Sevgi oʻlim dahshatidan kuchliroq.
V. Shekspir.
Korxonananing bittagina gʻunajini bor edi. Hovlidan oʻtayotib unga eʼtibor qildim. Yunglari oʻsiqroq, olagina va hali yosh tumsa mol. Balki urgʻochi ham emasdir, lekin nima uchundir menda bu mol hali tugʻmagan gʻunajin degan tasavvur qoldirdi. Nariroqda rangpar bir yigit tovuq poylardi. Kasalmand edi u: rangi koʻkimtir, yuzi choʻziq, koʻzlari gʻamgin. Uning oldida ikkita tovuq donlab yuribdi. Yigit ularni tutish niyatida oʻrmalab boryapti. Unga ham bir-ikki daqiqa qarab turdim. Rangpar yigit tovuqlarni tutib, ikkalasini oyogʻidan juft qilib ushlab xuddi bir dasta gulni koʻtarganday boshi uzra tutib menga koʻrsatdi. Tovuqlarni u qanday ushladi – buni payqamay qoldim.
Boshliqning huzuriga kirishim kerak edi. Dahlizchadan chap tomonga oʻtib chap yondagi eshikni tortdim. Boshliq toʻrtburchak shakldagi katta, ammo sayoz alyumin idishga engishgancha nimanidir kapalardi. Uning atrofida yerdan shiftgacha paxtahalvoga oʻxshash qandaydir narsalar qalashib yotibdi. Xona uzunchoq va nimqorongʻu. Hech qanaqa jihoz yoʻq, stolning ustiga ham dasturxon yoki yopqich solinmagan.
Boʻychangina bir ayol oʻrnidan turib menga joy berdi. Xonada yana bir yosh yigit ham bor ekan, uni keyinroq payqadim. Yigit ham oʻrnidan turdi. Men boshliqqa yaqinroq joydagi yogʻoch kursiga oʻtirdim, ammo qanday oʻtirsam ham boshliqning yuzi yaxshi koʻrinmasdi. Kursini koʻtarib har xil holatda qoʻyib koʻrdim va joylashib oʻtirdim.
Hovlida tanani koʻrganim, kasalmand yigitning tovuq tutgani va yana shunga oʻxshash bir-ikkita voqeani boshliqqa maʼlumot sifatida aytish, toʻgʻrirogʻi, oʻzimning korxona hayoti bilan tanishligimni bildirishni istardim.
Ayol stolga soni bilan tayanib, qoshlarini chimirgancha menga qarab turardi. U juda chiroyli edi. Qiyofasi gʻamginroq, yuzi oddiy, bezaksiz, ammo qandaydir mumtoz edi. “Men xuddi shunday yuzni yaxshi koʻraman” dedim ichimda. Uning chimrilgan qoshlari peshonasiga tomon koʻtarilib uchib borayotgan turna qanotiday siniq burchak hosil qilgandi. Yigit koʻrinmay qoldi. Boshliq menga qarab turar, ammo aftidan meni koʻrmasdi.
– Viʼ chto-to xotite skazat? – dedi ayol men tomonga yarim oʻgirilib.
Biroz sarosimaga tushdim. Ruschani yaxshi gapirolmasligimni bildirib qoʻyishdan choʻchib taraddudlanib qoldim. Boshliqning oʻzi bilan gaplashmoqchi edim. Shu maqsadda unga qaradim. Yuzi, boshi, gavdasi toʻladan kelgan, rang-roʻyi tiniq, qizil, umuman, butun vujudidan sogʻliq gupirib turgan kishi edi u. Shu jihati bilan sodda va erkin gaplashsa boʻladiganday tuyuldi. Chunki uning yuzida gʻayritabiiy hech narsa yoʻq edi. Odatda bunday odamlarda bilim u qadar chuqur boʻlmaydi. Ular suhbatdoshining ichki dunyosini ham yuzakiroq, yengilroq ilgʻaydilar. Murakkab jarayonlarni bilishga intilmaydilar. Oʻsha lahzada ruhiyatimni ilgʻaydigan kishi menga kerak emasdi, sababi, hovlida koʻrganlarimni bayon etish va kuzatuvchanligimni boshliqqa koʻrsatishdan boʻlak hech narsa yoʻq edi.
Boshliq hech narsa soʻramadi. Stol ustidagi taqvim varagʻini yirtib olib avval ayolga, soʻngra menga koʻrsatdi. Eʼtibor qildim: varaqda 1941 yil 7 iyun sanasi turardi.
Yana biroz oʻtirdim. Ayol holatini oʻzgartirmadi. Boshliq idishdagi unga oʻxshash narsaga qarab qoldi. Xonadan chiqib ketish kerakligini anglab oʻrnimdan turdim. “Seni itday savalayman” yoki “Sizni eshshakday ishlataman” deganda nimani tushunasiz? “Itday” degan soʻz kimga taalluqli? Ishlatuvchigami yoki ishlovchigami? Har ikkalasiga ham. Shunday emasmi? Xoʻsh, shu gapning faqat bir tomonga tegishli shamoilini qanday topsa boʻladi? Inson tafakkurining sira aqlga sigʻmaydigan jihatlari bor. Xonadan chiqib hovlida kezarkanman, ana shu toʻgʻrida oʻylardim va bunday oʻy shu lahzadagi holatimga sira mos kelmasdi.
