Arab madaniyati, arab tili va adabiyoti ming yillar mobaynida sharq xalqlari, xususan bizning xalqimiz badiiy-maʼrifiy olamida yetakchi oʻrinlarni egallab kelgan. Bu tilda yaratilgan behisob sheʼriy va nasriy asarlar, ilmiy risolalar jahon badiiyat xazinasiga koʻrk bagʻishlab, dunyo kitobxonlarining eʼtiboridan tushmay keladi. Arab xalqlari sheʼriyati oʻtgan yigirmanchi asrda ham oʻnlab iqtidorli nomlarni kashf etib, ularning asarlari jahon boʻylab keng taralishida poydevor boʻldi.
Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida arab adabiyoti dunyosida mashhur boʻlgan shoirlarni mushoiraga taklif qilar ekanmiz, ularning sheʼrlarida zamon ruhi, oddiy mehnatkash xalqning orzu-umidlari, kechinmalari aks etib turgan satrlar koʻproq eʼtiborimizni tortdi. Darhaqiqat, bugun siz sheʼrlari bilan tanishayotgan ijodkorlar – misrlik Amal Dunqul, Abdurahmon al-Abnudiy, Muhammad Afifiy Matar, Komil Ayyub, Ahmad Hijoziy, Faruq Juvayda, iordaniyalik Fadva Turkan, iroqlik Al-Bayotiy, falastinlik Mahmud Darvish, jazoirlik Ahmad Ozagoh kabi shoirlar ijodini, maʼnaviy olamini birlashtirib turgan omillar koʻp – ular deyarli bir davrda tugʻilib-oʻsib, 60–80-yillarda shuhrat qozongan, har biri oʻz mamlakatidagina emas, butun arab olamida, jahon sheʼriyatida tanilgan shoirlar hisoblanadi. Quyida keltirilgan misrlik shoirlar ijodiga oid sheʼrlarni saralashda, taglama (soʻzma-soʻz) tarjima qilishda yaqindan yordam berganliklari uchun Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi – professor Raʼno Xoʻjayevaga minnatdorlik izhor qilamiz.
Ahmad HIJOZIY
(Misr)
Soʻz ritsarlari
Joʻmard shoirlarga
Sotmadim men soʻzni oltinga, durga,
Qilich koʻtarmadim, doʻstlar, shoirga.
Tilyogʻlama boʻlmadim, madhlar bitmadim,
Joʻmard deb aytmadim soʻzsiz amirga.
Qoʻshiqlar yuksakda yangrashi uchun,
Uygʻonishi uchun mahzun dalalar.
Qishloqda zulmatlar yorishsin uchun,
Soʻz joʻmardlarining sheʼri yaralar.
Uzoq qishloqdagi oddiy insonga
Yetib bormas ekan mening soʻzlarim –
Goʻyo sahrolarda izsiz yoʻqolgan
Yoʻlchiday bemanzil yitar hislarim.
Unday his-tuygʻular kimga ham kerak,
Soʻnar qargʻalarning ovoziday bad.
Yaxshisi bu soʻzlar chormix qilinib,
Tuproqda chirisin misoli jasad.
Yoʻq, men istamasman soʻz oʻlimini,
Yoʻq, ular yashasin, olsinlar nafas.
Ogʻizdan-ogʻizga oʻtib yashasin,
Hayotga yarasin, mamotga emas.
Yuraksiz shahar
– 1-
Odamlar oʻtarlar uyondan-buyon,
Ular tanimaslar bir-birin sira.
Men kabi gʻaribga oʻxshaydi nolon,
Yonimdagi manov gʻarib bechora.
Unga nima boʻlgan?
Nega gapirmas?
Koʻzin yerga tikib turibdi jimjit.
Hech boʻlmasa salom soʻzini bilmas,
Yoniga kelganni xit qiladi, xit.
Shahar ahli shunday.
Joning qaqshaydi,
Koʻzlaridan maʼyus boqadi taqdir.
