Post Views:
789
Ulug‘ tangrimiz — Ollohga cheksiz shukrlar bo‘lsinkim, yaqin bir yarim asr davomida ozodlikning hayotbaxsh sharbatiga chanqoq Turkiston ahlining ko‘pchiligiga hurriyat nasib bo‘ldi. Buning sharofatidan shonli tariximizni soxtalikning o‘laksa qobiqlaridan tozalay boshladik, ma’naviyatimizni yaxshi niyatlar-la taftish qilmoqdamiz, ulug‘larimiz merosidan chin insoniy qadriyatlarni ularga amal qilish uchun izlamoqdamiz. Bu sa’y-harakatlardan olinajak natijalar ma’naviy kamolotni xoh ongli, xoh ongsiz ravishda moddiy rivojlanishdan oliyroq deb tushunib kelgan bizning ixlosli xalkimiz uchun havo va suvdek zarur, shu bugunda. She’riy merosidan namunalar berilayotgan muallif— Alixonto‘ra Sog‘uniy faoliyati va ijodi bilan tanishuv ham mazkur fikrga aynan dalil bo‘ladi, inshoolloh! «Har ishga oxirida baho berilur. Barcha ishning asosi tuganchisidir», degan hadisi sharifning haqligiga tasdiqan otamiz rahmatli haqida xalqimiz dastavval ul kishining ijodiy mehnatlari samaralari bilan tanisha turib, tasavvur hosil qila boshladi. Vaholanki, tarjimasi chuqur qomusiy bilim va igna bilan quduq qazishdek beadad sabrni talab qiluvchi Amir Temur Tarag‘ay Bahodir o‘g‘li qalamiga mansub «Temur tuzuklari», Ahmad Donishning «Navodir-ul vaqoye», Darveshali Sangiyning «Musiqa risolasi» asarlarining o‘zbekchaga o‘girilishi ona Turkiston fozila madaniyatini saqlab qolish yo‘lida xolis bajarilgan ulkan xizmatning debochasi edi. Ulardan baxramand bo‘la olganlar, ushbu ishni eng oliy maqomda bajaruvchi faqat kuchli allomagina emas, balki zabardast tarixiy shaxs ekanligini payqay boshladilar. Bunday mushohadalarni qandaydir sirli qilib qo‘yayotgan sabablardan biri yana shunda ediki, muallif to‘g‘risida el orasida bir tomondan «komil diniy olim», «marshal ota», «xitoyliq general», «uyg‘urlarning hibs qilingan podshosi» degan, ikkinchi tomondan «sovetlar dushmani», «panislomist, panturkist», «siyosiy qochoq», «Stalinning yaqini», «KGB bilan hamkor», «o‘zbek sovet razvedkachisi» kabi ovozalar yurardi. Hukumat idoralarida mas’ul bo‘lib ishlab yurganlar esa Alixonto‘ra xaqida, odatda, sukut saqlardilar.
Alixonto‘ra faoliyati haqida AQSH, Turkiya, Xitoy, Rusiya kabi turli mamlakatlarda chop etilgan ilmiy-tarixiy asarlarda ancha ma’lumotlar keltirilgan. Ular, bizning bilishimizcha, yirik kamchiliklardan xoli emas. Haqqoniy va xolisona maqolalar so‘nggi 1-2 yil ichida O‘rta Osiyo jumhuriyatlari, xususan, O‘zbekiston vaqtli matbuotida e’lon kilina boshladi. Afsuski, ularda ham qator noaniqliklarga yo‘l ko‘yildi. «Tarix haqida qog‘oz qoralaganda, ilm odobiga ko‘ra bir og‘iz so‘z ham ortikcha ko‘shmaslik yo kamaytmaslik farz», degan otamiz ko‘rsatmalariga rioya aylab hamda qayd etilgan qusurlarni bartaraf etishni ham ko‘zda tutib, quyidagilarni ma’lum kilishga kirishdim. Umid qilamanki, bul — otamiz hakida shu kungacha bizda e’lon qilingan tarjimai holiy maqolalarning to‘liqrog‘i bo‘lajak.
Tarixdan ma’lumki, 1881 yili Turkmanistondagi Ko‘k qal’a istehkomini qonli janglardan keyin chor qo‘shinlari ishg‘ol qildilar va bu bilan chorak asr, balki undan ham ko‘p, surunkali bosqinchilik urushlaridan so‘ng butun Turkiston mustamlakaga aylantirildi. Vatanimiz o‘z erkidan ajrab, qullik zulmatiga cho‘mgan xuddi shu davrda Qirg‘izistondagi To‘qmoq shahrida navro‘z kuni o‘zbek oilasida ikkinchi o‘g‘il — mening otam Alixonto‘ra tavallud topdilar. Onalarining ismi — Norbuvi, afsus, ular haqida bilganlarim hozircha juda oz.
Otalari Shokirxonto‘ra asli andijonlik, naqshbandiya sulukiga mansub diniy olim bo‘lib, Shokirxo‘ja eshon nomi bilan ham mashhur edilar. Katta buvamiz Muxammadxo‘ja, ularning otalari Mirniyozxo‘ja va shu yo‘sinda yigirma nechanchi buvamiz Qilich Burhon ekanlar, bularning maqbaralari hozir ham O‘zgan shahrida qad ko‘tarib turibdi.
Ikki og‘iz so‘z To‘qmoq shahri haqida. Ushbu kent qadimiy turk beshiklaridan hisoblangan, qoraxoniylar davrida poytaxt bo‘lgan mo‘’tabar Bolasog‘un shahri qalmoqlar bilan tengsiz kurashda xarob bo‘lgach, uning shundoq yonginadida barpo bo‘ldi. Go‘yo bevaqt vafot qilgan onasi tepasida qayg‘uga cho‘mgan hassakash farzand kabi, Otam o‘z shaharlarining o‘tmishdagi noyob va shonli tarixini chuqur bilgan holda, juda e’zozlardilar va uning tabarruk nomini keyinchalik o‘zlariga taxallus qilgandilar. Sovet sharqshunos olimlarlari «Bolasog‘un bormi yo yo‘qmi?» deb tortishib-yurgan yillarda otamiz bizlarni o‘z ona shaharlarining xarobalariga olib borganlar, u yerlarni kezganmiz, 70 ming qishi shahid bo‘lgan ekan, ularning muborak qonlari to‘kilgan yerlarda tiz cho‘kib o‘tirib, qur’on tilovat qilib, baxshida qilganmiz. Kezi kelganda, shuni aytib qolmoqchimanki, biz o‘zbeklar, ya’ni, o‘zbek turklari 1924 yilda belgilab berilgan «iston»lar chegaralaridagina yashab kelmaganmiz, balki butun O‘rta Osiyo kengliklari va undan tashqarida javlon urgan, ulug‘lik shan-shavkatidan bahramand bir xalqmiz. Agar sanay boshlasam, bizning hozirgi jumhuriyatimizdan sirtda bo‘lgan tarixiy shahar — kentlarimiz ichkaridagilardan ko‘p bo‘lsa qo‘pki, oz emas, mashhurligi ham kam emas. O‘zidan To‘qmoqni nishon qilib qoldirgan Bolasog‘un ham Taroz (Avliyo ota), Turkiston, Forob, Xo‘jand, Hirot, Sayram (Saryom) kabi ana shunday turklik maskanlaridan edi.
