Ustoz Abdulla Qahhorning olima va tarjimon, mumtoz sheʼriyatning hassos bilimdoni Qibriyo Qahhorova bilan birga kechirgan hayoti, ijodiy hamkorligi oʻzi bir tarix. Bu mehmondoʻst xonadon oʻziga xos yozuvchilar uyushmasi edi, ijodkorlar bilan hamisha gavjum boʻlardi. Ustoz vafotidan keyin ham bu anʼana davom etdi. Abdulla Qahhor chirogʻi oʻchmadi, bu aziz dargohdan qadamimiz uzilmadi. Qutlugʻ xonadon oʻz egalaridan keyin ham huvullab qolgani yoʻq. Uy-muzey hanuz muxlislar bilan, bu ikki ijodkorni koʻrgan va koʻrmagan shogirdu muhiblar bilan toʻla.
Abdulla Qahhor bilan Kibriyo Qahhorovaning turmushi oddiy er-xotinlik munosabatidan yuksakroq edi. Koʻngil yaqinligi, ijodiy hamkorlik oʻz yoʻliga. Ikki soʻz ustasining suhbatlari boshdan oyoq lutfga, tutilmagan gaplarga, goʻzal qochirimlarga boy boʻlardi. Abdulla akaning tagdor gaplariga Kibriyo opaning nazokatli javoblari bizga ham zavqli, ham ibratli edi.
Kibriyo Qahhorova esdaliklaridan:
“Turmush deganning achchigʻi ham, chuchugi ham boʻladi. Erim umrida meni urushmagan, qattiq soʻzlamagan, deguvchi xotinlar bekorning beshtasini aytibdilar. Sizlar Abdulla akangiz bilan shirin suhbatlarimizni koʻrgansiz, xolos. Qahhorning qahrini siz bilmaysiz. Men bilganman. Eshitadiganimni eshitganman. Lekin Abdulla akangiz jahli chiqqanda ham soʻzni tobiga keltirib, chiyratma qilib aytardi. Uyda tojikcha gaplashardik. Men oʻzim tojik boʻlganim uchun, Abdulla akangiz Qoʻqonda oʻrgangan tojikchasini esdan chiqarmaslik uchun. Kunlardan bir kun men, xotin kishi emasmanmi, izzattalab boʻlib, ginaxonlik qilibman. U kishining javobi qulogʻimdan ketmaydi: – Yana nima qilay? Hamma xotinini sen deganda men siz desam, ona tilimni qoʻyib xotin tilida gapirsam, bundan ortiq izzat qayda bor?.. – Shu gapdan keyin men qaytib istigʻno qilmaydigan boʻldim”.
Ustoz Qahhorning xotin tili degan oʻtkir iborasi meni koʻp xayolga toldirdi. Shu ibora bilan bogʻliq hodisalar, rivoyatlar, sheʼriy satrlar yodimga keldi. Xayolim dunyoni kezib chiqdi. Xotin tili. Ulugʻ adib bu lutf bilan ona tili degan soʻzning aziz va moʻtabarligini ham, ayolga ehtiromning yuksak maqomini ham goʻzal ifoda qilgan. Gap faqat tojik tili ustida emas, koʻngil ustida, erkak va ayolning bir-birini anglashi ustida bormoqda. Bu oson ish emas. Xotin tilini anglash turmushning eng ogʻir va murakkab muammosi, tiriklikning mangu yechilmas jumbogʻidir. Xoliqi olam ayolning jinsi va jismigina emas, tafakkur tarzini ham boshqacha yaratgan ekan.
Eshitganim bor, dunyoning qadam yetmas uzoq orollarida yashovchi bir qabilaning erkaklari boshqa, xotinlari boshqa tilda gaplashar, bir-birlarini tushunmas ekanlar. Erkakning xotin tilida, ayolning erkak tilida gapirishi uyat hisoblanar ekan. Oʻzaro munosabat faqat imo-ishora orqali ekan. Buni eshitib avval hayron boʻlgandim. Madaniyatdan uzoq, ibtidoiy qabila-da, degandim. Keyinroq oʻylasam, dunyo tamadduni yetib bormagan oʻsha qadam yetmas yerning xalqi donishmand odamlar ekan. Erkak va ayol oʻrtasida oʻtli nigoh, sirli imo, dillar talpinishidan boshqa yana qanaqa gap-soʻz boʻlishi mumkin? Tillarning gaplashganidan yuraklarning tillashgani ming bora avlo emasmi?
Er-xotin oʻrtasida mehr – koʻz orqali, mojaro – soʻz orqali boʻlar ekan. Sevishganlarda gap kam, termulish koʻp boʻladi. Turmush qurgach, gaplashib oladigan masalalar chiqadi. Koʻrgiliklar shundan boshlanadi. Boshimizga ne balo kelsa, tildan keladi.
Oʻsha ibtidoiy qabilaga havas qildim. Qadim zamonlarda bizda ham shunday donishmandlik bor edi. Xotin bilan gaplashib oʻtirgan er kishini xotinchalish deyilardi. Er xotinning, xotin erning otini aytib chaqirmagan. Chorlaganda farzand nomi, zarur gap boʻlsa, farzand tili vosita boʻlgan. Ayol koʻzidagi hayo, er koʻnglidagi mehru shafqat barcha muhokamaning oʻrnini bosgan. Biz shunday munosabatga guvoh boʻlgan, “qoloq” lardan qolgan avlodmiz. Er-xotin oʻrtasida tilsiz muomalani olis orollardan qidirish shart emas, oʻzimizning chekka qishloqlarda hali hamon yoʻqolib ketmagan.
Oʻzbek tilida erkaklar tilga olmaydigan, faqat ayollarga xos soʻzlar bor. Bular asosan nozu karashma, erkalik bilan bogʻliq soʻzlar. Faqat ayollarga xos qargʻishlar ham borki, yigʻsa kitob boʻladi.
Oʻn toʻqqizinchi asrda yashagan maʼrifatparvar shoira Osima Xonim erdan zorlangan xotin tilidan shunday soʻzlarni sheʼrga solgan:
Ilohi, darbadar yurgan vatansiz jonni yer yutsun,
Hamisha uyda yotgan behunar hayvonni yer yutsun.
Jahonu osimonu jumla mofihoni fahm etmas,
Oʻlukmas yo tirikmas bismili nimjonni yer yutsun.
Yemak-ichmak, falon qilmoq, jahonni kori shuldir deb,
Sharobi gʻaflat ichgan bexabar nodonni yer yutsun.
Xotinlar soʻzi boʻlsa garchi maʼnan begʻubor oltun,
Quloq solmas jamodi mahzdek qotgonni yer yutsun.
Nadomatdur biza oʻlguncha nodon erlara ketmak,
Bizi hayvon kabi bogʻlab semirtirgʻonni yer yutsun.
Oʻquv bilmas, yozuv bilmas, yana dunyoni fahm etmas,
Bu ahmaqdin tugʻulgʻon baxtsiz oʻgʻlonni yer yutsun.
Uzun toʻn, katta salla, kirmagan hammoma umrida,
Sasib bitgan qaro koʻylak bila ishtonni yer yutsun…
Giriftori havoi nafs oʻlub shaytonga aldangan,
Boqolmay qarzga botub, uch xotun olgʻonni yer yutsun.
Qilib doriyu darmon, bel bukulgan chogʻda aysh istar,
Halokatlarni tavlid aylagan darmonni yer yutsun…
Gʻaroyibdur jahonning kori sartosar nazar solsang,
Yamon er birla koʻrgan rohati davronni yer yutsun.
Kichkina lugʻat: Mofiho – dunyoda bor narsalar. Jamodi mahz – bu oʻrinda quruq kesak maʼnosida. Tavlid – tugʻdirish, dunyoga keltirish.
Yer yutsin degan soʻzni faqat ayol aytishi mumkin, faqat qizu juvonlarga yarashadi. Xotin tilining hatto qargʻishida ham nazokat bor. Nozu karashmali soʻzlarini aytmayoq qoʻya qolay. Boshqa hech bir tilda boʻlmagan totli, jozibali kalimalarni eshitish bizlarga nasib qilgan.
Erkin VOHIDOV,
Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri
“Soʻz – zabarjad, soʻz – gavhar, oltin” asaridan.
https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/xotin-tili/