Yaxshi xulq: bir qismi oʻz nafsimizga, bir qismini bir-birimizga qarshu ishlatmak uchun kerakli boʻlgan yaxshi xulqlar: fatonat, diyonat, islomiyat, nazofat, gʻayrat, riyozat, qanoat, shijoat, ilm, sabr, hilm, intizom, miqyosi nafs, vijdon, vatanni suymak, haqqoniyat, nazari ibrat, iffat, hayo, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor, xavf va rajo, itoat, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, muhabbat va afvdur. Mana bu yozdigʻimiz yaxshi xulqlar aql va sharʼi sharifga muvofiq. Alloh taolo ham bandalar qoshida maqbul va muʼtabardur. Emdi bu yaxshi xulqlarni qoʻlga olmak uchun ota-ona, muallim ustodlarimiz hazratlarining hikmatli nasihatlarini jon qulogʻi birla tinglab, doim xotirda tutmoq, axloqi yaxshi kishilar birla ulfat boʻlmak, axloqi buzuq yomon kishilardan qochmak lozimdur. Bizim shariati islomiyada “axloqi hasana” – yaxshi xulqlar ila xulqlanmak, har narsaga ibrat koʻz ila boqub, xulqini tuzatmak vojibdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam: “Islomiyatda buzuqlik yoʻqdur, buzuqlikni ustiga oluv ham yoʻqdur. Islomiyatda eng muʼtabar kishilar yaxshi xulq egalaridur”, – demishlar.
BAYT
Yaxshi birla yursa, har kim maqsudi hosil boʻlur,
Yursa nodonlar ila, bir kun borib qotil boʻlur.
Kattalar qilgan nasihatni kichiklar olmasa,
Oqibat xulqi buzuq bir beadab johil boʻlur.
Abdulla AVLONIY
“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan
https://saviya.uz/ijod/nasr/yaxshi-xulqlar/