Ularga ne boʻlgan?
Nima maqsadi?
Oʻtmishlari qanday?
Javobi yoʻqdir…
– 2-
Yoshligimda dengizlar osha
Shu chiroyli shaharga keldim.
Chor atrofdan izlab tomosha,
Ruhim topsin farogʻat dedim.
Gʻisht, oynadan qurilgan shahar,
Hukmrondir yillar boʻyi yoz.
Yoʻqdir yozdan boshqa mavsumlar,
Yuzlarda ham xursandchilik oz.
Ust-boshlar chang. Issiq. Harorat.
Barcha odam turmush gʻamida.
Gar soʻz qotib qolishsa, faqat
Soʻrasharlar:
– Soat nechchi, a?
– 3-
Hayot – misli bir karvon,
Oʻtar, toʻxtamas zamon.
Maydondagi huv soat
Vaqtni oʻlchar onma-on.
Bizlar uxlab yotganda,
Ketibdi ulkan karvon.
Oʻzgarmish hamma narsa,
Hatto tevarak – jahon.
Koʻz ochamiz bir mahal,
Gʻaflat ichra, ey inson.
Karvon oʻtib ketibdi,
Biz-chi uyquda hamon.
Oʻzgarmish kiyimlar ham,
Ustimizda zil chopon.
Tark aylab hujralarni
Yoʻlga tushamiz nolon.
Karvon ortidan shoshib,
Intilamiz andarmon…
Abdulvahob al-BAYOTIY
(Iroq)
Seni tashlamaymiz
Kapalaklar oʻlsa, qurib bitsa gul,
Avji ish mahali qoʻldan tushsa ish.
Yetimsirab qolsa dunyomiz butkul,
Goʻdak zulmat aro qolsa-ya yolgʻiz?!
Qogʻoz kemang qayda? Zaharlangan suv
Oqizib ketdimi bukib, majaqlab?
Nahot har oʻyinning soʻnggi boʻlsa shu,
Goʻdak quvonchini boʻlmasa saqlab?
Bolakay, qoʻlni ber, koʻzlarimga boq,
Biz, kattalar, senga doʻst boʻlsak deymiz.
Kulfatni itqitib, “Yoʻq! – deymiz biz, – Yoʻq! Yoʻq!”
Seni aslo yolgʻiz tashlab qoʻymaymiz!
Bogʻlarda kapalak uchar pildirab,
Saxiy quyosh koʻkda nur sochib kezsin!
Qogʻoz kemachalar suvda pirpirab,
Choʻkmay, majaqlanmay, oʻynoqlab suzsin!
Amal DUNQUL
(Misr)
Hamdu sano
Shamol maʼbudasiga
Hamdu sanolar boʻlsin!
Jasoratiga olqish,
Ragʻbat-duolar boʻlsin!
Hamma “Ha” degan paytda
U-chi, jasorat bilan,
Qarshi chiqdi, “Yoʻq!” dedi,
Inkor qildi qatʼiyan.
Uning yana bir ishi
Arzir olqish aytishga,
Insonni u oʻrgatdi
Sir pardasin ochishga.
“Yoʻq!” dedi, adolatga
Oʻlmas timsol boʻldi u,
Ezgulik va armonning
Mangu ruhi boʻldi u.
Sulh tuzma
Dushman bilan sulh tuzma
Boshga qilich tushsa ham,
Shohlik tojin keltirib
Senga kiydirishsa ham.
Axir, doʻstlar jasadin
Hatlab oʻtib boʻlurmu?
Munofiqlar oshini
Qoʻlga tutib boʻlurmu?
Koʻrishish uchun senga
Choʻzsa dushman qoʻlini,
Qoʻlidagi qon yuqin
Tavof etib boʻlurmu?
Menga dushman oʻq otdi
Turib orqa tomondan,
Bir kun seni ham moʻljal
Olajak u kamondan.
Atrofingga hushyor boq,
Xavf-xatar koʻp, boʻl ogoh,
Dushman bilan doʻstlashma,
Ziyon yetmasin nogoh!
Dushman bilan sulh tuzma
Boshga qilich tushsa ham,
Shohlik tojin keltirib
Senga kiydirishsa ham.
Gar shuhrat lahzasida
Boylik, ayshu ishratni,
Afzal koʻrsang, chuv tushib,
Hamroh tutsang gʻaflatni,
Sen mingan taxt oyogʻi
Liqillab qolsa nolon,
Sen tutgan qilichning ham
Rangi oʻchib oʻshal on
Soxtaligi bilinib,
Kulgiga qolib yurma!
Dushman bilan sulh tuzma,
Dushman bilan sulh tuzma!
Hayot va mamot
(Ibtido sheʼri)
Men dedimki: zaminda
Ishq yashasin beda rang!
Ammo bunday boʻlmadi,
Bunday boʻlmadi, attang…
Dedim: daryo aylansin
Hayqirgan dengizlarga,
Dengizlardan taralsin
Bulutlar pagʻa-pagʻa.
Bulutlar boʻshansinlar
Zaminga yogʻa-yogʻa.
Qurgʻoq zamin hosildan
Semirsin, neʼmat boʻlib.
Suvlarga toʻlib oqsin
Ming-ming yillik chashmalar.
Och qolgan nonga toʻysin,
Suvga toʻysin tashnalar.
Yerda oʻsgan maysadan
Chorva mollari toʻysin,
Daraxtlar yaproq yozsin,
Daraxt soyalarida
Sahroda adashganlar
Rohat-farogʻatlansin,
Yaʼni, boshpana topsin!
Ammo, men koʻrdim, Odam
Bolalari koʻplashib,
Alloh bergan maysani
Oʻrib olayotirlar.
Atrofni chegaralab,
Miltiqli soqchi qoʻyib,
Oʻziday odamlarga
Non, suv sotayotirlar.
Men dedim: yer ustida
Ishq yashasin beda rang!
Ammo bunday boʻlmadi,
Bunday boʻlmadi, attang…
Muhabbatni mulk etdi
Kimki toʻlasa pullar.
Pok tuygʻuni egallab
Oldi oʻsha johillar.
Men dedim: yer ustida
Hukm sursin Adolat!
Lekin bunday boʻlmadi,
Bunday boʻlmadi hayhot!..
Koʻrgin yerning yuzida
Necha-necha hayvonni,
Ular yemas oʻz qavmin:
Boʻri boʻrini yemas,
Ilon yemas ilonni.
Jonivor oʻz qavmiga
Yemas mansub boʻlganni.
Men dedim: ey odamzod,
Oʻz qavmingni mahv etma!
Ammo men koʻrdim baʼzi
Odam bolalarini
Ular oʻldirmoqdalar
Odam bolalarini.
Shaharni lov-lov yoqib,
Homilador ayolning
Qorniga tiqar nayza!
Qani, mening soʻzimni,
Birovi yodga olsa!
Hayhot, aksi, Adolat
Oʻlimga aylanmoqda.
Jangchilar bolalarni
Otar shahar-qishloqda,
Kafandan libos kiygan,
Suyakdan yasagan taxt,
Nokaslarning mulkiga
Aylanmoqda Adolat!
Men dedim: yer yuzida
Hukm sursin Aql-zakovat.
Uning vazmin chorloviga
Quloq solaylik har vaqt.
Men deyman: qushlar uya
Qurmas ilon yonida,
Qurt-qumursqa urmaydi
Oʻzin alanga tomon.
Bugʻdoy undirish uchun
Urugʻ sepilar doim,
Ammo urugʻ oʻrnida
Tuz sepmaslar hech qachon.
Hayhot, koʻrdim Odamning
Aqlini yoʻqotganin,
Boʻy choʻzgan daraxtlarni
Kesib tashlayotganin.