“Hozir grammatikaga balo bormi” dedim birozdan soʻng oʻzimga oʻzim. Undan koʻra boshliqning xonasidagi holatni tahlil qilsam boʻlmasmidi. Nega u 1941 yil 7 iyun yozilgan sanani bizga koʻrsatdi? Shu savol ortidan “Lekin ayol chiroyli edi” degan gap xayolimdan oʻtdi. Keyin xonadagi paxta halvo uyumlari, boshliqning un kapalashi va yigitning gʻoyib boʻlib qolganini oʻyladim. Oʻsha ayol sigareta chekarmikin? Uning lablari qanaqa edi oʻzi? Yupqa, asabiy va harakatchanmi? Yoki ogʻir, qalin, serchiziq va dagʻalroqmi? Keyin oʻsha ayol bilan oʻzimning oʻpishayotgan holatimni, yomgʻir shivalab yogʻayotganda bostirma ostida turganimizni va nihoyat yozning jazirama issiq paytida uning choʻmilayotganini koʻz oʻngimga keltirdim. Sochlari yelkasiga yopishgan, badani suvda yuvilib yaltirardi. Toshlarda shunday xususiyat bor. Chiziqlari bilinar-bilinmas rangi xira toshni suvga tashlasangiz ajib bir evrilishning guvohi boʻlasiz. Suv ostida tosh tiniqlashadi, ranglar quyuq tortadi, chiziqlar yorqin boʻyoqlarga belanib jilvalanadi. Uni suvdan chiqarib olsangiz toki quriguncha oʻsha koʻrinishini saqlab turadi. Qurigandan keyin boz boyagisiday koʻrimsiz bir narsaga aylanadi. Choʻmilayotgan ayol ham shunday demoqchiman. Albatta, ayol choʻmilmaganda ham jozibali. Men har ikkalasining ham tiniqlashuvini muqoyasa qilmoqchiman. Yoʻq, oʻylab koʻrsam ayol butunlay boʻlakcha. Uni hech narsaga muqoyasa etib boʻlmaydi.
Korxonada yana bir-ikki kun qolishga qaror qildim. Balki oʻzgarish boʻlar. Ammo nimani kutayotganimni, qanday oʻzgarish boʻlishini tasavvur etolmasdim. Eng yomoni, bu korxona nima bilan shugʻullanadi oʻzi, shuni hali aniqlab ololganim yoʻq. Men birovning eshigini taqillatishdan avval hamisha oʻylab olaman. Uydan erkak yoki ayol chiqsa qanday yoʻl tutaman, nima deyman? Qiz bola chiqsa-chi? Lekin boshliqning xonasiga kirayotganimda boshqa hissiyotlar taʼsirida edim. Butun fikrim oʻzimni shu korxona ishiga sadoqatli qilib koʻrsatishga qaratilgandi. Lekin bunday boʻlmadi.
* * *
Deraza ochildi. Meni imlab ichkariga chorlashdi. Imlagan ayolning qoʻli edi. Uzuklari quyosh nurida yarqirab nur taratardi. Lekin aniq bilamanki, boshliq oldida uni uchratganimda birorta ham taqinchoq yoʻq edi. Qoʻllarini stolga tirab turganda barmoqlarida uzugi yoʻqligiga eʼtibor qilgandim. Birozgina egilib turardi u va men uning quymichiga ham birrov qarab olgandim. Kuylagi nafis matohdan edi, kuylak ostida ichki kiyimining qavssimon jiyagi bilinib turardi. Ataylab menga koʻrsatish uchunmi degan xayol miyamda sado bergani ham yodimda. Hatto fransuzcha mana bu ikki misrani ichimda aytib turgandim:
Su votr jyup blansh
Bree lya ansh
Sizning oq yubkangiz tagidan oyogʻingiz oqarib koʻrinadi degani bu. Ayol qoʻli bilan meni ichkariga tomon imlarkan, ana shu mayda tafsilotlarni sira miyamdan chiqarib tashlolmasdim. Kirdim. Xonada ayol yoʻq edi. Meni boshqa bir kishi qarshi oldi:
– Muqaddam sudlanganmisiz? – soʻradi dabdurustdan.
– Ha, oʻn besh sutka oʻtirib chiqqanman.
– Nima uchun?
– Mayda bezorilik deb ayb qoʻyishgandi, lekin qamalish sababi butunlay boshqa edi. Bir joyda nojoʻyaroq gapirib qoʻygandim.
– Robespyer boʻlmoqchi edingiz, – dedi u boshini mazmundor likillatib.
– Balki, – dedim qaysarligim tutib.
Uning ham qaysarligi tutdi:
– Siz sariq chaqaga ham arzimaysiz.
Indamadim. Bu haqoratga mos javob topolmadim. Oʻrnimdan turib eshik tomon borarkanman, rahmatli bobomning oʻgitlari yodimga keldi:
– Javobi ahmoq – sukut, – dedim.
Kulgi ovozi eshitildi. Kulayotgan xayolimda ayol kishi edi, ammo ortimga oʻgirilib qaramadim. Korxonadan butunlay ketishni dilimga tugib tashqariga chiqdim.
* * *
Darvoza ortida uch kishi turardi.
– Choy iching, – dedi ulardan biri
– Ikkita quloqchasi bor ekan, – dedi boshqasi.
– Qoʻllari baquvvatgina, chidaydi, – qoʻshildi uchinchisi.
Bu gaplarni eshitmaganga olib yoʻlda davom etdim. Ular ortimdan ergashdilar. Yomon bir narsa boʻlishini yuragim sezdi, lekin bildirmadim. Taqdirimda borini koʻraman. Yashashning ham qiziqchiligi yoʻqqa oʻxshaydi oʻzi. Balki hayotimni toʻgʻri qurolmagandirman.
– Shoshilmang, – degan ovoz keldi ortimdan.
– Boshliqning xonasiga kirdingizmi?
– Kirdim.
– Koʻrdingizmi?
– Koʻrdim.
“Nimani” deb soʻramadim. Zero, foydasi ham yoʻq edi. Ortimdan kelayotgan bandalar hissiyotdan butunlay mahrum.
