Xotiralarda adib qiyofasi

Memuar-biografik adabiyotda esdaliklar, xotiralarning oʻrni katta, shuning uchun yozuvchi xotiralarini oʻrganishning muhim ahamiyati bor. ”Yozuvchi, ijodkor shaxsini oʻrganish, tadqiq etish – bizning adabiyotshunosligimizdagi eng oqsoq sohalardan biri. Adabiyot darsliklaridagi mashhur adiblar hayoti talqinini bir eslab koʻring. Garchi ularda yozuvchi hayot yoʻli – biografiyasiga oid fakt-hodisalar ancha keng bayon etilsa-da, ular shaxsiyati xususida deyarli hech narsa aytilmaydi, chunonchi, bir avlodga mansub tengdosh adiblar, masalan, Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat yoki Gʻ. Gʻulom, Oybek, A. Qahhor deyarli bir xil odamlar sifatida gavdalantiriladi. Bu adiblarning shaxs-inson sifatidagi farqi ularning dunyoqarashi, ijodining mafkuraviy asosiga qarab belgilanadi”, deb yozadi U. Normatov1. Haqiqatan ham Shoʻro davrida yozuvchi, shoirlar ijodi haddan tashqari ijtimoiylashtirildi. Biz Oybek, Gʻ. Gʻulom, A. Qahhor, qolaversa, Said Ahmad, O. Yoqubov, P. Qodirov, E. Vohidov, A. Oripov, R. Parfi aslida qanaqa odamlar ekanini bilsak ham, adabiyotshunoslar ular haqida yozganda koʻpincha odat tusini olgan rasmiy andazalar doirasida ish koʻrishgan. Shu bois yozuvchi va shoirlarning oʻz hayoti haqida yozgan asarlari – u xotirami, esdaliklarmi, essemi, qissami – qaysi shaklda boʻlishidan qatʼi nazar, uni sevgan kitobxon uchun qiziqarli boʻlishi tabiiy.

Oʻzbek adabiyotida esdaliklar, avtobiografik asarlar yozish anʼanasi mumtoz adabiyotdan boshlangan boʻlsa-da, XX asrga kelib rivojlangan, uning yuksak namunalarini S. Ayniy, A. Qahhor, Oybek kabi soʻz sanʼatkorlari yaratishgan edi. Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon ham ustozlari izidan borib, “Ajinasi bor yoʻllar” deb nomlangan avtobiografik xarakterdagi xotira-romanini (jurnalda asar qisqartib bosilgani uchun “qissa” deyilgan) yaratib, taglavhada “turmush kechinmalari” deb yozib qoʻyganki, bu ham asarda adibning oʻz umri yoʻllariga bir nazar tashlaganligidan dalolat beradi. Adibning oʻzi “Boshlov”da taʼkidlaganidek, borini yozmasa”… umr haqiqatlari ramzi sifatida idrok etilguchi “Esdalik” atalmish soʻz azaliy qimmatini yoʻqotadi”. Shuning uchun adib oʻz hayot yoʻli haqidagi asarini ramziy ravishda “Ajinasi bor yoʻllar” deb ataganki, sarlavhaning oʻziyoq kitobxonda muayyan qiziqish uygʻotishi tabiiy.

Asarda kitobxon yozuvchining bolaligi, shaxsiy hayoti, qalbida kechgan oʻylari, orzuyu armonlari bilan chuqur tanishadi. Adibning adabiyotga kirib kelishi, hayotga, atrofidagi odamlarga munosabati boricha, haqqoniy tasvirlanadiki, samimiy va tabiiy iqrorlar oʻquvchini ijodkor olamiga yaqinroq olib boradi. Ijodkorning turli janrdagi asarlarini oʻqigan boʻlsa-da, kitobxon uning qalbi, shaxsiyati bilan oʻzi va yaqinlari haqidagi hikoyalari orqali yanada yaqin tanishadi. Oʻzbek kitobxonlari Anvar Obidjonni asosan bolalar shoiri, nosiri sifatida bilishadi. “Ajinasi bor yoʻllar” romani esa uning inson va ijodkor sifatida shakllanishi, katta hayot, adabiyot olamiga turli soʻqmoqlarni bosib, qiyinchiliklar bilan kirib kelganidan shahodat beradi. Qissaning bosh qahramoni adibning oʻzi, shu bilan birga unda ijodkorning yaqinlari, dadasi va onasining obrazlari yorqin tasvirlanadi.

