“1739 yil 20 noyabr. Aziz bolajonim! Sen Rim tarixini oʻrganayapsan, bunga jiddiy yondashayotgan boʻlsang kerak, deb umid qilaman. Tarixni oʻrganishdan maqsad nima dersan? Maqsad oʻtmish kishilarining yaxshi fazilatlari-yu kamchiliklarini bilib, oʻrganib, bundan oʻzimiz uchun toʻgʻri xulosa chiqarishdir”. Chester Fildning ushbu soʻzlar bitilgan “Farzandga maktublar” asari menda katta taassurot qoldirdi. Asarning tarbiyaviy ahamiyati beqiyos boʻlib, farzandning hayotda toʻgʻri yoʻlni tanlashida ota-ona alohida oʻrin tutishi ishonarli tarzda koʻrsatib berilgan.
Yozuvchi umri davomida farzandiga maktub yozgan va bularning bari jamlanib asar holiga kelgan. Har bir maktubda farzandning xatti-harakatiga munosabat bildirilib, hatto doʻstlar davrasida oʻzini qanday tutish, hamkasblar bilan qanday muomala qilish, fikr bayonchiligi haqida maslahatlar beriladi. Muallif bulardan toʻgʻri xulosa chiqarishga undab, eng nozik his-tuygʻularda ham adashmaslikka daʼvat etadi.
Uning yana bir maktubidagi quyidagi jumlaga eʼtibor qarating: “Yodingda boʻlsin, kimningdir bilimdon ekanini tushunish uchun ancha-muncha fursat kerak, ammo xulq masalasiga kelsak, u bir qarashdayoq sezilishi mumkin”. Bu bilan u insondagi xulq-atvor tezda koʻzga tashlanishini nazarda tutadi u.
Boshqa maktubida: “Chuqur ilmga ega har qanday odamda sogʻlom aql boʻlmasa, unda, albatta, mutakabbirlik paydo boʻladi”, deb yozadi. Har kim ham puxta ilmga ega boʻlishi mumkin, biroq fikri tiniq va sogʻlom boʻlmasa, bu bilimdan ne naf?
Yozuvchi farzandi ilmli boʻlishi barobarida dunyoqarashi keng, sogʻlom fikrlaydigan boʻlishini ham xohlaydi. Barcha ota-onalar va yoshlarga ushbu asarni oʻqishni tavsiya qilgan boʻlar edim, undan qanday xulosa chiqarish esa oʻzingizga bogʻliq.
Dilnavoz TOSHNAZAROVA,
Qoʻshkoʻpir tumanidagi 12-maktab oʻqituvchisi
“Ishonch” – “Doveriye” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/yaxshi-kitob-kongilda-varaqlanadi/