– Oʻngga yuring! – degan boʻldi orqadan.
Hukm qatʼiy, bosiq va aniq edi, ammo buysunmadim, oʻzimni eshitmaganga oldim. Balki qochib qutularman degan xayolga bordim, ammo qochish rejasi miyamda hali pishib yetilmagandi.
– Oʻngga!
– Toʻgʻriga ketaversa ham mayli, bari bir oʻsha yerga boradi.
– Mayli, toʻgʻriga!
– Ikki oʻn besh – bir oʻttiz.
Ular oʻzlarining gaplariga ichakuzuldi boʻlib kulishdi. Bu gapning nimasi qiziq tuyuldi ekan, anglamadim. Balki meni qoʻydek oldilariga solib haydab borishayotgani uchun kulishayotgandir. “Qoʻydek” ularga taalluqlimi yoki mengami? Yana mantiqiy sillogizm. Undan koʻra qochib qutulishni oʻylashim kerak.
* * *
Ortimga bir qarab oldimu bor kuchim bilan yugura ketdim. Uzoq yugurdim. Baxtga qarshi yoʻl tobora yuqorilab borardi. Nafasim ogʻzimga tiqilib harsillab qoldim va nima boʻlsa ham qir ortiga oʻtib olishni moʻljalladim. Qir ustiga chiqarkanman, muvozanatimni saqlab turolmay munkib ketdim. Qir orti tik qiyalik edi. Shu qadar tik ediki, gohi-gohida mayda gʻoʻrashakli toshlar oʻz-oʻzidan “shiqir-shiqir” etib pastlikka tomon siljirdi. Tutib qolay desam birorta buta yoki tosh yoʻq. Oyogʻim toyib ketib ortim bilan oʻtirib qoldim va oʻzimni toʻxtatolmay pastga tomon sirpanib keta boshladim. Keyin dustaman yotib butun vujudim bilan yerga qapishdim, qizil gʻoʻrashakli shagʻalni quchoqladim. Barmoqlarimni changak qilib yerga botirishga urindim; tizzam, iyagim va yerga tirash mumkin boʻlgan barcha aʼzolarimni safarbar etib oʻzimni toʻxtatishga urinib koʻrdim, qayta-qayta urindim, boʻlmadi. Orqam bilan yotib tovonimni tiradim. Foydasi yoʻq edi, pastlikka – Aspalatisofilinga tomon shiddat ila ketib borardim. Tez orada shimimning orqasi yirtilganini payqadim, ammo oʻrnimdan turolmadim. Oyoq ostida va hamma joyda tuproq ham emas, sopolga oʻxshash, allaqanday, noʻxat kattaligidagi toshsimon gʻoʻrashaklar turishga sira imkon bermasdi. Yiqila-surina ortimga oʻgirilib qaradim. Qir ustida yetti kishi turganini koʻrdim, oʻsha lahzada sanab ulgurmagan boʻlsam-da, pastga tomon toygʻanib bora turib hisobini chiqardim. Haligi uchchalasi yonma-yon turishar, oʻrtada boshliq va uning yonida yana ikki kishi. Biri ayol… demak, oltita ekan.
– Qayt! qayt!
Ovoz menga notanish edi, lekin ichki bir hissiyot bilan boshliqning oʻzi chorlayotganini angladim.
Bu ham boshliqning ovozi edi.
Yonbagʻir tobora nishablashib borardi. Endi oʻzimni toʻxtatib qolishdan tamom umidimni uzdim. Oyoq tirashim, panjalarim bilan gʻoʻrashak yerni changallashim, ortimni yerga mahkamroq bosishimdan zarracha naf yoʻq. Qiyalikning oxiri koʻrinmasdi. Meni qutqazuvchi kun bu dunyoda yoʻqligini bilsam-da, yordam soʻrab qichqirdim:
– Qutqaringlar! Yordam beringlar!
Ovozimni shamol yulqib olib uchirib ketdi. Endi havo zarbi yuzimga shu qadar shiddat bilan urilardiki, yana bir marta yordam soʻrab qichqirmoqchi boʻlgandim, barcha soʻzlarimni shamol hoʻl lattaday loʻndalab ogʻzimga tiqdi.
* * *
Aspalatisofilinga tomon shiddat bilan ketaturib “aslida umrning oʻtishi ham shu” dedim. Dengizlarda faqat bir daqiqagina yashab, shu muddat ichida avlod qoldirishga ulguradigan allaqanday jonivor boʻlarmish. Doʻzaxning bir sutkasi yer yuzining 1600 yiliga teng deydi yapon yozuvchisi Kenzaburo Oe. Aspalatisofilin esa doʻzaxning eng chuqur joyi. Men endi ana shu qoʻrqinchli chuqurlikka tomon siljib yoki sirpanib emas, uchib boryapman. Nazarimda oyoqlarim tagidan uchqunlar sachrayotganday.
