“… Novcha niholcha hamon ajal bilan olishib yotibdi, jang bobokalonlari aytishganidek beomon, shafqatsiz edi. Birin-ketin yashil bargchalari qovjirab, taslim boʻlishdi, shoxchalaridagi hayot soʻndi. “Tanam tirik hali, – entikib dedi novcha niholcha, – men yashashim kerak, albatta yashayman…” U kimdandir yordam kutgandek jovdirab atrofga qaray boshladi. Meni bu yerga ekib, ketmonni asfaltda sudrab ketgan bolalar kelib qolmasmikan, deb yana bir bora koʻcha boshiga koʻz tashladi, yomgʻir tomchilaridan umidvor boʻlib, bulut boʻlmasa ham koʻkka tikilib, uzoq qotib turdi… keyin toʻsatdan sersuv adirlarda birga oʻsgan ukalarining oʻligiga koʻzi tushib qoldi. Qiziq, hammalari tik turgancha jon berishibdi… Oʻtgan yili xuddi shu kechakunduzlarda hammalari tirik, yayrab-yashnab barq urib oʻsishayotgan edi… Endi boʻlsa… “Yoʻq, men yashashim kerak…”
– Suv! Suv! Suv!
Qaddi-qomati kelishgan novcha niholcha asta-sekin oʻzidan ketib, allaqanday sehrli xayolot nashʼasi bilan mast boʻla boshladi, keyin oʻsha kun – haddan tashqari qizdirib yuborgan 19iyun kuni kunduz soat oltilarda jon berdi.
Tik turgancha qotib qoldi u…”
Bu atoqli adib Xudoyberdi Toʻxtaboyevning shoh asarlaridan biri – “Nihollar nolasi” dan parcha. Bu asarni bolalar behad sevib oʻqiydilar, oʻzlariga xulosalar chiqaradilar. Haqiqatan ham nihol-daraxtning xuddi inson kabi joni borligi, oziqa – suvga ehtiyoji; parvarish qilinmasa yosh kitobxon qalbini achitib, tugʻyonga solib halok boʻlishi asarning asosini tashkil etadi.
Xudoyberdi Toʻxtaboyev katta-yu kichik bolalarning suyukli adibi. U hozirgi zamon oʻzbek bolalar adabiyotida sarguzasht va fantastik janrlarining rivojlanishiga katta hissa qoʻshib kelayotgan isteʼdodli adib sifatida kitobxonga maʼlum va mashhurdir.
Xudoyberdi Toʻxtaboyev 1932 yilning 17-dekabrida Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumaniga qarashli Katta Tagob qishlogʻida dehqon oilasida dunyoga keldi. Boshqa bolalar qatori Xudoyberdi Toʻxtaboyev ham poda boqdi, yer chopdi, paxta terdi, xullas qishloqda boʻladigan hamma sohalarda qoʻlidan kelganicha mehnat qildi. Hayot nimadan iborat ekanligini yoshligidanoq bila boshladi.
Boʻlajak adib ikkinchi jahon urushi yillarida oʻqishni yigʻishtirib qoʻyib, dalada ketmon chopdi, hisobchilik qildi, mashaqqatli mehnat bilan suyagi qotdi.
Qoʻqon pedagogika bilim yurtini muvaffaqiyatli tamomlagan Xudoyberdi Toʻxtaboyev ona qishlogʻida muallimlik qilar ekan, unda ilmga nisbatan cheksiz ishtiyoq uygʻonadi. Shuning uchun ham u oʻqituvchilikni tashlab, Toshkent davlat dorilfununiga oʻqishga kirdi. Bu yerda Alisher Navoiy, Bobur, Gʻ. Gʻulom, Oybek, H. Olimjon, A. Qahhor asarlarini sevib oʻqidi, oʻrgandi.
Universitetni tugatib, Bogʻdod tumanida oʻqituvchilik qildi. Ilmiy boʻlim mudiri, direktorlik lavozimlarida ishlab, yoshlarni ilm-fan nurlaridan bahramand etish ishlarida faoliyat koʻrsatdi. Sheʼriy mashqlari vaqtli matbuot sahifalarida eʼlon qilina boshladi. Bu esa boʻlajak adibni markazga – Toshkentga, ijodiy ish bilan jiddiy shugʻullanishga chorlar edi. Shunday ham boʻldi. U 1958-yilda Toshkentga koʻchib keldi. “Toshkent haqiqati” gazetasiga ishga kirdi.