Otamizning bolalik va o‘smirlik yillari… Buning bayonini bir lirik chekinish ruhida boshlash istagi tug‘ildi, zero o‘quvchilarga bu ma’qul bo‘lajak. Tasavvur qilaylik, o‘tgan asr oxiridagi sahni keng, bog‘-rog‘li o‘zbek hovlisi. Yer tandirga o‘t qalangan, buvimiz non yopish taraddudida, besh yashar o‘g‘illari — Alixonto‘ra ona atrofida uymalashib yuribdi. Ona bir zum uyga kirib chiqquncha go‘dak yo‘qoladi. Birdaniga tomirda qonni to‘xtatadigan faryod eshitildi:— «Voy dod, bola nobud bo‘ldi, kuydi!» Oyoq yalang yugurib chiqqan Shokirxonto‘ra yer tandir tomon otildi. Ko‘ziga go‘yo tush aralash qizigan tandir ichida, cho‘g‘ ustida tipirchilab turgan, g‘ujanak bo‘lib olgan farzandi ko‘rinadi. Tortib oladilar. Xoh ishoning, xoh ishonmang — bola soppa-sog‘, kuyganlikdan deyarli asorat yo‘q edi. Voqyeaga shohid bo‘lgan oqsoqollar dedilarki:— «Karomat sodir bo‘ldi, inshoolloh! Bu o‘g‘il o‘tda kuymas, suvda cho‘kmas Vatan o‘g‘loni bo‘lajak, g‘arib dinimizga kuvvat bergusidir!»
Oradan bir yilcha o‘tganda bo‘lgan yana bir voqyea: Qurbon xayit bayrami kunlari edi. Bir to‘p bolalar quvonishib, shovqin-suron solishib masjid yonidan o‘tib borardilar. Guruhdan birgina bola ajrab, masjid darvozasi oldida taqqa to‘xtab qoladi. Ichkaridan «huv Olloh, huv» maqomida aytilayotgan haq taolo zikri uning borlig‘ini chulg‘ab olgan, butun vujudi bilan titrardi, ko‘zlaridan duv-duv yosh oqardi. Shu ahvolda zikr davrasi tomon yaqinlashdi. Darveshlarning keksasi buni ko‘rib turgan edi, bolani yerdan azot ko‘tarib, davra o‘rtasiga olib ko‘ydi. Shundagina u asta-sekin o‘ziga kelib, norasida ingichka ovozi bilan zikr oqimiga qo‘shildi.
Bolalikdan o‘chmas xotira bo‘lib qolgan boshqa bir voqyea ham diqqatga molikdir. Shundoqki, otamiz 10—11 yoshlarida buvamizdan bir chiroyli qulun hadya olgan ekanlar. Uni mehr bilan parvarishlab boqib yuvib-tarab, o‘stirib, toy bo‘lib qolgan kezlarda, bir kun bolalar yugurib kelib deydilarki:—«Alixon! O‘tkinchi kazak o‘rislari toyingni olib ketyaptilar». Bu o‘rinda shuni eslatib ketish kerakki, oq poshshoning erkalari hisoblangan kazaklar o‘sha vaqtlarda mahalliy xalqning xohlagan uyiga kirib, istagan narsasini tortib olaverardi, mol-chorvasiyu, yilqisini ham haydab ketaverardi. Ularning qilichi va o‘qidan, kaltagidan omon qolgan jabrlanuvchi esa dardini kimga aytsa aytaversin, baribir befoyda edi.
Buva-buvimizning «hay-hay»laganiga qaramay, bunday zulmga chidayolmagan otamiz, boshqa otga minasolib kazaklarni quvib yetadilar va jon holatda toychoqning bo‘ynidan mahkam quchoqlab oldilar. Bosh-ko‘zlari mo‘mataloq bo‘lib, qamchi zarbidan qon shar-shar oqayotgan bo‘lsa-da, uni toychokdan ajrata olmaydilar. Oxiri, kazaklar xaloyiq to‘planayotganini ko‘rib, ko‘l siltagancha o‘ljadan voz kechib, so‘kina-so‘kina jo‘nab qoladilar.
Otam rahmatlidan boshqa g‘aroyib kechmishlarni ham ancha eshitgandim. Birok, mazkur uch voqyea mening tahlili ojizimga ko‘ra, bir mantiqiy butunlikka ega. Yani, o‘sha, yurt boshiga qaro kunlar tushganda, ona Turkistonimiz bag‘rida o‘tda kuymas, suvda cho‘kmas, dushmanga egilmas farzandlaridan birini yorug‘ dunyoga keltirdi.
Mana shunday muhit hukm surgan bir davrda, Shokirxonto‘ra tutqunlikning chirkin ruhi singib qolmasin, hamda ilg‘or islomiy tarbiya olishsin degan maqsadda ikki o‘smir o‘g‘illari Olimxon va Alixonni Makka shahriga olib ketib, u yerda o‘qishga joylab, o‘zlari ham muayyan muddat turib, qaytib keladilar. Tahsil yillari sermahsul bo‘ladi. O‘sha vaqtlari ikki haramdagi o‘kuv yurtlari mudarrislarining aksariyati turkistonliklar bo‘lib, otalarimiz musofirlikdan ko‘p ham aziyat ko‘rmaganlar. O‘rni kelganda, aytib o‘tish kerakki, vatandoshlarimiz asrlar davomida butun arab olamiga bilim berib kelganlar va shu muborak an’ana hozirgi kungacha davom etib kelmokda. Bu kabi ulug‘ darajada islom ma’rifatini taraqqiy ettirib, jahon madaniyatiga muttasil hissa qo‘shib kelayotgan ekanmiz, bundan haqli ravishda faxrlanmog‘imiz lozim.