Quloqlarim ostida shamol hushtak chaladi. “Ikkita quloqchasi bor ekan” degandi haligi, ortimdan kelayotgan, uch kishidan biri. Ha, qulogʻim bor, ammo endi undan menga ne naf? Ogʻzimdan, koʻzimdan-chi? Yoʻq, har holda koʻzim nimalarnidir farqlayotganday. Ana, oldinda qandaydir simchiziqqa oʻxshash narsa koʻrindi. Bamisoli “Rishtai Maryamday” ingichka. Miyam ham bir nav ishlab turibdi. Yaqinlashganim sari simchiviqning yoʻgʻonlashayotganini anglayapman. Qalamday, jimjiloqday, boshbarmoqday…
Ushladim! Birdan shamol toʻxtadi, hushtak tindi. Simchiviqni mahkam ushlagancha bamisoli turnikda mashq qilayotgan sportchiday bir alpozda turibman. Aspalatisofilinga qilayotgan shiddatli sayrim toʻxtagan, sukunat. Yelkam, tirsaklarim, orqam shilingan, gʻuvillab achiydi. Bu qaysi gunohim uchun berilgan jazo, bilmayman. Xudoga shukur deyman, hozircha tirikman. Nogoh qulogʻimga ingragan tovush chalinganday boʻldi. Balki oʻpkam yoki biror ichki aʼzolarimdan chiqayotgan tovushdir. Nafasimni ichga yutib quloq tutdim. Ha, kimdir ingranar va oh tortardi. Nahotki bu jahannam toygʻanogʻida mendan boʻlak ham biror jonzot boʻlsa! Oʻsha ojiz tovush goʻyo “ha, men bor” deganday yana takrorlandi. Ovoz berdim:
– Kimsan? Qayerdasan?!
– O-o-oh, yordaaam!…
Ovoz oʻng yondan, janub tarafdan kelardi, oʻsha tomonga qaradim. Qorongʻulikda hech narsa koʻrinmadi. Yoʻlga tushdim. Oyoq bilan emas, qoʻl bilan yurib boryapman. Qoʻllarim bilan simga osilgancha janub tomon siljiyapman. Barmoqlarim karaxtlashib, bilagim toliqib, yelkalarim ogʻirligimga dosh berolmay qolgunga qadar yurdim. Bu ahvolda yoʻl bosish ogʻir edi. Qanday boʻlmasin dam olish chorasini koʻrish kerak. Tovonimni yerga tirab, qoʻllarim bilan simni qattiq tortib gavdamni koʻtardim, sim ustiga chiqib olmoqchi edim, boʻlmadi, qoʻltigʻim bilan bir muddat osilib turdim. Iyagimni ham ishga soldim. Barmoqlarimga kuch qaytguncha ikkala qoʻltigʻimga simni qisib, jagʻimga tayanib turdim. Iztirobga toʻla ovoz yana takrorlandi:
– Yordaa-am!
Endi aniqroq eshitildi. Ovoz ayol kishiniki. U mendan unchalik uzoqda emas, hatto ingragani ham eshitila boshladi.
– Hozir, bir ozgina sabr qiling!
– Qoʻyvoraman, tezroq!
Nolaga toʻla ovoz meni yugurishga majbur qildi. Qoʻllarimning oʻrnini tez-tez almashtirib “qadamba qadam” siljiyapman. Qora koʻrindi. Mendan uch-toʻrt qadam narida nimadir simga osilib turardi. Oʻsha tomonga intilarkanman, yelkam bilan alla narsaga taqalib toʻxtab qoldim. Shu paytgacha simni nima ushlab turganini oʻylab koʻrmaganimni qarang. Yelkamga taqalgan narsa beton ustuncha edi. Demak, maʼlum bir masofada simni tutib turish uchun ustunchalar oʻrnatilgan. Bu menga katta quvonch bagʻishladi. Qarang-a, hatto shunday holatda ham quvonish mumkinmi dunyoda! Ammo hozir bunga fursatim yoʻq. Nola qilib yordam soʻrayotgan ayolni qutqazish kerak avval. Soʻngra bir gap boʻlar.
– Mana, boryapman, bir ozgina chidang!
– Oh, tez boʻling!..
“Qadamimni” tezlatdim, biroq yetib borolmadim. Qoʻlimni choʻzdim-u, uning bilagidan ushlashga ulgurmadim. Kuch-quvvati batamom tugagan, soʻnggi daqiqada mening yaqinlashganimni va qoʻl choʻzganimni koʻrib tamom oʻzini tashlab yubordi.
– Yo!.. – degan boʻgʻiq, kuchsiz, ammo jon holatda aytilgan nido meni keskin harakat qilishga undadi. Uning qoʻllari simchiviqdan uzilgan va u bir necha soniya ichida tubsizlik qaʼriga tomon uchib ketishi mumkin edi. Talpindim, qoʻlim yetmadi va shu lahzaning oʻzida oyogʻimni choʻzdim va qichqirdim:
– Ushla! Oyogʻimdan ushla!
Bu holatlar bir soniya ichida boʻlib oʻtdi albatta. Uning qoʻllari poychamga yopishdi va yuqoriga chiqish uchun tipirchilay boshladi. Qoʻllarim qanchalik toliqqan boʻlmasin, poychamga ilashib, tebranib turgan, ixrab – sixrayotgan jonzotning vazni unchalik katta emasligini payqadim. Tizzamni yuqoriga tortib uni oʻzimga yaqinlashtirdim. Chap qoʻlim bilan simni ushlagancha pastga egildim. Qoʻlimga uning sochi ilashdi.
– Torting, mayli, tortavering, chidayman, – dedi u umidvorlik bilan.
Oyogʻim bilan himo qilib sochidan yengilgina torta boshladim. Vazni yengillashganini payqab u ham boldirimdan mahkam quchoqlab oldi. Ikkinchi oyogʻimni ishga soldim. Boshmogʻim allaqachon yirtilib tamom boʻlgandi, bosh barmogʻim bilan yerni paypaslab oyogʻim ostida ikki barmoq joylashgulik chuqurchani “kashf” qildim… Qandaydir bir jonivorning uyasimi yoki oyogʻim bilan paypaslaganda oʻrnidan koʻchgan toshning kavagimi, nima boʻlganda ham biz uchun najot chambaragi edi. Ikki panjamni unga joylashtirib qoʻlimga biroz dam berdim. Poychamga yopishib turgan xilqatni yuqoriga tortib olish uchun shuning oʻzi yetarli edi. Yoshligimda gimnastika va ogʻir atletika bilan shugʻullanganimga shukur qilib uning sochidan qoʻyvordimu qoʻltigʻidan tutdim. U avval belimga, soʻngra tirsagimga va nihoyat boʻynimga yopishdi. Ikkala qoʻli bilan boʻynimdan mahkam quchoqlab oldi.
