida har qanday eksperimentlar qilish imkoniyati cheklangan emas. Xurshid Doʻstmuhammad mazkur fikr, aniqrogʻi, ijodiy-estetik kredodan kelib chiqib, imkon qadar har bir katta-kichik asarida shunday eksperimentlar qiladi. Asosan badiiy tasavvur, ong va ong osti jarayonlari bilan ishlaydi. Ishlaydigina emas, ularni aks ettiradi. Tasavvurida paydo boʻlgan holatni makon va zamonda toʻxtatib qoʻyib, uni har tomondan oʻrganishga, ifodalashga harakat qiladi. Masalan, saksoninchi yillar soʻnglarida eʼlon qilgan “Panoh” qissasida shunday.

Yozuvchi oʻzbek oʻquvchisiga hodisa, holatlarga yangicha yondashuv taklif etayotganini nazarda tutib qissaning nomi ostiga “yoxud 13 oktyabr 22 yu 13 da boʻlgan voqea”, deb aniqlik kiritib qoʻyadi. Ayni shu daqiqada qahramoni Ahmadali xayolida, onggi va ong osti qatlamlarida kechgan jarayonni butun assotsiatsiyalari bilan ilgʻab aks ettirishga harakat qiladi. Koʻrsatilgan aniq vaqt oddiygina vaqt emas, favqulodda hodisa – yer qimirlash sodir boʻlgan daqiqa. Ana shu favqulodda voqea qahramon onggidagi favqulodda oʻy-assotsiatsiyalarni uygʻotib yuboradi. U ayni chogʻda harakat ham qiladi. Chunki uyidan opasini koʻrgani chiqib ketgan. Voqea sodir boʻlganda, uyidan bir necha yuz metr nariroqda boʻladi. Ana shu masofani bosib oʻtish, shuning orasida roʻy bergan ongdagi jarayon, daqiqa ichra tafakkur evrilishlari, qatlam-qatlam ong osti anglanmalari tasvirga, psixologik tahlilga tortiladi. Badiiy asarda “Ong oqimi” deb nomlanuvchi bu estetik eksperiment oʻquvchini faol ishlashga, muallif bilan bab-baravar badiiy tadqiqot oʻtkazishga majbur etadi. Muallif – oʻquvchi munosabati butunlay boshqa doiraga koʻchadi. Ruhiy muloqotga aylanadi. Oʻquvchi voqeaband tafsilotli asarlardagi kabi kuzatuvchi, yozuvchi izmidagi hodisa emas, aynan, tengtoshli ishlovchi, yozuvchining hammuallifi maqomini oladi. Chunki yozuvchi ong jarayonida boʻlganidek, mozaika prinsipida sindirib, parchalab tashlayotgan laxtaklardan bir butun yasash, ikki va oʻrni bilan hatto uchga boʻlinib ketadigan qahramonning “men”ini aniq belgilab olish oʻquvchidan rosmana hammualliflikni, muallif bilan birga, butun jarayonni obdon oʻrganib, tadqiq etib, soʻng muayyan maxrajlarga keltirishni taqozo etadi. Ayni chogʻda, asar har qanday tajriba ekanidan qatʼiy nazar, milliy-etnik tushuncha, tasavvur va qadriyatlar negizida shakllantirilib, jiddiy taʼsirli gʻoya tashiydi. Oʻzbek zaminida, sof milliy-etnik tushunchalar negizida shakllangan, tarbiya topgan oʻzbekning oʻzbekcha va oʻzbekona fikrlashi, ong jarayonini tadqiq etishi yurt, qadriyat, mehr-oqibat, sadoqat kabi nihoyatda insoniy tushunchalarning insonga panoh ekanligi haqidagi yaxlit ibratli hissani ayonlashtirib beradi. Asarning modernning aynan oʻzi emas, balki modernlashgan realizm ekanligi bir chekkasi shunda hamdir. U yangilikning oʻzi uchun yangilik, tadqiqotning oʻzi uchun tadqiqot, sanʼatning oʻzi uchun sanʼat yaratayotgani yoʻq. U oʻquvchini faol hammualliflikka taklif etib, uning qalbiga, onggiga muayyan qadriyat, ibrat, hayotbaxsh tushuncha bilan kirib boryapti. Oʻziga xos poklayapti, munavvarlashtiryapti. Reallikda irreallik, fojiada katarsis – tozarish holatini berish orqali oʻquvchini guyoki poklayapti. “Ong oqimi” oʻzbekona ifodada oʻzbekona qadriyatlar tasdigʻiga, rivojiga xizmat qilyapti. Yozuvchi tajribalarining muvaffaqiyati aynan shunda.