Padari buzrukvorimiz tug‘ma ilm oshig‘i bo‘lganliklaridan ikki haramdagi talabalik yillarida arab, fors, turk tillarini fasohat va balog‘at darajasida egallay oldilar. Ilohiyot ilmlaridan tafsir, hadis hamda fiqh (islom huquqshunosligi), mantiq sohalarida ta’lim oldilar. Siyosat va harbiy ilmga qiziqish ham o‘sha davrlarda kamoliga yetgan bo‘lishi kerakki, dadamlar bo‘sh bo‘ldi deguncha usmonli turk harbiy qismlari joylashgan qarorgohga ketib qolaverar ekanlar, ba’zan ertadan — kechgacha askariy ko‘rik, harbiy mashqlar, to‘p, aslaha-kurollarga mahliyo bo‘lib qolib ketar ekanlar…
Arabistondagi tahsil ma’lum darajaga yetgach, buvamiz tashabbusi bilan shu ikki o‘g‘illari o‘qishni Buxoroning amir Olimxon madrasasida davom ettirishadi. Ilmga munosabat jiddiyligini shundan ham bilish mumkinki, uzoq yillar Vatanni ko‘rmagan ikki o‘g‘il uyga tushirilmayoq Toshkentdan Buxoroi sharifga olib ketiladi. Bu yerda yuqorida qayd etilgan bilimlar bilan bir qatorda otam she’riyat, musiqa, jug‘rofiya, handasa, falakiyot, tarix, tabobat ilmlarini qunt bilan o‘rgandilar. Talabalik yillarining serunum bo‘lganligining sabablari ustida to‘xtalsak, birinchi musabbib, albatta, Olloh bo‘lsa, keyingilari, bu ota-onaning o‘z farzandlarini Qur’oni karimning “Ilm olish har bir musulmon va muslima uchun farz”, ko‘rsatmasiga astoydil amal qilgan holda, bilimga jiddiy rag‘batlantirish hamda buning samarali natijasi o‘laroq, otamizning o‘zlarigagina xos mutoala uslubi va sa’y-xarakatlaridir. Olingan tahsilni faqat saharlab takror mashq qilish, dars tayyorlayotgan vaqtda qorinni to‘ydirib olmaslik, qiyin mavzularni o‘zlashtirishda yuqori saviyali talabalar bilan muhokama va munozara qilib haqiqatni aniqlash, mudarrislarga ularning ma’naviy pokligi, bilimining chuqurligi va o‘kitishda xolisligiga qarab baho berish, domlalarga sodiqlik, bir saboqni to‘lig‘icha tushunmay keyingisiga o‘tmaslik va shu kabi talablar, dadamning o‘z so‘zlaricha, mazkur uslubning qoidalaridan edi. Vaholanki, faqat Shokirxonto‘ragina emas, balki aksariyat Turkiston ahli o‘sha vaqtda ziyosidan umid qilgan Buxoroi sharifda ta’lim-tarbiya ishlari o‘z zamonasiga ko‘ra juda ortda edi. Bu haqda o‘z xotiralarida shu mazmunda gaplar bor:
«XX asr boshida Buxoroda amir tuzumi chirib qolgan bo‘lib, o‘quv-o‘qituv ishi o‘rta asrlardagidek edi. Ikki yuzdan ortiq madrasada dunyoviy fanlardan saboq berish yo‘lga qo‘yilmagandi. Bu sohalardagi mudarrislar o‘z uylarida bekitiqcha xususiy darslar berib, boshqa kasb-korlar bilan tirikchilik qilishga majbur edilar. Peterburgdagi amirning homiylarini xuddi shunday ahvol koniqtirardi. Madrasalarda hujra sotib olib, nomigagina mullavachcha bo‘lish maishat qilishning bir turiga aylangandi. Ne-ne layoqatli Vatan bolalari o‘zlarining bebaho umrlarini zax va qorong‘u hujralarda sermashaqqat arab va fors tillarini o‘rganishgagina sarflab zoye ketkizardilar, chunki, barcha o‘quv qo‘llanmalarimiz shu ikki tilda yozilgandi. Asosiy bilimlar qolib ketib, ko‘pchilik talabalar fiqh fanidan amal-taqal qilib tahsil olardilarki, bu bechoralarning so‘nggi maqsadi qozi bo‘lish va shu orqali osongina tirikchilik qilish edi. Biz bilan madrasadosh Sadriddin Ayniy ham «abadiy talabalar»dan bo‘lib, o‘kishdan hafsalasi pir bo‘lgandi, boy mullavachchalarga xizmatchi hujradosh edi. Og‘zidan papiros tushmas, sog‘lig‘ini yo‘qotgan, bo‘sh qoldi deguncha shaxmatdan nari ketmasdi…
O‘zim ham shular kabi chalamulla bo‘lib qolmaslik uchun madrasa saboqlarini to‘la o‘zlashtirish bilan bir qatorda boshqa fanlardan yetuk hisoblangan mudarrislarni topib, haq to‘lab, xususiy darslar oldim. Rasmiy va norasmiy ravishda man etilgan adabiyotlarni mutoala qildim, turk va tatar gazet-jurnallarini qo‘ymay o‘qib bordim. Shuni bildim va ikror qildimki, haqiqiy olim bo‘lish uchun beshikdan to lahadgacha bo‘lgan davr ichida tinmay o‘qimoq, o‘qimoq, o‘z ustida ishlamoq lozimdir».
Xullas, asrimizning o‘ninchi yillari boshida ikki aka-uka Buxoroda tahsilni nihoyasiga yetkazib, ustozlaridan oq fotiha oladilar. Otamiz, o‘rgangan bilimlaridan birini amaliy mutaxassislik darajasiga yetkazgandilar, u ham bo‘lsa mashhur sharq tabobati edi.
Bayonimizning shu qismini yuqorida qayd etilganlar bilan chegaralasak, Alixonto‘ra talabalik yillarida atrofidagi voqyelikdan ajralib, faqat ilm o‘rganishga sho‘ng‘ib ketgan ekanlar-da, degan bir kadar noqis xulosaga kelish mumkin. Shuning uchun yana ilova kilardimki, mazkur davr ichida otam yosh bo‘lsalar-da, g‘ayratli ijtimoiy arbob bo‘lib yetishib qolgandilar. Masalan, ul kishining shaxsiy namunasi va tashabbusi bilan mullavachchalarning mudarrislar bilan muomalasi jiddiy yaxshilanib, ko‘pchilik madrasalardagi o‘zaro loqayd munosabatlar ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Bunga esa bir voqyea turtki bo‘lgandi. Har kungi, odatdagi saboqlar tugash so‘ngida talabalardan birovi yetuk mudarrislardan birini (ul kishi yo‘q paytda) ko‘pchilik ichida jismoniy nuqsonini pesh qilib «zanjiy» (negr, qora) deb mazax qiladi, haqoratlay boshlaydi. Otamiz buni tiyib qo‘ymoqchi bo‘ladilar. O‘rtada qattiq mushtlashuv chiqib, ikkala mullavachcha qonga belanib, o‘lar holatga yetsalar ham tashlashaveradilar. Ularni ajratishadi. To‘polonni eshitib, bosh mudarris yana qayta keladi, shogirdlari jim turgan holda uning tanbehini eshitadilar. Nima sababdan urush chiqqanini mullavachchalardan biri «gullab» qo‘ygach, ul kishida bir o‘zgarish sodir bo‘ladi. Turgan joylarida tiz cho‘kib, mo‘matalog‘i chikib ketgan shogirdi oldiga hammaning oldida tizzasida yurib kelib, uning ko‘llaridan o‘padi. Ko‘zlarida shashqator yosh, bo‘g‘iq ovoz-la, nido qiladi: «Alixon, buyuk olim bo‘lg‘usisen! «Qora bo‘lsa ham sevikli ustozim», deb, men uchun urishibsen. Men sening ustoznng emas, men sening qora kulingman!» Ustoz, shogird yig‘lashgan, to‘planganlar barchasi yig‘lab duoga qo‘l ko‘tarishgan. Shu kundan e’tiboran madrasada muhit sog‘lomlasha boradi…
Bundan tashqari otamiz Buxorodagi barcha sunniy mazhabdagi talabalarning tan olingan jasur yetakchilaridan ham ekanlar. O‘sha vaqtlar amir a’yonlari doiralaridan boshlab ahli Buxoroga yoyilayozgan shialikka keskin ravishda barham berishda mullavachchalarning chiqishlari hal qiluvchi rol o‘ynagan bo‘lib, otam rahmatli bu harakatning eng oldingi, hayotga xatarli saflarida bo‘lgandilar. Birok, ko‘p o‘tmayoq, mazhabchilik kurashlari musulmonlarni asosiy dushman oldida zaiflashtirishini anglab, bu boradagi ziddiyatlar kundalik siyosiy ahvol talablari oldida uchinchi-to‘rtinchi darajadagi masalalardan deb hisoblay boshladilar va musulmonlar birligini hammadan yuqori qo‘ya boshladilar. Mavjud siyosiy oqim va partiyalar dasturlarini sinchkovlik bilan o‘rgangan bo‘lsalar-da, bironta-bir firqa yoki siyosiy tashkilotga a’zo bo‘lishdan o‘zlarini tiydilar. Yevropaparastlikning ongli raqibi bo‘lganlikdan, umuman g‘arb sotsial-demokratiyasini va buning bolshevistik rus shaklini eng zararli, Turkiston uchun yetti yot begona hisoblardilar.
