“Yashasin Turkiston Muxtoriyati”. “Ishchilar dunyosi” – Turkiston Muxtoriyati tarixini o‘rganishda muhim manba


Post Views:
5

Mamlakatimiz tarixining hali hamon jiddiy tadqiqga muhtoj sahifalaridan biri, bu shubhasiz, Turkiston Muxtoriyati masalasidir. Albatta, o‘tgan davr mobaynida bu borada qator ilmiy maqolalar, kitoblar, hatto dissertasiyalar yozilgan. Biroq, mazkur davrning o‘ta murakkab va ziddiyatlarga to‘la ijtimoiy hayotini tushuntirish tarixchidan voqe’likni xolis yoritishda keng ko‘lamli manbalarni qiyosiy tahlil etishini taqozo etadi. Bu o‘rinda matbuot, ayniqsa, milliy matbuot sahifalarida chop etilgan materiallar juda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Ularda Turkistonda kechgan jarayonlarga mahalliy aholining munosabati, ularning maqsad va intilishlari, xalqning iqtisodiy ahvoli, siyosiy madaniyati darajasi hamda jamiyatda mavjud bo‘lgan ijtimoiy ziddiyatlar boricha aks ettirilgani bilan yanada ahamiyatlidir. Tegishli davrga oid asosiy mahalliy matbuot manbalari Toshkentda tatar taraqqiyparvarlari tomonidan muntazam chiqarib turilgan “Ulug‘ Turkiston”, Samarqandda nashr etilgan “Hurriyat” va Qo‘qonda bosilgan Turkiston Muxtoriyatining nashri afkori “El bayrog‘i” gazetalaridir. Mazkur gazetalar sahifalarida nashr etilgan xabar va maqolalar tadqiqotchilar tomonidan bir qadar o‘rganilgan ham.

Biz bugungi ma’ruzamizda “Toshkent musulmon ishchilar sho‘rosi” tomonidan chop etilgan “Ishchilar dunyosi” jurnali va uning mazmun mundarijasi haqida xabar bermoqchimiz. O‘n besh kunda bir chiqqan milliy va siyosiy, iqtisodiy, tarixiy, ilmiy, ijtimoiy jurnalning 1-soni 1918 yil 4 yanvar’ kuni Toshkentdagi “nashr ishi ishchilari Ittifoqi” bosmaxonasida bosilgan. Hisom Jaloliy muharrirligida ish boshlagan “Ishchilar dunyosi” jurnalining shiori “Yashasin Turkiston Muxtoriyati” edi. Bu esa jurnalning Toshkent taraqqiyparvarlari tomonidan Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilganligini anglatadi. Jurnalning shu soni so‘ngida tahririyat jurnalxonlarga “mazkur bizning jurnal 17 dekabrga chiqararg‘a to‘g‘rilab, 12 dekabr’ kuni “Sho‘roi islomiya” bosmaxonasiga berilgan edi. 13 dekabrda bo‘lgan voqea va fojia sabablik bosmaxona yopilib qoldi. Shuning uchun ushbu kun 4 yanvarga ko‘chdi” deb xabar beradi.