Orada yana qator hikoyalar, qissalar va roman yozib, adib “Panoh”dan yigirma yil oʻtib, “Kuza…” qissasini eʼlon qildi. Bu asar ham Xurshid Doʻstmuhammad eksperimentatorlik anʼanasining davomi, lekin rivojlangan, takomil topgan davomi. Bu davomiylikda realizm va turfa modernistik tamoyillar omixtaligining tiniqlashgani, yanada uzviylashgani yaqqolroq koʻringan.

“Kuza…” boshdan – oxir tamom majoziylikka qurilgan asar Ernest Xeminguey aytmoqchi, oʻndan biri suv yuzida, qolgani suv ostida boʻladigan muz togʻ-aysberg misol tamoyil deyarli har satriga singdirilgan bu asarni ham hamdardlik, ham muallifdoshlik kayfiyati bilan mutolaa qiladi, oʻquvchi. Chunki har ikki qabul va holat uchun toʻla asos bor. Hamdardlik bu zohiran qaraganda, asarning majoziy dunyosiga umuman kirmaganda ham, oddiyroq nigohga darhol ilgʻanadi. Bu, avvalo, asar qahramoni Umidning ruhiy nosogʻ Opasi bilan bogʻliq lavhalarda kuchliroq seziladi. Bu psixologik mistifikatsiya, gʻayrishuuriy motivlar, tafsilotlar orqali ifoda topadi. Opa haqidagi maʼlumotlar, yaʼni, uning xushroʻy ayolligi, turmushga chiqib, soʻng ona aytmoqchi, “qaysi sullohning toʻymagan suqi” nazaridan savdoyi kuyga tushib qolgach oilaviy hayoti buzilgani, gʻalati-gʻalati “qiliqlari”, mushtipar onaning kuyinishi, hadik-xavotirlari, goh bayon qilinib, goh tasvirlanib borgan sari oʻquvchining hamdardlik hissi ortadi. Umidning “vasiy”ligi kabi oʻquvchida vasiylik kayfiyati uygʻona boshlaydi. Hamdardlik darajasining hissiy-emotsional namoyon boʻlishi, albatta, avvalo, insonning sezimlar doirasida shakllanishi va yashashi bilan bogʻliq tabiiy jarayon.

Qissada hamdardlik uchun asos beradigan ikkinchi motiv – bu intellektual publitsistik motiv. Yaʼni, asar boshlanishidan – oxirigacha davom etadigan uch doʻst suhbati – bahsi. Chet eldan taʼtilga kelgan Aziz bolalikdan birga oʻsgan eng qadrdon dildosh doʻstlari Umid va Farhodga koʻnglidagi, fikridagi oʻy-kechinmalarini, dardlarini toʻkib soladi. Yaʼni, qachonki, xalqimizga xos odatlar, xususiyatlar, bidʼat, bordi-keldi taomillar va hokazo “odamgarchilik” deb ataluvchi birgina tushuncha zamiridagi butun etnik mentalitetimiz oyogʻimizga kishan boʻlmay, “qora qozon qaynaganiga shukr” deyavermay, ong, saviya, talab, qarashlar oʻssa-oʻzgarsa, biz bu quroq dunyoda “kimga”dir aylanamiz, mavqe topamiz, degan tashvishlari, kuyinishlari oʻquvchini fikrlashga daʼvat etib, hamdardlik oʻyi va tuygʻularini qoʻzgʻaydi.