Ona shaharlari To‘qmoqqa kaytib kelgach, keng diniy ma’rifatchilik faoliyati bilan xolisona shug‘ullanadilar. Tirikchilikni esa halol otameros kasb — dehqonchilik hamda tabibchilik bilan tebratib turadilar.
Bu orada birinchi jahon urushi boshlanib, chor ma’muriyati mahalliy aholini front ortida (yoki frontning o‘zida) ishlatish uchun mardikorlikka safarbar qila boshlaydi. Mana bu siyosatga qat’iy ravishda va ochiqdan-ochiq qarshi chiqib, aholini ommaviy tarzda bo‘ysunmaslikka, o‘z farzandlarini mardikorlikka bermaslikka chaqiradilar. Shu bahona bo‘lib, chor maxfiy politsiyasi tazyiq choralarini ko‘ra boshladi, biroq xalq ommasi g‘azabidan cho‘chib, otamizga zarar keltirolmadi, o‘shanda.
1916 yili esa Turkistonda oq podsho zulmiga qarshi qator xalq qo‘zg‘olonlari bo‘ldi. Otam qirg‘izlarning qurolli chiqishlarida faol qatnashdilar va ular shafqatsizlarcha bostirilgach, Qoshg‘arga siyosiy qochqin sifatida ketishga majbur bo‘ldilar. 1917 iilgi Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng, sho‘rolar butun dunyoga jar solib hurriyatlar haqida bergan va’dalaridan umidvor holda, vatanga qaytdilar. Ammo, ko‘p vaqt o‘tmayoq real voqyelik butunlay boshqacha bo‘lib chiqadi. Sinfiy kurash ta’limotiniig amaldagi ko‘rinishi bo‘lgan qizil terror (dahshat solish) natijasida mahalliy aholining yoppasiga qirg‘in qilinishi, diniy va umuman o‘qimishli arboblarning muttasil ravishda yo‘qotilishi, sun’iy ocharchilik vujudga keltirib aholini iqtisodiy tamondan yangi xokimiyatning huquqsiz qullariga aylantirilishi va shu kabi mudhish tadbirlarni ko‘rgan va eng asosiysi, aksariyat xalqdan farqli o‘laroq, buni chuqur tushungan otamiz, o‘z-o‘zidan sovetlarning tabiiy dushmaniga aylanadilar. Mana o‘sha davrlarda kechmish-kechinmalarini xotirlab yozgan esdaliklaridan kichik lavha:
«1919 yil oxirlarida Pishkakka qarashli Qorabolta, Oqsu bo‘lib, o‘n sakkiz rus qishloqlari birlashgan holda kommunistlarga karshi qo‘zg‘olon ko‘tarishdi. Boylikka botib yotgan Pishkak, So‘quluq dunganlari ham tushunmaslikdan bu ishga qo‘shilib qoldilar. Natijada tortqilik butunlay ular ustlariga tushib, eng og‘ir zarbalik kaltaklar boshlarida ushatildi. Shundoqki, besh yuz uylikka yetmagan Pishkak, So‘quluq dunganlaridan sakkiz yuz kishini haydab kelib, bozor o‘rtasida pulemyotga tutdilar. Bular ichidan o‘q tegmay qolgan yoki yarador bo‘lib joni chiqmay turganlarini qizil askarlar oralab yurib, nayzalab o‘ldirdilar. Qo‘zg‘olonchilar markazi bo‘lgan — besh ming chamali aholisi bor Oqsu qishlog‘i ruslaridan esa, ilgari-keyin bo‘lib, o‘lim jazosi ko‘rg‘anlari o‘ttizdan oshmagan edi.
So‘quluq dunganlarining tuzlarini totib, yaxshiliklarini ko‘p ko‘rgan edim. Ularning ichida ishonchlik shogirdlarim va do‘stlarim ko‘p edi. Bunday vaqtlarda, borish xatarlik bo‘lsa ham, chidab turolmay, uch-to‘rt shogirdlarim bilan bir arava kishi bo‘lib, So‘quluq tamong‘a yo‘l tortdim, yaqinlashib borgan sayin bundagi ko‘z ko‘rgan ko‘ngilsiz narsalarni til so‘zlab, qalam yozib chidayolmaydi. Mahalla ko‘chasidan o‘tayotganimizda, yo‘l bo‘ylab alan-bulan qoldiklari, sochilib yotgan narsalar, kuydirilib yondirilgan imoratlar ichida vayron, talqoni chiqib yotgan tomlari ko‘zga…. edi. Bularni ko‘rgach ko‘z yoshimiz qurimasdan shu yurganimizcha, mazlumlar qonlari bilan bo‘yalgan So‘quluq qishlog‘iga kirdik. Bu voqyea o‘tib, ortidangina borganligimiz uchun musulmonlar otilgan-chopilgan ko‘chalardagi qonlar tozalangan bo‘lsa ham, boshqa belgilari yo‘qolmagan edi. Soqchi kishilari bizni boshqa yoqdan kelganimizni ko‘rgach, oldimizdan to‘sib, idoralariga boshladilar. O‘lganlarning xotin-qiz, yetim bolalariga atalgan bir qancha buyum, qiyim boshlarni ko‘rsatib, yordam uchun kelganimizni bildirdik. So‘ngra yo‘l xatlarimizni tekshirib, bizga ruxsat bergan bo‘lsalar ham, yana oramizda ishonmaslik paydo bo‘lib, anchagina so‘z o‘tmish edi, ma’lumdirki, mahkumiyatda ezilgan, qurolsiz, duduq yillar, g‘olibiyat zulmi bilan g‘ururlanib turgan, har birining tumshug‘idan, to‘ng‘iz qurti tushgan qurollik shahdam yillar oldida nima deya olardilar?
Intizomlik askarlarga, qurolli kuchga, tili bo‘lak dini bo‘lak bir yig‘indi, qo‘li quruq kishidar qanday qarshi tursinlar? Tabiat olamiga Ilohiy tomonidan yuborilgan ulug‘ payg‘ambarlar ham shu tabiat qonuniga bo‘ysunmasdan boshqa hech choralari yuqdir.
Urush fanlarining qonuni bo‘yicha askarning son-salmoqlari, qurol-jabduq va askariy intizomlari eng bo‘lmaganda dushmannikidan tuban va oz bo‘lmasligi birinchi shartdir. Agar shu sharoit qo‘lga kelar ekan, u holda diniy, milliy haqoratga bo‘ysunmasdan dushmanga qarshi qurolga qo‘l sunish, albatta, farz bo‘lur. Bunday bo‘lmagan taqdirda, o‘zini o‘tga o‘rinsiz urishdan saqlanib, vaqtincha sabr qilishdan boshqa chora yo‘qdir.