Jurnalning “Muqaddima”, “Maqsad va maslak” ruknlari Mullo G‘oziy (taniqli jurnalist G‘ozi Yunusning adabiy tahalluslaridan biri-muallif) tomonidan yozilgan. Shundan so‘ng jurnal asosiy maqsadiga ko‘chib, “Turkistonda muxtoriyatning e’lon qilinuvi” nomli maqolaga o‘rin beradi. Unda “Oktyabr’ oxirinda Toshkentda katta so‘g‘ish bo‘lib, ko‘p qonlar to‘kilganidan so‘ng Xo‘qand shahrida 25 noyabr’ kuni Turkiston viloyatining musulmonlari s’ezdi yasaldi. Mazkur s’ezdga Turkiston mamlakatidagi har bir jamiyatlardan va har bir soyuzlardan va milliy sho‘rolardan delegatlar hozir bo‘lganlari uchun bu s’ezd 10 mln nufuslik Turkistonning musulmon xalqining tegishlik ishlariga qaror beruvga qodir huquqlik bo‘ldi. Shul sabablik butun Turkiston xalqi mazkur s’ezdda bo‘lgan qarorlarning hammasiga rozi bo‘lishga tevishlik (majburiy) bo‘larlar. Turkiston xalqining 98% turk xalqlari, ya’ni musulmonlar bo‘lgani uchun har bir s’ezd majlislarida bo‘lgan qarorlarda bular aksariyatni tashkil qilgani sabablik, Turkistonda yashaydirgan boshqa millatlarning huquqlari nufslariga mutanosib bo‘lgani sabablik, bu s’ezdda chiqarilgan qarorlarni qabul qilishga majbur bo‘lurlar” deyiladi. Albatta, bu vaqtga kelib butun Turkiston ahli Muxtoriyatning e’lon qilinganidan xabardor edi. Biroq, jurnalning voqe’liklarni qayta eslashidan maqsadi bol’sheviklarning keyingi vaqtlarda Turkiston Muxtoriyatining noqonuniy tuzilganligi haqida olib borayotgan targ‘ibotlarini yo‘qqa chiqarish, uning Turkiston xalqining inon ixtiyori bilan tashkil etilganligini, qonuniy ekanligini yana bir bor ta’kidlab o‘tishdan iborat edi. Maqolada “Ko‘p ung‘oysizliklar oldinda tursa ham bunga qaramay s’ezd o‘z vazifa va ishlarini tamom ado etarga muvaffaq bo‘ldilar. S’ezdning ikkinchi kuni 27 noyabrda Turkistonda kelajakda bo‘ladirgan idora masalasi qo‘zg‘olib, bu masala muzokaraga qo‘yilib, tunda soat 12 00 da bir og‘izdan qabul qilinib Muxtoriyat e’lon qilindi” deyiladi. Demak, Qo‘qon shahrida ham hududlardan kelgan vakillar bol’sheviklar tomonidan jiddiy qarshilikka uchraganlar. “Ulamo jamiyati” vakillariga nisbatan “Bu qarorga faqat Toshkentdagi ulamo jamiyatidan borgan vakillar, bu qaror siyosiy bir qaror bo‘lganligidan ahamiyat bermaganlar. Chunki, bu qarorni bizlar uchun diniy qaror emas, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak” deb baho beradi.

S’ezdning ikkinchi kunida, ya’ni 27 noyabrda Turkistonning butun 10 mln nufuslik musulmonlari e’lon qilingan muxtoriyatni faoliyatga chiqaruv uchun ont ichib 54 kishidan iborat vaqtincha a’zo saylanib Xalq Sho‘rosi yasaldi. Bu, ham vaqtincha 12 kishidan iborat Turkiston hukumati tashkil etildi. Mazkur saylangan 12 idora hay’at a’zolarini har vaqtda muxofazat qilmoq uchun va’dalar berub ishontirdilar. Mazkur s’ezdda bulardan boshqa yana ish yurgizadirgan yana bir hay’at a’zosi bo‘luvini lozim ko‘rdilar. Bunga butun Turkiston viloyati ismindan ish yurgizadirgan hay’at a’zolarini o‘z oralaridan jonubi huquqlari ila munosabat qilurga elchilar saylab yuboruvni lozim ko‘rdilar.

Mazkur ish yurgizadirgan hay’at a’zosiga yaqinda Turkistonda bo‘ladirgan uchriditel’niy sobraniyaga (Ta’sis majlisi) chaqiruvni o‘z vazifasi deb bildilar” deydi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Turkiston jadid taraqqiyparvarlari dastlab bol’sheviklarning hokimiyatni osonlik bilan qo‘lga kiritishlariga ishonmaganlar. Ular Ta’sis majlisiga qadar Turkiston Muxtoriyatini muvaqqat hukumat sifatida shakllantirib, o‘lkadagi barcha siyosiy faol kuchlarni uning atrofida yagona frontga birlashtirmoqchi edilar. Biroq, kutilgan ish sodir bo‘lmadi. Natijada bol’sheviklar qurol kuchi va siyosiy fitnalarni qo‘llash orqali mahalliy aholi o‘rtasida ichki ziddiyatlarni avj oldirdilar.