VI
Bilaklarimda gʻayritabiiy bir kuch paydo boʻlganini his qildim. Kelgan yoʻlimdan asta-sekin ortimga qayta boshladim. Endi yukim avvalgidan ogʻirroq boʻlsa-da, ancha ildam borardim.
– Isming nima? – soʻradim yurishdan toʻxtamagan kuyi.
U javob bermadi. Uxlab qolgandi. Boshini koʻksimga qoʻyib boʻynimdan quchoqlagancha bemalol uxlardi. Sochi yuzimga ishqalanib borar va iliqqina nafasi boʻynimni qitiqlardi.
– Mayli, uxlayver, – shivirladim uning boshiga yuzimni bosib va yana bir necha odim siljidim. Mana, ustuncha! Qani endi unga bir amallab chiqib olsam. Boʻynimga chirmashgan qoʻllar boʻshashdi, uning nozikkina bilagi yelkam uzra ohista sirgʻalayotganini payqab bir qoʻlimni simdan boʻshatdim va qizning belidan tutdim. Iyagim bilan turtib boshini silkita boshladim. Uni uygʻotish kerak edi, bu ahvolda uzoq turolmasdim. Birdan atrof yorishib ketdi. Oy chiqdi. Toʻlin oy. Qiz uygʻondi va oʻzini chetga olmoqchi boʻldi. Tasodifan oʻzini begona erkak quchogʻida turganini koʻrgan qiz qanday ahvolga tushsa u ham ana shu hissiyotni boshdan kechirmoqda edi. Yaxshi hamki uning belidan mahkam ushlab turardim.
– Tinchlan, – dedim uni choʻchitib yubormaslik uchun yumshoqroq qilib, – mana bu simdan ushla.
– Simdan?! – qichqirib yubordi qiz choʻchib.
U endi oʻzi qayerdaligini eslagandi. Bir necha daqiqalik uyqu davomida balki shirin tushlar koʻrgandir, tushida tekis yerda sayr qilib yurgandir. O, Yer ustida ishonch bilan oyoq bosib yurish naqadar katta baxt, oʻzimning ham yuragim orziqib ketdi. Pastda nima bor oʻzi? Nahotki tubsizlik ustida osilib turgan boʻlsak?!
Xayolga berilishning mavridi emasdi.
– Simdan ushla! – keskin ohangda buyurdim qizga.
U tizzalari bilan mening ustimda harakat qilib simni changallab oldi.
– Mana shu yerda, chap yelkamning yonida ustun bor…
Tovushim zoʻriqib chiqdi. Chunki bu paytda tovonlarimni yerga tirab, qoʻllarim bilan yuqoriga tortdim va shu usul bilan qizni ham koʻtarmoqda edim. Bir qoʻlimni yana simdan boʻshatib olishga toʻgʻri keldi. Qizning toʻpigʻidan tutib, oyogʻini ustun ustiga oshirdim.
– Yermi?!
Bolalarcha quvonch yangrab ketdi uning ovozida.
– Yer, bizning yerimiz.
Qiz tovushimdagi alam va iztirobni tushundi, jimib qoldi. Ustunchaning eni bir qarich, uzunligi uch-toʻrt qarich bor. Ikki kishi bemalol sigʻishi mumkin. Qiz ikkala qoʻli bilan sochlarimdan mahkam ushlagancha tirmashib chiqib, yelkamga ikki oyoqlarini qoʻyib oldi. Nimadir yuzimni silab qitigʻimni keltirardi. Boshimni koʻtarib qarab uning belida osilib turgan ikki boʻlak lattani koʻrdim. Qiz ham menga oʻxshab ishtondan ayrilgan va oy yorugʻida uning orqasi oqarib koʻrinib turardi. Kulgim keldi. Qiz yelkalarim silkinayotganini payqadi. Alam va iztirob kulgusidan silkinayotgan vujudimni u toliqqan tananing titrogʻi deb oʻyladi va tezroq ustunchaga chiqib olishga shoshildi.
– Orqaga oʻgirilib qorning bilan yerga yotib ol, – dedim har ehtimolga qarshi uning oyogʻini qoʻyvormay.
Qiz aytganimni chaqqonlik bilan bajardi. Endi uning yukidan butunlay xalos boʻlgandim. Chamamda qizning ogʻirligi oʻttiz besh kilodan ortiq emasdi. Bunday yukni yerda boʻlganimda kun buyi bemalol qoʻlimda koʻtarib yurgan boʻlardim, oʻz kuchimga ishonaman. Axir men uzoq yillar tosh koʻtarish va shtanga bilan ham mashq qilganman. Bu sohada Rustamboydan uzib ketaman deb oʻzimni koʻp qiynaganman. Hatto pitbul zotli Amerika itlaridek tishim bilan turnikka osilib turish mashqini ham olganman.
“Yerda” deganim erishroq tuyuladi, albatta. Boshqa nima ham dey, havoda muallaq desam ham toʻgʻri kelmaydi, tik turibman yoki yotibman ham deya olmayman. Oʻtirolmayman ham.