Shu bilan g‘olib dushman oldidan qandaydir qutulib chiqqanimizdan so‘ngra yordamga keltirgan ozdir-ko‘pdir narsalarimizni tarqatdik. O‘lganlar oilalariga ko‘z yoshimiz bilan Qur’on o‘qib, ko‘ngil aytdik. Bu foydasiz fitnada mening o‘z shogirdlarimdan yigirmadan ortiq kishi shahid bo‘lmish edilar. Ulardan eng kattalarining yoshi o‘ttizdan oshmagan edi…» Tabiiyki, o‘lka xalqlari nomidan hokim bo‘lib olganlarning qahrli nazari tez orada otamizga ham tushdi. «Qora ro‘yxat»ga olinganlari ma’lum bo‘lib qolgach, yakin do‘stlari va mahalla ahlining maslahati bilan yana Qoshg‘orga hijrat qilishga to‘g‘ri keldi. Taxminan bir yildan so‘ng qaytib keldilar. Buning sababini tushuntirib o‘zlari shunday yozadilar: «Endi bu yerda qancha turgan bo‘lsam, menga hamkor bo‘lgudek, kelajak uchun qayg‘urgan bir kishi bo‘lsin, ko‘ra olmadim. Afg‘oniston, Hindiston chegaralari bo‘shligidan foydalanib u tomonlarga o‘tishimni o‘ylagan bo‘lsam xam, yolg‘iz bosh qayg‘usida, bola-chaqalardan ajrab, suyukli vatanimni dushman qo‘liga tashlab ketishni o‘zimga loyiq topmadim. Shuni bilmak kerakkim, Qur’onning hukmiga, Rasulullohning yo‘liga yaxshi tushunmay dinga xiyonat qilgan, ikki dunyosidan ajrab o‘z vatanida xorlik bilan yashagan yolg‘on musulmonlardan ilm-fan, madaniyatni o‘zlashtirib, butun huquqlariga ega bo‘lgan kofirlar, albatta, ortiqdur. Bu kun Uyg‘uristonni qoplagan ongsizlik ofatini ko‘rgach, u yerdan umidim uzilib, nochor, yangidan o‘t olayotgan fitna o‘chog‘i ichidagi o‘z yurtim To‘qmoqqa qaytib keldim. Qarasam, soyasidan qo‘rqqan quyondek har yerda qochib-pisib yurib kun ko‘rayotgan haqsiz kishilar ham oz emas ekanlar. Shular qatori men ham shahardan chetroq SHo‘rtepa degan dunganlar qishlog‘ida turib, dehkonchilik bilan kun kechirmoqchi bo‘ldim».
Biroq, ancha kuchlanib olgan sho‘rolar (Qirg‘izistonga nisbatan aniqrog‘i, qizil bo‘lib olgan o‘rislar) hokimiyati ostida aholi turmushining muttasil tubanlashib, ayanchli holga kelishi otamizni yana tengsiz va xatarli kurashuv girdobiga tortdi. Bu boradagi faoliyatlarining menga asosan ikki yo‘nalishi ma’lum. Birinchisi — Qog‘ozda bo‘lsa ham tan olingan vijdon erkinligi huquqidan foydalanib, Islom dini va madaniyatini davlat siyosati maqomidagi jangovor ateizm deb atalgan yovvoyi dahriylikning, surbetlarcha xurujidan himoya etish edi. Buni amalga oshirish uchun naqshbandiylik suluki talabalaridan vaqtincha istisno qilib, xalq talabiga binoan To‘qmoq katta masjidiga imom bo‘lib o‘tadilar va ko‘p mashaqqat, tazyiqlarga qaramay katta hududda Islom ta’sirining quchayishiga erishadilar. Ayni paytda, Rasuli akram ko‘rsatmalariga og‘ishmay rioya kilgan holda o‘z davrlaridagi ijtimoiy ahvolni sinchkovlik bilan tahlil qila borib hamda minbar imkoniyatlaridan yaxshi foydalanib aholi siyosiy ongini yoritish yo‘lida tinmay sa’y-harakatda bo‘ldilar. Xususan, Qo‘qon muxtoriyati tuzilishi va uning bolsheviklar tomonidan zo‘ravonlarcha yo‘q qilinishi, bosmachilik deb atalib qolgan xalq qurolli harakati hakida tarixiy faktlar bilan dalillangan yozma xotiralari hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Otamiz fikrlaricha, qo‘zg‘olonchilarda, afsuski, mustaqillikka kurashishning aniq rejasi bo‘lmagan, yo‘lboshchilar aksariyatining siyosiy saviyasi quyi edi va buning natijasi o‘laroq ozodlik harakatida birlik-jipslik mavjud emasdi. Oqibatda sovetlar o‘z qo‘limiz bilan o‘zimizga kishan urdirishga erishganlar.
Otamizning qayd etilayotgan davrdagi faoliyatlari, faqat din himoyasiga qaratilgan har qalay ochiq bajarilgan ishlar bilan chegaralanib qolmagan, albatta. Marhum Azizaposhsha opam menga so‘zlab bergandilarki, otamiz kasimovchilar harakati deb nomlangan vatanparvarlarning yashirin faoliyatida ham qatnashib, ushbu tashkilotning Pishkak, To‘kmoq tomonlardagi vakili bo‘lgan ekanlar. Men mazkur harakat rasmiy adabiyotda aksilinqilobiy deb baholanishini va chekistlar tomonidan tor-mor etilgan deb qayd qilinganliginiyoq bilganimdan hamda otamning bu tashkilot doirasida olib borgan ishlaridan yetarli ma’lumotim yo‘qligidan, bu o‘rinda taxminiy so‘zlar bilan ortiqcha kog‘oz qoralashni ep ko‘rmadim. Faqat ta’kidlamoqchi edimki, otamiz mustaqillik uchun kurash deganda, aniq maqsadli yaxshi tashkil etilgan, muayyan intizomli va jonfidolik ruhi bilan sug‘orilgan harakatni tushunganlar va buning imkoniyati bo‘lar ekan, hech vaqt chetda sukut saqlab qarab turmaganlar.