Kitob qahramoni oʻspirin Anvarning rostgoʻyligi, voqea-hodisalarga munosabati oʻquvchini befarq qoldirmaydi. Masalan, uning shoʻro davri haqidagi xotiralaridan: “U davrda paxta siyosati oʻta tajovuzkor edi. Qoʻriq yerlar tinimsiz oʻzlashtirilar, bogʻlarni buzib, zovur doʻnglarini tekislab, yoʻl chetidagi ariq yoqasidagi uvatlarni toraytirib boʻlsa ham koʻproq gʻoʻza ekishar, paxtazorlar koʻpincha xonadonlarning devoriga borib taqalar, tomlargayam chigit qadagilari kelardi (bundan Orol dengizi qurib borayotganini hali bilmasdik)”.

Bu achchiq haqiqatni oʻsha davrda yashagan insonlar yaxshi bilishadi. Mustaqillik bolalari esa oʻtmishdagi haqiqiy ahvoldan, ota-bobolari qanday yashaganligidan xabardor boʻlishlari, bugungi kunlarimizning qadriga yetishlari uchun ham esdaliklar, xotiralar yaratilishi zarur, asarning muhim ahamiyatli tomonlaridan biri ham mana shunda.

Asar qahramoni gazetaga adabiy xodim boʻlib ishga joylashgunga qadar turli kasblarning boshini tutadi: tabelchi, bugʻoltir (hisobchi), klub mudiri, radioning qishloq xoʻjalik boʻlimida, oʻzi aytganidek, “yugurdaklik”, bogʻbonlik va hokazo. Ammo adabiyot uning qismati ekanligini anglab, yozadi: “Kitobim chiqqach, shoirlikka kuchliroq berildim. Hanuz bolalar va kattalar uchun aralash-quralash yozardim. Hajviy hikoyalarga qoʻlim ancha kelib qolganligidan chuchcham koʻtarilib, nasrga ham kengroq koʻlamda qoʻl ura boshladim”. (39 bet).

Uning adabiyotga kirib kelishida bagʻri keng insonlarning roli katta boʻlgan, ayniqsa, eʼtiqodi baland shoir Miraziz Aʼzamning unga qilgan yaxshiliklari haqida adib toʻlib-toshib gapiradi. Asqad Muxtor, Erkin Vohidovlarning yuksak odamiylik fazilatlarini koʻrsatish orqali bugungi yoshlarimizga eʼtiborli boʻlish, maʼnaviyatini boyitishda bizni ana shunday ulugʻ insonlardan ibrat olishga chaqiradi.

Asar davomida qahramonning xarakteri oʻzgarib borganligi koʻrinadi: oʻjar, injiq tabiatli oʻspirinning ijodkor sifatida shakllanishida oʻz oldiga qoʻygan maqsadiga erishish yoʻlidan chekinmaydigan insonga aylanib borishi yorqin tasvirlab beriladi. Muallifning tasvirlardagi rostgoʻyligi: “Navoiyga tishim oʻtavermas, Mashrab, Furqat, Muqimiy, Ogahiy, Maxtumquli, Boburlarni koʻp mutolaa qilardim, oʻzbekchaga oʻgirilgan shoirlardan Yesenin, Geyne, Byorns nazmini xush koʻrardim” kabi mulohazalarida yaqqol namoyon boʻladi.