Asardan oʻquvchi qalbiga koʻchadigan yana bir hamdardlik-toʻshakka mixlanib qolgan Ustozning gʻarib, mahzun holatlari tasvirlanganda seziladi. Psixologik tahliliy yoʻsindagi bu holatlar Umidning koʻzi-koʻrimi, kuzatuvi, ichki tahlillari, munosabati orqali beriladi. Aynan, Umidni oʻz oʻgʻliday koʻradigan (“Maqsud qatori oʻgʻlimsiz”) Ustozga munosabati boshqacha boʻlishi ham mumkin emasdi. Yigitning Ustozdan muntazam xabar olishi, soatlab bemor tepasida oʻtirib, uning soʻliyotgan qiyofasi, holatlariga ichdan chuqur razm solib, “nochor va ojizona bir iztirobda termulib oʻtirishi”, shu yoʻsin oqibat koʻrsatishi bari oʻquvchida hamdardlik kayfiyatini ayni bu munosabat bilan ham ustuvor etadi.

Yana bir hamdardlik, aniqrogʻi, hamrozlik, hissiy-emotsional kayfiyat Umidning Kotibaga muhabbati, uning xayoliy dunyosida jonlanadigan qizning goʻzalligi, “oppoq, paxtaday, allaqaysi zamon aslzoda saroy malikalariga oʻxshash” qiyofasi, qizni koʻrganda, uning mayin, yoqimli ovozini eshitganda “qoʻllarini sal silkitsa uchib ketadigandek” yengillik, samoviylik his qilishi kabi holatlar tasviri oʻquvchining ham balki qachonlardir, balki shu damlarda boshidan kechirgan yo kechirayotgan tuygʻulariga esh-uyqash kelib, hamdardlikdan sal boshqacharoq, yorugʻroq, umidvorroq, zavqliroq uzviy munosabatni paydo qiladi.

Demak, asarga dastlabki zohiriy qarash-yondashishda oʻquvchi undagi tasvir, tahlil, asosiy obraz va boshqa personajlar holatlaridan taʼsirlanib, hamdardlik kayfiyatini tuyadi. Bunda u oʻziga ortiqcha yuk yuklamay, oddiy kuzatuvchi maqomida qolish bilan cheklanishi ham mumkin. Dastlabki taassurotlarning oʻzida asar haqidagi ijobiy fikrlarni shakllantiradi. Biroq, oʻquvchi faol – fikrlovchi boʻlsa va asar, aynan, fikrlashga undovchi ruhi, xususiyati bilan intellektual yondashuvni talab etayotganini tushunsa, endi u asta hammuallifga aylana boradi. Yozuvchi – muallif bilan birga tasvirlangan, bayon qilingan barcha lavha, holat, kayfiyat, obraz, personaj, motiv, mazmun, ishora, metafora, tashbeh, monolog (tashqi va ichki), dialoglarning ichiga kira boshlaydi. Bu jarayon ongdagi tahlillar, munosabatlar, topilmalar tarzida kechadi va, aynan, shunisi bilan muallif-oʻquvchi munosabatini hammualliflik darajasiga koʻtaradi.

Asarning ramziy-majoziy mazmuni qanday, oʻquvchini hammualliflikka undovchi jihatlar nimada, bu savollarga javoblar, avvalo, qissaning kompozitsion qurilishiga oid fikrlardan oydinlashib keladi.

Oʻtgan asr soʻnggi choragidagi eng mashhur intellektual oʻyinlardan biri bu kubik-rubik edi. “Kuza…” qissasining kompozitsion qurilishi ana shu oʻyinni eslatadi. Kubikning har xil rangdagi yassi boʻlaklarini bir rangdagi butunlikka keltirish uchun necha bora aylantirib moslashtirilganidek, asardagi parchalarga boʻlinib – sochilib yotgan bir butunni tiklash, yaʼni, lavha, tafsilot, tasvirlar, voqea va holatlarni ongda muayyan tizimga, yaxlitlikka keltirib olish kerak boʻladi.