Tong otdi. Endi ikkalamiz oldinma ketin, men orqada, qiz oldinda ustuncha ustida turib quyoshni kuzatardik. Quyosh hali chiqib ulgurmagan, uning nurlari osmon sathida parparon urib oʻynardi. Esayotgan yengilgina shabada qizning sochlarini toʻzgʻitar va olib kelib mening yuzimga urardi. Qiz oʻgirilib menga qaradi. Jilmaydi. Bir nafas koʻzlarimdan nigohini olmadi, tikilib turdi. Nimadir demoqchi boʻlardi-yu, istihola qilardi. Buni tushundi. Men orqamni yerga mahkam tirab qizning belidan ushlab turardim.
– Nachora, boshqa ilojimiz yoʻq, – dedim uning oʻngʻaysizlayotganini sezib, – sen qanday qilib bu tuzoqqa tushib qolding?
– Oʻsha korxona… Aa-a-a!
Qizning koʻzlaridagi dahshatni koʻrib ortimga qaradim-u, oʻzimni pastga otdim. Ikkalamiz oldinma-ketin qiyalik boʻylab dumalab kelayotgan ulkan harsangni koʻrib qolgandik. Tosh toʻppa-toʻgʻri biz turgan ustun ustiga bostirib kelib unga tegay-tegay deb oʻtib ketdi.
* * *
Biz muqarrar oʻlimdan qutulib qolgan boʻlsak-da, nomaʼlum “kelajak” sari shiddat bilan ketib borardik. Yoʻlning adogʻi koʻrinmasdi. Yarim soatlar oʻtgach, qiz ingranib yigʻlay boshladi. Dam qorni bilan yotar, dam orqasi bilan yotar, dam oʻng yonboshiga, dam chap yonboshiga agʻdarilardi. Men boʻlsam unga yordam berolmayotganimdan xunobim oshib chora izlardim. Uni ustimga mindirib olishdan oʻzga ilojim qolmadi. Shunday qildim.
– Sen nima sababdan bu yerga kelib qolding? – soʻradim nimadir qilib uni chalgʻitish maqsadida.
– Qochdim.
– Kimdan?
– Boshliqdan.
– Nega?
– Zoʻrlamoqchi boʻldi.
– Nega borganding u yerga?
– Ishga.
– Nima ish qilarding?
– Sigir sogʻmoqchi edim.
– Nega boshqa tomonga qarab qochmading?
– Boshqa tomonga yoʻl yoʻq. Barcha yoʻllar shu yerga olib keladi.
– Sen qaysi sigirni sogʻmoqchi boʻlganding?
– Ola tanachani. Bolalagandan keyin. Meni bir ayol olib borgandi. Uzun boʻyli, chiroyli ayol.
Boshliqning xonasidagi ayol koʻz oʻngimdan oʻtdi va soʻradim:
– Oʻsha ayol kim oʻzi?
– Boshliqning… hamxonasi.
– Anavi tovuqboqar-chi?
– Oʻsha ayolning ukasi. Kasal. Siz ularni qayerdan bilasiz?
– Men ham ishlash uchun borgandim.
– Sizni ham… zoʻrlamoqchi boʻldimi?!
– Nimalar deyapsan? Yoʻq, lekin nima gunoh qilganimni bilmayman.
– Baʼzilar oʻsha tovuqboqar yigit ayolning ukasi emas deyishadi. Ayolga qaragani, uni yaxshi koʻrib qolgani uchun boshliq shunday qilib tashlagan emish.
– Isming nima?
– Subhiya.
– Ota-onang bormi?
– Boʻlishgan, hozir yetimchaman.
– Necha yoshdasan?
– Oʻn… yetti.
Subhiya oxirgi raqamni oʻylanibroq aytdi. Mendan yoshini yashirayotganga oʻxshardi.
– Sizga bari bir emasmi? – dedi birozdan soʻng. – Endi yoshning men uchun farqi yoʻq.
Uning fikrini tushundim. Koʻzlari jiqqa yosh edi. Oʻlimga mahkummiz, bu tuzoqdan qutulib ketolmaymiz, demoqchi edi. Yana qiyin ahvolda qoldim. “Qutulib ketasan, hali yoshsan” demoqchi boʻldim, ammo yolgʻon aytishdan ne naf. Aspalatisofilin tomon ketib borayapmiz. Toʻgʻri, endi harakatimiz avvalgiga nisbatan ancha sust. Bu tomon nisbatan tekisroq, hatto bir-ikki joyda ozgina toʻxtaganday ham boʻldik. Ammo qandaydir mubham bir kuch bizni muqarrar komiga tortib borayotgani aniq edi. U toʻxtab qolishga imkon bermasdi.
* * *
Subhiyani ustimdan tushirdim. Yelkam va tirsaklarim shilinib ketgandi. Ilma-teshik kostyumimni uning ostiga toʻshab berdim. Siljib borayotganda kostyum yenglarini qizning qoʻltigʻi ostidan oʻtkazib olib bogʻlab qoʻydim va tugun tagidan qoʻlimni oʻtkazib oldim. Yonma-yon borayapmiz. Yuqoriga chiqishning sira imkoni yoʻq. Ortga qaytishning demoqchiman. Bu borada qilgan barcha urinishlarimiz behuda ketdi. Bekorga kuch sarflamaslik uchun yana nishablik izmiga boʻysunishga toʻgʻri keldi. Juda sekin, lekin qarichma-qarich tubsizlikka tomon boryapmiz. Tagimizda gʻoʻrashak shagʻal bir maromda shigʻirlaydi. Tepadan boshqa tosh dumalatishmadi… Shusiz ham baribir oʻlishimizni bilishadi. Toshni shunchaki ermak uchunmi, qiziqchilikkami dumalatishgan boʻlsa kerak.
– Shunday ketaveramizmi?
Qizning yuziga qarab nima maqsadda bunday deyotganini bilmoqchi boʻldim va soʻradim:
– Nima qil deysan?
Subhiya koʻzlarini olib qochdi.