Kitobning “Tugallov”ida Anvar Obidjon shunday yozadi: “Har yumushda yetti oʻlchab bir kesishing, yetmish oʻylab bir soʻzlashing, ogʻirchiliklarga, nohaqliklarga, qadrlanmasliklarga, igʻvogarliklarga, hattoki, kamsitishlarga – hamma-hammasiga sabr-toqat bilan chidashing, oʻzingni goh anqovlikka, goh omilikka, goh karlikka solib yashashing; biri biridan dagʻdagʻador devlarning oyogʻi ostida majaqlangancha butkul nom-nishonsiz yoʻqolib ketmaslik uchun tirishib-burishib kuchanmogʻing kerak boʻladi”. Adibning bu oʻgitlari hayotga qadam qoʻyayotgan, oʻzining munosib oʻrnini topishga intilayotgan har bir yosh uchun dasturulamal boʻla oladi. Muhimi, realist adibning bu xotiralari uning oʻzi haqida, u yashagan zamon va qanday mashaqqatli yoʻllarni bosib oʻtganligi haqida samimiy hikoya qiladi. Asarni oʻqigan kitobxon koʻz oldida Oʻzbekiston xalq shoiri boʻlib yetishish Anvar Obidjon uchun oson boʻlmaganligi, sevimli bolalar shoiri boʻlishdek yuksak maqomga erishish yoʻlida qanchadan-qancha “ajinasi bor yoʻllar”ni bosib oʻtganligi yaqqol koʻrinadi.

Bu xususda Said Ahmad yozadi: “Ustozlarimizning umri faqat minbarlarda, olqishu gulduros qarsaklar ostida oʻtgan emas, oddiy bir inson sifatida, gʻam-anduh chekkan paytlari ham, diliga ozor bergan doʻstlaridan ranjigan damlari ham koʻp boʻlgan”. Shuning uchun hayot haqida nimaiki bilsa, hammasini qogʻozga tushirish, oʻzi hayotda qanday yashagan boʻlsa shundayicha yozish, oddiy inson sifatida oʻzini bor holicha koʻrsatish, oʻzi yashagan yillardagi qaltis vaziyat, johilona adabiy siyosatni, “turmush kechinmalari”ni, ziddiyat va chigal munosabatlarni butun keskinligi, shafqatsizliklari bilan gavdalantirish, “ajinasi bor yoʻllar”ni qanday bosib oʻtganligini haqqoniy koʻrsatish va shu tipdagi asarlar yozish xalq sevgan har bir yozuvchi uchun bosh maqsadga aylansa, ayni muddaodir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur xotira kitobida Anvar Obidjonning hayot yoʻlini yorituvchi, uning kitobxonga qiziq tuyuladigan, asarlarida topish mumkin boʻlmagan qirralarini ochib berishda maʼlum ahamiyatga ega. “Ajinasi bor yoʻllar” xotira-romani tipidagi asarlar yozuvchi va shoirlar ijodiy evolyusiyasini toʻgʻri anglash, badiiy ijodning oʻziga xos tomonlarini haqqoniy tahlil etish, yozuvchi hayoti va ijodining qadri, adabiy jarayonda va xalq oʻrtasidagi oʻrni yuzasidan toʻgʻri xulosalar chiqarishda muhim oʻrin tutishi va adibning ilmiy biografiyasiga oid yangi tarixiy-maʼrifiy kuzatishlar hamda qarashlarning ilgari surilishida ham asosiy omil boʻlib xizmat qiladi. Bu xotira kitob shoirning mukammal qiyofasini har tomonlama tasavvur qilishga maʼlum darajada yordam beradi.

 

Shoira AHMEDOVA,

filologiya fanlari doktori (BuxDU)

 


1 Normatov U. Umibaxsh tamoyillar. Toshkent. Maʼnaviyat. 2000. 87-bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/xotiralarda-adib-qiyofasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x