Suv olib, soʻng suv ichgan
Qudugʻini ifloslab,
Tuflab, uv qilib, uni
Tamom bulgʻayotganin.
Ajal raketalarin
Koʻmib uyning ichiga,
Soʻng oʻsha uyda oʻzi
Yashayverar shod-xurram.
Goʻyo chayonni oʻpib
Eʼzozlaydi quchoqlab,
Qachon chaqib olishin
Oʻylab koʻrmas bu odam.
Farzandlari vorisdir
Nafaqat uning nomi,
Obroʻ, eʼtiqodiga,
dini, ehtirosiga.
Balki vorislik qilur
Jununlik libosiga.
Aql qayda deysizmi?
U aylandi quvgʻinga,
U endi kezib yurar
Qashshoq, darbadar, daydi.
Bolakaylar mazaxlab
Tosh, kesak otar unga,
Soqchilar oldin toʻsib,
Battar turtib, xoʻrlaydi.
Hukumat allaqachon
Uni fuqarolikdan
Mahrum qilib, nomini
Sotqinlar aro yozgan…
Men devdim: hukm sursin
Yerda aqlu-zakovat,
Ammo bunday boʻlmadi,
Bunday boʻlmagan hech vaqt.
Aql boʻldi badargʻa
Borib tushdi qamoqqa.
Oʻzligidan kechgancha
Oʻtiribdi – boshi xam.
Alanglab ham qoʻymaydi
Boqib uyoq-buyoqqa…
Fadva TURKAN
(Iordaniya)
Mening motamsaro shahrim
Razil nobudgarlik ruhi uygʻonib,
Osmon chehrasini quyun tutgan kun.
Urushni, kulfatni qargʻab, oʻrtanib,
Shaharliklar tinmay qaygʻu yutgan kun.
Anhor suvi qochdi oʻzanni buzib,
Qochdi har yurakdan gʻamgusor umid.
Faryodga izma-iz faryodlar tizib,
Shahar ingrar, ana, purkab tutun, hid.
Qani oʻynab yurgan bolalar bunda,
Qani qoʻshiq, qani kulgular sasi.
Barchasi, barchasi endi tutqunda,
Shaharning sukutda chiqmas nafasi.
Mening motamsaro shahrim, ne boʻldi?
Nelar boʻldi senga, ey mahzun ona?!
Nahotki bagʻringga tutunlar toʻldi,
Nahotki, portlashlar boshlandi yana?!
Nahotki dalalar kuysa, toʻlgʻonsa,
Hosillar portlasa, mevalar yonsa?!
Muhammad Afifiy MATAR
(Misr)
* * *
Orzular toychogʻi oʻtlar oʻtloqda –
Sevgilim koʻylagin hidi kelmoqda.
Atrofda uyum kul. Kuloʻchoq. Demak –
Tungi bazmlardan kelmoqda darak.
Qumdagi izlarga koʻz tikaman boz,
Bu yerda toʻy boʻlgan. Raqs tushganlar. Soz…
Toʻy izi. Tulporlar. Taxtiravonlar.
Mashshoqlar. Maqomlar. Raqslar. Jononlar.
Balki, kim biladi, xayoldir bari –
Toʻy haqdagi oshiq tasavvurlari…
Magar shunday boʻlsa, oshiq xayoli
Sal vaqtda uchadi sarob misoli.
* * *
Manov sohil maysalari
Zich chirmashibdir,
Bir-biriga mutanosib,
Xoʻb oʻrnashibdir.
Suv tagiga qarab-qarab
Tikilgan sari,
Kelinchakday chiqib kelar
Suv parilari.
Sohil uzra quyosh sochar
Tilla tanga – nur,
Ular senga kelinroʻmol
Boʻlib koʻrinur.
Kamalakrang roʻmol
Jimir-jimir, qiladi,
Suv tagidan parivashlar
Chiqib keladi.