- X. Toʻxtaboyev bolalikdan toʻgʻri soʻz, halol, pok va mehnatsevar boʻlib oʻsdi. Gazetada ishlar ekan, baʼzi nopok odamlarni koʻrib, ularning qilmishlarini hazm qila olmadi. Bunday kishilarning sir-asrorlarini fosh etishga, el-yurt oʻrtasida munofiqlarning yaramas tomonlarini ochib tashlashga qaror qildi. Bu borada unga feleton janri qoʻl keldi. 1962 yilda respublikamizning otaxon gazetasi – “Oʻzbekiston ovozi”ga feletonchi boʻlib ishga oʻtdi. Bu yerda 300 dan ziyod feleton yozdi.
“Hadik”, “Tilxat”, “Ona”, “Xarakteristika”, “Barvaqt aytilgan azon”, “Domlaning uyiga oʻt ketdi”, “Maxsus topshiriq”, “Jonginam, shartingni ayt” kabi kattalar uchun qissa va hikoyalar yozgan Xudoyberdi Toʻxtaboyev bolalar uchun ham hikoyalar yarata boshladi. Uning “Birinchi daraxtim”, “Qochoqlar”, “Qizgʻanchiq”, “Dadajon, yozmang”, “Kelvordim, dada”, “Vali
bilan Salim”, “Shoshqaloq”, “Yaxshi-yaxshi” singari oʻnlab hikoyalari yosh kitobxonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
“Kichkina rais” hikoyasining qahramoni kichkintoy oʻquvchi bola. Lekin Foziljonning xatti-harakati, intilishi, paxta dalalarini sergaklik bilan kuzatishi, fikr yuritishi raislarga xos.
Foziljonda ona zaminga nisbatan qiziqish taʼsirli chizilgan. Kimsasiz, gʻirt yetim bola oʻz qishlogʻi atrofidagi odamlar bilan sevinib, quvonib yashaydi. Oʻzini ularning bagʻrida erkin his etadi.
Xudoyberdi Toʻxtaboyevda yozuvchilikka ishtiyoq uygʻotgan, qobiliyatining shakllanishida muhim rol oʻynagan, asarlariga qaytarilmas rang va jilo bergan narsa hayot, vaqtli matbuot, tahririyatdagi qaynoq ijodiy muhit va qunt, chidam bilan oʻqish, oʻrganish, oʻz ustida ishlash boʻldi.
Hayotda turli xarakterdagi odamlar koʻp boʻladi. Birov yaxshilik qilaman deb yomonlik qilib qoʻyganini oʻzi ham sezmay qoladi. Birov oʻzini jamoat uchun gʻoyat foydali odamman deb oʻylaydi, aslida esa zararkunanda boʻlib chiqadi. Yana birov bilarbilmas har narsaga aralashaveradi, oʻrtaga tushadi, soʻz beradi, lekin baribir men haqman, shunday qilishim kerak deb biladi. Ana shunday kishilarga bagʻishlangan “Jonginam, shartingni ayt” qissasi Xudoyberdi Toʻxtaboyevni hajvchi sifatida keng kitobxonlar ommasiga tanishtirdi.
Xudoyberdi Toʻxtaboyev uzoq yillar feletonchi boʻlib ishlab, kishilarning yurak dardini, hasratini qunt bilan oʻrgandi. Bunday shikoyatlarga sabab boʻlayotgan shaxslarning xatti-harakatlarini mufassal bilib olishga intildi. Davrdan orqada qolgan, sarqit deb atalgan illatlar botqogʻiga botgan, mol-u dunyoga hirs qoʻygan shaxslar haqida talay feletonlar yozdi. “Sariq devni minib”, “Sariq devning oʻlimi” nomli asarlari ana shu dalillarni umumlashtirish asosida yuzaga kelgan, desak toʻgʻri boʻladi.
Maʼlumki, hajviy qissalarimiz barmoq bilan sanalar edi. “Kalvak maxsum”, “Toshpoʻlat tajang”, “Tirilgan murda”, “Shum bola” dan keyin ancha vaqt bu janrda aytarli asar yaratilmadi. Keyingi yillarda Abdulla Qodiriy va Gʻafur Gʻulomning anʼanalarini Xudoyberdi Toʻxtaboyev davom ettirib, bu “boʻshliq”ni toʻldirishga harakat qildi.
Xudoyberdi Toʻxtaboyev bolalar uchun asar yozayotgan paytda, albatta, oʻz oʻquvchisini koʻz oldiga keltirib yozadi. “Olti yoshli bolaga aytayotgan gapingiz oʻn toʻrt yoshli oʻsmirga aytadigan gapingizdan, albatta, farq qilishi kerak” deb taʼkidlaydi.
Yozuvchining bolalar va oʻsmirlarga atab yozgan asarlarining qiziqarli, oʻqimishli, jozibali boʻlishining asosiy sabablaridan biri ham shu. Shuning uchun ham Xudoyberdi Toʻxtaboyevning birinchi yumoristik-sarguzasht qissasi, bolalar hayotidan olingan “Sehrli qalpoqcha” tez orada bolalar hurmatiga sazovor boʻldi va uni jamoatchilik juda yaxshi kutib oldi.
Yozuvchining yumorga moyilligi, oddiy vaziyatlardan ham kulgi chiqara olish isteʼdodi ilgarigi asarlariga nisbatan bu asarida yana ham chuqurroq seziladi. “Sariq devni minib” asarini qiziqarli sujet asosiga quradi, asarning hikoyachisi – bayonchisi qilib undagi barcha voqealarning ishtirokchisi, guvohi boʻlmish Hoshimjonni qoʻyadi, tilga olinadigan voqealar uning tilidan hikoya qilinadi. Yozuvchi Hoshimjonning hikoyasi orqali uning hayot yoʻli sarguzashtlarini, oʻziga xos xususiyatini va ruhiy xolatini atroflicha ochib beradi. Shuningdek, Hoshimjon xarakterida Xoʻja Nasriddinning va xalq ertaklaridagi “tegirmonga tushsa butun chiqadigan” zukko bolalarning fazilatlari yaqqol mujassamlashganligini koʻramiz.
“Sariq devni minib”da oʻqish, ilm choʻqqilarini egallash uchun va insonning oʻz orzusi, ezgu niyatiga erishish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergan zamonimizda yashashiga qaramay, dangasalik, yalqovlik qilgan, hayotda yengil-yelpi yoʻl axtargan va adashgan bolalar – Hoshimjonlar kulgi ostiga olinadi:
Hoshimjon dehqon oilasidan chiqqan, shoʻxligi olamni buzadigan bir bola. U hayotidagi koʻp narsaga mehnatsiz, qiyinchiliklarsiz oson yoʻl bilan erishgisi keladi. Mehnatsiz va ilmsiz ham kishi istagan narsaga erisha olishi, katta obroʻ orttirishi mumkin, deb oʻylaydi. Oʻz fikrida qatʼiy turgan Hoshimjon muddaosini amalga oshirish uchun buvisi aytib bergan ertakdagi sehrli qalpoqchani izlashga tushadi. Uzoq izlanishlardan keyin istagan ishini hech qanday mashaqqatsiz bajarishga yordam beradigan sehrli qalpoqchani tashlandiq molxonadan topib oladi. Endi u oʻzini orzulariga batamom erishadiganday his etadi. “Ortiqcha” fanlarni dars jadvalidan chiqarishni rad etgan direktor, har xil vazifalar berib “miyasini qotiradigan” oʻqituvchilariga oʻqimasdan ham har qanday kasb egasi, mashhur odam boʻla olish, koʻkrak toʻla ordenlar bilan shon-shuhratlar, katta obroʻga ega boʻlish mumkinligini koʻrsatib qoʻymoqchi boʻladi va shu maqsadda sehrli qalpoqcha bilan safarga chiqadi. Shunday qilib, uning sarguzashtlari boshlanadi.