O‘ttizinchi yilga kelib oltinchi marta hibsga olinadilar. Avvallari qisqa muddatli bo‘lsa ham, bu so‘nggisi o‘n yillik qamoqqa hukm bilan tugaydi. O‘sha vaqtlarda Solovki, Arxangelsk tomonlardagi borsa-kelmas hibsxonalarga jo‘natishdan avval hukm etilganlar Toshkent chekkasidagi konsentratsion lagerga tiqilar ekan. Ana shu yo‘nalishda etap qilinishlariga sanoqli kunlar qolganda, Olloh yordami bo‘lg‘aykim, Pishkak turmasidan qochishga muvaffaq bo‘ladilar. Yashirinib yurib, ko‘p azob-mashaqkatlar chekkan holda, yana chegaradan Sharqiy Turkiston (Uyg‘uriston)ga o‘tib ketadilar. Xitoy davlatiga qarashli bu o‘lkaning G‘ulja shahrida turib, ma’lum vaqt o‘tgach, yana do‘stlar yordamida katta pul evaziga oilalarini xam chaqirtirib oladilar. Asl niyat shuncha azoblardan keyin, Turkistondan, umuman, Arabiston tomonlarga ketish bo‘lsa-da, bu yerdagi siyosiy ahvol yomonlashib, chegara yo‘llari taqa-taq bekilganlikdan turg‘un bo‘lib kolishga to‘g‘ri keldi. Gap shundaki, o‘shal vaqtdagi SSSR rahbarlari jahon proletar inkilobini orzu qilibgina qolmay, balki uni sun’iy ravishda boshqa mamlakatlarda keltirib chiqarish siyosatini amalda qo‘llardilar. Maydoni O‘zbekistondan kamida ikki baravar katta Sharqiy Turkiston Xitoyning chekka, sovetlarga qo‘shni g‘arbiy o‘lkasi o‘larok, ushbu siyosat sinalayotgan, tajriba maydonga aylangandi. Yerli hukumat markazni g‘aflatda qoldirgan holda, SSSRda yashirin o‘qitib tayyorlangan yoxud qizil mafkurada bo‘lgan sovetparast kimsalar qo‘liga o‘tib qolgandi. Bu yerning barcha do‘kon va bozorlari arzon va asl sovet mollari bilan liq to‘ldirilgan, hamma joyda SSSRdagi misli jannat kabi hayot tarzi hakida tashviqot kuchaygandi. Ayni shu vaqtda esa, jahondagi birinchi proletar davlatida kahatchilik va ocharchilik bo‘lib turgandi.
Nima bo‘lsada, otamiz tez orada ilmiga amal qiluvchi allomaligi, halolligi, jasur inson va hojatbaror shifokor — tabibligi tufayli ko‘pchilik o‘rtasida obro‘-e’tibor qozona oldilar. Ayniqsa, o‘zbeklarga yaqinlikda tengi yo‘q qardosh uyg‘ur xalqi o‘zining chin ixlosini darig‘ tutmadi, balki boshlariga ko‘tardi. Dadamning mavqyelari, xususan, barcha musulmonlar va boshqa millatlar o‘rtasida, ham o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashda ko‘rsatgan fidokorliklari natijasida juda ham kuchayib ketdi. Shu maqomga yetishgach, omma oldidagi chiqishlarida hurriyat uchun kurashga ko‘tarilish g‘oyalarini ochiq targ‘ib qila boshladilar. Xuddi shu sababli dadamlar 1937 yili Uyg‘uristonda diktator bo‘lib olgan, aslida sovetlarning ko‘g‘irchog‘i, avantyurist xitoy generali Shen Shitsay tomonidan hibsga olinib, sudsiz — hukmsiz umrbod kamoqqa tashlanadilar. Oilaga katta zulm kilinib, uy-joy musodara bo‘ladi.
Mushtariylarni «1937 yil» sanasi sergaklantirdi-yov! Ha-da, iniqilobni eksport qilish birinchi navbatda qizil terrorni yo‘naltirish orqali boshlangan. Repressiya apparati shunday yaxshi ishlardiki, Sharqiy Turkistondagi shogirdlariga Maskovdagi GPU (Glavnoye politicheskoye upravleniye, ya’ni, Bosh siyosiy boshqarma, chekistlar idorasining o‘sha vaqtdagi nomi) otilishi-chopilishi lozim bo‘lgan «Xalq dushmanlari»ning ro‘yxatini tayyorlab berib, uni ijro qilishning namunalarini joylarga borib ko‘rsatganlar. Ana shu tizimda faqat G‘ulja shahri bo‘yicha ikki yuzdan ortiq baxtiqaro sovet Turkistonidan qochqin muhojirlar bo‘lgan. Bir kechada hammalari hibsga olinib, ro‘yxatga solishtirilsa bir odam yetishmagan. U ham bo‘lsa bizning otamiz bo‘lib, bu jallodlar kelishidan bir necha daqiqa avval, katta akam Asilxon sabab bo‘lib uydan ich kiyimda qochgan ekanlar. Butun o‘lka bo‘ylab qidiruv e’lon qilinib, ma’lum vaqtdan so‘ng chekka bir shaharchada ayg‘oqchilar tomonidan qo‘lga olinadilar. Shunda ham qamoqqa kela kelgunlaricha, yo‘l-yo‘lakay orqalaridan to‘pponcha va miltiq tirab keltirishgan ekan. Bir chinakam turish qilgan o‘zbek o‘g‘lonidan dushmanlarning cho‘chishini qarang!
Xullasi kalom, 1941 yil o‘zini uncha-muncha o‘nglayozgan markaziy-xitoy hukumati tomonidan o‘tkazilgan adliyaviy taftishlar natijasida otamiz turmadan chiqib keladilar. Xaloyiq ularni po‘lat irodali qahramon sifatida kutib oladi, chunki otamiz hurriyat uchun kurash yo‘lidan zarracha chekinmagandilar.
Bu vaqtga kelib, SSSR hayot-mamot urushi bilan band, o‘lkada iqtisodiy va siyosiy inqiroz, Shen Shitsay ma’muriyati zil ketgan, xalq junbushga kelib, qurolli-chiqishlar bo‘lib turgan edi. Otamiz tarafdorlarini maxfiy «Ozodlik jamiyati» tevaragida to‘plab, vatanparvarlarning harakat birligiga erishadilar. Ushbu jamiyat rahbarlik qilgan 1944 yil 7-10 noyabr qurolli qo‘zg‘oloni natijasida G‘ulja shahri ozod qilinadi. Ikki kun o‘tiboq Sharqiy Turkiston Islom jumhuriyati barpo etilganligi tantanali e’lon qilindi. Otamiz o‘n ikki vazirlikdan iborat inqilobiy hukumat raisligiga yakdillik bilan saylanadilar.
Endi, sovet hukumatining ham munosabati o‘zgargandi. Sharqiy chegaralariga o‘sha og‘ir davrda chankayshichi xitoylar tomonidan xavf tug‘ilib qolmasligi uchun yangi barpo bo‘lgan musulmon davlatini bekitikcha ko‘llab turish siyosatiga o‘tdilar. Jumhur rais o‘laroq, dadamlar yetuk ijtimoiy va davlat arbobi sifatida ish yurgizdilar. Ul kishi boshchiligidagi tom ma’nodagi milliy hukumat kisqa vakt ichida mustaqillikdan umidvor xalq manfaatlariga mos bo‘lgan yirik tadbirlarni amalga oshirdi. Irq, millat, jins, e’tiqoddan qat’i nazar har bir kishiga erkinliklar berilishi, ijtimoiy tashkilotlar tuzilishi, aholidan olinadigan soliqlarning ikki baravar qisqartirilishi, sobiq hokim millat vakillari iqtisodiy negizining tugatilishi shular jumlasidandir.
