Yashnab tursin yashil ogʻochlar

Havo korxonalari

Yon-atrofga, borliqqa teranroq boqqan kishi suv, tuproq, havo, oʻsimliklar – barcha-barchasi sobit qonuniyat asosida yashayotganini koʻradi. Lekin inson koʻpda ham bu belgilarga eʼtibor beravermaydi. Masalan, havoni olaylik. Ozgina nafas olmay turgan yoki iflos havo yutgan kishi toza havoning qadrini birdan anglaydi. Nazariy jihatdan olganda, zavod-fabrikalar va transportlardan chiqayotgan zaharli gazlar tufayli allaqachon havo qolmasligi kerak edi. Ammo u tozarib-yangilanib qolaveradi. Buning eng asosiy sababchilardan biri daraxtlardir.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining maʼlumotiga qaraganda, oʻrmonlar quruqlikning qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi, umumiy maydoni 38 milliard kvadrat kilometr atrofida. Uning 264 million gektari yoki 7 foizi inson qoʻli bilan bunyod boʻlgan. Yer yuzi oʻsimliklari biomassasining 80 foizi daraxtlardan iborat.

Daraxtlar va daraxtzorlarning foydali xususiyatlari haqida jild-jild kitob yozish mumkin. Hisob-kitoblarga koʻra, bir gektar daraxtzor yiliga oʻn sakkiz million kub metr havoni tozalab beradi. Oʻrmonlar suv aylanishlarini tartibga soladi, daryolarning muntazam toʻlib oqishiga sharoit yaratadi, yerosti suvlarini “suzgichdan oʻtkazadi”, iqlim moʻtadilligini taʼminlaydi, havoning mavsumiy keskin isishi yoki sovushini yengillashtiradi, shamolning kuchini kesadi va hokazo.

 

Daraxtlar – shaharlarning sanitarlari

Jahonning Nyu York, London, Parij, Tokio, Moskva, Pekin, Berlin kabi megapolislarida yirik ekoparklar qurilgan. Bu bejiz emas. Toza havodan nafas olmagan, miyasiga yetarli miqdorda kislorod yetib bormagan kishining sogʻligʻiga, eng avvalo asabiga putur yetadi. Agar bu holat ommaviy tus olsa, bir-birini hurmat qilmaydigan, jizzaki, xudbin odamlar jamiyati shakllanishi hech gap emas. Shuning uchun ham shahar-qishloqlarning ekotizimi, “yashillik” darajasi umummilliy darajadagi muhim masaladir.

Havoni changlardan, zaharli moddalardan tozalagani sababli ham daraxt va butalar zich joylarda namlik va kislorod koʻp, natijada havo sof va yoqimli.

Yashil parklar shovqin yutish qobiliyatiga ham ega. Bunday joyga kelgan kishi shahar hududini tark etmay turib, tabiatdan bahramand boʻladi, koʻksini toʻldirib nafas oladi, hissiy-asabiy taranglikdan qutuladi, kuch-gʻayrat toʻplaydi.

Barcha shaharlarimizda ana shunday yashil parklarni qurish, borlarini kengaytirish, daraxtlarning son va sifatini oshirish kerak. Birgina bogʻlar emas, yoʻl boʻylari, xiyobonlar, umuman, daraxt va buta ekish mumkin boʻlgan har qanday joydan foydalanish zarur.

Ekotizimning jinoyatchilikka qarshi kurashda ham oʻrni beqiyos. Italiyada oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, havosi va suvi ifloslangan shaharlarda elektr energiyasini isrof qilish, jinoyatlar va yoʻr harakati hodisasi qurbonlari soni koʻpligi kuzatilgan. Masala faqat shaharlarga tegishli emas. Qishloqlar, dalayu yoʻllarda ham daraxtlar koʻpayishi kerak.

Orod dengizining suvi qurigan hududlarida yaratilgan ihota oʻrmonlarining ham ekologiyaga taʼsiri beqiyos. Daraxt va butalar tuproq mustahkamligini oshirib, chang-qum koʻtarilishini kamaytiradi, tuproq va havo tarkibida namlikni koʻproq ushlab turishga xizmat qiladi.

 

Nima qilish kerak?

Baʼzi bir manzaralarga koʻzi tushganda ichi achiydi odamning. Suvi bor, imkoni yetarli yerlar ham baʼzida Sahroyi Kabirni eslatadigan holga keladi. Hayhotday tomorqa boʻm-boʻsh yoki bir paytlar beda sochilgan-u, hozir qarovsiz, oʻsib, xunuklashib, yerga qapishib yotibdi. Oʻsha yerda yaxshigina bogʻ barpo etish yoki dehqonchilik qilish mumkin.

Yuqorida daraxtlarning kamayishi odamlar va shaharlar hayotiga qay darajada taʼsir etishi, turli kasalliklar va jinoyatchilik ortishiga olib borishi haqida toʻxtaldik. Daraxtlarni sababsiz yoki pul ilinjida kesayotganlar shunchaki oʻgʻirlik yoki talonchilikka qoʻl urmayapti, koʻpchilikning haqqiga, jamiyat haqqiga tajovuz qilyapti. Hatto oʻz mulki boʻlgan daraxtni arzirli sabab bilan kesayotgan kishi ham uning oʻrniga albatta boshqasini ekishi zarur.

Hozir koʻklam arafasida turibmiz, urugʻ qadash, nihol oʻtqazishning ayni pallasi. Agar hovlingiz, tomorqangiz, uyingiz atrofida boʻsh joy boʻlsa, uni bu yil ham qarovsiz qoldirmang. Ekkan daraxtlaringiz mevasidan yo soyasidan oʻzingiz, bolalaringiz, nevaralaringiz, yaqinlaringiz, qoʻni-qoʻshnilar, oʻtgan-ketganlar, kelgusi avlodlar ham bahramand boʻlsin. Sizni eslab, haqqingizga duolar qilishsin. Hatto nomingiz eslanmasa ham, birov duo qilmasa ham, savobi yozilishi aniq. Chunki siz oddiy koʻringan shu ishingiz bilan jamiyat uchun, xalq uchun xizmat qilgan boʻlasiz.

 

Orif Tolib

 

oriftolib.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/yashnab-tursin-yashil-ogochlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x