Yana qaytib keldim…

 * * *

GʻUNCHALAR PUSHTIRANG VA ZAʼFAR

Zangori yaproqlar shahrida.

Gʻunchalar orzumdek har safar,

Gʻunchalar qalbimning bagʻrida.

 

Qalbimning bagʻrida bir jahon

Gʻaroyib ertaklar aytadi.

Men qaytib kelmasman hech qachon,

Gʻunchalar, albatta, qaytadi.

 

1962

 

* * *

DERAZAMGA URILADI QOR,

Jaranglaydi jarangsiz kumush.

Derazamga uriladi qor,

Qor singari oppoq boʻldi tush.

 

Bir ajoyib qor yogʻar bu kech,

Uchib tushar mening yonimga…

Men-ku, seni oʻylamasman hech,

Sen tushasan ammo yodimga…

 

1963

 

* * *

BALKI OʻChGAN EDIM YODINGDAN,

Shirin xayolingni buzdimmi?

Laylo, Laylo, sening yoningda

Yaproq kabi koʻrdim oʻzimni,

Shirin xayolingni buzdimmi?

 

Seni oʻylab kelmaydi uyqu –

Qora tunning oʻzga sehri bor.

Tushlarimda topay deb gulroʻ

Men uxlarman mangu, ehtimol.

Goʻzal tushlar tilayman, Laylo…

 

Yana paydo boʻlding yoʻlimda,

Yana yoʻllaringda boʻzladim.

Bechora qalb sening qoʻlingda,

Koʻzlaringda mening koʻzlarim.

 

Nechun paydo boʻlding yoʻlimda?..

 

1963

 

ShIRIN UXLAR TONG ChOGʻI GOʻDAK,

Uxlar goʻdak yo tong koʻksida,

Yoki goʻdak quchogʻida tong

Uxlar shirin ham tinch, osuda.

 

1964

 

* * *

SENI TOPGUNGA QADAR,

Qanday yashadim men?

Nahotki yashadim?

 

1964

 

* * *

YOMGʻIR YOGʻAR, ShIGʻALAB YOGʻAR,

Tomchilar tomchilar sochimga.

Yomgʻir yogʻar, shigʻalab yogʻar,

Ham qaygʻumga, ham quvonchimga.

 

Yomgʻir yogʻar, shigʻalab yogʻar,

Men unga ochaman bagʻrimni.

Yomgʻir yogʻar, shigʻalab yogʻar,

Asta unutaman yomgʻirni.

 

Yomgʻir yogʻar, shigʻalab yogʻar,

Oxir meni asir etar ul.

Yomgʻir yogʻar, shigʻalab yogʻar,

Yogʻa boshlar qogʻozga koʻngil.

 

1965

 

* * *

YANA QAYTIB KELDIM. ChANG TOʻZGAN

Yoʻlimizni sogʻindim, ona.

Tom ustida maysalar oʻsgan

Uyimizni sogʻindim, ona.

 

Aziz dargoh ostonasida

Sizni qalbim bilan quchayin,

Toʻyib-toʻyib sopol kosada

Muzdek quduq suvin ichayin.

 

Har bir narsa yaqindir menga,

Har bir narsa menga qadrdon.

Qarab qoldingizmi yoʻlimga

Issiq nonlar uzib tandirdan?

 

Koyimangiz meni bu safar

Unutdi deb uyni, dalamni,

Ne chora bir dil yonsa agar,

Sevib qolsam butun olamni.

 

O, qishloqning munis chiroyi…

Achchiq piyoz toʻgʻrayin oʻzim.

Dil sogʻinib yigʻladi doim,

Hozir, mayli yigʻlasin koʻzim.

 

Targʻillanib bormoqda osmon,

Oppoq hidga toʻlmoqda bagʻrim.

Aytingiz-chi, bormi sogʻ-omon

Shahlo koʻzli mening targʻilim?

 

Ogʻushimda zangori sezgi,

Kiprigimda suyuq hayajon.

Koʻzlarimda yumaloq sevgi,

Salomatman men ham, onajon!

 

Qaytib keldim yana. Chang toʻzgan

Yoʻlimizni sogʻindim, ona.

Tom ustida maysalar oʻsgan

Uyimizni sogʻindim, ona.

 

1966

 

UYGʻON, EY, MALAGIM, TUR OʻRNIGDAN, TUR,

Otashin muzlarda isinaylik, yur.

 

Yongʻinli daryoda quloch otaylik,

Bu yerdan ketaylik, faqat ketaylik.

 

Undan ham olisroq ketarmiz hali,

Undan ham olisroq, mening goʻzalim.

 

Qaragil, eng yorqin bir yulduz yonar,

Yorugʻ bir chaman bu… ketarmiz yana.

 

Bugun shoh erurman, tilak tilagil,

Bugun men gadoman, tingla, malagim.

 

1966

 

OYBEK XOTIRASIGA

 

Togʻlar aro bir oydin buloq,

Atrofida shivirlar oʻtloq.

Buloqda shaʼn va sobit chiroy.

Nur yoʻlidek oʻylari yiroq

Suvda mangulikdek suzar oy…

 

Biroq, hayhot, bir quyun keldi…

Oydin buloq qayga berkindi?!

Qaydadir shaʼn va sobit chiroy?

Falaklarga qarayman endi,

Falaklarda suzib yurar oy…

 

1968

 

* * *

PAGʻA-PAGʻA OPPOQ QOR YOGʻAR,

Bogʻlar kiymish ilohiy libos.

Yuragimni bir otash dogʻlar –

Quyosh tutib kelayotir yoz.

 

Nima boʻldi? Kipriging namli,

Koʻzlaringda yashirin asror.

Devordagi suratim qani?

Nima boʻldi? Qalbingda ne bor?

Yogʻar oppoq, pagʻa-pagʻa qor,

Dardim qorlar kabi sochilar.

Huv, yiroqda gullagan bahor

Boʻylari koʻksimga sanchilar…

 

1969

 

* * *

VUJUDIM YALLIGʻLANAR NAFASINGDAN,

Sen shunday yaqinsanki, jon qadar, axir,

Baribir, seni sogʻinaman, sevgilim.

 

1975

 

* * *

YOSHLIK ZANGOR FASL. KEChDI, SARGʻARDI,

Toʻkildi u. Shafqat bilmas bargrezon.

Qora sovuqlarga otib yubordi,

Shamollar poyida sinmoqda xazon.

Yoshlik zangor fasl. Kechdi. Sargʻardi.

 

Harna oʻtdi, mendan oʻtdi, omon boʻl,

Qancha faryod qilmay qaytarib boʻlmas.

Har qalay oldinda bordir soʻnggi yoʻl,

Toki yetguningcha xotirot oʻlmas,

Harna oʻtdi, mendan oʻtdi, omon boʻl!

 

Vido tabassumli olam, yoshligim,

Koʻzlarimda qotgan jolam, yoshligim,

Koʻklarga yetmagan nolam, yoshligim,

Suvga choʻkib ketgan bolam, yoshligim,

Vido tabassumli olam, yoshligim.

 

1977

 

Rauf PARFI

 

“Sharq yulduzi”, 2011–3

https://saviya.uz/ijod/nazm/yana-qaytib-keldim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x