Jurnalda bosilgan Turkiston Muxtoriyati hukumatining Turkiston xalqiga xitobida: “Payg‘ambar hazrat Muhammad alayhi salomning tug‘ilgan ham vafot bo‘lgan kuni munosabati ila Toshkentda yasalgan shodliq va tinch muxtoriyat namoyishi vaqtida g‘oyat taassuflik voqealar bo‘lib, odam qoni to‘kilgan, o‘lgan ham yaralanganlar bo‘lgan ekan. Turkiston musulmonlarining muqaddas hayotlarini tahqir qilgan bu voqealarga qarshi biz Turkiston hukumatining millat majlisi ila muvaqqat hukumati a’zolari qalblarimizning eng teran yerindan qattig‘ taassuf qilganimizni bildiramiz.

Bu xususda biz zarur bo‘lgan tadbirlarning har qaysisini qilib mamlakatda tartib va nizom, birlashuvga ijtihod etamiz; shunga qadar Turkiston xalqini sabr va tinchlikni saqlovlari g‘oyat zarurdir” deyiladi.

Ulug‘ Turkiston” gazetasidan olib bosilgan “Siyosiy ahvol” nomli maqolada “Hukumat bol’sheviklar qo‘lina keluvi ila bir qism xalq sulh bo‘lar deb kutgan edi. Chunki, bol’sheviklar muvaqqat hukumat bilan kurashganida har narsadan avval sulh va’da qilg‘an edilar va shuning uchun ham xalq alarni taqviya qilgan edi. Lekin, bol’sheviklarning ish boshina keluvlarina ikki oyga yaqin vaqt bo‘lib qolsa-da nomida sulh nishonda yo‘q va qachon bo‘lishi-da ma’lum emas. Chunki, bol’sheviklar ish boshina ko‘chuvi ila mamlakatning ichinda o‘zaro qattig‘ so‘g‘ishlar boshlanib, mamlakat qizil qonga botdi.

Bol’shevizm” mazhabi boshliqlarindan Lenin va Troskiy degan zodlar ish boshiga kelgach, soldat va ishchilar hokimiyati tuzib sho‘rolarning qurol kuchi ila Rossiyada “sosializm” asosini maydonga qo‘yuv xayolina tushdilar. Uchreditel’niy sobraniya (Ta’sis majlisi)ni kutmasdan birdaniga fabrika va zavodlarga xususiy mulk huquqini bitiraturgan (bekor qiluvchi) farmon (dekret) chiqardilar. Katta yer xo‘jalarining yerlarini krestyan (ersiz dehqon)larga olib bera boshladilar, fabrika va zavodlarni rabochilar (ishchi) qo‘lina topshirdilar. Hususiy ham davlat bonklarini o‘z qo‘llarina olib bunlardan foydalanuvchilarning huquqlarina tahdid qildilar.

Mamlakatda tartib va nizom yerlashdiruvi (o‘rnatishi) kutilgan birdan bir ishonchli mahkama uchreditel’niy sobranie (Ta’sis majlisi) hanuzgacha ochilgani yo‘q, qachon ochilajagi ham ma’lum emas. Chunki, bol’sheviklar uchreditel’niy sobranieni ham o‘zlariga muvofiq bo‘lmasa miltiq uchina ko‘taramiz, deb tahdid qilolar. Shul sabablik hozir mamlakatning istiqboli shul qadar qorong‘udir-ki, bu hol davom etgan vaqtda yaqin orada hech bir yaxshi istiqbol kutarga mumkin emasdir…” deyiladi. Shuningdek, bol’sheviklar nafaqat Markaziy Rossiyada, balki, chekka o‘lka hisoblangan Turkistonda ham barcha masalani qurol kuchi bilan o‘zi istaganidek amalga oshirishga intilayotganligi yoziladi. Xalqni yaqinlashayotgan jiddiy xavfga qarshi tezroq birlashishga chaqirib, “Bizning hech vaqt qochirmasdan (vaqtni qo‘ldan boy bermasdan-muallif) butun Turkiston jamoat xodimlari ushbu Muxtoriyat huzuriga yig‘ilib, ishlarni yo‘lga solurg‘a va shuloy etib, o‘z muqadrotimizni (taqdirimizni) o‘zimiz hal qila boshlarg‘a vaqt yetdi. Yo‘qsa, bu kun-da, erta-da shuloy (shu ketishda) turula bersa, bu borishning oxiri g‘oyat fojiali bo‘lurg‘a mumkindur” degan xulosaga keladi.

