YALLIGʻLANISHGA QARSHI DORILAR — yalligʻlanish jarayonini susaytirishda qoʻllaniladigan dorilar; ular sirtga, ogʻiz orqali, rektal va inyeksion qoʻllash uchun moʻljallangan boʻlib, deyarli barcha dori shakllari holida ishlab chiqariladi.
Yalligʻlanishga qarshi dorilarni qoʻllash yalligʻlanish jarayoni qaysi aʼzoda kuzatilayotganligi, uning patogenezi va boshqalarga bogʻliq.
Farmakologik faol birikmalarning turli guruhlariga mansub koʻpgina dori vositalari yalligʻlanishga qarshi taʼsirga ega, ular yalligʻlanishning sabablari, tabiati va tasnifidan qatʼi nazar unga qarshi taʼsir koʻrsatadi.
Infeksiya sababli yalligʻlanishda antibiotiklar va boshqalar kimyoterapevtik vositalar qoʻllaniladi, ular mikroorganizmlarning hayot faoliyatini susaytiradi va mikroflora muhitidagi yalligʻlanish jarayoniga nisbatan taʼsir qiladi. Alohida kimyoterapevtik vositalar (mas, sulfanilamidlar, tetratsiklinlar va boshqalar) ham yalligʻlanish jarayonlarini bartaraf etadi, lekin ularning samarasi kam.
Kimyoviy tuzilishiga koʻra Ya. q. d. steroid va nosteroid guruhlarga boʻlinadi.
Buyrak usti bezlari poʻstlogʻi gormonlari va ularning sintetik oʻrindoshlari — glyukokortikoidlarning amaliy ahamiyati katta boʻlishiga qaramay, ulardan foydalanganda baʼzi noxush holatlar roʻy beradi. Shuning uchun ularni oʻz bilgicha qabul qilish yaramaydi.
Yalligʻlanishga qarshi steroid vositalarga rezorbtiv (gidrokortizon, prednizolon, deksametazon va boshqalar) va mahalliy taʼsir qiluvchi (flyuotsinolon atsetonid, flyumetazon pivalat, betametazon va boshqalar) glyukokortikoidlar kirib ularning taʼsiri immunodepressiv taʼsir bilan birgalikda namoyon boʻladi; nosteroid vositalarga karbon kislotalarning baʼzi hosilalari (pirazolon, oksikam va boshqalar) kiradi.
Bir qator ogʻriq qoldiruvchi dorilar ham Yalligʻlanishga qarshi dorilar sifatida ishlatiladi. Bular yalligʻlanishga qarshi taʼsiri jihatidan glyukokortikoidlardan kuchsizroq, qoʻshimcha kasalliklarni ham nisbatan kam keltirib chiqaradi. Shu tufayli ogʻriq qoldiruvchi dorilar boʻgʻimlar, muskullar va ichki aʼzolar yalligʻlanishida keng qoʻllaniladi. Ular analgetik va isitma tushiruvchi taʼsirga ega. Koʻpgina dorivor oʻsimliklar (mas, boʻyimodaron, mavrak va boshqalar) baʼzi teri va shilliq qavatlar kasalliklarida yalligʻlanishga qarshi yaxshi naf beradi. Meʼdaichak yoʻllari yalligʻlanganda (ayniqsa bolalarda) shilimshiq holidagi dori buyuriladi. U bevosita yalligʻlanishga qarshi taʼsir etmay, faqat shilliq pardani oʻrab oladi va uni har xil taʼsirlardan saqlaydi.
Burishtiruvchi dorilar ham yalligʻlanishga qarshi kuchsizroq taʼsir etadi, ular asosan teri va shilliq pardalar yalligʻlanganda ishlatiladi. Burishtiruvchi dorilar toʻqimaning oqsil moddalari bilan birgalikda himoya qatlami hosil qilib, shilliq pardalarni va shikastlangan sirtlarni turli taʼsirotlardan saqlaydi va yalligʻlanish jarayonining avj olishiga yoʻl qoʻymaydi.
Aseptik yalligʻlanishda (ayniqsa, allergik yoki autoallergik toʻqimalar shikastlanganda) yalligʻlanishga qarshi steroid vositalarning immunodepressiv taʼsiri alohida ahamiyatga ega.
Immunodepressantlar, asosan, immunitet hujayra omiliga susaytiruvchi taʼsir koʻrsatib, sitostatik taʼsir hisobiga yalligʻlanishning proliferativ bosqichini bartaraf etadi.
Yalligʻlanishga qarshi dorilar kelib chiqish sabablari turlicha boʻlgan yalligʻlanish kasalliklarini davolashda qoʻllaniladi. Ulardan koʻpincha revmatizmga qarshi vosita sifatida foydalaniladi. Yalligʻlanishga qarshi steroid vositalar miokarditlar, oʻtkir va surunkali nefritlar, gepatitlar va boshqalar ichki aʼzolarning yalligʻlanish kasalliklarini davolash uchun ishlatiladi. Glyukokortikoidlar dermatologiya (mas, ekzema, dermatitlar, neyrodermitlar va boshqalarda mahalliy qoʻllash uchun), oftalmologiya (keratit, konyunktivit, irit, bleforit va boshqalar), otorinolaringologiya (vazomotor va allergik rinitlar, tashqi eshitish yoʻllari yalligʻlanishi) amaliyotida qoʻllaniladi.