Xurshid Doʻstmuhammad “ong oqimi” ifoda usulini qoʻllash asnosida, oʻquvchini faol fikrlashga daʼvat etadi. Siniqlarni yaxlitlashtirgan sari toʻrt makon va toʻrt zamon – vaqtdagi motiv – mazmundan leytmotivga – bosh gʻoyaga yaqinlashib boradi. Oʻquvchi har bir satrdan berilayotgan informatsiya-axborotni avval toʻgʻridan-toʻgʻri, soʻngra esa, koʻchma – ramziy maʼnolarda anglab boradi. Ramziylik uchun dastlabki ishora yaxlit tafsilot, holatlarning parchalanishi boʻlsa, keyingisi kichik-kichik detallarda (masalan: qoʻl telefonning “tring”lashi, “mingʻirlashi”, “nagʻma qilishi”, “Azizning “yoʻqolishi” va “topilishi”, “bemorning kumushdek… sochlarini silash”, “ust-boshingizga qarab qoʻying, yigit” degan dakki – eslatma va hokazo), ismlar maʼnosida (Umid, Aziz, Maqsud, Larisa Latipovna… ), tilshunoslik qoidalariga koʻra vazifasi va qarindosh-aloqadorligi nazarda tutilganda turdosh ot boʻlib ifodalanishi lozim boʻlgan personajlarning bosh harfda berilishi (Opa, Ustoz, Kotiba) kabilarda kuzatiladi. Bu oʻrinda aniqki, Opa, Ustoz, Kotiba toʻgʻridan-toʻgʻri tushuniladigan bir qiyofali shaxslar emas. Ularning har biriga oid lavhalarda irreallikka, majoziylikka ishoralar yaqqol anglashib turadi.

“Hasad va havas bilan qoʻshilgan nazar-nafas”ning qurboni Opa ana shu xayoliy-roʻyodagi kuzatuvchi nazarlardan qochib yuradi. Uning gʻayrishuuriy xatti-harakatlarida: “Oʻz holimga qoʻyasanmi – yoʻqmi, it?!” deya ukasini yozgʻirishlarida va intuitiv karomatlarida, Umidning Opasi tuzalishiga umidlanishida uning joʻn, oddiygina yer fuqarosi emasligi ayonlashib boradi. Ustozning intellektual – falsafiy mushohadalari va, avvalo, “kuzatuvchi va kuzatiluvchi” haqidagi noodatiy savollari, oʻylari, bemor alfozda Umid nigohidagi holatlari, oʻlimi – barida tilsim, sirlilik bor. Ustoz qoʻygan bashariy savollarni kimlar beradi, kimlar bu muammolar atrofida oʻy suradi, mushohada yuritadi, deya xayolga toladi oʻquvchi. Kotibachi, Ustozni ishxonada va bemorligida Umid bilan bogʻlovchi robita, yigitning hayotiga nur, Opasiga sogʻayish zarofatini bagʻishlayotgan xaloskor kuch, yaʼni Umidning har jihatdan umidi oʻlaroq, oqlik ramzida namoyon boʻluvchi maloika, qahramonning “ichiga-vujud-vujudiga singib… fikri-xayoliga, nafasiga aylanishi” uning samoviy mavjudot ekaniga ishora boʻlib tuyuladi. Hatto, qissa oxirida, Umidning juftiga aylangan qizning rutbasi, makoni oʻzgarib, endi vazifasi ham, nomi ham katta harflar bilan tilga olinmasligida-da bir ramziy belgi-ishora bordek…

Oʻquvchi hammuallif oʻlaroq, asarning tarkibiga, soʻzlar, obrazlar roʻyosiga singigani sari ramz, tagmaʼnolarni tuyaveradi. Va, eng muhimi, asar yakunida oʻsha toʻrt doira-qatlam qaʼridagi maʼdanni topadi – kim kuzatuvchi, kim kuzatiluvchi, deya har qancha iddao qilma, gohi uch doʻstning bahslari kabi qizib-yonib ehtiroslarga berilma, yaʼni, Azizdek kuzatiluvchi taqdir-qismatdan har qancha qochma, yo Opadek nazar-nafas iskanjasida doimiy kuzatilayotgan bir savdoyi holatiga kelma, yoki Ustoz kabi koʻnglining bir chekkasida, bir puchmogʻida eng kuchli, buyuk kuzatuvchiga aylanish ilinjini pinhon saqlayotgan shaytoniy xohishlarni zuhur etma, olamda bor qilguvchi ham, yoʻq qilguvchi ham eng oliy kuzatuvchi bor. Kuzatilish inson zotining qismati. Ana shu qismatga iymon keltirguvchilar saodat topguvchilardir…

Hammuallifga aylangan oʻquvchi balki asarda bundan-da teranroq gʻoyaviy-falsafiy fikr, bundan-da qatlamliroq tagmatnlar, ramzlar topar.