– Siz kimsiz? Uylanganmisiz? Bolalaringiz bordir balki?..
– Hech kimim yoʻq.
– Men ham sizga begonaman. Hech kimingiz boʻlmayman.
– Bizning taqdiri aʼmolimiz bir.
– Lekin hayotimiz boshqa-boshqa.
– Hayotimiz ham bir. Toki oʻlimgacha shu yoʻlni birga bosib oʻtamiz.
– Bir-birimizga begona holdami?
– Kim boʻlishimizni istaysan? Aka-singilmi, ota-bolami, yoki…
– Inson umrining oxirigacha aka-ukasi yoki ota-onasi bilan birga yashay olmaydi. Yigit ham, qiz ham voyaga yetgach oila quradi, oʻziga hayot yoʻldoshi tanlaydi. Faqat ana shu yoʻldosh bilangina umrining oxirigacha boradi.
Birdan havo bulutlanib yomgʻir yogʻa boshladi. Subhiya sovqotib pinjimga tiqildi. Momaqaldiroq gumburlar, chaqin chaqar, atrofimizdan qonday qip-qizil suv oqardi. Lahza oʻtmay jiqqa hoʻl boʻldik. Qizning yomgʻirda yuvilgan yuzi oydaygina edi. Suv ostidagi toshdek tozarib yarqirardi.
* * *
Quyosh chiqishini bir olam quvonch bilan kutib oldik. Subhiya sovuqdan koʻkargan lablarini, yelkasini oftobga tutar, butun vujudi bilan unga intilar, quyoshni bagʻriga bosishni istardi. Kaftim bilan uning yelkasiga, boʻyniga shuvalgan loyni artib qoʻydim. Kostyumimni belidan yechib olib oftobga yoydim. Bu paytda biz birinchi “yurish”dan toʻxtagandik. Yonbagʻir odam oʻzini tutib turolmaydigan darajada tik boʻlsa ham yomgʻir oqizib kelgan gʻoʻrashak va loy oyogʻimiz ostida toʻplanib noshudgina zinacha hosil qilgan va biz bu noyob qurilmaga oyoqlarimizni avaylabgina qoʻyib turar, bir-birimizga qarab xushnud jilmayardik, goʻyo olamshumul bir kashfiyotni buzib quyishdan qoʻrqqandek ehtiyot boʻlib harakat qilardik. Shunday tik yonbagʻirda zinacha hosil boʻlishining oʻzi haqiqatan ham moʻjiza edi.
Quyosh endi durustgina qizdirar, “roʻzgʻorimiz”ning yakkayu yagona bisoti kostyumdan iliq bugʻ koʻtarilardi. Biz shu soniyalarda gʻoyat baxtli edik. Yana bir necha daqiqadan soʻng nimalar roʻy berishini ham, oyogʻimiz ostida tubsiz boʻshliq turganini ham unutgan, kelajakni oʻylamas, shu lahzaning shodligi bilan yashardik. Oʻtirishga va bir-birimizga roʻy-rost qarashga, koʻzlarimizga tikilib huzur olishga imkon berilganiga shukronalar aytardik. Dillarimiz soʻzsiz bir nido bilan qoʻshiq kuylamoqda edi.
Nogoh uning koʻzlarida quvlikka oʻxshash bir narsani koʻrdim. Undan “hozir moʻjiza koʻrsataman” degan maʼnoni uqdim. Haqiqatan ham u kaftlari bilan yerga tayanib menga orqa oʻgirdi. Lozimasining tilka-tilka boʻlib yirtilganini unutgandi aftidan. U egilgancha mendan yashirib nimadir qildi. Koʻzlari quvonchdan porlab menga qaradi. Kichkinagina mushtchasini mahkam siqib turardi.
– Koʻzingizni yuming, – dedi yosh qizchalarga monand oʻyinqaroqlik bilan.
Bir hisobdan uning bu qiligʻi yoshiga mos ham edi. Nazarimda hali u oʻn beshga ham toʻlmagandi. Koʻzimni yumdim.
– Ogʻzingizni oching!
Ogʻzimni ochdim.
Nozikkina barmoqlar lablarimga tegdi, kaftining haroratini his qildim.
– Boʻldi!
Koʻzimni ochib uning quvonchdan yorishib turgan yuziga qaradim. Ogʻzimda danak kattaligida nimadir bor edi. Dafʼatan uni gʻoʻrashak tosh deb oʻyladim. Subhiya menga hazil qilayotgandir degan xayolga bordim va shu lahzaning oʻzida ogʻzim suvlanib nordongina taʼmni sezdi.
– Qurut!..
Oʻzining ham lunji dumpayibgina turardi. Ikki barmogʻini ogʻziga tiqib oq zoʻldirchani olib koʻrsatdi va yana ogʻziga soldi.
– Boshqa yoʻq, – dedi goʻyo shuni uzoqroq, tamshab-tamshab shimishimni uqdirganday bir ohangda. Bunday ohang menga tanish. Onam qoʻlimga bor dona qand yoki bir boʻlak non tutqazardilar-da, “boshqa yoʻq” deb pisanda qilib qoʻyardilar.
Men bosh silkib jilmayib qizning bu ishini ragʻbatlantirdim. Qurutdan bilinar-bilinmas ter hidi kelar va nazarimda taʼmi ham boshqacharoq edi.
– Choʻntagingda yana bordir, – dedim jiddiy qiyofada.
– Choʻntagimda yoʻq, – iqror boʻldi qiz.
Oftobshuvoqda yotib qurut shimidik.
* * *
Arining gʻingʻillashiday ovoz eshitildi. Subhiya xirgoyi qilardi:
Yoʻl boʻyida bir toʻp olma bor,
Men shoʻrlikday tanho va yolgʻiz.