Otamiz 1945 yil 8 aprelda barpo kilingan Sharqiy Turkiston milliy armiyasining bosh tashabbuskori edilar. Demak, G‘ulja qo‘zg‘olonidan besh oy o‘tib, tarqok, olomon partizan to‘plari asosida muntazam armiya tuzilishiga erishildi. Xalqning milliy ozodlik ruhi o‘z raislariniki kabi yukori ediki, ommaviy safarbarlik e’lon qilingan kunning ertasiga yaqin yuz ming kishi askarlikka yozilishga hozirlanib keldilar. Bularning ko‘pchiligi otlik bo‘lib, urush jamolg‘asini ko‘rib kelgandilar. Qurol-aslaha O‘zbekiston, Qozog‘iston orqali yarim yashirin holda SSSRning tegishli idoralaridan naqd oltinga va molga-mol tarzida sotib olina boshladi. Xitoy ko‘shinlari bilan dastlabki janglardan so‘ng ko‘plab tusha boshlagan harbiy o‘ljalar evaziga navqiron milliy armiyani qurollantirish muammosi ham ancha yengillashdi, Ushbu inqilobiy qo‘shin o‘z ichidan G‘ani botir (uyg‘ur), Fotiq botir (totor), Usmon botir, Akbar botir (ikkovi ham qozoq), general Palinov (o‘ris) kabi qator dovyurak, jasur va mohir askarboshilarni yetishtirib chiqdi, raziyalohu anhu.
Alangali Qo‘zg‘olonlar davrida va muzaffariyatni mustahkamlashda harbiy iste’dodlari tan olingan otamiz jumhuriyat qurolli kuchlarining suyangan tog‘i bo‘lib, milliy armiya jangovar qobiliyatini, ayniqsa, ma’naviy ruhini ko‘tarishda jonbozlik ko‘rsatdilar. Bevosita ishtiroklarida tuzilgan harbiy operatsiya rejalari muvaffaqiyatli bajarilardi. Bu o‘rinda otamizning yana bir noyob xususiyatlarini zikr etib o‘tmoklik lozimki, ul kishi o‘z davrlarining misli ko‘rilmagan notiqlaridan edi. Arab, fors, turkiy tillarining har bir shevayu lahjasida bulbul kabi fig‘on-nola qila olardilar yoki arslon kabi na’ra torta olardilar. Ayniqsa, ona tillarining hali biz tagiga yetolmagan beadad imkoniyatlaridan foydalanib shundayin silliq uslubda so‘zlar ekanlarki, millatidan kat’i nazar, bir oz turkiydan xabari bor tinglovchi bemalol tushunaverar ekan. O‘sha suronli davr voqyealarining ko‘pgina shohidlari, jumladan, uyg‘ur yozuvchisi Abduqodir Zunnun shunday gapirib bergandi:
«To‘ram nutqlarini tinglash uchun odatda ko‘p minglab odamlar yig‘ilishardi. So‘z boshlaganlarida pashsha uchsa eshitiladigandek jimlik cho‘kardi. Mavzuni tinglovchilarga darrovoq ayon qilib, uning asl haqiqatini o‘z bilganlaricha yoki hukumat farmoniga ko‘ra emas, balki Qur’oni karim oyatlari hamda Payg‘ambarimizning hadisi shariflari asosida isbotlardilar. Yana buni o‘tmish va yangi tariximizdan rad qilib bo‘lmaydigan dalillar keltirib mustahkamlardilar va mavzuni, albatta, kundalik voqyelikning dolzarb masalalariga, jumladan, nutq mavzuiga bevosita bog‘lardilar. Aniq vazifalarga o‘tib, ularni muvaffaqiyatli bajarish yo‘llarini ko‘rsatalardilar va bunga tinglovchilarni ko‘tarinki bir ruh bilan ishontirardilar. O‘rtada, istiqlol yo‘lida jonbozlik qilgan va qilayotganlarning sharafli nomlari, albatta, qayd etilar va eshituvchilar bundan qattiq ta’sirlanardilarki, bolaxonalarga, daraxtlarga, simyog‘ochlarga chiqib olgan tinglovchilar Hissiyot zo‘ridan o‘zlarini tashlab yuborardilar».
Yigirma bir sovet harbiy nishonlari kavaleri, o‘sha paytda, Sharqiy Turkistonga xarbiy mutaxassis bo‘lib borgan toshkentlik Tolibjon aka Obidov aytadilar:
«Alixonto‘ram janoblari jang boshlanishidan avval askarlar oldida nutq so‘zlaganlarida, yigitlar ko‘zlaridan o‘t chaqnar, nutq tezroq tugasayu jangga otlansalar. Xujumga komanda bo‘lgancha ularni zo‘rg‘a to‘xtatib turardik. Jangovar ruh va g‘alabaga ishonch juda ko‘tarilib ketardi. To‘ra otam okop ko‘rgan xaqiqiy askarboshi edilar va men havas qilgan tomoni – bunday rahbarlarning baxtlisi edilar. Chunki, har bir askar u kishini cheksiz sevardi, hurmatlardi, hatto ilohiy quvvat egasi deb chinakamiga ixlos qo‘yib e’zozlardi».
Xullas, milliy armiya shiddatli janglarda ketma-ket g‘alabalarga erishib, shon-shavkatga burkandi. Jumladan, 1945 yili ushbu qo‘shin kismlari son jihatdan deyarli uch baravar oz bo‘lishiga qaramay, markaziy Xitoy hukumati tomonidan yuborilgan, yaxshi qurollangai sakson ming kishilik armiyasini butunlay tor-mor etdi. Xalq va armiya oldidagi xizmatlari uchun Sharqiy Turkiston hukumati qarorig‘a binoan otamizga marshal unvoni berildi. Tez orada ularni butun o‘lka xalqi «Marshal ota» deb atay boshladi.
Endi, Sharqiy Turkiston voqyealarining dostoni uzun bo‘lganligidan gapni muxtasar qilsak, ish shu bilan tugadiki, «Uch viloyat inqilobi» deb nomlangan otamiz rahbarligidagi milliy ozodlik harakati Sinszyan (Sharqiy Turkistonning‘ xitoycha nomlanishi, «Yangi yer» demak) ning qolgan qismida ham tezda g‘olib bo‘lajagidan cho‘chigan Chan Qayshi hukumati tinchlik muzokaralari olib borishga majbur bo‘ldi, biroq, voqyealarning bunday ketishi, ya’ni, bir mustaqil Turkiston davlatining qurilib qolishi yangidan hokimiyatga kelayotgan Mao Sze Dun kommunist hukumatiga va bularni o‘stirib yuzaga chiqargan, uzoqni ko‘rolmagan sovetlar mamlakatidagi piri-ustozlariga yoqmadi. Natijada, xoinona tuzilgan mash’um rejaga ko‘ra otamizni 1946 yil iyunida avval aldov, keyin esa qurolli tazyiq ostida G‘uljadan olib chiqib ketdilar. Pinhona yo‘q qilib yuborish mo‘ljallangan bo‘lsa-da, bu ishdan Xudo asrab, ikki yil davomida, uy nazarbandisi holatida saqladilar. Keyinchalik bilsak, milliy armiya qismlari dadamlarning qaytarilishlarini talab qilishibdi. Ayniqsa, qozoqlardan iborat qo‘shinlar bunda qat’iylik ko‘rsatganlari, Usmon botir boshchiligida ancha vaqt qurolli karshilik qilganlari bizga keyinroq ma’lum bo‘ldi. Otamiz ruhi va zurriyatlari nomidan o‘sha tengsiz kurashga kirgan va bu yo‘lda qurbon bo‘lgan qahramon qozoq birodarlarimizga kech bo‘lsa-da, abadiy minnatdorligimizni izhor qilamiz, hurmati haqqi mangu bosh egamiz.
Otamizning so‘nggi o‘ttiz yillik umrlari Toshkentda o‘tdi. Siyosiy ishlardan majburiy ravishda chetlashtirilgan bo‘lsalar-da, ilmiy, ijodiy va ijtimoiy faoliyatni sobit qadamlik bilan davom ettirdilar. Maqolamiz boshida qayd etilganlardan tashqari mashhur venger sharqshunosi Hyermon Vamberi asari «Buxoro yoki Movarounnahr tarixi»ni usmonli turkchadan o‘zbekchaga uyg‘unlashtirib o‘girdilar. «Tarixi Muhammadiya», «Turkiston qayg‘usi» kabi katta asarlar yaratdilar. Mazkur asarlar kelajak avlod ma’naviyatini tanazzuldan asrash, fozila madaniyatimizdagi azaliy qadriyatlarni islom ma’rifati va yaqin tarix saboqlari vositasila saqlab qolish yo‘lida qilingan ulkan jihod deb qarashni taqozo etadi. Yana bir o‘z asarlari «Shifo-ul ilal» («Kasalliklar davosi») sharq tabobati ko‘p yillik tajribasi asosida 1987 yilda yozilgan bo‘lib, qancha-qancha musodaralardan omon qolgan biz uchun topildik risoladir. Vatan ahli duoda bo‘lib turishlaridan umidvormizki, boshka ilmiy, ijodiy meroslari kabi ushbu kitobchani ham chop ettirib, xalqimizga yetkazajakmiz.
Otamiz umrlarining so‘nggi kunlarigacha ustozlik faoliyatini to‘xtatmadilar. Qizil mafkuraga xizmatkor bo‘lgan o‘shal davr qonunlarining ta’qibiga qaramay, insoniy jasurlik, islomiy ijtihod, pir-ustozlariga bergan va’dalariga vafodorlik ko‘rsatib, diniy va shuningdek, dunyoviy bilimlar o‘kitishni yo‘lga qo‘yib yubordilar. Shogird tanlamadilar, shu uchun bo‘lsa kerak, otamizning qo‘llarida bir vaqtnint o‘zida hali harf tanlamagan talaba bilan bir qatorda, ilmli yoki dunyoviy fanlar nomzodi, doktori kabi tinglovchilar ham ta’lim olaverardilar. Bir universal o‘qituv uslubining sohibi edilar. Bu harakatlari zoye ketmadi. Oq fotiha olgan shogirdlari o‘z Vatanlariga (ya’ni, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Dog‘iston, O‘zbekiston shahar-qishloqlariga) qaytgach, ustozlarining ishini davom ettirib, diniy maktablar ochib, ma’rifat tarqata boshladilar. Shu bugungi O‘zbekiston Islom dunyosining yetakchi namoyondalari safida otamizning shogirdlari haq din tantanasi yo‘lida xolisona xizmat qilmoqdalar.
Otamiz tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan me’morchilik obidalarimizni saqlab qolish harakatining jonbozlaridan ham edilar. Mening yodimda qolgani shuki, 50-yillar so‘ngida yo 60-yillar boshida, Toshkentdagi, hozirgi yangi Eskijo‘va bozori o‘rnidagi yerda, yaqin 500 yil avval bino etilgan mo‘’tabar Xo‘ja Ahror Vali masjidi bo‘lib, shuni gumrohlarcha buzdilar. Bu kabi noxush ishlar boshqa joylarda ham boshlanayotganidan tashvishlanib, dadamlar ahboblaridan (yaqin do‘stlari shunday nomlanardi) Karimboy aka Saxiboyevni chaqirib maslahat soldilar. Bu zot sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning tog‘alari bo‘lib, huquqshunoslikning piri edilar. Qaror shu bo‘ldiki, Maskovdagi tegishli rasmiy idoralarni xatlar bilan «bombardimon» qilmoq lozim. Bu tadbir g‘arbda ham qo‘llanilishini keyin bildim – «paperkanono», ya’ni, «kog‘oz bilan o‘qqa tutish» degan maxsus atama ham bor ekan. Bu harakat darrov natija bermagan bo‘lsa-da, har qalay, bor masjid, madrasa, xonaqoh va shu kabilarning navbatdagi buzish kompaniyasini to‘xtata oldi. Ushbu, daryodan qatra kabi maqolam so‘nggi qismini padari-buzrukvorimni oddiy inson haqida tavsiflovchi xususiyatlariga bag‘ishlasam. Shaxsiy hayotda misli tarki dunyo kamtar edilar. Toshkentga kelgach, ne-ne koshonalar taklif etilsa-da, ikki og‘iz xonasi bor mo‘’jaz bir hovlini — «kulbai g‘arib» kilib ixtiyor qildilar. Biz ham turmush faqat shunday bo‘lishi kerak ekan deb o‘sdik.
Umr bo‘yi sovetlarning bir tiyinini ham olmadilar, hukumat nafaqa tayinlaganda, o‘sha zahoti Toshkent yetimxonalaridan biriga o‘tkazib yubordilar.
Saxovatli edilar. «Ikkita choponim bo‘lsa, bittasini, unda ham yangirog‘ini birovga kiygizsam», deb ko‘p aytardilar. Qarz so‘rab kelganlarni hech quruq qaytarmaganlar, ularning nomlarini eslab kolish yo yozib qo‘yish uyokda tursin, unutib yuborardilar.
Rahmdil bo‘lib, kek saqlamas edilar. Bir misol. O‘sha 1938 yil otamizni tutib, ortlaridan mauzer nuqib qamoqqa topshirgan ayg‘oqchi «Uch viloyat inqilobi» vaqtida qo‘lga tushadi. Sud uni o‘limga hukm qilib, xaloyiq «Alqasosu minal haq» deb turganda, otamiz avf qilganlar. «Besh bolasi yetim qolmasin, yana buning onasi tuqqanida yaxshi niyat bilan Muhammad deb nom qo‘ygan ekan», deb dalil keltirgan ekanlar. «Kechiruvchilarni Olloh ham avf qilg‘usidir», hadisiga shunday amal kiladilar…
Otamiz taqdirning ne-ne sinovlaridan o‘tib, barakali, serunum va mazmundor umr ko‘rdilar. 1976 yil Toshkentda 91 yoshda vafot topdilar. So‘nggi maskanlari, vasiyatlariga binoan, Shayx Zayniddin bobo qabristoni bo‘ldi, raziyallohu anhu.
XX asr mazlumlari — Turkiston ahli istiqloli, Islom dini tantanasi yo‘lida qilgan ulkan xolisona tarixiy xizmatlarini va valiy kabi siymolarini xalq chuqur hurmat, faxr va minnatdorlik bilan yodda tutib kelmoqda.
Esdaliklarida qalb titratar shunday satrlar bor: «Men bu dunyoga islomparastgina emas, balki insonparast bo‘lib keldim va hayotim davomida shunga sodiq bo‘lib qoldim». Ushbu zot shonli hayot yo‘llari bilan tanishar ekanmiz, bunga iqror bo‘la turib, Alixonto‘ra kelajagi porloq ikki Turkistonning g‘ururi, jasur milliy qahramoni ham edi, degimiz keladi…
Qutlug‘xon Shokirov — Ediqut
https://shosh.uz/uz/yangidunyo-uz-ikki-turkiston-g-ururi-alixonto-ra-sog-uniy/