Jurnalning 2-soni 1918 yil 18 yanvar’ kuni “Turkestanskiy vedemosti” bosmaxonasida chop etilgan. Undagi muhim maqolalardan biri “Turkiston uchun xo‘rlik” deb nomlanadi. U “Toshkent masjidi jome’inda 5 yanvar’, juma kuni “Ulamo jamiyati” tarafidan katta yig‘in bo‘lib, Umumturkiston uchun zo‘r ko‘ngilsiz voqea bo‘lib o‘tdi. Tarixda Turkiston uchun bir qaro sahifa ochildi” deb boshlanadi. Muallif bo‘lgan voqeaga imkon qadar xolis baho berishga intiladi va ulamolarning masjidda Turkiston Muxtoriyatiga nisbatan bildirgan ishonchsizligini qoralaydi. U “Kechagina masjidi jome’da qariyib 200 ming kishi bir og‘izdan ahd qilib, takbir aytib, yig‘lashib Xo‘qanddagi muvaqqat hukumatga bay’at qilib, kerak bo‘lsa jonimiz, molimiz, qonimiz bilan yordam qilmoqqa va’da qilib tarqalib edik. Yana ikkinchi marotaba muvaqqat hukumatga sodiqligimizni ajnabiy millatlarga ko‘rsatmak uchun 13 dekabrda yoshu qari, ulamo-yu ishchi bayroqlar ko‘tarib namoyish yasab, ikkinchi qaytadan muvaqqat hukumatga sodiqligimizni izhor qildik. Ma’ al taassuf o‘rtada hech nima fursat o‘tmasidan muvaqqat hukumat ozmi ko‘pmi ishlab turganida bir to‘da loyqa suvdan baliq ovlaydirgan irtijo’parast muxtoriyat dushmanlari masjidi jome’da ma’vizalar o‘rtasinda Muxtoriyat xususinda so‘z qo‘zg‘otib, sodda xalqning ko‘ziga bir dona tuxumni 70 xil qilib bo‘yab ko‘rsata boshladi. Bechora bizim xalq kamoli sofdilligidan bul janoblarning nohaq so‘zlarin haq fahmlab hayajonga keldilar. Shul fursatda notiq afandi usta ta’birlar bilan xalqqa xitob qilib (Xaloyiq Xo‘qanddagi hukumatni bizlar bilmasmiz. Muvaqqat hukumat bizga kerak (emas) degan mazmunda so‘zlab, Xo‘qanddagi hukumat kerak emas deganlar qo‘l ko‘tarsin, deb bir necha soddadil qora xalqni qo‘l ko‘tartirib oldilar. Tabiiy, biz musulmonlar inqilobdan buyon endi qo‘l ko‘tarib o‘rgandik.

Madaniy millatlar kabi qo‘l ko‘targanda masalani hal bo‘lishini bilmasmiz. Eshmuhammad qo‘l ko‘tarsa Toshmuhammadda, Boymuhammadda qo‘l ko‘tarar. Ulamo qiyofatida bir kishi minbarga chiqib: Xaloyiq! Bizga oq kerak desa. Ha, taqsir oq kerak. Agarda oq o‘rniga qora kerak desa. Ha, taqsir, albatta qora kerak, deb qichqiradirlar. Qisqasi, muhtaram ulamolarimizdan bir kishi chiqib qo‘liga bir qora qozonni tutib, musulmonlar qo‘limdagi narsa qora emas, sha’riatda muni oq derlar desa, ha, taqsir, albatta oq deb qichqirishlari tabiiydir. Muning uchun hech vaqt ongsiz xalqni ayblamaymiz. Faqat bizni yo‘lboshchimiz bo‘lib turgan ulamolarimizga o‘pkalaymiz.

