Maʼlumki, XX asr oʻzbek adabiyotida qahramon fojiasi – oʻlimi tasvirini ifoda etuvchi koʻplab asarlar yaratilgan. Ayrim oʻrinlarda oʻlim motivi milliy ozodlik yoʻlidagi ichki va tashqi kurashlarni aks ettirishda, muallif konsepsiyasini harakatlantirishda eng muhim yoʻnalishlardan biri boʻlib xizmat qilgan.
Milliy adabiyotimiz namunalaridagi shaxs fojiasi, fojilik tasviridagi simvolik mohiyat masalalari tadqiqida eʼtiborli kuzatishlar olib borgan, xorijlik yangi avlod oʻzbekshunoslari, amerikalik Roberta Mariya va Ahmet Ogʻirlardir. Ular muayyan badiiy asar tadqiqida uning ijtimoiy-siyosiy, estetik tushunchalari mohiyatini anglashga xizmat qiladigan masalalarni vazifa qilib qoʻyadi. Shunday vazifalardan biri – oʻzbek jadid adabiyotidagi yolgʻiz farzand (asosan oʻgʻil) va uning oʻlimi yoki parokanda boʻlishi bilan bogʻliq tasvirlardagi ichki mohiyatni taftish etish masalasidir. Roberta Mariyaning fikricha, XX asr birinchi choragida yaratilgan oʻzbek adabiyoti namunalarida, xususan: “Oʻtkan kunlar” (Otabek, Kumush), “Kecha va kunduz” (Zebi, Mingboshining toʻrt xotinidan yagona farzandi, Miryoqubning yagona oʻgʻil zurriyoti) kabi asarlarda “yolgʻiz farzand”ning ifodalanishi va uning taqdiri fojia bilan yakun topishi talqin etiladi.
Darhaqiqat, XX asr milliy adabiyot namunalariga eʼtibor qaratsak, ularning aksariyatida, “yolgʻiz farzand” va uning fojiaga yuz tutishi bilan bogʻliq masala ijodiy anʼana darajasiga koʻtarilganligi kuzatiladi. Roberta Mariya eʼtiboridan chetda qolgan “Padarkush” (Toshmurod), “Baxtsiz kuyov” (Bahrom), “Zaharli hayot” (Maryamxon va Mahmudxon) kabi asarlarda ham syujet “yolgʻiz farzand” taqdiri asosiga qurilganligini kuzatish mumkin.
Shu oʻrinda, “yolgʻiz farzand” muammosi oʻzbek mumtoz adabiyoti, jumladan: “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” va xalq ogʻzaki ijodi namunalari (masalan, “Tohir va Zuhra”)da ham anʼanaviy motiv darajasiga koʻtarilganligini taʼkidlab oʻtish joiz.
Koʻzguning ikkinchi tomonidagi obrazli tafakkur tushunchasi esa, Roberta Mariya qoʻygan muammo vositasida tiniqlashib, anʼanaviy uslubda kitobxon aqlini qoʻzgʻatadi. Adabiyotshunos olim Dilmurod Quronov badiiy asarning aktual va tub estetik qatlamlari xususida toʻxtalib, aktual qatlam asarning ijtimoiy-siyosiy mohiyatini aks ettirib, u bevosita asar yaratilgan davrning ijtimoiy-siyosiy maqsadlariga qaratilishi, aktual qatlamning yuzadagisi “qizil koʻzoynakli” kitobxon uchun, tubandagisi xos oʻquvchi uchun moʻljallangan, degan fikrni aytgan. Demak, muayyan asarlardagi “yolgʻiz farzand” muammosi va uning halok yoki parokanda boʻlishi tasvirida aks etgan obrazli tafakkur tushunchasi aktual qatlamning tubandagisiga xos boʻlib, anʼanaviy kitobxonlar emas, balki maxsus auditoriya uchun moʻljallangandir.
Albatta, xorij olimlarining asosiy oʻrganish obʼyektlari hisoblangan: “Padarkush”, “Chin sevish”, “Hind ixtilochilari”, “Zaharli hayot”, “Baxtsiz kuyov”, “Oʻtkan kunlar”, “Doktor Muhammadiyor”, “Kecha va kunduz”, “Qutlugʻ qon”, “Tushda kechgan umrlar” kabi asarlarda oʻlim mavzusining anʼana darajasiga koʻtarilishi turli xil sabablarga asoslanadi. Shuningdek, badiiy asardagi barcha qahramonlar taqdiri oʻlim bilan yakun topsa-da, har bir asardagi oʻlimni keltirib chiqargan sabablar, uning oqibatlari, vaziyat-holatlar ifodasidan koʻzlangan estetik maqsad, qahramonlar maʼnaviy-ruhiy olami kabi faktorlarga koʻra, fojia sabablari (yoki sababchilari)ni ham turli xil nuqtai nazar bilan izohlash mumkin. Jumladan, Behbudiyning “Padarkush”, Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov”, Hamzaning “Zaharli xayot”, Choʻlponning “Doktor Muhammadiyor” drama va hikoyalarida maʼnaviy inqiroz, savodsizlik, aqidaparastlik oqibatida oʻlimga yuz tutgan qahramonlar taqdiri jamiyat va odamlarning muayyan kesimi misolida qalamga olingan. Umuman, XX asr oʻzbek adabiyoti, xususan, jadid adabiyotining ayrim namunalarida oʻlim motivining syujet markaziga koʻtarilishida oʻsha davr ijtimoiy-maʼnaviy inqirozining dahshatli oqibatlarini xalqqa vositali tarzda koʻrsatish orqali millat onggini uygʻotish, mustamlakachilikka qarshi kurash gʻoyasi yotadi. Bu asarlarda qahramonlarni ruhiy tahlil qilishdan koʻra, voqea bayoni ustuvorlik qiladi.
Shu jihatdan, ilk fojiaviy drama muallifi Behbudiydan tortib, Fitrat, Hamza, Qodiriy, Choʻlpongacha boʻlgan mualliflarning tragik mavzularda ijod qilishi mutlaqo tasodifiy emasdi. Mazkur asarlar oʻsha davr va jamiyat uchun juda muhim ijtimoiy-maʼrifiy ogohnoma edi. Mualliflarning ijtimoiy-estetik maqsad-muddaolari oʻz asarlari vositasida, insonning yuragiga yetib boradigan, koʻzini ochishga, oʻzligini anglashga, eng muhimi, yaqin kelajakda ularni kutayotgan iztirobli fojialarning dahshatli oqibatlarini koʻrsatib berishdan iborat boʻlgan. Obrazli qilib aytganda, biron-bir jiddiy fojia sabab boʻlmaguncha muayyan “qoʻrgʻon” ning mustahkam devori oʻpirilmaydi. Aslida, oʻsha fojia simptomlari ichki faktorlardan izlansa, mohiyatni oydinlashtirish oson kechadi. Shuning uchun ham jadid adabiyotining ayrim namunalari syujeti markazida ekstremal vaziyatlar tahlili, yaʼni, oʻlim turgan. Qolaversa, Aristotel qayd etganidek: “fojiaviy asar iztirob bilan inson ruhini poklovchi muhim va tugal voqea tasviridir”.
Qolaversa, mualliflar muayyan badiiy asardagi qahramon oʻlimi vositasida ziddiyatlarga toʻla hayot mohiyatini aks ettirish, “oʻlim” judolik, ayriliq va real xavfdan iborat yoqimsiz hodisa ekanligini namoyon etishni ham maqsad qilganlar. Bunga Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”, Choʻlponning “Kecha va kunduz”, Oybekning “Qutlugʻ qon”, Oʻtkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” romanlarini misol qilish mumkin.
Amerika oʻzbekshunosi Ahmet Ogʻir Oybekning”Qutlugʻ qon” romanidagi bosh qahramon – Yoʻlchi oʻlimi xususida qiziqarli kuzatishlar olib borgan. Olimning taʼkidlashicha, romandagi bosh qahramon oʻlimi tasvirida ikki xil ramziy ifodani koʻrish mumkin: olim dastlabki ramziy mohiyatni badiiy asar matnida aks etgan, islomdagi “gʻazot” (musulmonlarning kofirlarga qarshi janggi) tushunchasi vositasida ochishga harakat qiladi hamda fikrlarini Shokir ota va Yoʻlchi orasida boʻlib oʻtgan suhbat asosida isbotlaydi. Olim dahriylikka qarshi kurashning muqaddasligi va mazkur jangda qurbon boʻlgan musulmonning shahid ketishi kabi badiiy matnda aks etgan qarashlarga tayanib, quyidagi xulosaga keladi: “Bosh qahramon oʻlimi shahidlik mohiyati haqida hali toʻla tushunchaga ega boʻlmagan ammo oʻzlarini musulmon sifatida himoya qilayotgan odamlar (eʼtiqod kishilari Z. M.) orasida shahidlik hissini uygʻotishga yoki mazkur yoʻlda muayyan qaror qabul qilishiga sabab boʻladi. Shu jihatdan odamlar Yoʻlchi oʻlimida oʻziga xos (sirli) diniy mohiyat (diniy motiv) mavjud, deb qaraydilar. Shokir ota taʼkidlagan: “Qutlugʻ qon, uni yuzga, koʻzga surish kerak… bu hikmatli qon, qutlugʻ qon. Unda sir koʻp” kabi “hikmatli” va “sir” soʻzlarida juda kuchli diniy konnotatsiya (ichki mohiyat) mavjud”.
Maʼlum boʻlyaptiki, adabiy qahramon oʻlimida aks etgan ramziy mohiyat taftishida matn va unga bogʻliq boʻlgan voqea-hodisalar Ahmet Ogʻir uchun muhim metodologik ahamiyat kasb etmoqda. U tashqi matn asosida real voqelikning ichki mazmunidagi yashirin mohiyatni ochishga harakat qilgan. Biroq, diniy eʼtiqodda qon toʻkilishi mutlaqo taqiqlanishi, biror-bir kishining nohaq oʻldirilishi butun bir jamiyat inqirozi sifatida baholanishiga yetarlicha diqqat qaratmaydi. Oybekning jaholatni kuch bilan mahv etish konsepsiyasida shoʻrocha sinfiy kurash gʻoyasining taʼsiri kuchli ekanligini nazardan qochiradi. Ammo, shu oʻrinda, taʼkidlash lozimki, Ahmet Ogʻir simvolik obrazlar harakati nafaqat badiiy asar matni, balki ichki xususiyatlarga ega boʻlgan yana koʻplab badiiy chizgilar, badiiy gʻoya hamda asardagi umumiy emotsionallik bilan ham bogʻliq ekanligini toʻgʻri anglagan.
“Ozod tuygʻu”ni yoqlagan olim: “Ammo, bosh qahramon oʻzining oʻlimi zaminida “shunday sir, chuqur mazmun yoki ramziy funksiya bor”, deb oʻylashlarini istamasa ham, ushbu voqelik odamlar orasida chindan ham mana shunday sifatga (tuygʻuga) egaligini koʻrsatadi. Ushbu ozod tuygʻular yoʻli kitobxonga bosh qahramon mohiyatini osonroq tushunish uchun koʻmak yoki stimul beradi. Yana shuni alohida aytish kerakki, Yoʻlchi oʻz oʻlimi ramziy ishora boʻlib xizmat qilganligini tasdiqlamaydi, ammo aytish joizki, bu ramziy tasvir odamlarga mazkur kurashda ishtirok etish imkonini beradi”.
Shubhasiz, Yoʻlchi adabiy qahramon oʻlaroq, kitobxon oʻylariga daxl qilish imkonidan mutlaqo mahrum. Ammo, ijodkor yetakchi konsepsiyasining kitobxon fikr-oʻylarini harakatga keltiruvchi stimul vazifasini oʻtashi masalasida olim mantiqli mulohaza yuritgan.
Ahmet Ogʻir ushbu oʻlim konsepsiyasining ikkinchi simvolik mohiyatini Katerina Klakning bir-biriga qarama-qarshi konsepsiyalarda yuzaga chiqadigan “Qanday” (What is) va qanday boʻlishi kerak (What ought to be?) formulasi asosida anglashga harakat qiladi. Olimning fikricha, mazkur romanda Oybek ushbu konsepsiya vositasida, rus madaniyati va sotsialistik realizm anʼanalarida mavjud “oʻlish” va “qayta tirilish” falsafasining romandagi oʻrniga alohida eʼtibor qaratadi. “Oʻlim va ajralish, oʻlish va qayta tirilish – oʻzini qurbon qilish orqali boshqalarga yangi hayot hadya etish – shoʻro davri adabiyoti namunalarida mistik vazifani bajargan. Qahramon matnda oʻzini qurbon qilsa, u jamoa uchun yana qayta tugʻilishi vazifasini bajaradi. Yoʻlchi oʻlimi ham romanda mana shunday kollektiv funksiyaga ega. Yoʻlchi oʻzini kelajak uchun, ozod kelajak uchun qurbon qildi”. Toʻgʻri, shoʻro davri adabiyotida bosh qahramonning umumiy gʻoya yoʻlida oʻz jonini qurbon qilishi ifodasi koʻp. Lekin, ozod kelajak gʻoyasi shoʻro adabiyoti uchun “inqilobiy gʻalaba”larga afgor ommani ergashtirish maqsadini koʻzlaydi. Binobarin, din “afyun” sanalgan adabiy-mafkuraviy siyosat va uning badiiy inʼikosi boʻlgan shoʻro davri romani, xususan, Yoʻlchi oʻlimidan mistik mazmun izlash unchalik oʻzini oqlamaydi. Qolaversa, Yoʻlchining stixiyali isyoni mohiyatida kollektiv manfaatlaridan koʻra, shaxsiy nafrat simptomlari kuchliroq. Oybek estetik idealida oʻz ifodasini topgan tong (ozod va erkin hayot) zolimlar jazosini olib, adolat barqaror boʻladigan kun, qaysidir maʼnoda, yangiliklar vaʼda qilayotgan toʻntarishlardir. Demakki, u “jamoa uchun yana qayta tugʻilish” fikridan yiroqdir. Shunday ekan, adabiy qahramonni ijodkor estetik ideali va qalamga olingan tarixiy davrdan uzib talqin qilish durust emas.
Koʻrinadiki, Ahmet Ogʻir Yoʻlchining oʻlimi bilan bogʻliq ramziy mazmun talqinida davrning ogʻir ijtimoiy-psixologik, muammoli vaziyatlari aks etganligini toʻgʻri belgilagani holda, tarixiylik prinsipiga toʻla tayanmaydi. Yoʻlchini real zamindan uzib, ideal shaxsga aylantirmoqchi, davr siyosiy-ijtimoiy, gumanistik konfliktlarini tashuvchi vositachi tarzida tushuntirmoqchi boʻladi. Uning jonli bir inson oʻlaroq, oʻz tiynati, hayot tarzi, muhabbat va nafrati mavjudligi, ijtimoiy muammolar mohiyatini teran anglab, muayyan gʻoya yoʻlida qurbon boʻlish va odamlarni ergashtirish darajasida ideallashmaganligini nazardan qochiradi. Zotan, Yoʻlchini ideallashtirishdagi sunʼiylik muallif yetakchi konsepsiyasiga zid ravishda amalga oshirilgan edi.
XX asr oʻzbek adabiyoti namunalarida aks etgan qahramon oʻlimi muammosi Roberta Mariya tadqiqotlarida yana bir oʻziga xos uslubda yechiladi. Adabiy qahramonning oʻz ajali bilan halok boʻlmasligi masalasiga diqqat qaratgan Roberta Mariya tadqiqotlarida fojia tasvirida jonli hayot kartinalarini koʻrishga moyillik kuzatiladi. Uning taʼkidlashicha: “badiiy asarlarda aks etgan obrazlarning oʻz ajali bilan halok boʻlmasliklari (yoki fojiaga yuz tutmasliklari)ni tasvirlashda jonli yoʻnalishlardan foydalanilgan va Markaziy Osiyodagi oilalarni majoziy yoʻl bilan tasvirlash orqali mualliflar oʻsha yillardagi oʻlim dahshatini ham badiiy asarlarga singdirib yuborgan. Ammo, bu majozga yoʻgʻrilgan ijtimoiy-badiiy maqsad mualliflarga yordam bermadi”.
Roberta Mariya Markaziy Osiyo xalqlari adabiyotida ijtimoiy-badiiy maqsad aks etganiga diqqat qaratadi. Ramziy ifoda mohiyatida real fojia tasviri mujassam deb biladi. U adabiyot real hayotga tezkor amaliy taʼsir qiladi, deb hisoblaydi. Shu bois ham, davr fojialarining poetik ifodasi na hayot oʻzanini oʻzgartirdi, na mualliflarni qatagʻonlar changalidan asray oldi, demoqchi boʻladi. Biroq, uning adabiy qahramonlar fojiasiga sababchi boʻluvchi (“Oʻtkan kunlar” romanidagi Zaynab, Xushroʻybibi va “Boy ila xizmatchi” dramasidagi kundosh Poshshaoy kabi ) “katalizator obrazlar”ga diqqat qaratishi ahamiyatlidir. Chindan ham Sharq adabiyotida “raqib”, “kundosh”, “sadoqatli yor”, “fidoyi oshiq” kabi obrazlar vositasida fojiani tezlashtirish hollari mavjud. Biroq, ular muqarrar fojianing yagona omili sanalmaydi.
