YASMIQ, adas — dukkakdoshlar oilasiga mansub bir yillik donli oʻtsimon oʻsimlik turkumi, don ekini. Oʻrta dengiz, Kichik Osiyo, Zakavkazye va Oʻrta Osiyoda 10 turi tarqalgan. Yasmiqning oddiy xoʻraki turining yirik urugʻli va mayda urugʻli navlari qadimdan Yevropa mamlakatlarida, Shim. Afrika, Kolumbiya, Chili, Rossiya va boshqalar mamlakatlarda ekib kelinadi (Oʻzbekistonda 20-asrning 50-y. lariga qadar koʻp ekilgan). Yasmiqning ildizi oʻqildiz, boʻyi 60— 70 sm. Bargi murakkab, juft patsimon, uchida jingalaklari bor. Gullari mayda, pushti, binafsha, koʻk, koʻpincha oq, barg qoʻltiqlariga 2—4 tadan joylashgan, oʻzidan changlanadi. Mevasi dukkak, urugʻi yumaloq, sariq, pushti, yashil, jigarrang. 1000 urugʻi vazni 20—65 g. Urugʻi tarkibida 2 3 3 2 % oqsil (oqsil miqdoriga koʻradukkakli ekinlar oʻrtasida sayadan keyingi oʻrinda turadi), 0,6—2,1% yogʻ, 47—70% kraxmal, 2,3—4,4% kul, 2,44,9% kletchatka, shuningdek, Vr V2 vitaminlari bor. Yirik urugʻli Yasmiq donidan taomlar tayyorlanadi (tez va ezilib pishadi), un va yorma ishlab chiqariladi, uni kolbasalarga qoʻshiladi, mayda urugʻli Yasmiq doni, umuman koʻk massasi, toʻponi chorva mollari uchun qimmatli ozuqa hisoblanadi. Yasmiq bahori, issiqsevar, namsevar, qisqa kun va uzun kun oʻsimligi. Urugʻi 4—5° (8—10 kun)da unib chiqadi. Naviga qarab oʻsuv davri 80—120 kun. Qisqa muddatli qorasovuqlar (—8°)ga chidamli. Erta bahorda keng qatorlab ekiladi. Hosili poyaning oʻrta va pastki qismidagi dukkaklar sargʻayganda oʻriladi. Hosildorligi 20—22 s/ga (baʼzan 30—35 s/ga).
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые