Post Views:
569
Toshkent qadimdan Markaziy Osiyoning ichki va tashqi savdosida asosiy o‘rin tutuvchi yirik savdo hunarmandchilik markazlaridan biri bo‘lgan. Jumladan, Dashti Qipchoq hududida yashovchi ko‘chmanchi chorvador qabilalar Rossiya, Sharqiy Yevropa, Hindiston va Xitoy kabi yirik savdo markazlari bilan doimo aloqada bo‘lib kelgan.
X-XI asrlarga oid arab manbalaridagi ma’lumotlariga ko‘ra Toshkent qadimdan katta shahar bo‘lib, uning bozorlari doimo xorijiy savdogarlar bilan to‘lib turgan. Chunki Toshkent O‘rta Osiyoning shimoli-sharqdagi darvozasi hisoblangan[1]. Shahar bozorlari mahalliy mahsulotlar oldi-sotdisida kechgan iqtisodiy markaz bo‘libgina qolmay, ularda tranzit savdo ham amalga oshirilgan. Mahalliy aholining asosiy qismi dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo ishlari bilan doimiy shug‘ullangan. So‘ngi o‘rta asrlarga kelib, mintaqada kechgan turli siyosiy jarayonlar va o‘zgarishlar Toshkentning bu sohadagi mavqyeiga ta’sir ko‘rsatmay qolmagan. Bu manbalarda Toshkent xususida turlicha ma’lumotlarni paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Xususan, XVIII asr o‘rtalarida shahar hayoti, unda kechgan iqtisodiy jarayonlar borasida fors va turkiy tillardagi manbalarimizda rus sayyohlari hamda elchilarning kundaliklarida va hujjatlarida turli nuqtai nazarni ifodalovchi ma’lumotlar mavjud.
Toshkentning eng gavjum joylari uning bozorlari hisoblangan. Eski Jo‘va, Chorsu va Ko‘kaldosh madrasasi oralig‘ida Registon, Chorsu va Kappon (G‘alla) bozorlari joylashgan. Registon bozori O‘rta Osiyo xonliklarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan to‘lgan. Bundan tashqari Hindiston, Xitoy, Afg‘oniston, Eron va Rossiyadan kelgan mahsulotlar ham sotilgan.
Orenburg viloyati Davlat Arxivi fondida saqlanayotgan hujjatlarda Nurmuhammad Mullaalimovning bergan ma’lumoti keltirilgan. U bergan ma’lumotga ko‘ra Chirchiq atrofidagi tog‘lardan temir olingan, mis esa Samarqanddan keltirilgan. Qo‘rg‘oshin Turkiston atrofidagi tog‘lardan qazib olingan[2]. Ushbu mahsulotlar sanoat rivoji uchun eng kerakli xom ashyo hisoblangan. Ma’lumotlarga qaraganda Toshkentda uzoq vaqtlardan beri mis aralash kumush tangalar zarb qilinib kelingan. Albatta, bu Toshkentning ichki va tashqi savdosini rivojlantirish maqsadida qilingan. Lekin qalmoqlar hukmronligi davrida tinimsiz urushlar va mahalliy aholining noroziliklari tufayli bo‘lib turgan harakatlar natijasida tanga-pul zarb qilish to‘xtab qolgan[3]. XVIII asr boshlarida Toshkent qalmoqlar qo‘l ostiga o‘tishi va u yerda qalmoqlarga qaram bo‘lgan qozoq sultonlari tomonidan 1723-1758 yillar davomida boshqarilganligi haqidagi ma’lumotlar E. Hojiyevning “Toshkentning Rossiya shaharlari bilan aloqasi”, Yu. Sokolovning “Tashkent, tashkentsы i Rossiya”, E.Xurshutning “Shi-Chach-Tashkent”, R.G. Mukminova, M.I. Filanovichni “Tashkent na perekryostke istorii” risolalarida ta’kidlab o‘tilgan. Bu fikrlarni tasdiqlovchi fakt hisobida O‘. Sultonovning “Muhammad Solihxo‘janing “Tarixi jadidai Toshkand” asari muhim tarixiy manba sifatida (XIX asr)”[4] nomli monografiyasida ko‘rishimiz mumkin. Ayrim tadqiqotchilarimiz qalmoqlar bosib olgandan so‘ng boshqaruv ham ularning qo‘lida bo‘lganligini ta’kidlashsa, ayrim tadqiqotchilarimizning fikricha, boshqaruv mahalliy aholi vakillari qo‘lida bo‘lganliklarini ta’kidlashadi. Aynan H.Ziyoyevning “XVIII asrda O‘rta Osiyo va Uralbo‘ylari” nomli monografiyasida 1735 yil Ufaga borgan toshkentlik savdogar Nurmuhammad Mullaalimov Orenburg ekspeditsiyasining boshlig‘i I.I. Kirillovga bergan ma’lumotlariga qaraganda, qozoq sultonlariga faqat soliq to‘lab turilgan, boshqaruv esa mahalliy aholi vakillari qo‘lida bo‘lgan[5], degan fikrlarni uchratish mumkin.
