YAKUNLOVCHI HUJJAT, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik kengashining Yakunlovchi hujjati — xalqaro shartnoma. 1975 yil 1 avg. da Xelsinki shahrida Yevropaning 33 davlati, AQSH va Kanada rahbarlari imzolagan. Yakunlovchi hujjatning toʻla hajmda va bir butun holda bajarilishi lozim boʻlgan asosiy qoidalari:
1) Yevropada xavfsizlikni taʼminlash;
2) iqtisodiyot, fan va texnika sohalarida hamkorlik, atrof muhitni muhofaza qilish;
3) gumanitar va boshqalar sohalarda hamkorlik qilish;
4) kengashdan keyin yanada olgʻa qadamlar qoʻyish. Yakunlovchi hujjatda oʻzaro munosabatlar va hamkorlik normalarini belgilovchi 10 tamoyil boʻlib, ular quyidagilar: s. uveren tenglik; suverenitetga xos huquqlarni himoya qilish; kuch ishlatmaslik yoki kuch ishlataman deb doʻqpoʻpisa qilmaslik; chegaralar daxlsizligi; hududiy butunlik; janjallarni tinch yoʻl bilan hal qilish; ichki ishlarga aralashmaslik; inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmatlash; xalqlar teng huquqligi va ularning oʻz taqdirini oʻzi xohlagancha hal qilish huquqi; davlatlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik qilish; xalqaro huquqiy majburiyatlarni bajarish. Yakunlovchi hujjat — Yevropani mustahkam tinchlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari oʻrnatilgan qitʼaga aylantirishning muhim omiliga aylandi. 1992-yil martgacha 51 davlat Ya. h. ga imzo chekkan. Yana q. Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti.