XX asr jahon adabiyotshunosligi dargʻasi

 

Hatto jahon adabiyotshunosligi maydonida ham tarixiy-poetik jarayon uchun tom maʼnoda yangilik bergan, oʻzidan oʻlmas kashfiyotlar qoldira olgan olimlar soni unchalik koʻp emas. Aslida qadimdan bugunga qadar yashashda davom etayotgan yuzlab mutafakkirlar silsilasida oʻziga munosib oʻrin topmoq, “shunday ulugʻlarning kahkashonida” (A. Oripov taʼbiri) chin olim, kashfiyotchi-adabiyotshunos maqomini olishning oʻzi boʻlmaydi. XX asr dunyo adabiyotshunosligida shunday yuksak maqomga munosib olimlardan biri Mixail Baxtindir. Zotan, zamonaviy dunyo adabiyotshunosligi, ayniqsa, adabiyot nazariyasida biror bir jiddiy tadqiqot yoʻqki, uning kashfiyotlaridan ulgi olmagan boʻlsin. Bu borada XX asr oxiri, XXI asr boshlari rus adabiyotshunosligi, olimning qonuniy merosxoʻri oʻlaroq, oldingi safda turadi.

Sobiq shoʻrolar tuzumining ilk shakllanish yillaridan ulkan imperiyaga aylanishigacha boʻlgan murakkab davrda yashagan M. Baxtin (olim 1895 yilda tugʻilib, 1975 yilda vafot etgan) asarlari, ajablanarli darajada bu mustabid mafkura taʼsiridan yiroq. Ushbu dalilning oʻzi ham sof nazariy ilm, har qanday sharoitda, oʻz ishini qila olishini, hech qachon gʻayriinsoniy siyosat hammoliga aylanib qolmasligini koʻrsatadi. Ayni paytda, “Baxtindek chin olimga oʻzgacharoq zamonda yashash taqdir qilinganida, undan yana qanday ishlar qolar edi”, “agar u Sharq adabiyotini tadqiq etganda-chi”, degan armonli savollar ham xayolga keladi.

1919 yili Rossiyadagi “Den iskusstva” jurnalida nashr etilgan “Sanʼat va masʼuliyat” nomli maqolasi olimning adabiyotshunoslik sahnasiga tomon ilk qadami boʻlsa, 1924 yili “Russkiy sovremennik” jurnalining buyurtmasi bilan yozilgan “Badiiy soʻz sanʼatida mazmun, manba va shakl muammosi” nomli ishi uning ilk jiddiy tadqiqotidir. Sunʼiy ravishda shoʻro adabiyotining otasiga aylantirilgan mashhur yozuvchi va ulkan isteʼdod sohibi Maksim Gorkiy mazkur jurnalning rahbarlaridan biri boʻlgan. Bundan koʻrinadiki, hali oʻttizga toʻlib-toʻlmagan M. Baxtin oʻsha paytlardayoq oʻz davrining yetakchi ziyolilari eʼtiboriga tushgan. Adabiy jamoatchilik unga katta umid bogʻlagan va shu sabadan ham, uni nazariy poetikaning jiddiy muammolarini oʻrganishga jalb etgan.

M. Baxtin tadqiqotlarini tushunish, adabiyotsevarlar yoxud uni faqat kasb deb bilganlargagina emas, balki tom maʼnodagi filolog-mutaxassis, adabiyotshunos-olimlar uchun ham ogʻirlik qiladi. Bir soʻz bilan aytganda, uni anglash uchun bilim va tajribaning oʻzi kifoya emas. U qogʻozga tushirgan har bir jumla, har bir soʻz oʻz oʻrni va salmogʻiga egaki, tushunmoqchi boʻlgan odamni kengroq, tizimliroq tafakkur qilishga majbur etadi.

Tadqiqotchilar M. Baxtinning qator xorijiy tillarni mukammal bilganini, jahon adabiyotining oʻnlab namunalarini bevosita original manbalar asosida tadqiq etganini yozadilar. M. Baxtin oʻz tadqiqotlariga jalb etgan adabiy-tarixiy, falsafiy-badiiy, nazariy-estetik manbalarning qamrov doirasi esa nihoyatda ulkan. Binobarin, jahon xalqlari madaniyatining eng sara namunalarini oʻrganmagan mutaxassis M. Baxtin ilmiy-adabiy tafakkuri doirasida fikrlashi, u ilgari surgan nazariy fikrlar magʻzini chaqishi, estetik konsepsiyalari mohiyatiga yetishi mumkin emas. Shu bilan birga, M. Baxtin shakllangan nazariy bazaning makon va zamon koʻlami nihoyatda ulkan, ildizlari oʻta chuqur. Bu baza nainki oʻzigacha boʻlgan rus adabiyotshunosligidan, balki butun Yevropa, hatto, umumjahon poetik tafakkuri manbalaridan suv ichadi. Lekin, tan olish joizki, bu ham M. Baxtin amalga oshirgan jiddiy kashfiyotlarning yagona manbai boʻla olmaydi. Umuman olganda, bu kabi imkoniyatlar ilm yoʻliga kirgan har qanday tadqiqotchi uchun u yoki bu darajada mavjud. Ammo, azaliy haqiqat shundaki, hamma ilm tolibidan ham chin maʼnodagi olim chiqmaydi. Demak, M. Baxtin kashfiyotlarining asl mohiyati uning xos qismati, unga atalgan yuksak intuitiv bilim, samoviy tortiqdan kelib chiqadi.

Olimdan jahon adabiyotshunosligi xazinasini tom maʼnoda boyitadigan oʻlmas xazina meros boʻlib qoldi. Uning badiiy soʻz mohiyati, epos va roman, badiiy matnda dialog, polefonik nutq va polefonik roman haqidagi kashfiyotlari hali koʻp asrlar badiiyat ilmi rivoji uchun muhim nazariy asos vazifasini bajaradi. M. Baxtin jahon adabiyotshunosligi tarixida ilk bor badiiy asar xronotopi masalasini keng planda oʻrgandi. Xronotop tushunchasisiz esa badiiy ijod, badiiy asar mohiyatini toʻla anglab, talqin etib boʻlmaydi.

Olimning “Romanda zamon va xronotop shakllari” deb nomlangan tadqiqoti hajman oʻn bosma taboqdan ortiq. Tadqiqotning manbaviy qamrovi esa juda keng. Unda eramizning II–VI asrlarida maydonga kelgan yunon romanidan tortib, fransuz Uygʻonish adabiyotining asoschisi Fransua Rablegacha boʻlgan (oʻn asrlik) romanlar yagona poetik sistema sifatida oʻrganilgan. Tadqiqotning koʻp oʻrinlarida olim muammo taqozosi bilan XVIII–XIX–XX asr romanlariga ham murojaat qiladi. Tadqiqot oʻn boʻlimdan tashkil topgan. Ularda xronotop poetikasiga doir deyarli barcha muammolar qamrab olingan. Xronotopning roman syujeti, kompozitsiyasi, obrazlari, uslubi, xususan, badiiy adabiyotdagi inson fenomeni bilan uygʻunligi masalalari tadqiq etilgan.

Xronotop poetikasi adabiyotshunoslikdagi eng murakkab va muhim muammolardan. Muammoning baxtinona tafakkur kengliklaridan amalga oshirilgan nazariy talqini bunday murakkablik zalvorini yanada oshiradi. Shu maʼnoda mazkur tarjimani M. Baxtin tadqiqotining nusxasi deb emas, balki havaskor bir adabiyotshunosning olimni tushunish yoʻlidagi ilk qadami oʻlaroq qabul qilish maqsadga muvofiqdir.

 

Uzoq JOʻRAQULOV,

filologiya fanlari nomzodi, OʻzMU dotsenti

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/xx-asr-jahon-adabiyotshunosligi-dargasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x