XURSHID (taxallusi; asl nomi Sharafiddinov Shamsiddin) (1892. 20.6 — Toshkent —1960.13.9) — shoir va dramaturg. Oʻzbekiston milliy musiqali drama teatri asoschilaridan biri. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1941). Toshkentdagi madrasalarning birida, soʻng rustuzem maktabida (1908—10) oʻqigan. Otasi vafotidan keyin 1910-y. da oʻqishni tashlab, Andijonga borgan va 1918-y. ga kadar prikazchik boʻlib ishlagan. X. Andijondalik paytida Qrim, Tatariston va Ozarbayjonda nashr etilgan gaz. va jur. lar bilan tanishgan. 1918-y. ning yoz oylarida Toshkentga qaytib, oʻqituvchilar tayyorlash 4 oylik kursida oʻqigan, soʻngra «Behbudiy» va «Namuna» maktablarida oʻqituvchilik qilgan (191820). 1920-y. dan boshlab Eski shahar xalq maorif boʻlimida xodim va Mannon Uygʻur rahbarligidagi teatr truppasida suflyor, «Mushtum» jur. tahririyatida texnik muharrir (1924 — 26), Andijon viloyat teatri (1929 — 33) va Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida (1933—48) adabiy emakdosh, Til va adabiyot inti qoshidagi Adabiyot muzeyida ilmiy xodim (194960).
Xurshidning dastlabki sheʼrlari 1914-y. da «Turkiston viloyatining gazeti», «Sadoi Turkiston» gaz. lari, «Tarjimon», «Oyna» jur. lari va «Tuhfai Xislat» bayozida (1914) «Xoib» taxallusi bilan eʼlon qilingan. Oʻz sheʼrlarini jamlab, «Devoni Shohidiy» nomi bilan devon ham tuzgan (1912). Shoir keyinchalik «Mushtum» jur. da bosilgan hajviy sheʼrlarida «Oʻjar», «Tajang», «Chayon» kabi taxalluslardan foydalangan.
Xurshidning 1920-y. dan keyingi ijodiy faoliyati asosan teatr bilan boglik. X. dramaturg sifatida 20 ga yaqin katta va kichik hajmli pyesalar yaratgan. Ayniqa, M. Uygʻur truppasi bilan hamkorlik qilgan yillarda «Yomon oʻrtoq», «Tuganmas boylik», «Kichik askar», «Buyuk askar» kabi sahna asarlarini yozgan. «Jadid, qadim» va «Juvonbozlik qurboni» pyesalari Xurshidning dramaturg sifatida muayyan tajriba hosil qilganidan darak berdi. Shundan keyin u oʻzbek dramaturgiyasida birinchi marta Navoiy «Xamsa»siga kirgan dostonlar asosida musiqali dramalar yozishga kirishgan. Uning «Layli va Majnun» musiqali dramasi 1923-y. da, «Farhod va Shirin» musiqali dramasi esa 1926-y. da davlat namuna truppasi tomonidan sahnalashtirilgan. X. keyinchalik bu 2 asarning ham musiqali teatr, ham opera teatri uchun bir necha nusxalarini yaratgan va bu asarlar respublika teatrlari sahnasida uzoq vaqt davomida muvaffaqiyat bilan namoyish etilgan. X., shuningdek, «Qalin» (1930), «Siyovush» (Firdavsiyning «Shohnoma» asari asosida, 1945), «Oybonu» (1955) musiqali dramalarining xam muallifidir.
Xurshidning musiqiy dramalar va opera librettolari uchun «Dugoh», «Segoh», «Chorgoh», «Ushshoq», «Bayot» singari xalq kuylariga moslab yozgan aksar qoʻshiqlari oʻzbek qoʻshiqchilik sanʼatining mumtoz namunalariga aylangan va yetakchi hofizlar repertuaridan oʻrin olgan. X. oʻzbek milliy jurnalistikasi, publitsistikasining qaldirgʻochlaridan biri sifatida 20-a. ning 10—20-y. larida gaz. va jur. larda dolzarb mavzulardagi maqola, taqriz va felyetonlar chop ettirib turgan.
X. Til va adabiyot intida ishlagan paytida «Yusuf va Zulayho» dostonini, Munis va Ogahiy kabi shoirlarning asarlarini nashrga tayyorlagan. U badiiy tarjima bilan ham shugʻullanib, 20-y. larda nomaʼlum mualliflarning «Shahzoda va tilanchi», «Avvali hoy, oxiri voy» asarlarini ozarbayjon tilidan tarjima qilgan, 50-y. larda esa Hofiz Sheroziyning bir qancha asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan.
Respublika xukumatining qarori bilan atoqli shoir va dramaturg X. tavalludining 100-yilligi keng nishonlandi (1995). Toshkentdagi mahalla, koʻcha, maktab va kinoteatrlardan biriga X. nomi berilgan.
As: Tanlangan asarlar, T., 1967.
Ad.: Nasriddinov B., Xurshid, T., 1972; Nasriddinov B ., Xurshid. Hayoti va ijodi haqida monografik ocherk, T., 1975.