Abdurahmon al-ABNUDIY
(Misr)
Oʻgʻlimga
Bu dunyoda odamlarning
Eng yaxshi koʻrgan ishi –
Oʻzi ekkan daraxtlarning
Soya solib turishi!
Oʻzing ekkan anjirlardan,
Yo tiklagan binodan
Qanday yaxshi – soya tushib
Turar boʻlsa damodam.
Inson uchun yorugʻ qismat,
Eng ajoyib baxtdir bu –
Qulogʻingda shu soʻzlarim
Oʻgʻlim, yangrasin mangu!
Komil AYYUB
(Misr)
Shahardagi qahvaxona
Sovuqdan junjukkan odamlar bunda
Isinib ketarlar kunda va kunda.
Gohi sharob ichib isinadilar,
Tamaki chekib ham isinar ular.
Gʻamdan oʻzni shunday soqit qilmoqchi,
Barcha tashvishlardan shart qutulmoqchi.
Ichar xandon boʻlay deb faqat bir kun,
“Mallasoch xonim”ning sogʻligʻi uchun.
Boshlar egiladi shu lahza birdan,
Atrofini oʻrab oladi tuman.
Tomogʻidan chiqar yigʻlagan soʻzlar,
Gandiraklab ketar, bukilar tizlar.
Munkib-munkib yana tashlaydi qadam,
Goʻyo soya deysiz, bu – soya-odam.
Yoʻq, bu odam hammas, faqat soyadir,
Soya qachon insonday yuksaladir?!
Insoniylik gullagaymi shu joyda –
Tutun bosgan ifloslikda, eh, qayda?!
Qoʻlansa hid anqib turgan paytlari,
Kurtak yozmas koʻm-koʻk hayot barglari…
Mahmud DARVISH
(Falastin)
Oshiq-maʼshuqlar
Seviklim, qalbimda tirikdir koʻzing,
Seni eslasam, bas, ogʻriydi qalbim.
Koʻzingda aks etar alam, gʻazabing,
Men bu ogʻriqlarga oʻrganib qoldim.
Yulduzlarday bodroq ochgan qaygʻular,
Qalbga musallasday malhamdir ular.
Bu ogʻriq – muhabbatimning davomi,
Bugundan ertaga tashlangan koʻprik.
Koʻzlarni unutmoq menga ravomi?
Porlab turgan kunduz – bu koʻzu kiprik.
Bolalik chogʻlardan oʻsganmiz birga,
Shu-shu, men sevganman butun umrga.
Qachon shoir boʻlib qalam olganman, –
Shu koʻzlarni kuylab oʻtda yonganman.
Oʻsha ilk sheʼrlarni eslab hozir ham,
Istarman, koʻzlaring takror kuylasam.
Hayhot, quvgʻinlikning yovuz shamoli,
Sheʼrlarim uchirar quyun misoli.
Hatto yoshlikdagi oʻsha qushlarning,
Biri ham qolmadi boyaqishlarning.
Bari uchib ketdi uzoq-uzoqqa,
Yem boʻlmayin deya qirgʻin-tuzoqqa.
Kuylaganda erkning magʻrur ohangin
Oʻq teshdi rubobu naylar jismini.
Vatan, qadrlashni oʻrgandik seni,
Oʻrgandik qalblarga yozib ismingni.
Sevgilim, sevgimiz tirikdir hamon,
Boʻgʻiq boʻlsa hamki ovozim, omon.
Sevgilim, men seni hamon koʻraman
Vayronaga doʻngan uylar oldida
Podani hoy-huylab, quvlab oʻtasan
Oʻtasan kul boʻlgan eshik yonidan.
Suvi qurib bitgan quduqda oʻychan
Navbatda turganing koʻraman baʼzan.
Chodirdagilarning gʻijim choyshabi,
Oshxonaning yugurdaklari aro,
Gulxanda isingan bolalar kabi,
Yugurib yurganing koʻraman goho.