Yoʻlovchisin kutar umidvor,
Oh, olmachalar, boʻyga yetgan qiz…
Uni shu lahzada avaylabgina bagʻrimga bosgim, erkalatgim, sochlarini silagim keldi, ammo bunday qilmadim. Mumkin emas, haqqim yoʻq, unga begonaman. Bundan tashqari hissiyotlarim ham allaqanday chuchmal. Hammasi aralash: otalik hissi bilan yana boshqa tuygʻu qalbimda tinimsiz kurash olib borayotganday. Balki bu hislar qoʻshilib bir-biriga chatishib qolgan-u, endi biri ikkinchisini mahv etib va ajralib chiqib, vujudim va shuurimga hukmronlik qilishga urinayotganday.
Ana yoʻlda koʻrindi birov,
Toʻkildilar olmalar toʻp-toʻp…
Uning qoʻshigʻi shu joyda uzilib qoldi. Yonida begona erkak borligi yodiga tushib yalt etib qaradi, yuziga duv etib qizillik yugurdi. Nima uchundir menga achchiq aralash qaradi. Koʻzlarida ginamikan, taʼnamikin, shamamikin, xullas, men nomini aniq bilmagan nimadir balqib turardi.
– Nima gap? – soʻradim ajablanganimni yashirmay.
– Olmalar, men shoʻrlikday tanho va yolgʻiz… – deya qoʻshigʻining, aftidan oʻziga qattiq taʼsir etadigan misrasini takrorladi, koʻzlariga yosh qalqib chiqdi.
– Sen yolgʻiz emassan, Subhiya.
Qiz bola uchun koʻnglidagi fikrni aytish qanchalar qiyin. Hammasini tushunganim holda men ham keskin fikr aytishga botinmay turardim.
– Baribir oʻlamiz, shunday ekan…
– Shunday ekan, bir lahza boʻlsa ham…
Men ham davomini aytolmadim. Yonimda ayol kishi boʻlganda balki hammasi osonroq hal boʻlardi. Shu haqda oʻylab qoldim.
– Dunyoda muhabbat borligini bilmay oʻlib ketish katta baxtsizlik, – dedi Subhiya va koʻzlarimga iltijo bilan qaradi.
Men uning bilagidan ushlab oʻzimga tortdim. Qarshilik koʻrsatmadi. Shu paytgacha qilgan yaqinliklarimiz: uni bagʻrimga bosishim, koʻksimga bosh qoʻyishi va boshqa barcha holatlar taqdirning taqozosi boʻlib, boshiga bir xil kulfat tushgan ikki insonning dardkashligi va bir-biriga yordami edi. Endi esa ikkalamizda ham butunlay boʻlakcha hissiyotlar tugʻyon oʻrmoqda.
– Toʻxtang, – dedi Subhiya koʻkragimdan ohista itarib, – nikoh oʻqitish-chi?
Shu lahzada uning koʻzlarida zuhur etgan ifodani soʻz bilan taʼriflayolmayman. Qandaydir vahshiyona kuch sharm va hayo pardasini yirtib tashlab otilib chiqishga shay turar, nazarimda qoʻzichoqni yeyishga shay turgan boʻrining koʻzlariga oʻxshardi, uning koʻzlari. Balki boshqacharoqdir, ammo nachora, mening jaydari taʼrifim shu. Balki bu fikrim xatodir, menga shunday tuyulgandir, har holda dovdirab qoldim. Uning vujudidagi titroq menga ham oʻtdi.
– Nikoh oʻqitamiz, – dedim. Tovushim arang chiqdi.
– Men roziman!
Quyoshga qaradim. Olam yoritgichi qizarib botib bormoqda edi.
– Ey ulugʻ otamiz! – dedim Subhiyaning yelkasiga qoʻlimni quyib. – Nidomizni eshit, iltijomizni rad etma, mana bu qiz – Subhi. Men – Benavo. Bizga rahnamolik qil, oʻlimimiz oldidan nikohlab qoʻy!
Subhiyaning ham lablari pichirlab turar yo mening soʻzlarimini ichida takrorlar yoki dilidagi eng yashirin gaplarini ulugʻ Soʻfimiz – Quyoshga aytardi.
Biz Quyosh botguncha kutdik. Tun borliqqa va oyogʻimiz ostidagi tubsizlikka choyshabini yoparkan, Subhiya bagʻrimga kirdi va oʻzini butunlay mening ixtiyorimga topshirdi.
* * *
Es-hushimizni yigʻishtirib olganda avvalgidan ham katta tezlik va shiddat bilan tubsizlik tomon ketib bormoqda edik. Muhabbat jazavalariga oyogʻimiz ostidagi nochorgina Yerimiz dosh berolmagan va oʻz fuqarolarini taqdir hukmiga qoʻsh qoʻllab topshirib qoʻyaqolgandi. Subhiyani yoʻqotib qoʻymaslik uchun bagʻrimga mahkamroq bosdim.
Nogoh ostimizdagi gʻoʻrashak toshlarning shigʻirlashi toʻxtadi. Vujudimning yengil tortganini payqab qoʻlim bilan bilan ostimni paypaslab koʻrmoqchi boʻldim, Yerni topolmadim. Biz havoda uchib borardik. Vujudimiz yerdan uzilgan, muallaq holatda edik. Yuqoriga koʻtarilyapmizmi yoki pastga tomon ketib borayapmizmi – bilmasdik.
Endi biz uchun buning ahamiyati ham yoʻq.
Subhiya boʻynimdan mahkam quchgancha qulogʻimga harorat bilan shivirladi:
“Men sizni sevaman”!
Neʼmat ARSLON
“Yoshlik”, 2012 yil, 6-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/yashash-huquqi/