Shuning barobarinda muhtaram ulamolarimizdan, suyuklu yoshlarimizdan o‘tinamiz-ki, mundan buyon har ikki taraf ham sof bo‘lib harakat qilingiz. Ulamolarimiz qora xalq bizning orqamizda deb Turkistonga uyat keltiradirgan ishni ishlamasunlar. Yoshlarimiz ham o‘z foyda zararini ajratolmagan xalqimiz uchun kecha kunduz raxmat o‘rniga la’nat eshitib, boshdan oyoq kufr pechati bilan pechatlanib, oxiri o‘rtada biror qonli voqea bo‘lib, badbaxt Rossiyaning ahvoli Alloh saqlasun, bizim Turkiston boshiga tushmasin deb qo‘rqamiz.

Biz ishchilar ittifoqni yoshlar buzadur, yoshlar unday, yoshlar munday der edik. Keyingi voqealardan ma’lum bo‘ldi-ki, ittifoqni kimlar buzar ekan?…

Oh, … bu qanday xo‘rliq! Qanday uyatsizliq! Takror aytamiz-ki, ulamolarimiz, yoshlarimiz mundan buyon ehtiyot bo‘lib harakat qilmasalar hozirgi Rossiyaning badbaxt holi bizni Turkiston boshiga keladir… deb fikrini yakunlaydi.

Shundan so‘ng jurnal o‘z o‘quvchilariga “Xo‘qandda birinchi musulmon ishchi, dehqon va soldatlarni favqulodda qurultoyi” haqida xabar berib, “Qurultoy 1917 yil 26 dekabr’ kuni Sho‘roi islomiya idorasida ish boshladi. Mandatniy komissiya tarafidan qurultoyga 184 vakil kelganligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur adadni ichindan 20 vakil Toshkent jamiyatlarindan bo‘lib, 10 vakil musulmon ishchi sho‘rosidan, 2 vakil sartaroshlardan, 2 vakil tunikasozlardan, 1 vakil kosiblar jamiyatidan, 2 vakil “Guliston” jamiyatidan, 2 vakil talabalar jamiyatidan, 1 vakil Turk adam Markaziyati gazetasidan bordi. Sirdaryodagi qozoqlar jamiyatidan 5 kishi, Samarqand viloyatidagi ishchi va soldatlar sho‘rosidan Panamaryov, bol’shevik Okuvrenkolar, Samarqand shahar va uezdining hamma ishchi, dehqon tashkilotlaridan, Zakaspiy oblast turkmanlaridan, Farg‘ona oblastining hamma ishchi dehqon jamiyatlaridan vakillar bor edi.

Mandatniy komissiyaning dokladidan so‘ng hay’at a’zolari tarafidan prezidiumga ushbu zodlar saylandilar. Ular Asfandiyorov, Kilibliev, Yusufov, Avloniy, Dadaboev, Udaloev, Mansurov, A’uzuf (Avazov), Mursalzoda, Fanomaruf (Panamaryov)lar edilar.

Saylovdan so‘ng tabrik nutqlari so‘zlandi. Musulmon Harbiy sho‘rosi tarafidan Kilibliev, muvaqqat hukumat tarafidan Shohahmedov, muvaqqat millat majlisi tarafidan, sosial revolyusioner (eser) Miller, Xo‘qand uezdi xalqi tarafidan komissar Akaev, Xo‘qand shahar dumasi tarafidan Odiljon afandi va ham boshqa s’ezdga kelgan jamiyatlar tarafidan s’ezdni qutlab tabrik nutqlari so‘ylandi. So‘ngra s’ezd ishini boshlab programmaga qo‘yilgan masalalarni chizi popravka bilan tasdiq qildi.