Qayerda boʻlsang ham omon boʻl, mayli,
Oʻtmish kunlar sira unutilmaydi.
Va oʻzligingdan sen voz kechma aslo,
Quvgʻunda yashasang, gʻamda yursang ham.
Bilginki, quyosh bu – quyosh doimo,
Dengiz – dengiz boʻlib qoladi mudom.
Sen ham oʻzligingni hech ayri tutma,
Menga bergan soʻzlaringni unutma.
Men qasam ichaman, ona Falastin
Mangu qismat erur peshonamizda.
Osmon boʻlsa hamki ming ostin-ustin,
Biz – farzandlar, unga ishonamiz-da.
Ishonaman, sen ham, ey guli gʻuncha,
Falastin qizisan oʻla-oʻlguncha!
Hali bu toshqotgan havoni kesib,
Ona tilda qoʻshiq-kuy yangratamiz.
Majruh dalalarning bagʻrini teshib,
Qon ila sugʻorib don yaratamiz.
Falastinning kuyuk dalalaridan
Hosillar yigʻamiz toʻp-toʻp, boʻliq, shaʼn…
Ahmad OZAGOH
(Jazoir)
Har kimning oʻz qilar ishi bor
Jilgʻa oqar,
Maysalar yashnar,
Maysa tugʻar chechak-gullarni.
Gul bahorni chaqira boshlar,
Bahor chorlab kelar qushlarni.
Qushlar esa uygʻotar ilhom,
Ilhom shoirlarni yayratar.
Shoir qoʻshiq yozadi mudom,
Qoʻshiq goʻzallikni yaratar.
Biz-chi,
Nelar yaratajakmiz –
Qarshi kelsa odamga odam?!
Urush, oʻlim, faryodlarga biz
Boshlaymizmi bolalarni ham?!
Faruq JUVAYDA
(Misr)
* * *
Bir tuni…
Marhumlar eslanganiday,
Nega kirib kelding mening yodimga?
Kelinlik libosing kiygan oʻshal dam
Dafn etgandim axir seni qalbimga.
Uyalib, qizarib turaverding sen,
Qalb tamom unutib hijron sasini.
Visol ogʻushiga yiqilgandi, men
Shu lahza-yoq qattiq sogʻindim seni.
* * *
Ayo Nil!
Ishq sabogʻin berding vaqtidan oldin,
Zamon aylanardi. Bizlar ulgʻaydik.
Bizga baxt tilading, keyin… unutding,
Ishq boʻldi biz uchun baxtsizlik, xorlik.
Ayo Nil!
Biz seni – shu goʻzal hayotni sevdik,
Seni sevdik sirli, uzun tun qadar.
Musaffo qalbimiz hadyalar etdik,
Va bildik – sevgi bu… xato, xatolar.
* * *
Qushlar ham oʻldilar,
Jon berdi bari.
Oʻldi muhabbatning pok timsollari.
Sohilda qolmadi sogʻinar narsa,
Sukut, xavf, xotiralardan tashqari.
Men sendan ozodman, ketdim, xayr-xoʻsh,
Kishanlar uzilib tushgan birma-bir.
Senga qaytish endi qabrga qaytish,
Ovozim – murdaning sasiday ogʻir…
* * *
Sevgi timsollari – hur qushlar oʻldi,
Inda qoldi patlar, qurbon, haloklar.
Kul qoldi va yana qoldiqlar qoldi,
Sohilda yigʻildi koʻrshapalaklar.
Koʻz oʻngimda soʻndi kunduzning nuri,
Qirgʻoqlarda qoldi uzun zulmat iz.
Yo rab! Qonmi, suvmi daryoning suvi?
Seni qanday qilib, qanday ichamiz?
Muzaffar AHMAD tarjimalari
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7
https://saviya.uz/ijod/nazm/xx-asr-arab-sheriyatidan-namunalar/