Ming afsuski, sehrli qalpoqcha bu borada Hoshimjonga koʻmak bera olmaydi. Sehrli qalpoqcha muhayyo etgan imkoniyatlar har safar kutilmagan koʻngilsiz oqibatlarga olib kelaveradi. Hoshimjonning baxti endi kulay deb turganda ishning pachavasi chiqib qolaveradi. U davlat xoʻjaligida agronom boʻlib ham, “shoirlik” qilib ham, qurilishda muhandislik qilib ham, qoʻgʻirchoq teatrida artistlik qilib ham koʻradi, mashhur sayohatchi sifatida butun dunyoni kezmoqchi ham boʻladi. Lekin hamma yerda ilmning, tajribasining yoʻqligi ishning pachavasini chiqaraveradi. Hoshimjon qayerga bormasin, qanday ish qilmasin pirovardida sharmanda-yu sharmisor boʻladi. Uning agronomlik va muhandislik “faoliyati” jinoyatga olib keladi, qamalishiga oz qoladi, shoir boʻlaman deb rasvo boʻladi, “ulugʻ artist” teatrdan quviladi.
Qissada Hoshimjon oʻz sayohati davomida qanchadan qancha ajoyibotlarning guvohi boʻlib, qiziq, kulgili sarguzashtlarni boshidan kechiradi. U oʻqimay, mehnat qilmay, oʻz ustida ishlamay juda koʻp narsalarga erishmoqchi boʻladi, lekin hech narsaga erisha olmaydi. Chunki unga ilmsizligi pand beradi.
Yozuvchi Hoshimjon obrazini butun qirralari bilan ochishga uringan. Bolalarga xos oʻyinqaroqlik ham, soddalig-u begʻuborlik ham, gʻururlik, toʻgʻri soʻzlik, shumlik, biroz maqtanchoqlik, hatto oʻrnida yolgʻonni ham doʻndirib yuboradigan, oʻzini boshqalardan ajratib koʻrsatishga intilish odatlari, bolalarga taqlidchilik, dovyurak, epchil va ruhiy tetiklik, xafachilik va ruhiy tushkunlikdan yiroqlik Hoshimjon xulq-atvoriga xos xususiyatdir.
Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sariq devning oʻlimi” sarguzasht romani uch qism (“Oʻrtoq polkovnik”, “Sariq devni minib”, “Sariq devning oʻlimi yoki olam guliston boʻlgani”)dan iborat. Bu roman asosida ham Hoshimjon sarguzashtlari yotadi. Kitobni oʻqib uning yangi sarguzashtlaridan xabardor boʻlasiz, sehrli qalpoqcha yana madadga keladi, ajoyib-gʻaroyib karomatlar koʻrsatadi. U Hoshimjonga jiddiy masalalarda – oʻgʻri, muttaham, tekinxoʻrlarni fosh etishda yordam beradi.
Endilikda, Hoshimjon avvalgi oʻyinqaroq Hoshimjon emas, balki toʻqqiz yillik maktabni bitirib, ulgʻayib, birmuncha quyulib, esi kirib, oq-qorani tanib qolgan yigitcha. Endi u oʻz taqdiri, jamiyatga foyda yetkazadigan odam boʻlib yetishishi haqida jiddiy oʻylaydi, biror kasb egallash haqida bosh qotiradi. Boshda sartarosh boʻladi. “Bilasiz-ku, bir ishga ahd qilsam, uni oxiriga yetkazmagunimcha qoʻymaydigan odatim bor. Jonimni qiynab boʻlsa ham maqsadimga erishaman”, deb shu kasb orqali odamlarga xizmat qilishga bel bogʻlaydi. Keyin militsiya maktabiga kirib oʻqib, uni bitirgandan soʻng militsionerlikka ishga oʻtadi. Kitobdagi barcha voqea-hodisalar, sarguzashtlar Hoshimjonning ana shu militsionerlik nuqtasidan boshlanadi, hamma gap-soʻzlar qahramonning shu kasb-kori bilan bogʻliq holda davom etadi.
