Xosiyat Rustamova 1971 yil Namangan viloyati, Chust tumanidagi Olmos qishlogʻida tugʻildi. Oʻzbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetida, (1988–1993, universitet qoshidagi Oliy adabiyot kursida (2001–2004) tahsil oldi. “Tong yulduzi” gazetasida (1993–1997) ishladi. 2015 yildan “Kitob dunyosi” gazetasi bosh muharriri vazifasida xizmat qiladi.
Ilk sheʼrlari talabalik yillaridayoq mahalliy va markaziy matbuotda bosila boshladi. Xususan, “Saodat” jurnalida (1989) “Musichalar yigʻlar qaboqlarimda” nomli turkumi, “Turkiston” gazetasining “Nihol” ruknida (1989) yana bir turkum sheʼrlari yoritildi Birinchi kitobi “Osmondagi uy” (1997) nomi bilan bosmadan chiqdi. Shundan soʻng “Najot” (2003), “Rido” ( 2004), “Devor” (2006), “Avgust” (2008), “Ishgʻol” (2011), “40:0” (2011) kitoblari chop etildi. Bir qancha asarlari xorij tillariga tarjima qilindi. Xususan, “Ertasi yoʻq kunlar” (2008) majmuasi turk tilida, “Qoʻrqinch” (2009) sheʼrlar kitobi ozarbayjon tilida bosildi. Kolumbiya Medelen shahrida shu nomdagi jurnalda (2009, oktyabr) ispan tilida turkum sheʼrlari eʼlon qilindi. Muxtor Shaxanov tarjimasida qozoq tilida sheʼrlari chop etildi (2007).
Tarjimon sifatida Anna Axmatova, Marina Svetayeva, Yevgeniy Yevtushenko singari rus sheʼriyatidan tarjimalar qilgan shoira bir qancha xalqaro sheʼriyat festivallarida ishtirok etdi.
Xosiyat Rustamova 2004 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/xosiyat-rustamova-1971/