S’ezdni programmasi shundan iborat: 1. Turkiston Muxtoriyatiga qarash va oni saqlamoq 2. S’ezdga kelgan vakillarning dokladlari 3. Hozirgi zamonga nazar 4. O‘lkada usuli idora 5. Turkiston majlisi maassisoni (ta’sis majlisi) 6. Boshqa millatlar ishchilariga munosabat 7. Musulmon ishchi soldatlari uchun markaziy sho‘ro tuzuv 8. Dehqon va chorikorlarni uyushtiruv 9. Mehnatkashlarga maxsus komissar 10. Milliy askar tuzuv 11. Oziq ishlari masalalari.

Birinchi masala yuzasidan atroflik muhokama bo‘lganidan so‘ng ushbu qarorga kelindi: Muxtoriyat e’lon qilingan Xo‘qand s’ezdini yolg‘iz boylar ila ulamolar s’ezdi edi, deb ba’zi bir firqalar tarafidan bu s’ezdga isnod qilingan ayblar haqiqatga muvofiq emas.

Xo‘qandda bo‘lgan s’ezd haqiqatda butun Turkiston mamlakatinda bo‘lgan musulmonlarning umumiy s’ezdi edi. Unda xalqning hamma sinflaridan vakillar bo‘ldi. Musulmon rabochiy ham soldatlar s’ezdi, Xo‘qand s’ezdi tarafindan saylangan millat majlisi (soveti) ila muxtoriyatning muvaqqat hukumatiga komil ishonch bildiradir. Chunki, ularning hay’ati bizning sof ziyoliy qismimizdan tuzilgan(!); ular xizmatkor, rabochilar sinfining manfaatin kuzatuvchilar ham bizning diniy tarbiyachilarimiz va bizga muqaddas Qur’on o‘rgatuvchi ixtilolchi mullolar va ulamolarimizdur.

Shunga ko‘ra biz ularga ishonch bildirib ham shul ishonchimizni tasdig‘i uchun va uning rus proletariyatining qoshinda nufuzli bo‘luvi uchun muvaqqat hukumati hay’atiga o‘z oramizdan vakillar saylab qo‘ydik. Rus birodarlarmiz birla ikki orada ixtilof chiqishini istamaganimiz uchun biz o‘z tarafimizdan birinchi ham so‘nggi so‘zimizni aytamiz: Bizning milliy ishlarimizga mudoxala (aralashish-muallif) qilinmasun. Buyuk Rossiya demokratiyasining buyuk shiorlarina binoan bizning o‘z tilaklarimizni o‘zimiz vujudga chiqoruvda bizga mone’lar qo‘yilmasun. Turkiston o‘lkasindagi harbiy garnizonlar ham qizil gvardiyalar yo Turkistonning yangi hayotini turg‘izuvda o‘zlarining sonlarina munosib ravishda ishtirok qilurg‘a yohud alar Turkistonda yashagan muddatda hech bir ishga aralashmasdan butunlay betaraf tururg‘a majburdirlar.

Chor hukumati tarafindan Turkistonga musulmonlarni “bosdirar” uchun yuborilgan askarlarning hamonda shul siyosatni davom qildirarg‘a yaramag‘onlig‘i haqqinda ikki turli so‘z bo‘lurg‘a mumkin emas.

1916 yilda bizni imperialistlar tarafindan boshlangan qonli urushga qarshi turg‘onimiz uchun chor hukumati askar yuborib otdirdi, qirdi, alla ne qadar qon oqizdi. Endi siz rus demokratlari bizga shul to‘kilgan qonlarni unutarg‘a ixtiyor beringiz. Toki, biz musulmon proletariati, rus demokratiyasi tarafidan olingan shior (lozung) ila xalq Komissarlari tarafindan Sharqning ulushsiz qoldirilgan fuqarosina xitob qilinib chiqorilgan dekretlaringning rostligiga ishonaylik! deb o‘tinadi.

Davomi bor…

Bahrom IRZAEV
Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi katta ilmiy xodimi

“O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 yil 12 oktyabr’

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x