Romanda yaxshilik, ezgulik ramzi sifatida militsiya polkovnigi Salimjon, uning madadkori Hoshimjon, yomonlik, eskilik ramzi tarzida Odil battol gavdalanadi.
Ular oʻrtasida tinimsiz shiddatli kurash ketadi. Odil nihoyatda makkor. U Salimjonning boshiga juda koʻp ogʻir savdolar solgan, uyiga oʻt qoʻygan, uning yakka-yu yolgʻiz farzandining qoʻliga toʻpponcha tutqazgan, jinoyatga yetaklagan.
Asar pirovardida butun umri xalqqa, yaxshi odamlarga zarar yetkazish bilan shugʻullangan Odil battol va uning hamtovoqlari qonuniy magʻlubiyatga uchraydi, haqiqat, adolat, ezgulik gʻolib chiqadi.
Xudoyberdi Toʻxtaboyev oʻz romanida yulgʻichlarga, qalloblarga qarshi kurashda butun xalq bir kishiday boʻlib birlashsa, bu ishni butunlay oʻz qoʻliga olsa, Odil battollarga qiron keladi, ulardan nom-nishon ham qolmaydi, degan fikrni oʻrtaga tashlaydi.
“Sariq devni minib” qissasi, “Sariq devning oʻlimi” romanining eng yaxshi fazilatlaridan biri tilining shiradorligi va oʻynoqiligidadir. Muallif bosh qahramon Hoshimjonning tilini alohida eʼtibor bilan ishlagan. Bu til nozik qochirimlarga boyligi va jonliligi, shu bilan birga, bolalar tiliga mos holda soddaligi bilan ajralib turadi. Qahramonning xarakteri uning soʻzlaridan shundoqqina bilinib turadi.
Fantastik-sarguzasht janri bolalar adabiyotining eng qiziqarli janrlaridan biridir. Bunday asarlar bolalarning ongi va psixologiyasiga kuchli taʼsir koʻrsatadi, ularni oʻqishga, oʻrganishga, izlanishga oʻrgatadi, jamiyatimizning faol quruvchilarini tarbiyalashga yordam beradi.
“Qasoskorning oltin boshi” romani markazida bosh qahramon – tarixiy shaxs, xalq qasoskori Namoz taqdiri yotadi. “Qasoskorning oltin boshi” tarixiy-biografik roman emas, shuning uchun ham adib Namozning hayotini batafsil yoritib berishni maqsad qilib olgan emas. Lekin oʻrni-oʻrni bilan uning hayotiga doir maʼlumotlar berib borgan. Bu maʼlumotlar uning xarakterini tushunib olishda kitobxonga yordam beradi.
Namoz faqat jismonan emas, aqlan ham yetuk. U haqiqat uchun qasoskor, qoʻrqmas, tadbirkor, ochiqkoʻngil qahramon sifatida gavdalantirilgan. U atrofiga oʻzi kabi dovyurak yigitlarni toʻplab, zulmkorlarga qarshi kurashga undaydi.
Halolligi, mardligi, adolatliligi, yetimparvarligi uchun xalq Namozni yaxshi koʻradi va Goʻroʻgʻliga qiyos qiladi: “Goʻroʻgʻlibek Namozboy qiyofasida paydo boʻlgan emish. Afsun oʻqisa koʻzdan gʻoyib boʻlib qolarmish. Undan oʻq oʻtmas emish, qilich chopmas emish…”
Namozning mardligi, jasorati xalq qalbida mangu yashab kelayotganligi “Qasoskorning oltin boshi” da yaxshi chizib berilgan.
Isteʼdodli bolalar adibi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sir ochildi”, “Aka-uka Omonboy bilan Davronboyning qishloqqa gaz olib kelganlari haqida jajji qissa”, “Besh bolali yigitcha”, “Shirin qovunlar mamlakatida yoki sehrgarlar jangi”, “Mungli koʻzlar”, “Jannati odamlar” kabi yirik asarlarining yuzaga kelishi oʻzbek bolalar adabiyotining yutugʻi hisoblanadi. U bolalar uchun yanada oʻqimishli asarlar yaratish maqsadida tinimsiz izlanmoqda.
Mamasoli JUMABOYEV
“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/xudoyberdi-toxtaboev/