“Kuza…” qissasida “ong oqimi” tajribalaridan (mozaika, montaj usuli, ichki monolog) faol foydalanilgan. Ammo undagi qahramon va bosh gʻoya inkishofiga koʻra, bir-biriga oxir-oqibat bogʻlanib ketadigan toʻrt voqea – tafsilot, holat va personajlar ustuvorlik tamoyillari asosida, toʻrt xil adabiy ifoda yoʻnalishi boʻyicha tasvir va tadqiq etiladilar. Shartli nomlaganda: doʻstlar lavhalari – anʼanaviy realistik usulda; Opa lavhalari – magik realizm anʼanalarida; Ustoz muloqotlari – falsafiy intellektual realizm yoʻsinida; Ustozning bemor holati tasviri, tafsillari bosh qahramon Umid nigohi, ichki monologlari bilan teran psixologik realizm yoʻnalishida ifoda topadi…

Xulosa shuki, bularning bari hayotbaxsh realizm doirasida. Zero, bunday badiiy ifoda usullarining qorishiqligi olam va odam dunyosidagi har bir katta-kichik hodisaning murakkabligida, ularning necha-necha ming yillar davomida turli hujayralar sintezidan kristallanib hozirgi biz uchun real holatga kelishi natijasidadir. Kechagi choʻkichu choʻqmor oʻrnini bugun yana qoʻshimcha yuzlab funksiyalarni bajaradigan robot-mashinalar egallab olganidek, endilikda, adabiyot va sanʼatda ham yakrang hodisalar boʻlmaydi. Zotan, adabiyot va sanʼat oʻzi asliyatidan boshlab yakranglikni inkor etgan, turfalikni kashf etib taraqqiy topgan. Ana shu turfalikda olamu odam goʻzalligini inkishof eta borib, fikrlovchi insonda ruhning bemisl qudrati va abadiyligiga ishonch, eʼtiqod paydo qilgan. Zero, Xurshid Doʻstmuhammad ijodini faqat hissiy yondashuvning oʻzi bilan tahlil etib, tushuntirib boʻlmaydi. Unda hissiyot toʻlqinlari hamisha tafakkur qirgʻoqlariga urilib turadi. Biri ikkinchisini oʻzaro taqozo etadi. Binobarin, oʻzan bor, biroq, u qazilgan kanaldek toʻppa-toʻgʻri oʻzan emas, balki hayot yoʻllarining oddiy koʻzga noayon eng teran xilʼatlari, eng chekka puchmoqlarini qamragan oʻzan. Shular quyilib, qissa, roman degan katta oʻzanlar toʻlib, toʻliqib oqadi. Qancha-qancha ruhiy va aqliy quvvat tilagidagi insonlarga obihayot bagʻishlaydi, qondiradi. Xurshid Doʻstmuhammad oʻzanlaridagi zilolga piyola botirmoq oson ish emas, garchi, u sharshara emas, oʻzan boʻlsa-da. Goho chuqurlikda, goho shitob oqishidan bir hovuch suv olib sipqarish mushkul keladi. Ammo mashaqqatini chekib, chanqoqlikni bir sidra qondirdingmi, endi, qayta-qayta ichging ham kelaveradi. Mashaqqati choʻchitmaydi, aksincha, zilolini shirinroq, totliroq qiladi. Bu neʼmatdan bahramandlik qalbni, tafakkurni poklaydi, gʻuborlardan tozalaydi.

 

Shuhrat RIZAYEV

 

“Sharq yulduzi”, 2011–3

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yaxshi-yomon-odam-yoxud-yangilangan-realizm/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x