Biroq, olimaning adabiy qahramon qismatini toʻgʻridan-toʻgʻri davr va ijodkor qismatiga bogʻlashi oʻzini toʻla oqlamaydi. Chunki badiiy matn hamisha ham oʻz ijodkori istagiga boʻysunmaydigan, ichki rivojlanish qonuniyatlariga ega hodisadir. Masalan, Abdulla Qodiriy Kumushni oʻldirishdan oʻzga chora topa olmagan, oʻzi ijod qilgan qahramon qismatiga achinib koʻz yosh toʻkishdan tiyila olmagan edi. Qolaversa, qatagʻon siyosati Markaziy Osiyo hududlaridan ancha chetga chiqadi. U hatto oʻz ijodkorlarini ham mahv etadi. Demak, adabiy vosita talqini muallif qismati yoxud muayyan davr gʻoyaviy intilishlari doirasidan kengroq miqyoslarda izohlashni talab etadi. Zotan, Kumush yoki Gʻofir fojiasini Behbudiy, Hamza, Fitrat, Qodiriy, Choʻlponlar ayanchli qismatiga bogʻlash oʻzini toʻla oqlamaydi. Bunday xulosa muallif va adabiy qahramon oʻrtasiga tenglik alomati qoʻyishdek bir tomonlama yondashuv oqibatida kelib chiqqan.
Ahmet Ogʻir Oʻtkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” romani qahramoni – Rustamning fojiasini quyidagicha baholaydi: “Yozuvchi romanning dastlabki qismlarini asosiy qahramonning oʻlimi bilan boshlaydi. Demak, romanning boshqa qismlari toʻgʻridan-toʻgʻri asosiy qahramon haqida emas, balki uning baxtsiz tarixi yoki ogʻriqli, azobli oʻtmish xayoti xususidadir. Boshqacha qilib aytganda, asosiy qahramon romanda hikoyaning faol ishtirokchisi emas. Nazarimizda, Ahmet Ogʻir bu oʻrinda, hikoyachi (bayonchi) shaxsining real vaqtga munosabati masalasiga eʼtibor qaratgan koʻrinadi. Olim Rustam fojiasiga daxldor ichki simptomlar xususida toʻxtalarkan, u qahramon oʻlimi sabablarini shoʻro davri vaʼda qilgan “zamonaviylashtirish”, “modernlashtirish” loyihasi, Gʻarb dunyosiga qoʻyilgan qadamning fojiaviy oqibatlarida koʻradi.
Ahmet Ogʻirning qahramon oʻlimi tadqiqida, romanda aks etgan davrni qiyosiy yoʻsinda tahlilga tortishi va mustamlakachilik tabiatidagi mushtaraklik haqidagi fikrlari asosli. Ammo, u, ayni oʻrinda, badiiy haqiqat va ijtimoiy-siyosiy reallikni aynanlashtirib qoʻyadi. Natijada, dunyo koʻrgan, tafakkurida fikriy siljish sodir boʻlgan va ilgarigicha yashashni istamayotgan millat kishisi obrazi harakat-intilishlari zamiridagi maʼnolarni ilgʻay olmaydi. Ructam obrazi mohiyatini chuqurroq anglash uchun uning tutumlaridagi ommaviylikdan farqlanuvchi jihatlarga diqqat qaratish, buning sabablarini izlash lozim edi. Bizningcha, asl ramziylik ham, shafqatsiz realizm ham oʻsha davr siyosati malaylari uygʻongan milliy tafakkurni, endilikda, jilovlashni eplolmayotgani bilan bogʻliq sobiq imperiya inqirozi jarayonini koʻrsatishda oʻz aksini topgan. Afsuski, bu imperiya soʻnggi talvasasi oldida Rustamni zurriyotsiz qoldirish, yaʼni, millat kelajagiga bolta urishga urinish darajasida tubanlashdi. Makon va zamondan begonalashgan, istiqboldan umidsizlangan Rustamning stixiyali isyonida ham uning shaxsiy noroziligi oʻz ifodasini topgan. Demakki, millat vakillari individuallashganligi bilan bogʻliq ishora mujassam.
Xulosa qilib aytish mumkinki, amerikalik olimlar XX asr oʻzbek adabiyotidagi qahramon oʻlimi, uning fojiaga yuz tutishi bilan bogʻliq talqinlarida asosiy eʼtiborni gʻoya ifodasiga qaratadilar. Ammo, muayyan voqelik yoki tasvir usullarini yangicha yoʻllarda talqin qilishdagi izlanishlari, muayyan badiiy asardagi yashirin sanʼatni oshkor qilish imkoniyatini kengaytiradi. Oʻzbek soʻz sanʼati namunalarining milliy adabiyotshunosligimizda nisbatan kam tadbiq qilingan nazariyalar asosida tadqiq qilinishi, xorij tadqiqotlaridagi individual konsepsiyalar qiymatini belgilaydi.
Zulxumor MIRZAYEVA
“Sharq yulduzi”, 2012–6
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/xx-asr-ozbek-adabiyotida-olim-konsepsiyasining-ramziy-ifodalari/