Bu vaqtda Toshkent to‘rtta dahadan iborat bo‘lgan: 1. Shayxontahur. 2. Sebzor (Qaffol Shoshiy). 3. Ko‘kcha (Shayx Zayniddin) 4. Beshyog‘och (Zangiota). Bulardan qadimiylari Sebzor va Ko‘kcha hisoblanib, Sebzor ko‘plab bog‘lar, Ko‘kcha ko‘plab dalalar, deb ta’riflangan[6]. Qolgan ikki dahaning nomlanishi keyingi davrlarga to‘g‘ri keladi. Shayxontahur Shayx Xovandi Tahur nomidan kelib chiqqan, Beshyog‘och turkiy nom bo‘lib, ushbu hududda 5 ta daraxt bo‘lganligi bilan belgilangan.
Har bir daha mahallalarga bo‘lingan. Mahallalar dastlabki aholining ma’muriy-xo‘jalik va jamoaviy tashkiloti bo‘lib, o‘zining boshqaruv tizimiga ega bo‘lgan. Mahallani saylangan oqsoqol boshqargan. Oqsoqolning vazifasi umummahalla yer hududlarini o‘zgartirish, suv bilan ta’minlash[7] kabi vazifalardan iborat bo‘lgan.
1740 yil Toshkentga kelgan rus zobiti Millerning guvohlik berishicha, bu vaqtda Toshkentda 150 ga yaqin mahallalar bo‘lgan[8]. Har bir daha obro‘li xonadon vakillari tomonidan boshqarilgan. O.D.Chexovichning ma’lumot berishicha, to‘rtta e’tiborli, boy xonadon sohiblari Shayxontahur dahasida Avlayqulixon avlodidan Boboxonto‘ra, Beshyog‘ochda Ashtarxoniylardan Rajabbek, Ko‘kchada Chig‘atoyxon avlodidan Muhammad Ibrohimbek, Sebzorda Jo‘chixon nasliga mansub yana bir kishi hokim bo‘lib[9], ular o‘rtasida doimo kelishmovchiliklar bo‘lib turgan. O‘zaro kelishmovchiliklar ichki va tashqi savdoga hamda shahar xo‘jaligi hayotiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan.
Shahar atrofi mudofaa devori bilan o‘ralgan bo‘lib, 12 ta darvozasi bo‘lgan. Lekin Toshkent darvozalari yuzasidan ham turli xil mulohazali fikrlar mavjud. Jumladan, O‘zbekiston tarixi (3-jild) da birinchi guruh olimlari 32 ta, ikkinchi guruh olimlari 12 ta va uchinchi guruh olimlari 8 ta[10] darvoza bo‘lganligi haqida ma’lumotlar beradi. Mahalliy manbalarimizdagi aniq faktik ma’lumotlar ikkinchi guruh olimlarining ma’lumotlari asosli ekanligini tasdiqlaydi.
Muhammad Solih Toshkandiyning “Tarixi jadidai Toshkand” asarida aytilishicha, “Chor hokimlik” davrida uchta daha hokimlari birlashib, Avlayqulixon avlodlariga qarshi urush olib borilganligi aytilgan. Uzoq vaqt davom etgan janglardan so‘ng Salimsoqto‘ra va Boboxonto‘ra boshchiligidagi Avlayqulixon avlodlari birin-ketin uch dahani egallaydi va g‘olib tomon talabi bilan mashvarat o‘tkaziladi. Bunda shaharda yagona hokim va yagona harbiy boshliq bo‘lishini talab qilishadi. Mashvaratga ko‘ra Devonbegi mahallasidan bo‘lgan Salimsoqto‘ra harbiy qo‘mondon, Rustam to‘ra otaliq vazifasiga, Odilto‘ra parvonachi, Boboxonto‘ra esa qo‘shin boshlig‘i[11] vazifalariga, Salimsoqto‘ra taklifiga ko‘ra Shayx Xovandi Tahur avlodlaridan bo‘lgan Yunusxo‘jani “viloyat voliysi” etib saylaganlar[12].
Yunusxo‘ja Toshkent atrofidagi yirik va mayda qishloqlarni o‘z qo‘l ostida birlashtirib, viloyat yerlarini kengaytirish maqsadida harakatlar olib borgan. U to‘g‘risida berilgan ma’lumotlarda Toshkentni shimoli-g‘arbidagi shahar, qishloq va Katta Juz elatlarini o‘ziga bo‘ysundirib, Rossiyaning shaharlari bilan bog‘laydigan savdo yo‘liga ega bo‘ladi[13]. Bu hududlarni Toshkent hokimligiga qo‘shib olinishi Toshkent savdo karvonlarining chiqishini yengillashtiradi.
1796 yilga kelib, Chimkent, Sayram, Oltintepa, Qorabuloq, Sarapan shaharlari hamda Niyozbek va Temir mavzelari Yunusxo‘ja qo‘l ostida birlashtiriladi. Turkiston va uning atrofidagi to Chu daryosigacha bo‘lgan yerlarni ham o‘z tasarrufiga oladi. 1800 yilga kelib, Toshkent hokimligining chegarasi janub va g‘arbdan Sirdaryo bo‘ylab, shimoldan Turkiston va Qoratog‘ yonbag‘irlari orqali o‘tgan. Sharqda Sayram tizmasi va Ugom daryolarining o‘ng sohili, janubi-sharqda Chotqol-Qurama tog‘ tizmalari yoqalab Sangir qishlog‘igacha borgan. Birinchi navbatda viloyat hududida tinchlikni va osoyishtalikni ta’minlab, qo‘shni mamlakatlar bilan erkin savdo olib borish siyosatini yuritgan. Chor hokimlik davrida Orenburg, Sibir va Xitoy bilan savdo aloqalarini buxoroliklar orqali amalga oshirgan bo‘lsa, Yunusxo‘ja davriga kelib, o‘zlarining savdo uyushmalarini tashkil qilgan va toshkentliklar nomi ostida savdo aloqalarini olib borgan.
Yunusxo‘ja Toshkent hokimligini to‘la mustaqil davlat darajasiga ko‘tarish uchun ichki va tashqi savdoni rivojlantirish maqsadida old tomoniga “Muhammad Yunusxo‘ja Umariy” deb yozilgan, sirtiga lochin yoki yo‘lbars tasviri tushirilgan ikki xil mis pullar va tanga zarb qildirgan[14].
Amalga oshirilgan tadqiqotlar va turli ko‘rinishdagi manba va adabiyotlardagi ayrim ma’lumotlarning talqini shuni ko‘rsatadiki, so‘ngi o‘rta asrlarda aynan XVIII asrning ikkinchi yarmidagi tarixi yuzasidan ba’zi masalalarni kengroq va aniqroq tadqiqotlarni taqozo etadi. Bu masala tadqiqotlarining natijalari Toshkentning Rossiya podsholigi bosqiniga qadar bo‘lgan davrdagi siyosiy, iqtisodiy holatini ochib berishga imkon beradi. Uning ma’muriy maqomi, boshqaruv tizimi, unda kechgan iqtisodiy jarayonlar, jumladan, Toshkent savdogarlarining faoliyati hamda mintaqa ichki va tashqi savdosi munosabatlaridagi roli va o‘rni kabi masalalarni ochib berishda aniqliklarni taqozo etadi.
M.B. Shamsiyev
Об особенностях изучения истории Ташкента второй половины XVIII века
На основе анализа имеющихся сведений из местных и зарубежных источников рассматривается экономическая, социальная и политическая жизнь Ташкента во второй половине XVIII века.
M.V. Shamsiev
On Historical Study of Tashkent in the second half of the 18th Century
This article investegoted economical, social, and political life of Tashkent in the second half of the 18th centure the basis of the of local and foriegen soures.
[1] Mukminova R.G., Filanovich M.I. Tashkent na perekrestke istorii. Tashkent, 2001. S.43
[2] Orenburg viloyati Davlat Arxivi. 1-fond, 1-ro‘yxat, 2-ish, 70-varaq
[3] O‘sha hujjat. 73-varaq
[4] Hojiyev E. Toshkentning Rossiya shaharlari bilan aloqasi. Toshkent, 1973. 8-bet; Sokolov Yu. Tashkent, tashkentsы i Rossiya. Toshkent,1965. S.29; Xurshut E. Shi-Chach-Tashkent. Tashkent: O‘zbekiston. 1992. S.38
[5] Ziyoyev H. XVIII asrda O‘rta Osiyo va Uralbo‘ylari. Toshkent,1973. 59-bet
[6] Sokolov Yu. Tashkent, tashkentsы i Rossiya. Tashkent,1965. S.26
[7] O‘sha asar, 26-bet
[8] O‘sha asar, 27-bet
[9] Sultonov O‘. Muhammad Solihxo‘janing “Tarixi jadidai Toshkand” asari muhim tarixiy manba sifatida (XIX asr). Toshkent, 2007. 89-bet
[10] Istoriya Uzbekistana. T. 3. Tashkent,1993.S.237
[11] Mukminova R.G., Filanovich M.I. Tashkent na perekryostke istorii. S. 88. G(-) G; Hojiyev E. Toshkentning Rossiya shaharlari bilan aloqasi. Toshkent, 1973. 11-bet
[12] Sultonov O‘. Muhammad Solihxo‘janing “Tarixi jadidai Toshkand” asari muhim tarixiy manba sifatida (XIX asr). Toshkent, 2007. 89-bet
[13] Hojiyev E. Toshkentning Rossiya shaharlari bilan aloqasi. Toshkent,1973. 13-bet
[14] Sultonov O‘. Muhammad Solihxo‘janing “Tarixi jadidai Toshkand” asari muhim tarixiy manba sifatida (XIX asr). Toshkent, 2007. 112-bet
Manba:
Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009
https://shosh.uz/uz/xviii-asr-ikkinchi-yarmi-toshkent-tarixini-o-rganilishi-xususida/